Farzand tug'ilganida nafaqat ota-ona, balki yaqinlar ham xursand bo'ladi. Jamiyatda har bir inson farzand ko'rgan kunni eng quvonchli kun deb biladi. Farzand tuqqan ayol qadr topadi. Onalik sharafiga muyassar bo'ladi. O'zini baxtiyor his qiladi. Ota, ayniqsa, birinchi farzandi tug'ilganida eru ko'kka sig'maydi. Farzand ne'mati ota qalbini faxr tuyg'usiga to'ldiradi. Qasrining bo'g'iq havosi jannat rayhonining isi bilan to'ladi. Honadondan go'dak yig'isi va yaqinlarining kulgisi eshitiladi.
Dinimiz nasl va nasabni saqlash uchun nikoh va uning ahkomlarini bayon qilib berdi. Nikoh barcha payg'ambarlarning halol bilan haromni ajratuvchi sunnat amalidir. Nikoh bilan ota-ona kelgusi avlodlarining asosiy tamal toshini qo'yadi. Qiz o'zi uchun munosib juft tanlasa, kelajakda farzandlariga risoladagidek ota tanlagan bo'ladi. Yigit ham o'zi uchun yaxshi juft tanlasa, kelajakda farzandlariga munosib onani ravo ko'rgan bo'ladi.
Bir ulug' zot farzandlariga: “Sizlarga tug'ilmasinglardan oldin ham, keyin ham ko'p yaxshiliklar qilganman”, dedi. Farzandlar: “Otajon, tug'ilganimizda katta qildingiz, ta'lim-tarbiya berdingiz, uylantirib, el-yurtga qo'shdingiz. Ammo tug'ilmasimizdan oldin qanday yaxshilik qildingiz?” dedilar. Ota shunday javob berdi: “O'g'illarim, tug'ilmasinglardan avval sizlarga munosib ona tanladim”. Otaning munosib tanlovi farzandlar salohiyatining garovi bo'ldi.
Ming afsuski, keyingi vaqtlarda qizlarni erta turmushga uzatish eng dolzarb va hammani o'ylantiradigan muammoli masalalardan bo'lib qolmoqda. Ota-onalar orzu-havasga tezroq etishish maqsadida, hatto, yoshlarning fikri bilan qiziqmasdan to'y qilish taraddudiga tushib ketmoqdalar. Yigit-qizlar turmushga tayyormi, yo'qmi, buni hisobga olmayaptilar. Ayrim insonlar balog'at yoshini kamolot yoshi, deb tushunishadi. Aslida esa balog'at yoshi nikoh yoshi emas, balki nikoh qurish uchun voyaga etgan bo'lish shart. Shuning uchun ham shariatimizda qiz bolani turmushga berishda uning roziligi so'raladi.
Oilaviy hayotning ostonasi bo'lmish nikoh doimo keng mushohada va tajribali insonlar bilan kengashib amalga oshirilishining fazilatlari ko'p. Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan hadisda Payg'ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam turmushga chiqayotgan xotin-qizlarning o'zlari bilan maslahatlashish kerakligini aytganlar. Maslahatlashish qizdan kuyovlikka tanlanayotgan yigit haqidagi fikrlarini bilishdangina iborat bo'lib qolmay, uning kelinlik mas'uliyati vazifalarini qanday tushunishi, ularni ado etishga uquvi, malakasi, sog'ligi, xohish-irodasi qay darajada ekanini hisobga olib, yo'l tutishni ham taqozo etadi.
Avvalo bir haqiqatni unutmasligimiz kerak. Qizlarning balog'at yoshiga etgani turmush kurishga tayyor degani emas. Bu yoshdagi qizlar hali jismonan o'smirlik davrini boshidan kechirayotgan, ruhiy holati barqarorlashmagan, atrofdagi voqeliklarga ta'sirchan va engil baho beradigan bo'lishi allaqachon tibbiyotda o'z tasdig'ini topgan. Bugungi kunda turli tekshiruv natijalari shuni ko'rsatmoqdaki, bolalardagi turli hil anomaliyalar, ayniksa, asab tizimi va genetik nuqsonlar aynan erta turmush asoratlari tufayli yuzaga kelayotir. Buning oldini olish uchun, avvalo, ota-onalar etarli tibbiy bilim va tushunchaga ega bo'lishi lozim. Ammo ayrimlar erta turmushning salbiy oqibatlarini ko'ra-bila turib, shoshma- shosharlik va o'zboshimchalik bilan qaror qabul qilishadi. Natijada nosog'lom farzandlar dunyoga keladi, oilalar o'rtasida sovuqchilik paydo bo'ladi, yosh kelin-kuyov ruhiy tushkunlikka tushib qoladi. Kimningdir o'ylamay qilgan xatosi tufayli yosh oilalar buzilib ketadi, yoshlarning hayoti izdan chiqadi.
