Sayt test holatida ishlamoqda!
05 May, 2025   |   7 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:45
Quyosh
05:15
Peshin
12:25
Asr
17:19
Shom
19:28
Xufton
20:52
Bismillah
05 May, 2025, 7 Zulqa`da, 1446

Ustoz va shogird munosabatlari

01.07.2021   9085   9 min.
Ustoz va shogird munosabatlari

Qur'on karimning ko'p joylarida ilm mavzusiga doir oyatlar keladi. Shuning uchun biz ilm olishimiz uchun bizga ustoz kerak buladi. Ma'lumki, bu dunyoning rivojlanishida insoniyatning taraqqiy etishida ustozning o'rni beqiyos. Dono xalqimiz “Ustoz ko'rgan”, “Ustoz ko'rmagan shogird har maqomga yo'rg'alar”, “Ta'lim bergan ustozingga rahmat”,  "Ustoz-otangdek ulug'", “Usta  borida qo'lingni tiy, ustoz borida tilingni”, “Usta bo'lsang ustozingni unutma”, “Ustozingga tik qarasang to'zasan, hurmat qilsang asta-asta o'zasan”,  deb bejiz aytishmagan. “Ustoz” so'zi o'zbek tilining izohli lug'atida yo'l-yo'riq ko'rsatuvchi, tarbiyalovchi, murabbiy, rahnamo, o'qituvchi, muallim degan ma'nolarni anglatishi yozilgan. Demak, “ustoz” nomi keng ma'noli so'z bo'lib, bu nomga muyassar bo'lgan kishiga har tomonlama yuksak mas'uliyat yuklatiladi. Shuning uchun ham xalq orasida ustozlar hurmati to'g'risida ko'plab ibratli naqllar bor. Buning ma'nosi shuki, har qanday kasb sohibi ustozsiz shakllanmaydi, hayotdan o'z o'rnini topa olmaydi.

Qadim Sharq xalqlarida ustoz, murabbiy, mudarris, muallim, tarbiyachi nomlari bilan yuritiluvchi zotlarning izzati va hurmati hamisha yuqori bo'lgan. Inson o'zini anglagan davrdan ustozlarga suyangan, ulardan ma'naviy qudrat olgan. Agar iqtidorli ustoz o'z maktabini yaratmasa, o'zidan keyin bilimdon, iste'dodli   shogirdlar   qoldirmasa,   uning   hayoti,   umri   besamar   o'tgan bo'ladi.   Ustoz   qanchalik   buyuk   bo'lmasin,    ta'lim jarayonida qanchalik    yutuqlarga    erishmasin,    o'z    bilim    tajribasini    ishonchli shogirdlarda qoldirmasa, uning erishgan yutuqlari suvga tushgan toshday izsiz yo'qoladi. Bobokalonimiz hazrat Navoiy bu borada quyidagi misrani bitgan edi: “Hunarni asrabon netkumdir oxir, Olib tuproqqamu ketgumdir oxir”.

Qadimda har bir hunar muqaddas hisoblangan bo'lib, uni hurmatlab, e'zozlab kelganlar. Ota-bobolarimiz ustoz va shogirdlar uchun o'ziga xos odob-axloq, maxsus qonun-qoidalar, urf-odatlar, duolar, milliy an'analarni ishlab chiqqan bo'lib, bu qoidalarga qat'iy rioya qilingan. Ustozning ham, shogirdning ham oldiga qo'yilgan o'ziga yarasha vazifalari va burchlari bo'lgan. Rizouddin Ibn Faxriddin ustozlarga shunday nasihat qilgan edi: “Shogirdingizni har bir harakatlariga qarab turingiz, ularga xushmuomalaliklarni, go'zal-u shafqatli odatlarni tushuntiringiz, so'zlarini-yu fe'llarini yaxshilangiz, ust-boshlarini, kiyim-kechaklarini pok tutmaklari haqida nazorat aylangiz. Yomon xulqlar yuqumli bo'lganidan bir shogirdning yomon xulqi borligini bilsangiz, jumlasini barobar ko'rib, jumlasi foyda olajak ravishda o'rgatingiz, foydali ishlar, kerakli adablarning jumlasidan xabardor aylangiz, natijada bola mumkin qadar reja ila ish qilmoq, ehtiyotkorlik, poklik, ko'rkam tartib, ko'p foydasiga tirishmak kabi xosiyatlaringizni egallab oladi”.

Shogird ustozni hurmat qilishi va uning mehnatini qadriga etmog'i kerak.   Bir hakimdan nima uchun siz ustozingizni otangizdan ko'ra hurmat qilasiz? – deb
so'rashdi. U bunday javob berdi, otam dunyoga kelishimga sababchi bo'lgan bo'lsa, ustozim hayotim boricha
yaxshi yashashimga sabab bo'ldi.

