Har bir ota - ona o'z farzandining baxtu - saodatli, ma'naviy sog'lom, istiqboli porloq, kelajakdagi mustaqil hayotida ham moddiy jihatdan sog'lom bo'lib yashamog'ini orzu qiladi va shu maqsadga erishish uchun butun umrini, bor-yo'g'ini sarf qiladi. Ayniqsa, bu bolasevar xalqimizning qalbiga singib ketgan fazilatdir. Islom dini ta'limotiga ko'ra, farzand Alloh taolo tomonidan ato etilgan ulug' ne'mat bo'lishi bilan birga, u ota – onaga topshirilgan mas'uliyati juda katta omonat hamdir.
Farzand ne'matini shukrini ado qilish har birimizning zimmamizdagi eng asosiy burchlarimizdan biri hisoblanadi. Uni asrab–avaylab, chiroyli tarbiyalab kamolga etkazish esa bu ne'matning oliy shukronasidir. Farzandlarimizni yomon xulq, buzuq g'oyalardan fikrini toza, musaffo qilmog'imiz darkor. Darhaqiqat, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu borada: “Bamisoli sirka asalni buzganidek, bad'fellik va axloqsizlik ham kishining qilayotgan amallarini buzadi”, deb badfe'llik va axloqsizlik har qanday insonni xoh u yosh bo'lsin, xoh qari bo'lsin jamiyatda beobro' qilishidan ogoh etadilar.
Farzandlarimizni bunday illatdan asrashning bosh omili albatta, ularga chiroyli tarbiya berib, hayotning turli fitnalaridan qalblarini pokiza saqlab, bilimli inson qilib voyaga etkazishdir. Farzand hayotida yaxshi xulq, chiroyli odob eng birinchi o'rinda turadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ota – ona farzandiga go'zal odobdan ko'ra yaxshiroq narsa bera olmaydi”, deganlar. Chunki, e'tiqodi va dunyoqarashi sog'lom farzand ota - ona xizmatini qilib, vataniga sadoqatli, komil inson bo'lib voyaga etadi. Farzandning yaxshi, komil inson bo'lib, jamiyatda o'z o'rnini topishida tarbiya bilan birgalikda ilmning xizmati beqiyosdir. Zero, chiroyli tarbiya bilan ziynatlangan ilmli inson yurtimiz ravnaqi va kelajagi hisoblanadi. Insonning o'sib, kamolga etishida ilmning zarurligini qisqa satrlarda ta'riflab berish qiyin, albatta. Bu to'g'rida dono xalqimizning ajoyib bir hikmatli so'zi bor: “Farzand aziz, tarbiyasi esa undanda aziz”. Halqimizda odob-axloq va tarbiyaga bu qadar e'tibor berilishi bejiz emas, chunki inson ilmi bilan eta olmagan cho'qqilarni chiroyli odob-axloqi bilan zabt etadi.
Bola tarbiyani dastlab oilasida oladi. Kattalarning butun hatti - harakatlarini xuddi suratga olgandek ongiga joylab, ulg'aygach, ularni hayotiga tatbiq etadi. Axloqi yomon bolalar asosan muhiti sog'lom bo'lmagan oilalardan chiqishi ma'lum. “Bugungi o'g'ri, firibgar va xulqi yomon kimsalar kecha tarbiyasiga e'tibor berilmagan bolalardir!” degan edi Abdulla Avloniy. Oiladagi tarbiyadan tashqari, bolalarimizning ko'cha -ko'yda yurish - turishlariga va kimlar bilan aloqa qilayotganiga ham alohida ahamiyat berish kerak.
Menimcha, faqat ota - onasini yo'qotgan emas, balki qarovsiz qolgan, tarbiyasiga birov ahamiyat bermagan bola ham etim hisoblanadi. Kelajagimiz bo'lgan bolalarimiz tarbiyasiga katta ahamiyat berishimiz, ularning yuksak axloqiy qadriyatlar, milliy va diniy an'analarimizga sodiq bo'lishlariga harakat qilish lozim.
Farzandlarning kelajakda qaysi toifadagi kishilarga o'xshab qolishi haqida janob Rasulullohdan ushbu hadisi sharif vorid bo'lgan: “Har bir farzand musulmon fitratida tug'iladi, lekin uni yahudiyga aylantirib yuboradigan ham, nasroniy yoki majusiyga aylantirib yuboradigan ham uning ota – onasidir”. Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimizning baxtu - saodati yo'lida yoshlarimizning ilmu fan va kasbu hunar sohiblari bo'lib etishishlari uchun davlatimiz ko'rsatayotgan g'amxo'rlik bilan birga ota - onalarning bu boradagi doimiy harakatlari ham juda ahamiyatlidir.
Farzandlarimizga shunday tarbiya beraylikki, ular o'z ota-bobolariga, o'z tarixi, Vatani, ona tiliga, millat ulug'lariga, mukaddas Islom dini an'analariga sodiq bo'lib qolishsin. Chunki ilmli, odobli, farosatli odam hayotda o'rnini topib oladi. Kitoblardan o'rganilgan ma'rifiy ilm qatorida oilada olingan hayot ilmi ham ularga suv va havodek zarur. Farzandlari ulg'aygan sari ular taqdiriga hushyorroq qarash, ularni yuksak qadriyatlarimizning asl va baquvvat ildizlaridan bahramand etish, bugungi turmush tarzimizga mos tarbiya berish ota - onalar zimmasidagi muhim vazifalardan sanaladi.
Hozirgi globallashuv sharoitida ota-onalarning farzandlari ustidagi mas'uliyatlari yanada ortib, bu borada umuman beparvo bo'lmasliklari talab etiladi. Farzandlarini yoshligidanoq kuchi, qobiliyatiga mos tushadigan ilm-fan, mehnat va kasb - hunarlarga yo'naltirishlari va ommaviy madaniyat va turli g'oyaviy hujumlardan ehtiyot qilishlari juda zarurdir.
Husayn Voiz Koshifiy “Axloqi muhsinin” asarida farzand tarbiyasida muhim bo'lgan qadriyatlarga to'xtalib: “Farzand Haq taoloning omonatidir. Ota - onadan mahshar vaqtida bu omonat haqi talab qilinadi. Bu omonat go'yoki oyna – butun borliq ko'zgusi, avvalidir. Haqiqat javohiri uni nimaga xohlasa, o'shanga moyil qilish mumkin. Demak, zarurat bo'yicha farzandni to'g'ri tarbiya qilish kerak, toki yoqimli sifatlarga ega bo'lsin. Avvalo unga chiroyli nom berish kerak. Agar farzand nomi munosib bo'lmasa ma'lum muddat yashagandan so'ng unda o'z ismiga nisbatan nafrat paydo bo'ladi. Yana mo''tadil tabiatli, xushmuomala va pokiza ko'rinishli bo'lsin”, deydi.
Hadis sharifda “Farzanding yo jannating yoki do'zaxingdir”, deb aytilgan. Agar ota-ona farzandini yaxshi xulqli, odobli va imon-e'tiqodli qilib tarbiyalasa, bunday farzand qiyomat kunida o'zi bilan ota-onasini ham jannatga etaklaydi. Shunday ekan, har bir ota-ona farzandlarining tarbiyasiga ko'proq e'tibor berishi, ularga alohida vaqt ajratib, odob-axloqdan ta'lim berishi, ularni doimo nazorat qilib borishi, yomonlarga yaqin yo'latmasligi lozim ekan. Ana shunda ular ota-onasi va el-yurtiga xizmat qiladigan, ularga ikki dunyoda obro' olib keladigan, yuzlarini yorug' va boshlarini yuqori qiladigan farzandlar bo'lib katta bo'lishadi.
O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasining 104 – moddasida: “Ota – onalar o'z farzandlarini voyaga etganlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar” deb belgilab qo'yilgan.
Bu esa har birimizning farzandlarimiz, yosh avlodning ma'naviy-axloqiy kamoloti, g'oyaviy chiniqishiga, har xil buzg'unchi g'oya va mafkuralarga qarshi murosasiz kurashchi ruhida tarbiyalashga mas'uliyat bilan yondashishga undaydi. Aynan farzandlarning kamoloti – ertangi kunda barchamizning tinch hayotimizni ta'minlaydi.
Har qaysi davlat, har qaysi millat unib-o'sib kelayotgan yosh avlod timsolida shu xalqning azaliy orzu-intilishlarini ro'yobga chiqaradigan buyuk kuchni ko'radi. Mamlakatimizdagi islohotlarning asosiy ustuvor yo'nalishlardan biri ana shunday komil insonlarni tarbiyalashga yo'naltirilgan.
Kelajak avlod tarbiyasi barcha zamonlarda xalqimiz oldida turgan asosiy vazifalardan biri bo'lib kelgan va shunday bo'lib qoladi. Bu kabi savobli maqsad va vazifani nafaqat tarbiya bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar, balki barcha - barchamiz o'z oldimizga asosiy maqsad sifatida qo'yishimiz lozim.
Muhammadi QORAYeV,
Qarshi shahar “Qumqishloq” jome masjidi imom-xatibi
#xabar #haj2025
Joriy yilgi haj mavsumi o‘zining qizg‘in pallasiga kirmoqda. Bugun, 3 iyun – Zulhijja oyining 7 kuni kechki paytdan boshlab ziyoratchilarni Mino vodiysiga tashish ishlari boshlanadi. 4 iyun – Zulhijja oyining 8 kuni barcha hojilar Mino vodiysida jam bo‘lishadi.
Shu munosabat bilan haj delegatsiyasi a’zolari, ishchi guruhi shtabi, shifokorlar jamoasi va guruh rahbarlari ishtirokida Makka shahridagi mehmonxonada umumiy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi, ishchi guruhi rahbari Sodiqjon Toshboyev, muftiy – haj delegatsiyasi rahbari Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, attashe Shuhrat Amoniy hamda shifokorlar jamoasi yetakchisi Alisher Saatov qatnashdi.
Mutasaddilar mehmonxonalardan Minoga, u yerdan Arafot, bu manzildan esa Muzdalifaga va yana Minoga qaytishni tartibli tashkil etish, muborak manzillar va chodirlarda risoladagidek ibodat qilish uchun barcha sharoitlarni hozirlash, ziyoratchilar salomatligiga jiddiy e’tibor berish, ovqatlanish ratsioniga amal qilish, belgilangan tartiblarga rioya etishni ta’minlash masalalarini aytib o‘tishdi.
Ayniqsa, Mino, Arafot vodiylarida o‘rnatilgan qonun-qoidalarga amal qilish, xususan, kunning jazirama issiq vaqtlarida (soat 10-00 dan 16-00 gacha) chodirlardan tashqarida yurmaslik, hududlarda tog‘u tepaliklarga chiqmaslik, bitoqa-beyjiklarni taqib yurish, harakatlanishda maxsus transport vositalari, avtobuslardan foydalanish va podshohlik talablari, tartibni saqlovchi xodimlar ko‘rsatmalariga itoat etish kabilarga urg‘u qaratildi.
Muftiy hazratlari ishchi guruhi va guruh rahbarlari uchun yanada mas’uliyatli damlar boshlanayotganini ta’kidladilar. Shuning barobarida haj amalini dinimiz talablariga muvofiq ado etish, shar’iy masalalarda Fatvo markazi fatvolariga rioya qilish, o‘zboshimchalik bilan ish tutishdan saqlanish, Mino va Arafotdagi chodirlarda ulamolarning mav’izalarini tashkil etish, bir so‘z bilan aytganda, hojilarning har bir daqiqasini toat-ibodat, duoyu zikr bilan unumli o‘tkazish kabilarni aytib o‘tdilar.
Yig‘ilishda boshqa tashkiliy masalalar ham kelishib olindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati