Qur'on karimning ko'p joylarida ilm mavzusiga doir oyatlar keladi. Shuning uchun biz ilm olishimiz uchun bizga ustoz kerak buladi. Ma'lumki, bu dunyoning rivojlanishida insoniyatning taraqqiy etishida ustozning o'rni beqiyos. Dono xalqimiz “Ustoz ko'rgan”, “Ustoz ko'rmagan shogird har maqomga yo'rg'alar”, “Ta'lim bergan ustozingga rahmat”, "Ustoz-otangdek ulug'", “Usta borida qo'lingni tiy, ustoz borida tilingni”, “Usta bo'lsang ustozingni unutma”, “Ustozingga tik qarasang to'zasan, hurmat qilsang asta-asta o'zasan”, deb bejiz aytishmagan. “Ustoz” so'zi o'zbek tilining izohli lug'atida yo'l-yo'riq ko'rsatuvchi, tarbiyalovchi, murabbiy, rahnamo, o'qituvchi, muallim degan ma'nolarni anglatishi yozilgan. Demak, “ustoz” nomi keng ma'noli so'z bo'lib, bu nomga muyassar bo'lgan kishiga har tomonlama yuksak mas'uliyat yuklatiladi. Shuning uchun ham xalq orasida ustozlar hurmati to'g'risida ko'plab ibratli naqllar bor. Buning ma'nosi shuki, har qanday kasb sohibi ustozsiz shakllanmaydi, hayotdan o'z o'rnini topa olmaydi.
Qadim Sharq xalqlarida ustoz, murabbiy, mudarris, muallim, tarbiyachi nomlari bilan yuritiluvchi zotlarning izzati va hurmati hamisha yuqori bo'lgan. Inson o'zini anglagan davrdan ustozlarga suyangan, ulardan ma'naviy qudrat olgan. Agar iqtidorli ustoz o'z maktabini yaratmasa, o'zidan keyin bilimdon, iste'dodli shogirdlar qoldirmasa, uning hayoti, umri besamar o'tgan bo'ladi. Ustoz qanchalik buyuk bo'lmasin, ta'lim jarayonida qanchalik yutuqlarga erishmasin, o'z bilim tajribasini ishonchli shogirdlarda qoldirmasa, uning erishgan yutuqlari suvga tushgan toshday izsiz yo'qoladi. Bobokalonimiz hazrat Navoiy bu borada quyidagi misrani bitgan edi: “Hunarni asrabon netkumdir oxir, Olib tuproqqamu ketgumdir oxir”.
Qadimda har bir hunar muqaddas hisoblangan bo'lib, uni hurmatlab, e'zozlab kelganlar. Ota-bobolarimiz ustoz va shogirdlar uchun o'ziga xos odob-axloq, maxsus qonun-qoidalar, urf-odatlar, duolar, milliy an'analarni ishlab chiqqan bo'lib, bu qoidalarga qat'iy rioya qilingan. Ustozning ham, shogirdning ham oldiga qo'yilgan o'ziga yarasha vazifalari va burchlari bo'lgan. Rizouddin Ibn Faxriddin ustozlarga shunday nasihat qilgan edi: “Shogirdingizni har bir harakatlariga qarab turingiz, ularga xushmuomalaliklarni, go'zal-u shafqatli odatlarni tushuntiringiz, so'zlarini-yu fe'llarini yaxshilangiz, ust-boshlarini, kiyim-kechaklarini pok tutmaklari haqida nazorat aylangiz. Yomon xulqlar yuqumli bo'lganidan bir shogirdning yomon xulqi borligini bilsangiz, jumlasini barobar ko'rib, jumlasi foyda olajak ravishda o'rgatingiz, foydali ishlar, kerakli adablarning jumlasidan xabardor aylangiz, natijada bola mumkin qadar reja ila ish qilmoq, ehtiyotkorlik, poklik, ko'rkam tartib, ko'p foydasiga tirishmak kabi xosiyatlaringizni egallab oladi”.
Shogird ustozni hurmat qilishi va uning mehnatini qadriga etmog'i kerak. Bir hakimdan nima uchun siz ustozingizni otangizdan ko'ra hurmat qilasiz? – deb
so'rashdi. U bunday javob berdi, otam dunyoga kelishimga sababchi bo'lgan bo'lsa, ustozim hayotim boricha
yaxshi yashashimga sabab bo'ldi.
Buyuk mutafakkir shoir Alisher Navoiy Abdurahmon Jomiy yashaydigan mahallaga yaqin kelganda otdan tushib, ustozi yashaydigan mahalla ahli bilan quyuq salomlashib, hol-ahvol so'rab, otiga minmay Jomiy uyigacha piyoda borar ekan. Shunda bir temirchi so'rabdi: “Amir Navoiy, nechuk ustoz uyiga etmay turib otdan tushib olasiz? Axir siz vaziri a'zamsiz-ku! Sizga bundoq yurish yarashmas”. Alisher Navoiy jilmayib turib, shunday debdi: “Yo'q birodar, men hozir ustozim Abdurahmon Jomiy yashaydigan mahallaga keldim. Demak, bu erda yashovchi har bir fuqaro ustozimning tobutkashlari hisoblanadi. Shundoq bo'lgach, nechun men ular, ya'ni siz muhtaramlar oldida hurmatsizlik qilishim kerak. Ustozimni qandoq avaylab-e'zozlasam, sizlarni ham shundoq ko'rgumdir”.
Shogirdning eng yaxshi xislati – poklikdir. Zero, Husayn Voiz Koshifiy shogird odobi haqida shunday deydi: “Ustoz qabuliga kirganda yoki ustozini ko'rganda, birinchi bo'lib salom berish; ustozning oldida oz gapirish va boshni oldinga egib turish, ko'zni har tomonga yugirtirmaslik; agar masala so'ramoqchi bo'lsa, oldin ustozdan ijozat olish; ustoz javob aytganda, e'tiroz bildirmaslik; ustoz oldida boshqalarni g'iybat qilmaslik; o'tirib-turishda hurmatni to'liq saqlash. Shogirdning ruhiy olamining muhim zamini ham bo'lib, ularga poklik, do'stlik, hamkorlik, hamjihatlik, sadoqat, mehr-muruvvatlilik, kasb tanlash imkoniyati, vatanparvarlik, milliy iftixor, insonparvarlik, xushmuomalalik, ozodalik, pokizalik, samimiylik, ziyraklik, tashabbuskorlik, insoflilik, rostgo'ylik, or-nomuslilik, hamjihatbarorlik, andishalik, kattalarni hurmat qilish, sof muhabbatni qadrlash, vazminlik, to'g'rilik, ustozini hurmatlash, ota-onasini hurmatlash kabilar kiritiladi”.
Insoniyat tarixiy taraqqiyoti, jamiyatning qiyofasi ustoz-pedagogning ahvoli va ruhiyatiga bog'liq. Uning jamiyatdagi mavqei, hayotga bo'lgan munosabati, ma'naviy-ma'rifiy saviyasi kishilar o'rtasida yuksak tarbiyaviy ahamiyatga molik.
Ustoz deganda faqat ma'lum bir sohada yoki faqat ilm sohasida emas, balki ilm fanning barcha turlari, kasb hunar sirlarini o'rgatuvchilarni xam tushunishimiz lozim. Ilm ma'rifat tarqatish savobli amaldir. Borliqdagi xamma narsa yaxshilikni o'rgatuvchining haqqiga duo kiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Albatta, Alloh taolo, uning farishtalari, osmonlaru er ahli, hatto kovagidagi chumoli va baliq, odamlarga yaxshilikni ta'lim beruvchiga salavot aytadilar”.
Ustozning shogird ustidagi haqqi benihoyat katta va ulug'dir. Sabr va mehr bilan parvarishlaydi. Dunyo va oxiratda ulug'lik, manfaat va najot keltiradigan yo'lga yo'llab qo'yadi.
Dinimiz ta'limotiga ko'ra, o'zgalarga ta'lim bergan kishi nafaqat dunyoda izzat-xurmatda bo'ladi, balki vafotidan keyin xam qoldirgan manfaatli ilmi, ta'lim bergan shogirdlarining xizmati, yozgan asarlaridan o'zgalarning foydalanishi tufayli nomai a'moliga savob to'xtovsiz borib turadi. Shunday ekan ustoz va murabbiylar har kancha e'zozlansa arziydi. Mavlono Jaloliddin Rumiy yozadilar: “Buvad zanjir bo zanjir payvand, sari zanjir dar dasti Hudovand” ya'ni, ilm zanjir kabi bir-biriga ulangandir, zanjirning boshi esa Alloh taolo huzuridadir. Ana shu nurli zanjir mehru-muxabbatli, ehtiromli qalblarimizga payvand bo'lib, ikki dunyo xayotimizni yoritsin.
Ustoz muallimlarning maqomi eng sharafli maqom hisoblanadi. Ibn Jamoa rohmatullohi alayh aytadilar: “Tolibi ilm barcha ishlarida ustoziga bo'yinsunishi, unga xuddi bemor o'zini mohir tabibga topshirgandek topshirishi lozim bo'ladi. Shogird doimo ustozning maslahatiga yurishi, unga ehtirom ko'rsatishga astoydil harakat qilishi, uning xizmatini qilish bilan Alloh taologa muqarrab bo'lishga urinishi kerak. Shogird ustozga itoatli bo'lishni azizlik, uni ulug'lashni faxru-iftixor, unga tavozeli bo'lishni obro' martaba deb bilishi lozim”.
Imom Shofe'iyning shogirdlari Robi' aytadi: Imom Shofe'iy bilan yigirma yil birga bo'lganman, u zotning haybatlaridan huzurlarida suv ichishga ham botina olmaganman”.
Ustozning roziligini olish shogird uchun naqadar muhimligini Alisher Navoiy bobomiz shunday bayon qilganlar: Agar shogird shayxulislom agar qozidur, Agar ustoz rozi – Tangri rozidur.
Alloh taolo bizlarni ana shunday ulug' va sharafli ustozlik martaba va darajalariga hamda shundayin ulug' ustozlarga shogird bo'lishlik sharafiga erishtirsin!
Muhammadi QORAYeV,
Qarshi shahar “Qumqishloq” jome masjidi imom-xatibi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Kengaytirilgan ilmiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Kengash a’zolari to‘g‘ridan to‘g‘ri va onlayn tarzda ishtirok etishdi. Dastlab, London qirollik kolleji Arxeologiya bo‘limi ilmiy xodimi, doktor Miliana Radivoyevich Namangan viloyatidagi Axsikent mavzeida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasi bilan tanishtirdi.
Miliana Radivoyevich uzoq yillarda beri mamlakatimizda olib borilayotgan arxeologik tadqiqotlarda faol ishtirok etib keladi.
— Axsikent dunyodagi eng qadimiy metallurgiya markazlaridan biri hisoblanadi. Men o‘zbekistonlik, kiprlik va buyuk britaniyalik hamkorlarimiz bilan birga Axsikentda ilk o‘rta asrlarda metallurgiya yuqori darajada rivojlanganini aniqladik. Jumladan, islom olamining dastlabki davrida tayyorlana boshlagan mashhur Damashq qilichlari ham aynan Axsikentda qazib olingan va qayta ishlangan po‘latdan foydalanganini isbotladik. Nasib etsa, Markazning ochilishi marosimida bu tarixiy voqeani alohida medialoyiha sifatida taqdim etamiz, — dedi u.
ITSM xalqaro aloqalar bo‘limi mutaxassisi Yekaterina Soboleva Kengash a’zolarini O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining tantanali ochilishi marosimi konsepsiyasi bilan tanishtirdi. Unda ushbu marosim doirasidan joy olgan tadbirlar, “O‘tmishning boqiy merosi – buyuk kelajak asosi” mavzusidagi IX kongress kun tartibi, ishtirokchilar ro‘yxati, Imom Buxoriy majmuasining yangi binosi va innovatsion muzeyi singari qator masalalar o‘rin olgan.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov Markazning ochilishi munosabati bilan o‘tkaziladigan Xalqaro ko‘rgazma, xorijdan olib kelinadigan qo‘lyozmalar, eksponatlar haqida ma’lumot berdi. Xorijiy mamlakatlardagi qator muzey va kutubxonalar, shaxsiy kolleksiyalar rahbarlarning ushbu ko‘rgazmasidagi ishtiroki bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilayotganini qayd etdi.