Buyuk mutafakkir shoir Alisher Navoiy Abdurahmon Jomiy yashaydigan mahallaga yaqin kelganda otdan tushib, ustozi yashaydigan mahalla ahli bilan quyuq salomlashib, hol-ahvol so'rab, otiga minmay Jomiy uyigacha piyoda borar ekan. Shunda bir temirchi so'rabdi: “Amir Navoiy, nechuk ustoz uyiga etmay turib otdan tushib olasiz? Axir siz vaziri a'zamsiz-ku! Sizga bundoq yurish yarashmas”. Alisher Navoiy jilmayib turib, shunday debdi: “Yo'q birodar, men hozir ustozim Abdurahmon Jomiy yashaydigan mahallaga keldim. Demak, bu erda yashovchi har bir fuqaro ustozimning tobutkashlari hisoblanadi. Shundoq bo'lgach, nechun men ular, ya'ni siz muhtaramlar oldida hurmatsizlik qilishim kerak. Ustozimni qandoq avaylab-e'zozlasam, sizlarni ham shundoq ko'rgumdir”.

Shogirdning eng yaxshi xislati – poklikdir. Zero, Husayn Voiz Koshifiy shogird odobi haqida shunday deydi: “Ustoz qabuliga kirganda yoki ustozini ko'rganda, birinchi bo'lib salom berish; ustozning oldida oz gapirish va boshni oldinga egib turish, ko'zni har tomonga yugirtirmaslik; agar masala so'ramoqchi bo'lsa, oldin ustozdan ijozat olish; ustoz javob aytganda, e'tiroz bildirmaslik; ustoz oldida boshqalarni g'iybat qilmaslik; o'tirib-turishda hurmatni to'liq saqlash. Shogirdning ruhiy olamining muhim zamini ham bo'lib, ularga poklik, do'stlik, hamkorlik, hamjihatlik, sadoqat, mehr-muruvvatlilik, kasb tanlash imkoniyati, vatanparvarlik, milliy iftixor, insonparvarlik, xushmuomalalik, ozodalik, pokizalik, samimiylik, ziyraklik, tashabbuskorlik, insoflilik, rostgo'ylik, or-nomuslilik, hamjihatbarorlik, andishalik, kattalarni hurmat qilish, sof muhabbatni qadrlash, vazminlik, to'g'rilik, ustozini hurmatlash, ota-onasini hurmatlash kabilar kiritiladi”.

Insoniyat tarixiy taraqqiyoti, jamiyatning qiyofasi ustoz-pedagogning ahvoli va ruhiyatiga bog'liq. Uning jamiyatdagi mavqei, hayotga bo'lgan munosabati, ma'naviy-ma'rifiy saviyasi kishilar o'rtasida yuksak tarbiyaviy ahamiyatga molik.

Ustoz deganda faqat ma'lum bir sohada yoki faqat ilm sohasida emas, balki ilm fanning barcha turlari, kasb hunar sirlarini o'rgatuvchilarni xam tushunishimiz lozim. Ilm ma'rifat tarqatish savobli amaldir. Borliqdagi xamma narsa yaxshilikni o'rgatuvchining haqqiga duo kiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Albatta, Alloh taolo, uning farishtalari, osmonlaru er ahli, hatto kovagidagi chumoli va baliq, odamlarga yaxshilikni ta'lim beruvchiga salavot aytadilar”.

 Ustozning shogird ustidagi haqqi benihoyat katta va ulug'dir. Sabr va mehr bilan parvarishlaydi. Dunyo va oxiratda ulug'lik, manfaat va najot keltiradigan yo'lga yo'llab qo'yadi.

Dinimiz ta'limotiga ko'ra, o'zgalarga ta'lim bergan kishi nafaqat dunyoda izzat-xurmatda bo'ladi, balki vafotidan keyin xam qoldirgan manfaatli ilmi, ta'lim bergan shogirdlarining xizmati, yozgan asarlaridan o'zgalarning foydalanishi tufayli nomai a'moliga savob to'xtovsiz borib turadi. Shunday ekan ustoz va murabbiylar har kancha e'zozlansa arziydi. Mavlono Jaloliddin Rumiy yozadilar: “Buvad zanjir bo zanjir payvand,  sari zanjir dar dasti Hudovand” ya'ni, ilm zanjir kabi bir-biriga ulangandir, zanjirning boshi esa Alloh taolo huzuridadir. Ana shu nurli zanjir mehru-muxabbatli, ehtiromli qalblarimizga payvand bo'lib, ikki dunyo xayotimizni yoritsin.

Ustoz muallimlarning maqomi eng sharafli maqom hisoblanadi. Ibn Jamoa rohmatullohi alayh aytadilar: “Tolibi ilm barcha ishlarida ustoziga bo'yinsunishi, unga xuddi bemor o'zini mohir tabibga topshirgandek topshirishi lozim bo'ladi. Shogird doimo ustozning maslahatiga yurishi, unga ehtirom ko'rsatishga astoydil harakat qilishi, uning xizmatini qilish bilan Alloh taologa muqarrab bo'lishga urinishi kerak. Shogird ustozga itoatli bo'lishni azizlik, uni ulug'lashni faxru-iftixor, unga tavozeli bo'lishni obro' martaba deb bilishi lozim”.

Imom Shofe'iyning shogirdlari Robi' aytadi: Imom Shofe'iy bilan yigirma yil birga bo'lganman, u zotning haybatlaridan huzurlarida suv ichishga ham botina olmaganman”.

Ustozning roziligini olish shogird uchun naqadar muhimligini Alisher Navoiy bobomiz shunday bayon qilganlar: Agar shogird shayxulislom agar qozidur, Agar ustoz rozi – Tangri rozidur.

Alloh taolo bizlarni ana shunday ulug' va sharafli ustozlik martaba va darajalariga hamda shundayin ulug' ustozlarga shogird bo'lishlik sharafiga  erishtirsin!

 

 

Muhammadi QORAYeV,

Qarshi shahar “Qumqishloq” jome masjidi imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Usmon mus'hafi ziyorati

05.05.2025   163   2 min.
Usmon mus'hafi ziyorati

#Noyob_fotolar

• Besh respublika muftiysi Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon, diniy nazorat mas’ul kotibi Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon hamrohligida O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari II qurultoyi delegatlari hamda Rossiya, Shimoliy Kavkaz va Ozarbayjondan kelgan ulamolar Usmon mus'hafini ziyorat qilmoqda.

1948 yil, Toshkent

•Usmon ibn Affon roziyallohu anhu xalifaligi davrlarida milodiy 651 yili, hijriy 24 yili Qur’oni Karim kiyik terisiga bir necha nusxada yozilib, Islom olamining markaziy shaharlariga yuborildi. Mus'hafning rasmda tasvirlangan o‘sha qadimiy tabarruk nusxalaridan biri hozirgi paytda O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanmoqda. 
 

• Hazrati Usmon Mus'hafining yurtimizga kelib qolishi tarixi haqida turli rivoyatlar bor. Hazrati Usmon mus'hafi dastlab Samarqandga olib kelingan. Uni Amir Temur, Qaffol Shoshiy, Hazrati Usmonning kuyovlari Said olib kelgan degan rivoyatlar mashhur. Bu haqda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy nazorati raisi o‘rinbosarlari, taniqli olimlar Shayx Ismoil Maxdum Sattiyev, Shayx Yusufxon Shokirov, shuningdek, Hamid Ziyoyev, Habibulloh Solih va boshqalarning fikrlari e’tiborga loyiq.


• Usmon mus'hafi ruslar bostirib kelgunga qadar hijriy 1285 yilgacha Samarqandda turdi.


•1869 yilning mayida Turkiston bosh gubernatori Fon Kaufman buyrug‘i bilan Samarqand shahri hokimi Serov vositachiligida yerli musulmon ulamolari roziligi bilan Mus'haf Sankt-Peterburgga jo‘natildi va 1917 yilga qadar o‘sha yerdagi kutubxonada saqlanadi. 


• Hukumatning 1923 yil 25 iyundagi qaroriga ko‘ra Usmon Mus'hafi Turkiston musulmonlariga 1924 yilda qaytarildi. 


Mus'hafi sharif birmuncha vaqt Toshkent masjidlarida saqlandi, so‘ng O‘zbekiston xalqlari tarixi muzeyiga ko‘chirildi. 1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lgan musulmonlarning IV qurultoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Mus'hafi Usmon O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy nazorati ixtiyoriga qaytarib berildi. 


• Hozirda Mus'haf Hazrati Imom majmuasining Mo‘yi muborak madrasasidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanmoqda.


• Mus'hafni mo‘tadil tabiiy iqlim sharoitida asrashga mo‘ljallangan maxsus moslama Germaniyadan keltirilgan. Har yili bu nodir Mus'hafni minglab vatandoshlarimiz va xorijiy mehmonlar ziyorat qilishadi. 

t.me/muftiylaruz

O'zbekiston yangiliklari