Inson hayotda yaxshilikka intilib, yomonlikdan qaytib yashashga harakat qiladi, lekin yaxshilik va yomonlik tushunchalariga har kim har xil ta'rif beradi. Ba'zilar yaxshi deb hisoblagan ishlar boshqalar nazdida yomon, yoki aksincha bo'lishi ham mumkin. Islom dini ta'limotida nimaki yaxshi deb buyurilgan bo'lsa, u yaxshi, nimaki yomon deb qaytarilgan bo'lsa, o'sha narsa yomondir.
Dinimiz ahkomlari insonni dini, joni, aqli, nasli va salomatligiga, umuman aytganda, hayotiga zarar etkazishga sabab bo'luvchi barcha narsalarni yomon deb ulardan qaytargan, qaytaribgina qolmasdan, balki harom deb e'lon qilgan. Bulardan biri giyohvand moddalardir. Zero, giyohvandlik insoniyat kelajagining kushandasidir.
Alloh taolo A'rof surasining 157-oyatida: “U (payg'ambar) ularni yaxshilikka buyuradi, yomonlikdan qaytaradi va pok narsalarni halol qilib, nopok narsalarni ularga harom qiladi...” deb marhamat qilgan.
Hadisi shariflarda ham: “Har bir mast qiluvchi narsa harom”, “Kim o'zini-o'zi zahar bilan o'ldirsa, qiyomat kuni jahannam o'ti bilan azoblanadi”, deyilgan bo'lsa-da, ba'zilar “oyat va hadislarda giyohvand moddalar nomi keltirilmagan-ku?” degan mantiqsiz savollarni o'rtaga qo'yishadi. Oqil kishiga Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning: “Har qanday mast qiluvchi va badanni bo'shashtiruvchi narsalar harom”, deb marhamat qilganlari kifoya qiladi. Giyohvand modda nima deb atalishidan qat'i nazar, ularda mast qilish, badanni bo'shashtirish xususiyati bor. Alloh taolo insonni o'z joniga qasd qilmaslikka, o'zgalarning ham qonini nohaq to'kmaslikka buyuradi. Giyohvand esa oxir-oqibatda o'limga olib keladigan moddalarni iste'mol qilish bilan o'z joniga qasd qilgan sanaladi.
Giyohvand moddalar kishi me'dasi, jigar faoliyatiga salbiy ta'sir qiladi, o'pkasini ishdan chiqaradi. Shuningdek, u insonning asab tizimi buzilishi, ko'rish, eshitish, hid bilish, fikr yuritish, issiq-sovuqni, qattiq-yumshoqni, shirin-bemazani sezish xususiyatlari yo'qolishiga olib keladi.
Jamiyatga etkazadigan zararlari esa behad ko'p. Giyohvand kimsa o'ziga, oilasi, kasbi yoki o'qishiga nisbatan loqayd bo'lib boradi. Ayniqsa, ishlab chiqarishda taraqqiyotning asosiy kuchi bo'lmish yoshlar giyohvandlikning asosiy qurboni bo'lishi juda ham ayanchli hol. Giyohvandlik shaxs va jamiyat o'rtasidagi munosabatni buzishga olib keladi. Darhaqiqat, bu hayotda tez-tez uchraydi. Qavm-qarindosh, gulday farzandlar, umr yo'ldoshdan ayrilish, aksar hollarda mayib-majruh farzandlar tug'ilishi kabilar shular jumlasidan.
Giyohvand modda harom bo'lgach, uning tijorati, olingan foydasi ham harom hisoblanadi. Shunday ekan, bugun asr vabosiga aylangan, minglab yoshlarning gul umri xazon bo'lishiga olib kelayotgan, kelajakni, yashashdan asl muddaoni unuttirayotgan bu illatga qarshi kurashish har bir mo'min-musulmonning burchidir.
Mirjon domla EGAMBYeRDIYeV
"Hidoyat" jurnalidan
Bir kuni Fath ibn Xoqon xalifa Mutavakkilning huzuriga kirdi. Xalifa jim o‘tarar va bir narsa haqida chuqur o‘ylardi. Fath bu jimlikni buzib: “Nimalar haqida o‘ylayapsiz, ey mo‘minlar amiri?” – deya so‘radi. Xalifa: “Men yer yuzida turmushi eng farovon kishi kim ekan?” deb o‘ylayotgan edim”, dedi. Fath bo‘lsa: “Dunyoda eng faravon hayot kechirayotgan kishi siz-da! Allohga qasamki, u – sizsiz!” – dedi. Xalifa: “Yo‘q! Men emas. Keng hovlisi, soliha ayoli, qobil farzandlari va yetarli rizqi bo‘lgan kishi – hayoti eng faravon odamdir”, dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham: “To‘rt narsa baxtning belgisidir: soliha ayol, keng turar-joy, solih qo‘shni, yaxshi ulov. To‘rt narsa esa badbaxtlik belgisidir – yomon xotin, yomon qo‘shni, chatoq ulov, tor xonadon”, deganlar.
Ba’zilar baxtni mashhurlikda, molu davlatga ega bo‘lishda deb biladilar. Bu dunyoda Allohning muxlis bandalarigina his qiladigan saodat ta’mini totish baxtiga musharraf bo‘lmagan holda yashab o‘tadilar.
Oriflardan biri: “Podshohlar bizda qandayin baxt borligini bilganlarida edi, unga yetishish uchun bizga qarshi qilich ko‘tarib jang qilishardi”, deydi.
G‘alaba bilan saodat orasida katta farq bor. G‘alaba bu – o‘zingiz istab turganning ustidan zafar qozonish bo‘lsa, nening ustidan g‘olib bo‘lsangiz, u sizning xohishingizga mansub bo‘lmog‘i chin saodatdir.
Oskar Uayld[1]ning shunday gapi bor: “Baxt faqatgina unga bir nechta kishilar bilan birga yetishsang haqiqiy bo‘ladi. Og‘riq, azob ham faqatgina bir o‘zingning boshingga tushsa alamli bo‘ladi. Saodat – boshqa kishilarni baxtli qilishdir”.
Olmon fizigi Maks Plank: “Saodatni muhofaza qilish uchun uni boshqalar bilan bo‘lishishing kerak”, degan.
G‘arb mutafakkirlaridan yana biri: “Tajribamdan o‘tgan narsa shuki, eng buyuk baxt – yaxshilikni yashirincha qilganimdan keyin kutilmaganda bu yaxshiligim odamlar qulog‘iga yetib borishini ko‘rishim”, degan edi.
Ingliz yozuvchisi Uilyam Somerset Moem[2]: “Biz ulg‘ayib borarkanmiz saodat – olishda deb o‘ylardik, keyinchalik bildikki, baxt – berishda ekan”, deydi.
Baxt – boshqalarga tortiq qilish va yaxshi ishlarni amalga oshirishda mujassam. Baxt birovdan narsa olish va o‘zganing qo‘liga qarashda emas.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] To‘liq ismi: Oskar Fingal O’Flaerti Uills Uayld. 1854 yilda Dublin shahrida tug‘ilgan. Shoir, dramaturg, ssenarist. 1900 yil 30 noyabrda 46 yoshida Parijda vafot etgan.
[2] 1874 yil 25 yanvarda Fransiyada tug‘ilgan. 1965 yil16 dekabrda Nitssa shahrida vafot etgan. 1897 yilda chop etilgan “Lambetlik Liza” romani bilan mashhur bo‘lgan.