بسم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ للهِ وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ، نَبِيِّ الرَّحْمَةِ وَرَسُولِ السَّلاَمِ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحَابَتِهِ الْكِرَامِ، أَمَّا بَعْدُ
SOLIH AMAL – QALB LAZZATI
Muhtaram jamoat! Mo'min-musulmon kishi imkon qadar hayotining har lahzasini ezgu va savobli amallar, xayrli ishlar bilan o'tkazishga harakat qilmog'i kerak. Chunki umr qisqa bo'lib, uni qachon tugashi va ajal qachon kelishini hech kim bilmaydi. Solih amal – barcha turdagi yaxshi ishlarni qilish, odamlarga foyda keltirish, ularga xayru ehson qilish, Alloh taolo va Payg'ambarimiz alayhissalom buyurgan amallarni puxta va to'la-to'kis bajarish kabi amallardir. Shunday ekan, bu g'animat umrni qadriga etib, qo'limizdan kelgunicha o'zgalarning hojatini chiqarib, yordam berib, hayotlik paytimizda ko'plab xayrli va savobli amallarni qilib, oxiratimizga zaxira qilishimiz maqsadga muvofiqdir. Bu haqda Alloh taolo Qur'oni karimda bunday degan:
الَّذِي خَلَقَ الْمَوْتَ وَالْحَيَاةَ لِيَبْلُوَكُمْ أَيُّكُمْ أَحْسَنُ عَمَلًا
ya'ni: “(U) sizlarning qaysi biringiz chiroyliroq (savobliroq) amal qiluvchi ekaningizni sinash uchun o'lim va hayotni yaratgan zotdir” (Mulk surasi 2-oyat).
Solih amal qilish – kishini ikki dunyoda zafar topib, yoqimli hayot kechirishiga sabab bo'ladi. Alloh taolo bu haqda shunday marhamat qilgan:
مَنْ عَمِلَ صَالِحًا مِنْ ذَكَرٍ أَوْ أُنْثَى وَهُوَ مُؤْمِنٌ فَلَنُحْيِيَنَّهُ حَيَاةً طَيِّبَةً
وَلَنَجْزِيَنَّهُمْ أَجْرَهُمْ بِأَحْسَنِ مَا كَانُوا يَعْمَلُونَ
ya'ni: “Erkakmi yo ayolmi – kimda-kim mo'min bo'lgan holida biror ezgu ish qilsa, bas, Biz unga yoqimli hayot baxsh eturmiz va ularni o'zlari qilib o'tgan go'zal (solih) amallari barobaridagi mukofot bilan taqdirlaymiz” (Nahl surasi 97-oyat).
Darhaqiqat, ezgu amal qiluvchi solih mo'min bu dunyoda boy yoki kambag'al holda yashamasin, baribir, uning hayoti o'ziga yoqimli va maqbuldir. Boy bo'lgandagi holati ma'lum, bordi-yu, u faqirlikda yashayotgan bo'lsa ham, unda yana bir katta boylik – qanoat borki, u tufayli g'am-tashvish tortmaydi. Ammo, ezgu amallardan uzoq kimsaga qiyin, u har ikki holatda ham g'am-tashvishdan xoli emas – kambag'alikka sira toqat qila olmaydi, har ko'yga kirib bo'lsa ham, boylik orttirish ilinjida joni halak. Agar u boyib ketsa, boyligini ezgulik va savob yo'liga sarf etmaydi, balki baxillik va tug'yon balosiga mubtalo bo'lib, turli foydasiz amallar bilan aziz umrini o'tkazadi. Bu dunyoda boylikni asrash tashvishi, oxiratda esa hisob-kitob uchun Allohning huzurida turishi unga mashaqqat ustiga mashaqqatdir. Lekin boy bo'lish bilan birga, imon-e'tiqodli, ahli solih bo'lsa, nur ustiga nur bo'ladi.
Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytdilar:
﴿قَالَ اللَّهُ تَعَالَى: أَعْدَدْتُ لِعِبَادِي الصَّالِحِينَ، مَا لَا عَيْنٌ رَأَتْ، وَلَا أُذُنٌ سَمِعَتْ، وَلَا خَطَرَ عَلَى قَلْبِ بَشَرٍ﴾
ya'ni: “Alloh taolo: “Solih bandalarimga jannatda shunday ne'matlarni tayorlab qo'ydimki, ularni biror ko'z ko'rib, quloq eshitib, inson qalbi his etmagandir”, dedi” (Muttafaqun alayh).
Ezgu va savobli amal qilgan kishini jannatdagi martabasi baland bo'ladi. Bu haqda Alloh taolo Qur'oni karimda shunday degan:
وَمَنْ يَأْتِهِ مُؤْمِنًا قَدْ عَمِلَ الصَّالِحَاتِ فَأُولَئِكَ لَهُمُ الدَّرَجَاتُ الْعُلَى
ya'ni: “Kimki u zotga (Alloh huzuriga) yaxshi amallarni qilib, mo'min holida kelsa, bas, ana o'shalar uchun yuksak darajalar, bordir” (Toha surasi 75-oyat).
Shuningdek, dinimizda shunday amallar borki, ularni qilgan kishining martabasi Allohning huzurida baland bo'ladi. Ular, etimlarga g'amxo'rlik qilish, muhtoj va mazlumlarga yordam berish, qiynalib qolgan kimsalarni qiyinchilikdan qutqarish, qarzdorlarga qarzini uzishda ko'maklashish, odamlarga ozor beradigan narsalarni bartaraf qilish kabi ishlardir. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ham o'zaro hamjihat bo'lib yashashimizga targ'ib qilib bunday deganlar:
أيُّها الناسُ أفشوا السلامَ وأطعِموا الطعامَ وصِلُوا الأرحامَ وصَلُّوا بالليلِ والناسُ نيامٌ تدخلوا الجنةَ بسلامٍ
(رواه الإمام ابن ماجه عن عبد الله بن سلام)
ya'ni: “Ey insonlar, salomni yoying, taom ediring, silai rahm qiling, odamlar uxlaganda tunni ibodat bilan o'tkazingda, jannatga salomatlik ila kiravering” (Imom Ibn Moja rivoyatlari).
Demak, mazkur amallar bizni jannatga kirishimizga ham sabab bo'lar ekan. Ezgu va savob amal qilganlarni Alloh taolo gunohlarini kechirib, ishlari va ahvolini o'nglaydi. Bu haqda Muhammad surasida shunday deyilgan:
وَالَّذِينَ آَمَنُوا وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ وَآَمَنُوا بِمَا نُزِّلَ عَلَى مُحَمَّدٍ وَهُوَ الْحَقُّ مِنْ رَبِّهِمْ كَفَّرَ عَنْهُمْ سَيِّئَاتِهِمْ وَأَصْلَحَ بَالَهُمْ
ya'ni: “Imon keltirgan va solih amallarni qilgan hamda Muhammadga nozil qilingan narsaga (Qur'onga) – holbuki, u Parvardigorlari tomonidan kelgan haqiqatdir – imon keltirgan zotlarning esa yomonlik (gunoh)larini o'chirur va ishlarini isloh etur” (Muhammad surasi 2-oyat).
Demak, ezgu va savob amalda bardavom bo'ladigan bo'lsak, Alloh taolo kasbu korimizni isloh qilib, boshqalar bilan bo'ladigan muomala va munosabatlarimizni yanada yaxshi qilar ekan.
Ezgu amal qiladigan kishilarni Alloh taolo yaxshi ko'rishini va'dasini bergan:
إِنَّ الَّذِينَ آمَنُوا وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ سَيَجْعَلُ لَهُمُ الرَّحْمَنُ وُدًّا
ya'ni: “Albatta, imon keltirib, ezgu (ish)larni qilgan zotlar uchun Rahmon (ularning qalbida O'ziga nisbatan) do'stlikni paydo qilur” (Maryam surasi 97-oyat).
Alloh qaysi bandani yaxshi ko'rsa, uni barcha bandalar yaxshi ko'rib qoladi. Bu haqda hadisi sharifda Payg'ambarimiz alayhissalom shunday marhamat qilganlar:
إِذَا أَحَبَّ اللَّهُ عَبْدًا نَادَى جِبْرِيلَ: إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ فُلَانًا فَأَحِبَّهُ، فَيُحِبُّهُ جِبْرِيلُ، فَيُنَادِي جِبْرِيلُ فِي أَهْلِ السَّمَاءِ: إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ فُلَانًا فَأَحِبُّوهُ، فَيُحِبُّهُ أَهْلُ السَّمَاءِ، ثُمَّ يُوضَعُ لَهُ الْقَبُولُ فِي الْأَرْضِ
(رواه الإمام البخاري عن أبي هريرة رضي الله عنه)
ya'ni: “Agar Alloh bir bandani yaxshi ko'rib qolsa, Jabroilalayhissalomga: “Alloh falonchini yaxshi ko'radi, sen ham uni yaxshi ko'r” deydi. Jabroil alayhissalom ham uni yaxshi ko'radi. Jabroil alayhissalom osmon ahli orasida: “Alloh falonchini yaxshi ko'radi, sizlar ham uni yaxshi ko'ringlar” deb nido qiladi. Shunda osmon ahli ham u bandani yaxshi ko'rib qolishadi. Keyin er yuzidagi hamma odamlar u bandaning so'zini qabul qiladigan bo'lib qoladi” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Ma'lumki, sahobai kiromlardan ba'zilariga hayotlik paytlarida jannat bashorat berilgan edi. Ulardan birlari Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu edilar. Imom Muslim Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda bayon qilinadi, bir kuni Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Sizlardan kim bugun ro'za tutdi?”, deb so'radilar. Abu Bakr raziyallohu anhu: “Men”, dedilar. “Kim bugun janozada qatnashdi?”, deb so'radilar. Abu Bakr: “Men”, dedilar. “Kim bugun bir miskinni to'ydirdi?”, deb so'radilar. Abu Bakr: “Men”, dedilar. “Kim bugun bir bemorni borib ko'rdi?”, deb so'radilar. Abu Bakr: “Men”, dedilar. Shunda, Payg'ambarimiz alayhissalom:
مَا اجْتَمَعْنَ فِي امْرِئٍ إِلَّا دَخَلَ الْجَنَّةَ
رواه الإمام مسلم عن أبي هريرة رضي الله عنه
ya'ni: “Kimda ushbu ishlar bir kunda jamlansa, u albatta jannatga kiradi”, dedilar (Imom Muslim rivoyatlari).
Jannat bashorati berilgan zotlardan yana birlari – Bilol Habashiy raziyallohu anhu edilar. Imom Termiziy Burayda raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda bunday deyilgan: “Bir kuni ertalab, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Bilol raziyallohu anhuni chaqirib, Ey Bilol!:
بَمَ سَبَقْتَنِي إِلَى الْجَنَّةِ؟ مَا دَخَلْتُ الْجَنَّةَ قَطُّ إِلَّا سَمِعْتُ خَشْخَشَتَكَ أَمَامِيْ
(رواه الإمام الترمذي عن بريدة رضي الله عنه)
ya'ni: “Nima amalingiz bilan jannatga peshqadamlardan bo'ldingiz? Jannatda oyog'ingiz tovushini eshitdima!” dedilar. Shunda Bilol raziyallohu anhu: “Ey Allohning Rasuli, har qachon azon aytsam, darhol ikki rakat namoz o'qiyman va qachon tahoratim buzilsa, darhol tahorat qilaman, zimmamda Alloh taolo uchun ikki rakat namoz bor deb bilaman (ya'ni, ikki rakat namoz o'qib olaman)”, dedilar. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Shu ikki (xislatingiz) sababli ekan”, dedilar” (Imom Termiziy rivoyatlari). (Rasululloh alayhissalom bu holatni tushlarida ko'rganlar. Payg'ambarlarning tushlari vahiydir).
Shuning uchun ham Payg'ambarimiz alayhissalom bizni yaxshi amallarda bardavom bo'lishimizga qiziqtirib, bunday deganlar:
أَحَبُّ الأعمالِ إلى اللهِ أدْومُها و إن قَلَّ
رواه الإمام البخاري عن عائشة رضي الله عنها
ya'ni: “Alloh taologa amallarning eng yaxshisi garchi oz bo'lsa-da davomlisidir” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Shunday ekan, solih amallardan bo'lmish, Alloh taolo farz qilgan ibodatlarni bajarish, ota-onaga yaxshilik, muhtoj va qiynalib qolganlarga g'amxo'rlik qilish, odamlar bilan chiroyli muomala va munosabatda bo'lish, omonatdorlik, kechirimlilik kabi solih va ezgu amallarda bardavom va sobitqadam bo'lishimiz maqsadga muvofiqdir. Shu bilan birga qilgan yaxshi amallarimizni riyo, sum'a va ujbdan saqlab, imkon qadar maxfiy qilishimiz yanada ulkan savob va ajrlarga sababdir.
Azizlar! Hayotimizni yodga olib ko'raylik, har birimiz biror ezgu amal qilganda yoki insonlarning biror mushkulini oson qilganda qalbimizda unitilmas bir lazzatni his qilganmiz, zero, bu mo'minlik belgilaridandir. Bu lazzat tufayli qalbga ajib hotirjamlik kirgani, bu engillik bir necha kun, xatto uzoq vaqt davomida bizni tark etmaganini sezganmiz. Nahotki, bu lazzatni hayotimizda doimiy bo'lishini xohlamaymiz?! Shunday ekan, yuqorida aytilganlarga amal qilib, hayotimizning har bir fursatida ezgu amal va atrofdagilar bilan go'zal muloqotda bo'laylik.
Muhtaram jamoat! Hozirgi kunda safarda ikki namozni jamlab o'qish haqida savollar bilan murojaat qilish holatlari ko'p uchramoqda. Ya'ni, safarda peshin va asr namozini peshin namozining vaqtida, shom bilan xufton namozini shom namozining vaqtida o'qisa bo'ladimi, deb so'rashmoqda. Shu haqda quyida qisqacha bayon qilib o'tishni lozim topdik.
Qur'oni karim va hadisi shariflarda namozlarni o'z vaqtida o'qish zaruriy ekanligi uqtiriladi. Belgilangan vaqtdan avval o'qish ham, kechiktirib o'qish ham joiz emas. Bu haqda Alloh taolo quyidagicha marhamat qiladi:
إِنَّ الصَّلَاةَ كَانَتْ عَلَى الْمُؤْمِنِينَ كِتَابًا مَوْقُوتًا
ya'ni: “Zero, namoz mo'minlarga vaqti tayin etilgan va (farz deb) bitilgandir” (Niso surasi 103-oyat).
Shuni ham aytish kerakki, har bir namozning avvalgi vaqti ham, oxirgi vaqti ham belgilab qo'yilgan. Shunga binoan Hanafiylarning nazdida ikki farz namozni bir vaqtda jamlab o'qish muqim uchun ham, musofir uchun ham joiz emas. Faqatgina hojilarga Haj vaqtida Arafotda Peshin paytida Peshin va Asrni, Muzdalifada Hufton vaqtida Shom va Hufton namozini, jamlab o'qishga ruxsat berilgan. Chunki, bu ish Rasululloh sallallohu alayhi vasallam va sahoba raziyallohu anhumlardan sobit bo'lgandir. Undan boshqa biror joyda namoz vaqti kirmasdan turib ado qilish yoki uzrsiz vaqtidan o'tkazib o'qish sobit bo'lmagan. Hazrati Umar raziyallohu anhu:
اَلْجَمْعُ بَيْنَ الصَّلاَتَيْنِ مِنْ غَيْرِ عُذْرٍ مِنَ الْكَبَائِرِ
ya'ni: “Uzrsiz ikki namozni jamlab o'qish gunohi kabiradandir”, deganlar (Ibn Abi Shayba rivoyatlari).
Yana bir sahoba Abdulloh Ibn Abbos raziyallohu anhu:
مَنْ جَمَعَ بَيْنَ الصَّلاَتَيْنِ مِنْ غَيْرِ عُذْرٍ فَقَدْ اَتَى بَابًا مِنْ اَبْوَابِ الْكَبَائِرِ
ya'ni: “Kim uzrsiz ikki namozni bir vaqtda jamlab o'qisa, gunohi kabiralardan birini qilibdi”.
Mazkur hadisda ikki namozni bir vaqtda jamlab o'qish gunohi kabira deyilmoqda. Gunohi kabira ishni qilish hargiz joiz bo'lmaydi.
Ba'zi hadislarda ikki namozni jamlab o'qish borasida ham rivoyatlar kelgan. Lekin ulamolarimiz “Namoz vaqtlari Qur'oni Karim oyatlari va mutavotir hadislar bilan sobit bo'lgani, safarda namozni jamlab o'qish haqidagi hadislar esa ohod hadislar ekani”ni ta'kidlaydilar.
Qolaversa, Hanafiy ulamolarimiz: Nabiy alayhissalom safarda birorta namozni haqiqiy ma'noda jamlamaganlar, balki ko'rinishda roviyga shunday tuyulgan”, deydilar. Ya'ni, peshin namozini oxirgi vaqtiga kechiktirib o'qib, asr namozini avvalgi vatida o'qiganlari, shom namozini kechiktirib, xufton namozini avvalgi vaqtida o'qiganlar. Mana shunda namoz vaqtlari haqidagi boshqa hadislarni ham jamlagan holda tushunish mumkin bo'ladi.
Rasuli akram alayhissalomning soyalari kabi doimo birga yurgan sahobalardan biri Abdulloh ibn Mas'ud raziyallohu anhu namozni jamlashni butkul inkor qilganlar. “Sahih Buxoriy”ning Haj kitobida Abdulloh ibn Mas'ud raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamni namozlarni doimo o'z vaqtida o'qiganlarini, faqatgina “Hajjatul vado”da Muzdalifada Hufton vaqtida Shom va Hufton namozlarini o'qiganlarini ko'rdim”, deganlar. Boshqa bir rivoyatda: “Men Rasululloh sallallohu alayhi vasallamni namozlarni doim o'z vaqtida o'qiganlarini faqatgina “Hajjatul vado”da Arafotda Peshin va Asr namozlarini Peshin vaqtida, Muzdalifada Shom va Hufton namozlarini Hufton vaqtida o'qiganlarini ko'rdim”, deganlar.
Shunga ko'ra hanafiy mazhabimizda namozlarni haqiqatan jamlab o'qish faqat hajda ma'lum o'rinlarda hojilargagina ruxsat etilgan, deyishgan. Lekin boshqa paytlarda namozni jamlash joiz bo'lmaydi.
Alloh taolo barchalarimizni O'zi rozi bo'ladigan amallarda bardavom qilib, ikki dunyo saodatiga musharraf aylasin! Omin!
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma'ruzasi “Poraxo'rlik – taraqqiyot kushandasi”mavzusida bo'ladi, inshaalloh.
Foydasiz amallarni tark qilish (Ilova)
Keyingi paytlarda asta-sekin ko'zga tashlana boshlagan noxush an'analardan biri kiyim-kechak va avtomashinalarga turli yozuv, shakllarni yozib-chizib olishdir. Ta'kidlash kerakki, bu ishlar Islom madaniyatiga boshqa madaniyatlardan kirib kelgandir. Chunki Islom tarixining uzoq davrlarida bunday ishlarga qiziqish bo'lmagan.
O'sha yozuvlar turli tillarda va ma'nolarda bo'lib, hatto uyatsiz so'zlar va muborak dinimizga taalluqli bo'lganlari ham topiladi.
Bularni ichida eng noma'qullari kiyimlarga yozilganidir. Hususan kiyimning old va orqa qismiga yozilgan, turli ma'noli shakllar va so'zlar e'tiborni tortuvchi bo'ladi. Ayniqsa, bu ayollarning kiyimida bo'lsa, bizning tarbiyamizga mutlaqo ziddir.
Kiyimga yozilgan diniy ma'nodagi so'zlarga kelsak, xususan: “Alloh”, “Muhammad”, “Mashaalloh”, “La ilaha illalloh” kabi muborak kalimalarni yozayotgan paytda ularni oyoq-osti bo'lishi yoki vaqti kelib qadrsizlanishini e'tiborga olish zarur. Zero fiqhiy manbalarda Alloh taolo va uning sifatlari, oyati karimalar, payg'ambarlarning ismlari yozilgan narsalar bilan hojatga kirish makruh ekani, ularni tashqarida qoldirish mustahabligi ta'kidlangan. Qazoi hojat qilmoqchi bo'lgan shaxs o'zi bilan Alloh taoloning ismi yozilgan, shuningdek, maloikalar, Aziz, Karim, Muhammad, Ahmadga o'xshash ulug' ismlarni birga olmasligi kerak. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam qachonki xaloga kirsalar, uzuklarini echib qo'yar edilar” (Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati).
Ma'lumki, Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallamning uzuklarida “Muhammadur-Rasululloh” degan yozuv bor edi. Podshohlarga maktub yuborsalar, o'sha uzukni muhr qilib bosar edilar. Uzukda Allohning ismi yozilgan bo'lgani uchun ham xaloga kirganlarida uni echib qo'yar edilar. Shunga binoan, Alloh taoloning ismi yozilgan narsa bilan, ayniqsa, Qur'oni karim bilan xaloga kirib bo'lmaydi.
Yana bir holat mashinalarga turli so'zlarni yozib olishdir. Ma'lumki, ko'chada yurish ko'pchilikning haqqi hisoblanadi. Shuning uchun mashinalarga turli-tuman, ma'noli-ma'nosiz, o'zgalarni jig'iga tegadigan so'zlarini yozib olish, ko'chaning haqqiga rioya qilmaslik va madaniyatsizlik belgisidir.
Bu so'zlar dinimizga taalluqli so'zlar (Alloh, Muhammad, Mashaalloh, La ilaha illalloh) bo'lsa, ko'pchilik ulamolar bularni yozishni muboh deb bilganlar. Faqat Saudiya Arabistoni “Katta ulamolari hay'ati” bu ishlar: “Qur'on va Sunnatda asli yo'q, bid'at ishlar”, degan illatni keltirib, joiz emas deyishgan.
Hulosa shuki, (dinimizda alohida ta'kidlagan o'rinlardan tashqari) tashqi ko'rinish, muboh ishlar va turli yozuv-alomatlarga berilib ketish foydasi yo'q ishlardandir. Dinimizda ixlos, niyatni xolis qilishning o'rni katta bo'lib, bugungi kunda ularga e'tibor qaratishga ko'proq muhtojmiz. Har qancha atrofimizni yozuvlar va alomatlar bilan to'ldirmaylik, bu bizga savob keltirmaydi. Balki eng katta savob imon va ixlos bilan qilingan farz, vojib, sunnat va boshqa savob amallardan, hamda harom ishlardan tiyilishdan keladi. Eng muhimi, Qiyomatda go'zal qalb bilan kelgan kishilar najot topadilar:
يَوْمَ لَا يَنْفَعُ مَالٌ وَلَا بَنُونَإِلَّا مَنْ أَتَى اللَّهَ بِقَلْبٍ سَلِيمٍ
“U kunda na mol-dunyo va na farzandlar foyda bermas, Faqat Alloh huzuriga sog'lom dil bilan kelgan kishilargagina (foyda berur)” (Shu'aro, 88).
