Ba'zida ayrim kishilarning “xudbin bo'lmaslik kerak”, “ xudbinlik yomon” degan so'zlari quloqqa chalinadi. Ho'sh, aslida, xudbinlik nima?
“ O'zbek tilining izohli lug'ati” da: “ Hudbinlik (forscha so'z) – manman, egoist; o'zinigina ko'zlovchi, o'zini yoki o'z manfaatini hammadan ustun qo'yuvchi” deyiladi. Shaxsning o'z manfaati doirasida aylanib qolishi, boshqalarning fikri va manfaati bilan hisoblashmay, faqat o'z fikrlari va shaxsiyatini yuqori qo'yish bilan shug'ullanib qolgan holati xudbinlik deyiladi. Hudbinlik ba'zan egoizm deb ataladi. “ Egoizm “ lotincha so'z bo'lib, u o'zbek tilidagi birinchi shaxs olmoshi “ men” ma'nosiga to'g'ri keladi. Manmanlik egoizmning uchiga chiqqan shaklidir. Manmanlik bilan kibrlanish farqlanadi. Manmanlik inson o'zida berilgan ne'matlar bilan g'ururlanishidir. Kibr esa o'zini boshqalardan baland hisoblab, haq gapni tan olmaslikdir. Rasullloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Kibr nima? “ deb so'rashganda u zot sollallohu alayhi vasallam: “Kibr haqni tan olmaslik va odamlarga past nazar bilan qarashlik” deb javob berganlar. Manmanlik o'zini hamma narsadan ortiq yaxshi ko'rish va o'zidagi narsalardan kekkayishdir. Man-manlik kibrdan yomonroqdir. Manmanlik-ne'matlarni unutib, ne'matlardan kekkayishdir.
Hudbinlik haqida Alisher Navoiy “ Mahbubul-qulub” asarida : “O'ziga bino qo'yishlik – baxtsizlikdir, buning farq va darajalari bor. Hudbinning har bir qilgan ishi o'ziga yaxshi ko'rinadi, lekin bu ko'rimsiz qiliqda farqlar ko'pdir”
deb yozadilar.
Halqimizda xudbinlik yomon odat sifatida qoralanadi. Hudbinlik odamni adashtiradi. Donishmandlar xudbinlik quyidagi sabablar orqali yuzaga keladi deyishadi:
Inson tabiatida o'z-o'zini yaxshi ko'rish mavjud. Imom G'azzoliy rahmatullohi alayh muhabbatning besh turi haqida fikr yuritib, insonning o'ziga, o'zining a'zolariga, salomatligiga muhabbatini birinchi o'ringa qo'yadi. Uningcha, bu muhabbat Alloh, ota-ona, qarindosh-urug', do'st-birodar, muhtoj-ehtiyojmandlar xizmatida bo'lishga imkon yaratuvchi vosita hisoblanadi. Hudbinlik muhabbat hissiga emas, nafsga, hirsga asoslanadi, o'zini adolatsizlik, insofsizlik, berahmlik kabi illatlarda namoyon bo'ladi. Hudbinlik aksi bo'lgan oliyjanoblik (jumardlik) hammaning ham qo'lidan kelavermaydi, lekin insonning o'ziga bo'lgan muhabbati, boshqalarda ham o'ziga shunday muhabbat borligini inkor etmaslik kerak, bu qoida buzilgan joydan xudbinlik boshlanadi.
Hudbinlikda o'z mafaatini boshqa kishilar manfaatidan yuqori qo'yish salbiy axloqiy sifat deb baholanadi. Hudbinlik manfaatparastlik va shaxsiyatparastlikni o'z ichiga oladi. Hudbin odam o'z manfaati yo'lida hech kimni, hech bir jamoa, hech qanday jamiyatni tan olmaydi. Hudbin kishilar biror kishidan foyda kelmasa, unga manfaat etkazishni xayollariga ham keltirmaydilar. Hudbin kishilar o'zlariga ega bo'lgan ne'matlarga, biror mavqe'ga boshqalarni ham ega bo'lishlarini xohlamaydilar.
Hudbinlik shaytonning nafsiga kiruvchi yo'llardan biridir, xudbinlik tufayli insonni shayton zalolatga boshlaydi, uni baloga yo'liqtiradi. Insonning xudbinligi, manmansirashi halokat girdobiga olib boradi.
Hudbinlik jumardlik (oliyjanob)ning aksidir. Inson xulqidagi xudbinlik illati insonni oliy janob bo'lishidan to'sib turadi. Inson o'zini doimo tergab turishi lozim. O'zida xudbinlik alomati sezilsa, uni ildiz otmay turib barham berish choralarini ko'radi. O'z nafsini tergab, uni xudbinlashib ketayotganligini tanqid qiladi. Nafsini xudbinlik qudg'ularidan saqlaydi. Hudbinlikka qarshi ko'riladigan choralaridan biri nafsning har xil orzularini chegaralashdir. Insondagi xudbinlik illatining davosi oliyjanoblik bo'lib, u yordamida o'ziga yaxshi ko'ringan narsani boshqalarga ham ulashishdir. Masalan, o'zi eb turgan taomini boshqa och kishilarga ham berish, o'z ahliga nafaqa qilib, ortganini boshqalarga ham infoq qiladi. Oliyjanoblik xislati insonning qadrini oshiradi, boshqa insonlar bilan muomilasini yaxshilaydi, inson muammolarini osonlik bilan echilishiga sabab bo'ladi. Bu fazilatli xislatni farzandlarimizga ularning yoshlik paytidayoq singdirib borishimiz lozim bo'ladi. Farzand yosh nihol, uni kamtar qilib o'stirsak, u kelajakda o'z o'rnini topadi. Chunki, yaxshi inson ho'l shoxga o'xshaydi, uni qancha tortsang egiladi, ammo sinmaydi. Hudbin kishi esa quruq shoxga o'xshaydi, uni tortsang sinadi.
Har bir insonning tabiatida xudbinlikka, maqtanchoqlikka, o'zini ulug'lashga, kibrlanishga nisbatan mayllar bo'ladi . Inson o'z tibiatadagi bu mayllarni aql orqali tanib, ularni o'zidagi kamtarlik, oliyjanoblik xususiyatlari bilan ushlab, xalqimizning “ Kamtarga kamol, manmanga zavol” degan maqolini yodga olib, o'z nafsiga nasihat qilish lozim.
Darhaqiqat, inson uchun xudbinlik, manmanlik yarashmaydigan odatdir. Inson xudbinlik va manmanlikdan saqlanish bilan o'z shaxsi va jamiyat uchun katta manfaat keltiradi. Inson xudbinlik, manmanlik kabi yomon odatlardan tiyilish bilan ikki dunyo saodatiga erishadi.
Ruxiddin AKBAROV,
O'zbekiston musulmonlar idorasining Qashqadaryo viloyati vakilligi xodimi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Men padari buzrukvorim rahmatullohi alayhdan eshitganman: «Shayx Abdulqodir Jiyloniy rahmatullohi alayhning bir o‘g‘illari bor edi. Uni hazrat qayergadir ilm tahsil qilish uchun yubordilar. U olim bo‘lib qaytdi. Shayx Abdulqodir Jiyloniy rahmatullohi alayhning bir majlislari bo‘lar edi. Majlisga hazratga yaqin kishilar kelardi. Hazrat ularga nasihat qilib turardilar. O‘g‘illari kelganida, hazrat unga: «Birodar, sen butkul yangi ilm hosil qilib kelgansan, bugun ularga sen va’z qil», dedilar. U judayam tetik edi.
Hazratning taklifini bajonudil qabul qildi. Majlis hali jam edi. U va’z aytdi. Odamlar tinglayverdilar, tinglayverdilar. Lekin ta’sirlanmadilar. Oddiy bir olimning gapini eshitdilar. Shundan keyin hazrat tashrif buyurdilar va o‘tirib, bor-yo‘g‘i shunday bir jumla aytdilar: «Birodar, biz bugun ro‘za tutishni iroda qilgan edik. Kechasi saharlikda ichamiz deb sut saqlab qo‘ygan edik. Lekin taqdirni qarangki, mushuk sutni ichib ketdi va biz ro‘za tuta olmadik».
Bor-yo‘g‘i shu gapni aytdilar. Gaplari qattiq ta’sir qildi. Keyin hazrat o‘g‘illariga bunday dedilar: «Qara, sen soatlab va’z qilding. Ularga hech narsa qilmadi. Men bor-yo‘g‘i bir og‘iz gapirdim, odamlarning qalblariga ta’sir etdi. Sen ilm o‘rganib kelding. Lekin endi qalb dardini paydo qil, qalbingni Allohga qaytarishga, ya’ni bog‘lashga harakat qil. Keyin sening bir so‘zing, u fasohatli-balog‘atli bo‘lsa-bo‘lmasin farqi yo‘q, odamlarning qalblariga, ruhiyatlariga ta’sir qiladi».
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan