Bismillahir rohmanir rohiym
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin!
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin!
Inson bu dunyoda yashar ekan, ikki holatning birida bo'lishi taqozo qilinadi. Ne'matlar va xotirjamlik ichida bo'lganda, shukr qiladi yoki musibat va qiyinchiliklar vaqtida sabr qiladi. Shukr va sabr sohibi qaram bo'lib emas, o'ziga hokimlik hissi bilan yashaydi. Bu fazilatlar toqatli bo'lish, vazminlik, bosiqlik kabi insoniy xislatlarni o'zida jamlaydi. Bu xislatlar insonni ezgulikka, ezgulik esa komillikka etaklaydi. Shuning uchun inson etuklikka erishishi, turmushining mazmunli o'tishi, hayot ma'nosini teran tushunishi uchun sabrli va shukrli bo'lishi juda muhim sanaladi.
Kishi nafs talabi, ko'ngil orzularini sabr orqaligina chegaralay oladi. Shu bois, hadisi sharifda sabr imonning yarmidir, deyiladi. Sabr va shukr ikki dunyo saodatining kaliti hisoblanadi. Agar har bir kishi qilayotgan ishida sabr va shukrni dastur qilsa, albatta, muvaffaqqiyatga erishadi. Zero, hadisi sharifda “musibat etganda sabr qiluvchi, berilgan ne'matlarga shukr qiluvchi, birovlarning qilmishlarini kechiruvchi, o'zi birovga zulm etkazsa, tavba qiluvchi kishilarga xotirjamlik va hidoyat ado etilur” deyiladi.
Inson har bir ishni sabr bilan olib borsa, boriga shukr, yo'g'iga qanoat qilsa maqsadiga erishadi, tinch va osuda hayot kechiradi. Insoniylik qadrini saqlash bilan birga, turli noinsoniy yo'llarga kirib ketmaydi. Inson o'z etukligiga erishishi, turmushining farovon bo'lishi, umrining mazmunli o'tishi, hayotning ma'nosini chuqurroq bilishi uchun ham bu xislatlardan nasibador bo'lishi kerak. Shuning uchun shukr va sabr kishi ma'naviyati xazinasining asosi bo'lib, bunga erishish izzat va sharaf yo'li sanaladi.
Ulug'larimiz “g'alaba sabr bilan birgadir” deyishadi. Sabr g'alaba sari etaklaydi. Inson sabr qilgani sayin haq ustida tobora muqimroq o'rnashadi. Hayot turli-tuman musibat va qiyinchiliklar bilan to'la. Kishi ular qarshisida sabot-matonat bilan turmas ekan, o'zini yo'qotib qo'yishi turgan gap. Imonning afzali-sabr va bag'rikenglikdir.
Payg'ambarimiz alayhissalom uch xil narsaga qasamyod qiladilar: 1. Sadaqa qilgan bilan bandaning moli kamayib qolmaydi. 2. Qaysi bir bandaga zulm bilan uning moliga xiyonat qilinsa-yu, u unga sabr aylasa, albatta Alloh taolo uning izzat va sharafini ziyoda etadi. 3. Qaysi bir banda tilamchilik eshigini ochib qo'ysa, Alloh taolo unga faqirlik eshigini ochib qo'yadi.
Umuman, bu hayotda inson uchun sabrdek muhim va zarur ehtiyojni topmoq mushkul. Biz toat-ibodat qilishda ham, gunoh-ma'siyatlarni tark etishda ham, balo-kulfatlarga bardosh berishda ham sabrga muhtojmiz. Shu bois, sabr barcha quvvatlardan ustun qo'yildi. Allohning sabrli bandalari sabr ziyosi ostida mangu haq yo'l sohiblariga aylanadilar. Shukr va fikr qilish sabr-qanoatning chirog'i bo'lib, halqimizda “Sabr tagi sariq oltin” degan maqol bejizga aytilmagan.
Normurod ShOIMOV,
Qashqadaryo viloyati Kitob tumani “Sevaz” jome masjidi imom-xatibi
#xabar #haj2025 #tabrik
Muqaddas zaminda haj ibodatini ado etayotgan millionlab mo‘min-musulmonlar qatori 15 ming nafar yurtdoshlarimiz Mino va Arafot kabi muborak manzillarda ulug‘ amallarni ixlos ila bajarmoqdalar.
Shu yil 5 iyun Arafa kuni Makkai mukarramadagi Arafot hududida bo‘lib turgan hojilarimiz toatu ibodatlarda bo‘lib, muhtaram Prezidentimiz va xalqimizga Qurbon hayiti tabriklarini yo‘lladilar. (https://muslim.uz/e/post/43499-o-zbekiston-hojilarining-prezident-shavkat-mirziyoyevga-qurbon-hayiti-munosabati-bilan-yo-llagan-tabrigi) Uni haj ibodatini ixlos ila ado etayotgan hojilarimiz nomidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqanazar hazratlari o‘qib eshittirdilar. Unda jumladan bunday deyilgan:
“Hurmatli Prezident Sizni va Siz orqali yurtdoshlarimizni haj ibodatini ado etayotgan hamyurtlarimiz nomidan musulmon ummati uchun eng ulug‘ bayram – Qurbon hayiti bilan samimiy muborakbod etamiz.
Biz, o‘zbekistonlik hojilar shunday fayzli kunlar uchun shukronalar aytib, Haq taolodan jonajon yurtimizga qut-baraka, aziz xalqimizga farovonlik va farzandlarimizga barkamollik so‘rab ezgu duolar qilmoqdamiz.
Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Duolarning eng yaxshisi arafa kuni qilingan duodir”, deb xushxabar berganlar.
Shuningdek, hojilarimiz gunohlar afv etiladigan va duolar ijobat bo‘ladigan Arafotda turib, Alloh taolodan Yurtboshimizga mustahkam sog‘liq, uzoq umr va ulkan muvaffaqiyatlar tilab, xayrli ishlari doimo bardavom bo‘lishini iltijo qilib so‘rashdi.
Shu bilan birga yurtimiz hojilari yaratib berilgan imkoniyatlar va ko‘rsatilgan ehtiromdan ruhlanib, yurtga qaytgandan keyin “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” degan ezgu tashabbusni amalga oshirishni bir ovozdan ilgari surdilar. (https://muslim.uz/e/post/43499-o-zbekiston-hojilarining-prezident-shavkat-mirziyoyevga-qurbon-hayiti-munosabati-bilan-yo-llagan-tabrigi)
Alloh taolo mo‘min-musulmonlarning hajlarini mabrur aylasin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati