Sayt test holatida ishlamoqda!
26 May, 2025   |   28 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:16
Quyosh
04:56
Peshin
12:25
Asr
17:30
Shom
19:48
Xufton
21:21
Bismillah
26 May, 2025, 28 Zulqa`da, 1446

Ota-ona farzandiga go'zal odobdan ko'ra yaxshiroq narsa bera olmaydi

02.07.2021   1860   8 min.
Ota-ona farzandiga go'zal odobdan ko'ra yaxshiroq narsa bera olmaydi

Har bir ota - ona o'z farzandining baxtu - saodatli, ma'naviy sog'lom, istiqboli porloq,    kelajakdagi mustaqil hayotida ham moddiy jihatdan sog'lom  bo'lib yashamog'ini orzu qiladi va shu maqsadga erishish uchun butun umrini, bor-yo'g'ini sarf qiladi. Ayniqsa, bu bolasevar xalqimizning qalbiga singib ketgan fazilatdir. Islom dini ta'limotiga ko'ra, farzand Alloh taolo tomonidan ato etilgan ulug' ne'mat bo'lishi bilan birga, u ota – onaga  topshirilgan mas'uliyati juda katta omonat hamdir.

Farzand ne'matini shukrini ado qilish har birimizning zimmamizdagi eng asosiy burchlarimizdan biri hisoblanadi. Uni  asrab–avaylab, chiroyli tarbiyalab kamolga etkazish esa bu ne'matning oliy shukronasidir.  Farzandlarimizni  yomon xulq, buzuq g'oyalardan fikrini toza, musaffo qilmog'imiz darkor. Darhaqiqat, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu borada: “Bamisoli sirka asalni buzganidek, bad'fellik va axloqsizlik ham kishining qilayotgan amallarini buzadi”, deb badfe'llik va axloqsizlik har qanday insonni xoh u yosh bo'lsin, xoh qari bo'lsin jamiyatda beobro' qilishidan ogoh etadilar.

Farzandlarimizni bunday illatdan asrashning bosh omili albatta, ularga chiroyli tarbiya berib, hayotning turli fitnalaridan qalblarini pokiza saqlab, bilimli inson qilib voyaga etkazishdir. Farzand hayotida yaxshi xulq, chiroyli odob eng birinchi o'rinda turadi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ota – ona farzandiga go'zal odobdan ko'ra yaxshiroq narsa bera olmaydi”, deganlar. Chunki, e'tiqodi va dunyoqarashi sog'lom farzand ota - ona xizmatini qilib, vataniga sadoqatli, komil inson bo'lib voyaga etadi. Farzandning yaxshi, komil inson bo'lib, jamiyatda o'z o'rnini topishida tarbiya bilan birgalikda ilmning xizmati beqiyosdir. Zero, chiroyli tarbiya bilan ziynatlangan ilmli inson yurtimiz ravnaqi va kelajagi hisoblanadi. Insonning o'sib, kamolga etishida ilmning zarurligini qisqa satrlarda ta'riflab berish qiyin, albatta. Bu to'g'rida dono xalqimizning ajoyib bir hikmatli so'zi bor: “Farzand aziz, tarbiyasi esa undanda aziz”. Halqimizda odob-axloq va tarbiyaga  bu qadar e'tibor berilishi bejiz emas, chunki inson ilmi bilan eta olmagan cho'qqilarni chiroyli odob-axloqi bilan zabt etadi.

Bola tarbiyani dastlab oilasida oladi. Kattalarning butun hatti - harakatlarini xuddi suratga olgandek ongiga joylab, ulg'aygach, ularni hayotiga tatbiq etadi. Axloqi yomon bolalar asosan muhiti sog'lom bo'lmagan oilalardan chiqishi ma'lum. “Bugungi o'g'ri, firibgar va xulqi yomon kimsalar kecha tarbiyasiga e'tibor berilmagan bolalardir!” degan edi Abdulla Avloniy. Oiladagi tarbiyadan tashqari, bolalarimizning ko'cha -ko'yda yurish - turishlariga va kimlar bilan aloqa qilayotganiga ham alohida ahamiyat berish kerak.

Menimcha, faqat ota - onasini yo'qotgan emas, balki qarovsiz qolgan, tarbiyasiga birov ahamiyat bermagan bola ham etim hisoblanadi. Kelajagimiz bo'lgan bolalarimiz tarbiyasiga katta ahamiyat berishimiz, ularning yuksak axloqiy qadriyatlar, milliy va diniy an'analarimizga sodiq bo'lishlariga harakat qilish  lozim.