Ilmiy tadqiqotlar natijalariga ko'ra, erta turmush qurgan qizlarning organizmi sog'lom farzandni dunyoga keltirishga to'la tayyor bo'lmaydi. Erta farzand ko'rish yosh ona salomatligiga ham, undan tug'ilajak bola sog'ligiga ham ma'lum darajada xavf tug'diradi. Bundan tashqari, er-xotinning bola parvarishi, oilaviy muammolarni hal qilishdagi tajribasizligi oilalarni ko'pincha barbod etmoqda. Bunday oilalarda tarbiyalanayotgan bolalar o'rtasida kasallanish va o'lim holatlari ko'p ekani aytiladi. Aniqlanishicha, 16 - 17 yoshlarda ona bo'lish bir qator muammolarni keltirib chiqaradi. Ularda homiladorlik va tug'ruqlar jismonan og'irroq kechadi, bundan tashqari ma'nan, jismonan tez charchab qolish, kechalari bolaga turib qarashga kuch-quvvat etishmasligi, chaqaloqqa psixologik jihatdan moslasha olmaslik kuzatiladi.
Bugun erta turmush qurganlarning aksariyati turli xil qiyinchilik va muammolarni engib o'tishda qiynalishyapti. Oqibatda aynan shunday oilalar o'rtasida ajralishlar sodir bo'lmoqda. Keyingi paytlarda ajrimlar, asosan, yosh oilalar orasida kuzatilayotganiga guvoh bo'lmoqdamiz. Yigit-qizlarning erta turmush qurishi, katta hayotga tayyor emasligi, o'zaro kelisha olmaslik, muomala madaniyatining shakllanmagani, ro'zg'or ishlarida uquvsizlik kabi jihatlar oqibatida ayrim oilalar buzilib ketyapti.
“Har narsaning tabiiy bir o'lchovi bordir. O'lchovsiz ish hech vaqtda foyda bermaydi. Nikohning ham ma'lum vaqti bo'lib, undan oldin yoki kech qolish yo tib, yo axloq jihatiga ko'ra zarar keltiradi. Nikoh vaqtida er bilan xotun orasida yosh e'tiboriga qarab muvofiq bo'lishi tabiiy bir ishdir. Nikoh uchun tabiiy bo'lgan yosh erlarda yigirma bilan qirq orasida, qizlarda o'n sakkiz bilan o'ttiz orasidadir. Bundan so'ng yoki ilk bo'lgan nikohlar foydasiz bo'ladi”. Ikki asr ilgari ma'rifatparvar olim Rizouddin ibn Faxruddinning “Oila” nomli asarida ilgari surilgan ushbu fikrlar bugun ham o'z ahamiyatini yo'qotmagan.
Anas r.a. dan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Erlariga mehribon, farzand ko'ra oladigan ayollarga uylaninglar. Chunki men qiyomat kuni sizlarning ko'pligingiz bilan boshqa ummatlar oldida maqtanaman” . Erta turmushga chiqqan qizlarda bunday ibratli fazilatlarning bo'lishi nodir ishlardan ekanligi hech kimga sir emas.
Nikoh va oila masalasiga ota - onalar ham doimo katta ahamiyat berishlari lozim. Ular o'z farzandlarini yosh jihatidan oila qurishga tayyor ekanligiga to'la qanoat hosil qilib, so'ngra nikohdan o'tkazishlari shart.
Kishi hayotida bir marta bo'ladigan umr savdosi bo'lmish nikoh masalasi doimo keng mushohada va kengash bilan amalga oshirilgani ma'quldir. Shu o'rinda Payg'ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadisi shariflarini esga olish joizdir: "Qizlarni turmushga chiqarish to'g'risida onalari bilan maslahatlashinglar".
Bir narsaga ahamiyat berishimiz lozim, qizlarning balog'at yoshi bilan turmush qurish yoshi boshqa - boshqa narsa ekani hayotda o'z isbotini topmoqda. Balog'at yoshi haqidagi munozaralarga bir oz oydinlik kiritib, quyidagi mulohazalarni bayon qilamiz: O'g'il bolalar uchun balog'at yoshi shariatda 12 - 15 yosh o'rtasida ehtilom bilan, qiz bolalar uchun 9 - 12 yosh o'rtasida hayz ko'rish bilan belgilanadi. Lekin balog'at yoshi turmush qurish yoshi deb, qaralmasligi kerak. Turmush qurish va farzand tarbiyasi uchun balog'at yoshining o'zi kifoya qilmaydi. Balki, uning uchun ma'naviy va jismoniy jihatdan etuklik hamda alohida shart-sharoitlar mavjud bo'lishi talab etiladi.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo: “Voyaga etish o'n sakkizdan o'ttiz yoshgacha, kamol topish o'ttizdan qirqgacha” – deganlar.
