Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Iyun, 2025   |   18 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:28
Asr
17:39
Shom
20:01
Xufton
21:39
Bismillah
14 Iyun, 2025, 18 Zulhijja, 1446

Islomda sabr va shukr masalasi

05.07.2021   3007   4 min.
Islomda sabr va shukr masalasi

Bismillahir rohmanir rohiym
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin!
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin!

Inson bu dunyoda yashar ekan, ikki holatning birida bo'lishi taqozo qilinadi. Ne'matlar va xotirjamlik ichida bo'lganda, shukr qiladi yoki musibat va qiyinchiliklar vaqtida sabr qiladi. Shukr va sabr sohibi qaram bo'lib emas, o'ziga hokimlik hissi bilan yashaydi. Bu fazilatlar toqatli bo'lish, vazminlik, bosiqlik kabi insoniy xislatlarni o'zida jamlaydi. Bu xislatlar insonni ezgulikka, ezgulik esa komillikka etaklaydi. Shuning uchun inson etuklikka erishishi, turmushining mazmunli o'tishi, hayot ma'nosini teran tushunishi uchun sabrli va shukrli bo'lishi juda muhim sanaladi. 

Kishi nafs talabi, ko'ngil orzularini sabr orqaligina chegaralay oladi. Shu bois, hadisi sharifda sabr imonning yarmidir, deyiladi. Sabr va shukr ikki dunyo saodatining kaliti hisoblanadi. Agar har bir kishi qilayotgan ishida sabr va shukrni dastur qilsa, albatta, muvaffaqqiyatga erishadi. Zero, hadisi sharifda “musibat etganda sabr qiluvchi, berilgan ne'matlarga shukr qiluvchi, birovlarning qilmishlarini kechiruvchi, o'zi birovga zulm etkazsa, tavba qiluvchi kishilarga xotirjamlik va hidoyat ado etilur” deyiladi.

Inson har bir ishni sabr bilan olib borsa, boriga shukr, yo'g'iga qanoat qilsa maqsadiga erishadi, tinch va osuda hayot kechiradi. Insoniylik qadrini saqlash bilan birga, turli noinsoniy yo'llarga kirib ketmaydi. Inson o'z etukligiga erishishi, turmushining farovon bo'lishi, umrining mazmunli o'tishi, hayotning ma'nosini chuqurroq bilishi uchun ham bu xislatlardan nasibador bo'lishi kerak.  Shuning uchun  shukr va sabr kishi ma'naviyati xazinasining asosi bo'lib,  bunga erishish izzat va sharaf yo'li sanaladi. 

Ulug'larimiz “g'alaba sabr bilan birgadir” deyishadi. Sabr g'alaba sari etaklaydi. Inson sabr qilgani sayin haq ustida tobora muqimroq o'rnashadi. Hayot turli-tuman musibat va qiyinchiliklar bilan to'la. Kishi ular qarshisida sabot-matonat bilan turmas ekan, o'zini yo'qotib qo'yishi turgan gap. Imonning afzali-sabr va bag'rikenglikdir.

          Payg'ambarimiz alayhissalom uch xil narsaga qasamyod qiladilar: 1. Sadaqa qilgan bilan bandaning moli kamayib qolmaydi.                              2. Qaysi bir bandaga zulm bilan uning moliga xiyonat qilinsa-yu, u unga sabr aylasa, albatta Alloh taolo uning izzat va sharafini ziyoda etadi.                         3. Qaysi bir banda tilamchilik eshigini ochib qo'ysa, Alloh taolo unga faqirlik eshigini ochib qo'yadi.
                Umuman, bu hayotda inson uchun sabrdek muhim va zarur ehtiyojni topmoq mushkul. Biz toat-ibodat qilishda ham, gunoh-ma'siyatlarni tark etishda ham, balo-kulfatlarga bardosh berishda ham sabrga muhtojmiz. Shu bois, sabr barcha quvvatlardan ustun qo'yildi. Allohning sabrli bandalari sabr ziyosi ostida mangu haq yo'l sohiblariga aylanadilar. Shukr va fikr qilish sabr-qanoatning chirog'i bo'lib, halqimizda “Sabr tagi sariq oltin” degan maqol bejizga aytilmagan.

 

 

Normurod ShOIMOV,

Qashqadaryo viloyati Kitob tumani “Sevaz” jome masjidi imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Mazhabga ergashish dinimiz talabi

13.06.2025   1685   3 min.
Mazhabga ergashish dinimiz talabi

“Mazhab” so‘zi arabchada “yo‘l”, “yo‘nalish”, shar’iy istilohda esa “diniy masala bo‘yicha muayyan mujtahid olimning fatvo chiqarish yo‘li” ma’nolarini bildiradi.

Mashhur alloma Ibn Rajab (1335-1393 m.y.): “Ko‘plab mazhablar orasidan faqat to‘rttasining saqlanib qolgani asrlar davomida insonlarni turli ziddiyatlar va ixtiloflardan himoya etishda asos bo‘lgan”, deb yozgan (“To‘rt mazhabdan boshqaga ergashganga raddiya” kitobi).

Ulamolar mazhablarga ergashish Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning quyidagi hadisiga amal qilishdir, deb ta’kidlaydilar: “Agar ixtilofni ko‘rsangiz, o‘zingizga ko‘pchilik tomonini lozim tuting” (Imom Moja, 3950-hadis).

Mazhablardagi bitta masalaga nisbatan turlicha yondashishlik islom shariatida musulmonlar uchun keng imkoniyatlar mavjudligidan dalolat beradi. Mazhablarda u yoki bu masala islom ahkomlari, muayyan jamiyat, xalq yoki millatning urf-odatlari, qadriyatlari hamda ijtimoiy munosabatlarning mazmunini ham hisobga olgan holda, eng ma’qul shaklda hal qilingan.

Islom ulamolari shar’iy hukmni va uning dalilini bilmaydigan musulmon odam (muqallid)mujtahid olimga taqlid qilishi zarurligini ta’kidlaydilar. Bunga Qur’ondagi ushbu oyatni dalil sifatida keltirish mumkin: “Agar bilmasangiz zikr ahllaridan so‘rang” (Nahl surasi, 43-oyat).

Mazhablarda Qur’on, sunnat, ijmo va qiyosdan dalil sifatida foydalanishning o‘ziga xos qoidalari, usul va tamoyillariga asoslangan muayyan tizim mavjud. Masalalar tizimli ravishda hal bo‘lgan. Mazhabsizlarda esa hech qanday ijtihod usul va qoidalari yo‘q bo‘lib, “Qur’on va Sunnatga murojaat qilamiz” qabilidagi dalilsiz da’vo bilan hukmlar berilmoqda. Maqsadiga, ra’yiga va nafsiga to‘g‘ri kelgan dalillarni olib, qolganlarini tashlash esa yomon oqibatlarni keltirib chiqarmoqda.

Bemazhablar omma musulmonlar ichida ko‘plab noto‘g‘ri talqin qilingan aqidaviy va fiqhiy masalalarni tarqatmoqdalar. Vaholanki, bu masalalar Ahli sunna olimlari tomonidan allaqachon hal qilingan.

Mazhabsizlar tarafdorlarining ayrim iddaolaridan ularning da’volari asossiz ekaniga ishonch hosil qilish mumkin:

– bemazhablar “Qur’on bitta va Payg‘ambar bitta bo‘lsa, to‘rt mazhab orasida fiqhiy ixtiloflar bor, haq bitta emasmi?” deydilar.

Mazhablar bir manba – Qur’on va sunnatga asoslanadi. Mazhablarning biriga ergashgan kishi Qur’on va sunnatga ergashgan bo‘ladi.

– Mazhabsizlik tarafdorlari “Imom Buxoriy bemazhab bo‘lgan”, deb dalil qiladi. Vaholanki, Imom Buxoriy yashagan davrda u kishiga o‘xshash ilmi ijtihod darajasiga yetgan, o‘zi ijtihod qilganlar ko‘p bo‘lgan. Hamma ulamolar ilmi mujtahidlikka yetgan odam, o‘zi ijtihod qiladi, deganlar. Hozir esa o‘sha davrdagi kabi mujtahidlar yo‘q ekanini hisobga olmaydilar.

Aksincha, Qur’on va sunnatdan har kim o‘zboshimcha yangi hukm chiqarish, fitna qo‘zg‘ash kabi islomda qat’iyan man qilingan xatti-harakatlarga sabab bo‘lmoqda. Shu nuqtayi nazardan, marhum Shayx Muhammad Said Ramazon Butiy qayd etganidek: “Mazhabsizlik islom shariatiga tahdid soladigan xatarli bid’atdir”.

Ming afsuslar bo‘lsinki, mana shunday yetuk olimlar bir mazhabni mahkam ushlab, to‘g‘riligini e’tirof qilib turgan bir paytda ba’zi yurtdoshlarimiz hali dastlabki ilmiy ko‘nikmalarni hosil qilmagan bo‘lsalarda: “Men Qur’on va hadisdan o‘zim hukm olaman” deb, da’vo qilib, turli ixtiloflarni keltirib chiqarmoqdalar. Ba’zida o‘zlari adashgani yetmagandek, o‘zgalarni ham yo‘ldan urmoqdalar.

Alloh taolo hammamizni O‘z hidoyatida sobit qilsin.

G‘ulomov FATHULLOH,

Al-Hudaybiya jome’ masjidi imom noibi

MAQOLA