— Biz 25 aprel-2 may kunlari Buyuk Britaniyaning “Sotbis” va “Kristis” auksionlaridan O‘zbekiston madaniy merosiga oid 46 ta lotni saraladik, — dedi Markaz rahbari. — Ayni paytda ularni sotib olish va O‘zbekistonga olib kelish bo‘yicha muzokaralar davom etyapti. Biz bu tarixiy merosni qaytadan qo‘lga kiritayotganimizni jahon ilmiy jamoatchiligiga yetkazishimiz kerak. Shu bois, Buyuk Britaniya va Fransiyada shu masalada xalqaro tadbirlar o‘tkazishni rejalashtiryapmiz.
Kengash a’zolari tomonidan ushbu yirik anjumanlarga tashrif buyuradigan xorijiy mehmonlar ro‘yxati ham taqdim etildi. Kengaytirilgan ilmiy kengash a’zolari tomonidan ushbu xalqaro tadbirlarda ishtirok etadigan o‘zbekistonlik olimlar va ekspertlar ro‘yxati tasdiqlandi.
Kengash davomida, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy xodimi Alisher Egamov O‘zbekistonning turli hududlaridagi muzey fondlaridan Markaz ekspozitsiyasida namoyish qilish uchun to‘plangan tarixiy eksponatlar haqida ma’lumot berdi. Mart-aprel oyida joylarga uyushtirilgan ekspeditsiyalar natijasida 1500 dan ortiq tarixiy eksponatlar aniqlangan. Mamlakatimiz tarixining turli davrlariga mansub bu tarixiy buyumlar orasidan saralanganlari Markazning ochilishi munosabati bilan o‘tadigan xalqaro ko‘rgazmadan joy oladi.
Shuningdek, Markaz ekspozitsiyasi uchun 2-toifali medialoyihalarning ilmiy-amaliy materiallar bazasini yaratish masalasi ham kun tartibiga qo‘yildi. Boshqa bir qator masalalar bo‘yicha Kengash a’zolari o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi. Kengash uchrashuvida Markaz hamda O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati qo‘shma loyihasi - "O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi kitob-albomlarning 81-90 jildlarini nashr qilish masalasi ko‘rib chiqildi. Shuningdek, nashrga tayyorlanayotgan yettita sovg‘abop kitob-albom haqida ma’lumot berildi.
Bundan tashqari uchrashuvda Kengash a’zolari Qur’oni karim zalining yangi dizaynini ham tasdiqlashdi.
— Qur’on zali binoning markaziy qismidan o‘rin olgani uchun uning dizayniga alohida e’tibor berilyapti, — dedi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi boshlig‘i Azimjon G‘afurov. — Biz Kengash a’zolari e’tiboriga Hazrati Usmon Qur’oni joylashtiriladigan ayvon ustida joylashadigan nurli installyatsiyaning ikki xil ko‘rinishini taqdim qildik. Yig‘ilishda eng maqbul variant tanlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markaziga navbatdagi tashrifi chog‘ida xalqaro hamkorlar, jumladan, dunyoning yetakchi muzeylari, kutubxonalari va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Markaz binosining ikkinchi qavatini xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari uchun xonalar ajratish, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi uchun alohida yangi bino qurish to‘g‘risidagi qarorning muhim bandlaridan biri bo‘ldi. Qirqqa yaqin asosiy hamkor davlatlar mavjud. Markazning ikkinchi qavatida ularning faoliyati uchun barcha shart-sharoitlar yaratilib, zamon talabi darajasida tashkil etish O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining navbatdagi kengaytirilgan ilmiy kengashi jarayonida alohida ta’kidlandi.