Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Noyabr, 2026   |   16 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
06:00
Quyosh
07:19
Peshin
12:15
Asr
15:15
Shom
16:59
Xufton
18:16
Bismillah
26 Noyabr, 2026, 16 Jumadul soni, 1448

Niyatga yarasha

22.11.2023   1571   4 min.
Niyatga yarasha

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.

Qurayshdan bir kishi makkalik Ummu Qays ismli ayolga sovchi qo'ydi. Ummu Qays musulmon bo'lib, Madinaga hijrat qilgan edi. Muslima ayol u kishiga Madinaga hijrat qilsagina turmushga chiqishini aytdi. Makkalik kishi Ummu Qaysga uylanish niyatida Madinaga hijrat qildi. Keyin Madina ahli unga «Ummu Qaysning muhojiri» deb laqab qo'yishdi!

Mana shu qissa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mashhur «Amallar niyatlarga bog'liqdir. Har bir kishi niyatiga yarasha oladi. Kimning hijrati Alloh va Rasuli uchun bo'lsa, demak, u Alloh va Rasuli uchun hijrat qilgan bo'ladi. Kimning hijrati dunyoga erishish uchun bo'lsa, unga erishadi, ayolga nikohlanish uchun bo'lsa, unga nikohlanadi. Kim nima uchun hijrat qilsa, hijrati o'sha uchun!» degan mashhur hadislarining aytilishiga sabab bo'lgan.

Amal Allohning huzurida maqbul bo'lishi uchun unda ikki shart topilishi lozim. Agar ulardan biri bo'lmasa, ibodat botil bo'ladi: Allohga ixlos hamda amalning shariatga muvofiq bo'lishi.

Masalan, kim peshinni Allohga yaqinlashish umidida besh rakat o'qisa, uning namozi qabul qilinmaydi. Bunda uning niyat va ixlosi durust bo'lsa-da, qilgan ishi shariatga muxolifdir. Kim odamlarga yaxshi ko'rinish uchun faqirga sadaqa qilsa, sadaqasi qabul qilinmaydi. Uning ishi shariatga muvofiq bo'lsa-da, ixlosi yo'q chunki. Boshqa ibodat va amallarni ham shunga qiyos qilsak bo'ladi!

Hamma mazmun «har bir kishiga niyatiga yarasha»ning ichidadir!

Hatto farishtalar ham niyatlarni bila olmaydi. Faqat Alloh subhanahu va taologina bizni ichimizdan ko'ra oladi. Faqat Uning O'zi qilayotgan amallarimiz ortida nima maqsad borligini biladi. Biz insonlarning faqat zohiriga qarab hukm qilishimiz mumkin. Ammo ularning niyatlarini niyatlar egasiga topshirib qo'yaverishimiz lozim!

Ikki yigit masjidga boryapti. Ularning biri Allohning roziligini istab, boshqasi esa, o'zi sovchi bo'lib borayotgan qizning otasiga yaxshi ko'rinish uchun. Ikkisi ham niyatiga yarashasini oladi!

Ikki kishi bemorni ziyorat qilgani borishdi. Ularning biri Allohning roziligini istab bordi. Ikkinchisi esa, nufuzli bemorga yaqinlashish uchun, uning obro'yidan foydalanish uchun, tama' qilib bordi. Ikkisiga ham niyatiga yarashasi bo'ladi!

Ikki kishi qarindoshlarini uyiga mehmonga chaqirdi. Biri silai rahmni bog'lashni, qalblarni ulfat qilishni, oilani jamlashni istadi. Ikkinchisi esa uyini, molini maqtanish uchun chaqirdi. Ularning qilayotgan ishi bir xil, ammo niyatlari boshqa-boshqa. Ikkisiga ham niyatiga yarashasi bo'ladi!

Bundan ming yillar oldin Zulayho Yusuf alayhissalomni zinoga chaqirdi. Yusuf alayhissalom ko'nmadilar. Undan qochish uchun eshik tomon yugurdilar. Dinlarini, iffatlarini saqlamoqchi bo'ldilar. Zulayho ortlaridan yugurdi, u kishini qaytarmoqchi bo'ldi. Ular ikkisi ham eshik tomon yugurishdi. Ya'ni, amal bir xil, ammo niyat ikki xil: biri gunohdan qochayotgan, ikkinchisi gunoh tomon yugurayotgan edi.

Amallar niyatga bog'langandir. Har kimga niyatiga yarasha bo'ladi!

«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Dunyo e’tirofining bir namunasi

25.11.2026   18586   2 min.
Dunyo e’tirofining bir namunasi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi poytaxti O‘mon shahridagi Qirollik islom strategik tadqiqotlar markazi tomonidan har yili e’lon qilinadigan reytingda dunyoning eng nufuzli 50 nafar musulmoni ro‘yxatiga kiritildi.

Unda muhtaram Yurtboshimiz rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqaro hamkorlik va mintaqaviy diplomatiyani rivojlantirish, ta’lim va madaniyat sohalarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, boy islomiy merosni asrab-avaylash va jahon miqyosida targ‘ib etish borasidagi sa’y-harakatlar alohida qayd etilgan.

Mazkur e’tirof Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, xususan, diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash borasidagi ishlar xalqaro miqyosda tan olinayotganining yana bir amaliy ifodasidir.

Zero, bugun mamlakatimizda haqiqatdan ham diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, soha vakillarining ilmiy salohiyatini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xalqaro islom akademiyasi, diniy ta’lim muassasalari, ilmiy maktab va markazlar faoliyati tobora kengayib bormoqda.

Ulug‘ allomalarning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish, tarixiy qadamjolarni obodonlashtirish, ziyorat turizmini rivojlantirish ishlari izchil davom etmoqda. Mamlakatimizda turli diniy konfessiyalarning erkin faoliyat yuritishi ta’minlanib, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlash yo‘lida muntazam muloqotlar olib borilmoqda.

Namozlarni emin-erkin ado etish, hayit bayramlarini nishonlash, haj va umra ziyoratlarini tashkil etish uchun yaratilgan keng imkoniyatlar ham ushbu islohotlarning ajralmas qismiga aylangan.

Yurtboshimizning mana shunday e’tirofga sazovar bo‘lishlari yaxshilik amallarning bu olamda ham javobsiz qolmasligiga bir ishoradir. Zero Alloh taolo ham Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:

“Albatta, iymon keltirgan va solih amallarni qilganlarga Rohman (odamlar qalbida) muhabbat paydo qilur” (Maryam surasi, 96-oyat).

Inson Alloh roziligi uchun xayrli ish qilsa, Alloh uning yaxshiligini bandalari qalbiga solib qo‘yadi. Odamlar uni yaxshi ko‘rib, e’tirof etadi.

Mamlakatimiz rahbarining nafaqat mana shu yurt, xalq, balki boshqa xalqlar tinchligi, farovonligi yo‘lida qilayotgan beqiyos xayrli amallariga Alloh taolo ulkan ajr-mukofotlar ato etsin!  

 

 Zayniddin domla ESHONQULOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari

Maqolalar