Dinimiz ta'limotlariga ko'ra ilm olish, ma'rifatli bo'lish, hayot uchun zarur bo'lgan barcha ko'nikmalarni o'rganish har bir qiz bola uchun zarur. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ilm talab qilish barcha musulmon erkak va ayolga farz”, deganlar.
Bordiyu shundan oldin turmush qursalar, o'qish ham chala, oila yumushlari ham, uy bekaligi va boshqa barcha ishlar ham chala bajarilishiga yo'l ochilgan bo'ladi. Ilmli va kasb - hunarli ayolgina komil insonni tarbiyalay oladi.
Erta, voyaga etmasdan turmush qurganlarning aksariyati ota - onasining qaramog'ida yashaydi yoki turmushiga darz ketadi. Bu borada yosh qizlarning turmushdan keyingi hayoti nisbatan og'ir kechadi.
Qizlarning juda yosh turmushga chiqishlari haqida hanafiy mazhabi faqihlaridan Ibn Shuburma va Battiylar mutlaqo salbiy fikr bildirishgan.
Ba'zi insonlar Islom dini qizlarni barvaqt uzatishga chaqiradi, degan noto'g'ri tushunchada yuradilar. Bu – asossiz gap. Islomda hali balog'atga etmagan, turmushga tayyor bo'lmagan o'smir qizlarni uzatish yoki nikohlash lozim, degan gap yo'q. Hatto balog'atga etgan, jismoniy tarafdan turmushga tayyor yigit, agar oilani boqa olmasa, uning uylanishi shart emasligi aytiladi.
Aksariyat davlatlarda nikoh yoshi yigit va qiz uchun bir xil etib belgilangan. “Bola huquqlarining kafolatlari to'g'risida”gi qonunning 3-moddasida ta'kidlanganidek, 18 yoshga to'lgunga qadar bo'lgan shaxslarning barchasi bola hisoblanadi. Ammo hali 18 yoshga kirib ulgurmagan qizlarni u yoki bu sabab bilan turmushga berib, kelib chiqadigan muammoga ota-onalarning o'zi aybdor bo'lib qolmayaptimi?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qizlar tarbiyasi, ularning saodatli bo'lishlari borasida ota-onalarning vazifalari qanday bo'lishi haqida shunday marhamat qilganlar: Jobir ibn Abdulloh r.a. dan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kimning uch qizi bo'lib, ularga yaxshi odob-axloq o'rgatsa, rahm-shafqat ko'rsatib barcha ta'minotlarini kafolatlasa, albatta, unga jannat vojib bo'ladi”. Yo, Rasulalloh! Agar ikkita bo'lsachi? – deb so'rashdi. “Agar ikkita bo'lsa ham”, – dedilar. Qavm orasidan birlari agar bitta bo'lsachi, deb so'raganida, “bitta bo'lsa ham”, deb javob bergan bo'lar edilar”.
Kelajak avlodlarimiz sog'lomligi uchun qizlarimizni hadisda aytilganiga muvofiq ravishda tarbiyalab, dunyoviy va uxroviy mukofotlarga sazovor bo'lish barchalarimizga nasib etsin!
Muhammadi QORAYeV,
Qarshi shahar “Qumqishloq” jome masjidi imom-xatibi
Shayx Abu Ali Termiziy rivoyat qiladi, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim ushbu duoni har bir namoz ortidan o‘qisa, albatta olim bo‘ladi", dedilar. Duo budir:
“Robbi zidniy ’ilman, va vassi’ liy rizqan. Va barik liy fiyma rozaqtaniy. Vaj’alniy mahbuuban fiy quluubi ’ibadika va ’azizan fiy ’uyunihim. Vaj’alniy vajiyhan fid dunya val axiroti va minal muqorrobiyn.
Ya kasiyron navvaal, ya hasanal fi’aal, ya qoiman bilaa zavaal! Ya mubdi’an bilaa misaal! Lakal hamdu va lakal minnatu va lakash sharafu ’alaa kulli haal!”.
Ushbuni u zot shayx Ibrohim Zamzamiyning xati bilan “An nafasul yamaaniy”da zikr qilganlar.