Farzandlarning kelajakda qaysi toifadagi kishilarga o'xshab qolishi haqida janob Rasulullohdan ushbu hadisi sharif vorid bo'lgan: “Har bir farzand musulmon fitratida tug'iladi, lekin uni yahudiyga aylantirib yuboradigan ham, nasroniy yoki majusiyga aylantirib yuboradigan ham uning ota – onasidir”. Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimizning baxtu - saodati yo'lida yoshlarimizning ilmu fan va kasbu hunar sohiblari bo'lib etishishlari uchun davlatimiz ko'rsatayotgan g'amxo'rlik bilan birga ota - onalarning bu boradagi doimiy harakatlari ham juda ahamiyatlidir.

Farzandlarimizga shunday tarbiya beraylikki, ular o'z ota-bobolariga, o'z tarixi, Vatani, ona tiliga, millat ulug'lariga, mukaddas Islom dini an'analariga sodiq bo'lib qolishsin. Chunki ilmli, odobli, farosatli odam hayotda o'rnini topib oladi. Kitoblardan o'rganilgan ma'rifiy ilm qatorida oilada olingan hayot ilmi ham ularga suv va havodek zarur. Farzandlari ulg'aygan sari ular taqdiriga hushyorroq qarash, ularni yuksak qadriyatlarimizning asl va baquvvat ildizlaridan bahramand etish, bugungi turmush tarzimizga mos tarbiya berish ota - onalar zimmasidagi muhim vazifalardan sanaladi.

Hozirgi globallashuv sharoitida ota-onalarning farzandlari ustidagi mas'uliyatlari yanada ortib, bu borada umuman beparvo bo'lmasliklari talab etiladi. Farzandlarini yoshligidanoq kuchi, qobiliyatiga mos tushadigan ilm-fan, mehnat va kasb - hunarlarga yo'naltirishlari  va ommaviy madaniyat va turli g'oyaviy hujumlardan ehtiyot qilishlari juda zarurdir.

Husayn Voiz Koshifiy “Axloqi muhsinin” asarida farzand tarbiyasida muhim bo'lgan qadriyatlarga to'xtalib: “Farzand Haq taoloning omonatidir. Ota - onadan mahshar vaqtida bu omonat haqi talab qilinadi. Bu omonat go'yoki oyna – butun borliq ko'zgusi, avvalidir. Haqiqat javohiri uni nimaga xohlasa, o'shanga moyil qilish mumkin. Demak, zarurat bo'yicha farzandni to'g'ri tarbiya qilish kerak, toki yoqimli sifatlarga ega bo'lsin. Avvalo unga chiroyli nom berish kerak. Agar farzand nomi munosib bo'lmasa ma'lum muddat yashagandan so'ng unda o'z ismiga nisbatan nafrat paydo bo'ladi. Yana mo''tadil tabiatli, xushmuomala va pokiza ko'rinishli bo'lsin”, deydi.  

Hadis sharifda “Farzanding yo jannating yoki do'zaxingdir”, deb aytilgan. Agar ota-ona farzandini yaxshi xulqli, odobli va imon-e'tiqodli qilib tarbiyalasa, bunday farzand qiyomat kunida o'zi bilan ota-onasini ham     jannatga         etaklaydi. Shunday ekan, har bir ota-ona farzandlarining tarbiyasiga ko'proq e'tibor berishi, ularga alohida vaqt ajratib, odob-axloqdan ta'lim berishi, ularni doimo nazorat qilib borishi, yomonlarga yaqin yo'latmasligi lozim ekan. Ana shunda ular ota-onasi va el-yurtiga xizmat qiladigan, ularga ikki dunyoda obro' olib keladigan, yuzlarini yorug' va boshlarini yuqori qiladigan farzandlar bo'lib katta bo'lishadi.

O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasining 104 – moddasida: “Ota – onalar o'z farzandlarini voyaga etganlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar” deb  belgilab  qo'yilgan.

Bu esa har birimizning farzandlarimiz, yosh avlodning ma'naviy-axloqiy kamoloti, g'oyaviy chiniqishiga, har xil buzg'unchi g'oya va mafkuralarga qarshi murosasiz kurashchi ruhida tarbiyalashga mas'uliyat bilan yondashishga undaydi. Aynan farzandlarning kamoloti – ertangi kunda barchamizning tinch hayotimizni ta'minlaydi.

Har qaysi davlat, har qaysi millat unib-o'sib kelayotgan yosh avlod timsolida shu xalqning azaliy orzu-intilishlarini ro'yobga chiqaradigan buyuk kuchni ko'radi. Mamlakatimizdagi islohotlarning asosiy ustuvor yo'nalishlardan biri ana shunday komil insonlarni tarbiyalashga yo'naltirilgan.

Kelajak avlod tarbiyasi barcha zamonlarda xalqimiz oldida turgan asosiy vazifalardan biri bo'lib kelgan va shunday bo'lib qoladi. Bu kabi savobli maqsad va vazifani nafaqat tarbiya bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar, balki barcha - barchamiz o'z oldimizga asosiy maqsad sifatida qo'yishimiz lozim. 

Muhammadi QORAYeV,

Qarshi shahar  “Qumqishloq” jome masjidi imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Mabrur haj qanday bo‘ladi?

19.05.2025   4505   6 min.
Mabrur haj qanday bo‘ladi?

Hajga ketayotganlarga yoki hajdan qaytganlar haqqiga «Hajingiz mabrur haj bo‘sin!» deya duo qilinadi. Umuman, hojilarning o‘zlari ham o‘z hajlarining mabrur bo‘lishini istab, duoi xayrlar qiladilar. Nima uchun bunday duo qilinadi? Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mana bu hadisi shariflari bor: Mabrur hajning mukofoti faqat jannat bo‘ladi! (Imom Buxoriy, 3/1773; Imom Muslim, 2/1349).

Boshqa bir o‘rinda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan insoniyat uchun eng afzal amallar qaysiligini so‘ralganida, ul zoti sharif tomonlaridan bunday amallar qatorida hajji mabrur ham sanab o‘tilgan edi (Imom Buxoriy, 2/1519; Imom Muslim, 1/83).

Shunday ekan, hajning qay tariqada mabrur bo‘lishini bilib olish juda zarur ekan. Avvalo «mabrur» so‘zining lug‘aviy ma’nosi qanday?

«Mabrur» so‘zi lug‘atda yaxshilik qilingan, qabul qilingan degan ma’nodadir. Uning «xolis» degan ma’nosi ham bor. Demak, «mabrur» so‘zi «maqbul» so‘ziga ma’nodosh bo‘ladi.

Mabrur haj bo‘lishi uchun quyidagilar bo‘lishi lozim:

1) Imom Buxoriyning “Tarixi kabir” asarida bir rivoyat bor. Unda mashhur olim Hasan Basriy rahimahullohning bunday degani naql qilinadi: Mabrur haj shuki, hajdan dunyoda zohid holda, oxiratga rag‘batli bo‘lgan holatda qaytmoqlikdir (Imom Buxoriy, «Tarixi kabir», 3/808).

Demak, hojilar yurtga qaytar ekanlar dunyo borasida zohid, zuhdu taqvoga berilgan, oxirat borasida esa unga rag‘bat qo‘ygan, harom va shubhali narsalarga parhezgor bo‘lib, har dam va har qadamda oxiratini o‘ylaydigan bo‘lishlari kerak ekan. Agar ana shunday hojilar bo‘lsa, ularning hajlarining mabrur bo‘lganining alomati ana shudir.

2) Haj vaqtida gunoh ish va qiliqlar aralashmagan haj mabrur bo‘ladi. Bu haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislari bor: «Kimki haj qilsa, yomon gap va yomon ish qilmasa, o‘tgan gunohlari kechiriladi» (Imom Termiziy, 2/808).

Hadisi sharifda tilga olingan “rafas” so‘zi lug‘atda shallaqilik qilish, behayo gaplarni gapirish, buzuq, iflos ishlarni qilish ma’nosida ekani aytiladi. Qur’oni karimda u «xotini bilan jinsiy yaqinlik qilish» ma’nosida kelgan. Bu yerda esa u umumiy bo‘lib, yomon gap-so‘z, qabih ishlar ma’nosida qo‘llangan. Demak, hajda bu xildagi ishlar mutlaqo mumkin emas.

3) Hajdan ko‘zlangan maqsad faqat Allohning farz qilgan hajini ado qilish bo‘lishi kerak. Shundagina haj mabrur bo‘ladi. Bu to‘g‘ridagi Hazrati Umar roziyallohu anhuning mana bu gapiga e’tibor bering:

Kim mana bu Uyni boshqa narsani iroda qilmasdan haj qiladigan bo‘lsa, gunohlardan xuddi onasi tuqqan kundagidek bo‘lib chiqadi (Ibn Abu Shayba, 3/12785).

Inson hajga borar ekan, tijorat, savdo-sotiq va boshqa shunga o‘xshash dunyoviy va hajdan o‘zga diniy ishlar hajning bahonasi ila safarning birinchi maqsadiga aylanib qolmasligi kerak.

