Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Iyun, 2025   |   28 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
24 Iyun, 2025, 28 Zulhijja, 1446

Me'yorni unutmaylik!

05.07.2021   1306   6 min.
Me'yorni unutmaylik!

Ota-onamiz, yaqin jigarlarimiz yonimizda. Har kuni ularni ko'rib, diydoriga to'yib turganimiz uchun, ba'zida qadrlamaymiz. Ularni yo'qotganimizdan so'ng esa xotirasini abadiylashtirish haqida o'ylab qolamiz...

Qo'shni mahallada yashovchi bir tanishimning onasi betob bo'lib qolgach, o'z onasini tug'ishgan singlisinikiga olib borib tashladi. O'g'il turib kasalmand onaga qiz va kuyov qarashdi. Oradan uch yil o'tgach, onaxon olamdan o'tdi. Yaqinda o'sha o'g'il onasining xotirasiga atab, qimmatbaho qabr toshi o'rnatganini eshitib, barcha tanish-bilishlar yoqa ushladi. Bunisi ham mayli, onasining qabri yonidan o'zi uchun joy hozirlatib, band qilib qo'ygan.

– Hali juda yoshsiz. Nega halitdan u dunyoning tashvishini qilyapsiz, deya savol berganlarga:
– Vaqt- soatim etib, bu dunyodan o'tar bo'lsam, bolalarim mening tashvishimni qilib qiynalmasin, deb, onamning yonidan joy hozirlab qo'ydim-da,– degan gapni aytibdi.

Tavba, ayrim odamlarga bugun yashash uchun boshpana muammo bo'lib turgan paytda, ba'zi puldorlar qabristonni ham egallab olishga intilishayotgani odamni ajablantiradi. Echkiga jon qayg'usi, qassobga mol qayg'usi deb, shunga aytsalar kerakda...

Shu voqea sabab bo'lib, Toshkent shahridagi qabristonlarga qo'yilgan yodgorliklarning narx-navosi bilan qiziqdik. Qabrtosh yasovchi ustalarning ma'lumot berishlaricha, 30-40 santimetrli oq marmarning bahosi 300 ming so'm, qora rangli marmar esa 500 ming so'm. 70-80 santimetrli granitlarning bahosi esa 1,800 ming so'm ekan. Marmar toshlari Samarqanddan, granit esa Ukrainadan olib kelinishini, shuning hisobiga bu toshning xizmat turi qimmatligini izohlashdi.

Hozirgi kunda qabristonlarga kirgan odamning katta- katta qabr toshlar, sangi marmarlarga ko'zi tushmay iloji yo'q. Bu toshlarga she'rlar, turli fikrlar o'yib yozilgan. Yozganlari yaxshi, lekin katta xarajatlar evaziga tosh qo'yish isrofgarchilikdan boshqa narsa emas. Ulamolarimiz ota-onalari o'sha erda ekanligini bilish uchun kichkinagina toshchaga ism, tug'ilgan hamda vafot etgan yillarini yozib qo'yish savob ekanligini ta'kidlaydi.

Ota-onasining, yaqinlarining xotirasini abadiylashtirish yaxshi, albatta. Ammo bunday e'tibor dabdababozlik, ortiqcha sarf-xarajatlar evaziga bo'lmasligi kerak. Bu haqda dinimizda nima deyilgan?

–Qur'oni karimda qabrlar boshiga katta-katta qabrtoshlar qo'yish qoralangan, – deydi Olmazor tumani, Mirzo G'olib masjidi imom xatibi Muhammadxon Sultonxonov.– Johiliyat davrida odamlar bir-birlari bilan kimning puli ko'p, kuchi, o'g'li ko'p, deya kibrga berilib, musobaqa o'ynagan. Bora-bora qabrlar bilan maqtanishga o'tishgan. Aslida marhumlar uchun hech narsa kerak emas. Hazrat Abubakr aytganlarki, ”Tiriklar muhtoj bo'lgan narsalarga o'liklar muhtoj bo'lmaydi, meni o'zimning egnimdagi kiyim bilan kafanlanglar”, degan. Ya'ni ana o'sha qabrlarga qo'yiladigan marmarlar qaysidir insonning uyini bezashga, qimmatbaho g'ishtlar esa uy qurilishida asqatishi mumkin.

Muborak hadislarda: ”Inson vafot etsa, barcha amallari to'xtaydi, faqat uni uchta qilgan amalidan savoblar etib turadi”, deb yozilgan. Bu amallarning eng birinchisi sadaqai joriya. Agar marhumlarning yaqinlari ortiqcha pullarini ko'pchilik foydalanadigan yo'llarga asfal'tlar yotqizib, shifoxonalarga zarur apparatlar olib bersa, bog'cha-maktablarning ta'miriga, farzandining shartnoma pulini to'lashga qiynalib turgan oilaga yordam qo'lini cho'zsa, bu mendan ehson, shundan hosil bo'lgan savoblar ota-onamga borib etsin, desalar, xudo xohlasa, uning savobi to qiyomatgacha etib boradi.

Bizning jamiyatda shundog'am qiladigan ishlarimiz ko'p. Oramizda farzandlarining ba'zi bir muammolarini hal qilmasdan turib, qarz olib yoki birovlardan garov evaziga pul olib, qabrlarga marmar toshlarini qo'yayotgan odamlar ham bor. Ammo oramizda savobtalab insonlar ham juda-juda ko'p.

– Onam olamdan o'tgach, bir yildan so'ng, yodgorlik toshi qo'ymoqchi bo'ldim,– deydi poytaxtda yashovchi bir tanishim. — Qabr toshining eng sifatlisi uch million so'm turar ekan. Qishlog'imiz imomi “Bir oilaning farzandi og'ir kasal, chet elga davolatishga borish uchun mablag'i etmayapti, shu pulni o'sha oilaga bersangiz, savob bo'lardi”, deb qoldi. To'g'ri, boshida mening yordamimsiz ham bitadigan ish bitadi, deb pulni qizg'andim. Ammo qishloq odamlarining baholi qudrat yordam berayotganini ko'rib, qabr toshiga atalgan pulni o'sha oilaga ehson qildim. Kichkinagina ramkaga onamning ism-shariflarini yozib, qabr oldiga o'rnatib qo'ydik. Hizmatchilik, qishloqqa tez-tez borishga vaqtim ham, imkonim ham etmaydi. Bu yil ta'tilda qishloqqa borib, onamning qabrlarini ziyorat qilgani chiqdim. Qabrlari ustida atirgullar qiyg'os ochilib, rayhonlar hid taratib yotibdi. Qabriston qorovuli bu gullarni o'sha bolasi kasal ayol ekib ketganini aytgach, xursand bo'lib ketdim. Demak, bizning kichkinagina qilgan yaxshiliklarimiz ham ota-onalarimiz haqqi uchun katta savob bo'lib qaytar ekan.

Ota-onasining ruhini shod etish, qanday xotirlash har kimning o'z vijdoni, yurak amriga bog'liq. Bu borada biz kimgadir nasihat qilish, maslahat berish fikridan yiroqmiz. Aytmoqchi bo'lganimiz, qancha yaxshiliklarimiz bo'lsa, ular hayotliklarida amalga oshirishga ulgurib qolaylik. Onamizning uniqqan ko'ylagini ko'rib, yuzimizni ters burmaylik. Bir paytlar bizni oliy ma'lumotli qilish uchun shartnoma pulini to'layman deb yirtiq tuflida qolgan otamizga bir juft tufli sovg'a qilishga ulguraylik. Zero, ertaga afsuslanib qolmaymiz.

Nigora Rahmonova, O'zA

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Janozada imomga iqtido qilgan kishi nima o‘qiydi?

23.06.2025   2313   1 min.
Janozada imomga iqtido qilgan kishi nima o‘qiydi?

Savol: Besh vaqt namozda imomga iqtido qilganimizda, Fotiha va zam suralarni o‘qimaymiz. Janoza namozida qanday yo‘l tutamiz? Unda ham quloq qoqqandan keyin jim turamizmi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Janoza namozida besh vaqt namozdan farqli ravishda, imomga iqtido qilganlar to‘rt takbirni va sano, salavot hamda duolarni o‘qiydi. Ya’ni birinchi takbirdan keyin sanoni, ikkinchi takbirdan keyin salavotni, uchinchi takbirdan keyin janoza duosini o‘qiydi. To‘rt takbir janoza namozining rukni ya’ni farz, boshqa zikrlar esa, sunnat hisoblanadi. Agar iqtido qilganlar takbirni ham, boshqa zikrlarni ham aytmay, jim tursa, janoza o‘qigan hisoblanmaydi. Agar takbirlarni aytsa-yu, boshqa zikrlarni aytmasa, sunnatni tark etgan bo‘ladi. Vallohu a’lam.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.