Hazrati Umar roziyallohu anhu bir xotinning hajdan qaytayotganini ko‘rib, «Sayru sayohat qilib, do‘konlarni aylanib yuribsanmi?» debdilar. Xotin tasdiq javobini berganida, unga Hazrati Umar roziyallohu anhu: «Unday bo‘lsa, qaytadan haj qilgin!» degan ekan.

Bir kuni Hazrati Umar roziyallohu anhu Ka’baga suyanib o‘tirganida, Iroqdan kelgan hojilar u yoqdan bu yoqqa o‘ta boshlabdilar. Hazrati Umar roziyallohu anhu ularni oldiga chaqiribdi. «Sizlar hajga keldinglarmi? Tavof qildinglarmi, Safo va Marva orasini sa’y qildinglarmi?» debdilar. Ular tasdiq javobini qilibdilar. «Hozir nima qilayapsizlar? Haj mavsumidan foydalanib qolyapsizlarmi?» debdi.

Hojilar fursatdan foydalanib, u yer bu yerlarni ko‘rib yurishganini, u yoqqa bu tomonga o‘tib, borib-kelib yurganlarini, boshqa xayrli amallar, ko‘proq zikr, ko‘proq nafl ibodatlar qilmayotganlarini aytishibdi. Shunda Hazrati Umar roziyallohu anhu ularga hajni qayta qilishlarini buyuribdilar (Ibn Abu Shayba, 3/12787).

Sahoba Abu Zarr roziyallohu anhu haj kunlarida Rabza degan joyni aylanib yurgan hojilarni ko‘rib, ularga hajlarini qayta qilishni burgan ekan.

Demak, inson haj kunlarini g‘animat bilishi, boshqa narsalarga, sovg‘a-salomlarga chalg‘ib ketib, ibodatlardan, zikrlardan qolib ketmasligi kerak. Shunda uning haji mabrur bo‘ladi.

4) Haji mabrur bo‘lganining alomati hoji haj qilib qaytganidan so‘ng uning holi yaxshi tarafga o‘zgarishidir. Har bir hoji o‘z holiga qarab ko‘rsin: ko‘proq ibodatlar qilayaptimi, o‘qiyotgan nafllari avvalgidan ko‘paydimi, odamlarga qilayotgan xayrli amallari ortdimi, og‘zidan chiqqan yomon gaplar endi yo‘qoldimi, yomon amallari yo‘qoldimi, hech kimga aytib bo‘lmaydigan gunohlari, aybu nuqsonlari ozaydimi?

5) Imom Qurtubiy rahimahulloh aytgan: “Haj mabrur bo‘lishi uchun haj arkonlari, manosiklari, amallari, farzu, vojibu sunnat va mustahablarining barchasi mukammal va to‘liq ado qilinishi kerak”. Bu juda muhim gap! Hojilar bunga e’tibor qaratishlari kerak bo‘ladi. Hajning amaliyotlarining birortasi qolib ketmasligi, amallarning ketma-ketligi, tartibi o‘zgarmasligi, shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ymasligi, birovlar gapiga kirib oson va qulay yo‘lga o‘tib olmasligi kerak.

6) Muhammad Yusuf Bannuriy rahimahulloh hajning mabrur bo‘lishi uchun u riyodan xoli bo‘lmog‘i kerak, deb ta’kidlagan. Zotan, riyo savoblar kushandasidir. Xo‘jako‘rsinga, odamlar hoji desin, hammaning e’tibori va obro‘-hurmatiga sazovor bo‘lish maqsadida hajga borsa; hamma hajga borayapti-ku, deb odamlar ko‘zi uchun hajga ketsa, uning haji mabrur bo‘lmasligi mumkin.

7) Umuman, mabrur haj deganda gunoh, ma’siyat aralashmagan hajga aytiladi. Chunki uning «xolis haj» degan ma’nosi bor. Bu gunohlardan xoli, deganidir. Tavof asnosida, odamlar tiqilinchida birovga turtilmaslikka, birovning oyog‘ini bosib olmaslikka ham e’tibor qaratish kerak bo‘ladi. Birovning ko‘ngliga og‘ir keladigan gaplarni gapirmaslik kerak. Buning uchun zikrga zo‘r berish kerak. Hajga borib, mehmonxonada oyoq uzatib yotib, umrida bir marta bo‘ladigan, atigi o‘n besh kunlik muborak safarida bu yoqdagi, yurtidagi dunyoviy ishlarini muhokama qilishning hech keragi yo‘q.

Barcha hojilarning hajlari mabrur, sa’ylari mashkur bo‘lsin!

Hamidulloh BЕRUNIY