Vallohu a'lam bissavob.
Zarafshon vohasi tarixida tariqatdan saboq berishni daʼvo qiluvchilar, soxta tariqatchilar ham uchraydi. Soxta tariqatchilar deganda, tasavvufning faqat tashqi jihatlariga, marosim va turli zikr majlislariga asosiy eʼtiborni qaratib, uning falsafiy-irfoniy xususiyatlaridan bexabar faoliyat yuritayotgan, muayyan bir kishini pir sanab, uning etagidan tutuvchi, jamiyatning boshqa aʼzolaridan chetlashib, pir xizmatini hayotdagi eng asosiy maqsad, deb biluvchi johil kishilar yoki jamoalar, guruhlar tushuniladi. Ular faoliyatida tasavvuf taʼlimotida, shariat ahkomlaridan kelib chiqib, qabul qilingan tartib-qoidalardan chetga chiqish holatlari ham kuzatilmoqda. Buning sabablaridan biri, ulardagi mutaassiblik gʻoyalarigina emas, tasavvuf tarixi, maqsadi va vazifalari toʻgʻrisida ilmiy asoslangan, misol va faktlar bilan isbotlangan tushuntirish ishlari yetarli emasligidadir. Baʼzi zamonaviy tariqat vakillari oʻz tariqatlaridagi ayrim harakatlari bilan kishilar eʼtiroziga sabab boʻlmoqda. Ular ming yillar oldin shakllanib, muqaddas deb ulugʻlangan diniy ahkomlarning ildizlarini toʻla-toʻkis tushunmaydigan kishilar ongini zaharlamoqda.
Tariqatga kirgan kishiga ilmning shart emasligi va hatto ilmni tark qilish afzalligi toʻgʻrisidagi masala ham, ayni paytda, dolzarb.
Soxta shayxlar johil, ilmsiz sufiylar va botil tariqatlar tasavvufda qattiq tanqid ostiga olinadi. Ilm talab qilishni rad etuvchi “tariqatchilar” quyidagilarni dalil qilib keltiradi: “Avvalo, ilmning mohiyati ibodatga vosita boʻlishdir. U orqali inson Robbini taniydi va unga bandalik qilishga harakat qiladi. Modomiki, inson Allohga ibodat qilish yoʻliga oʻtgan ekan, unga ilmning keragi yoʻq” [12]. Tariqatchilar faoliyatida ham islomga mutanosib kelmaydigan baʼzi bidʼat va xurofotlar borki, ularni ilmiy asosda bartaraf etish zarur.
XVII asrda Ahmad Sirhindiy aynan shunday masalalarni isloh qilish maqsadida “Maktubot” [5] asarini yozgan. Asarda tasavvufning mohiyatini sodda iboralar bilan sharhlab, yot qarashlarga ishonchli hujjat va dalillar bilan raddiya bergan. Uning maktublari oʻz davridan koʻra koʻproq kelajakka xitob [4] qilgan. Ular oʻz davridan koʻra kelajakka atalgan maktublardir.
Soʻfi Ollohyorning “Sabotul ojizin” asari aqida, fiqh, tafsir, hadis, tarix, siyrat va adab ilmlarini oʻzida jamlagan moʻtabar manbadir. Unda islom asoslarini oʻrgatuvchi eng muhim fan boʻlgan aqidaga oid masalalar turkiy tilda sharhlangan. Asarda Alloh taoloning maʼrifati, tavhidi, sifatlari, imon, farishtalar, qabr azobi, qiyomat, umrning foniyligi haqida soʻz yuritiladi. Shuningdek, avliyolar karomati, piri komillar, rizo va sabr, tama, dunyo hiylalaridan qochish, kibr, tavakkul, darveshlik, muloyimlik, ezgulik, haqirlik, sadoqat kabi inson kamolotini belgilovchi fazilatlar va holatlar sodda til va taʼsirchan ruhda bayon etilgan. Shuningdek, oʻsha davrdagi oʻn toʻrtta bidʼat taʼlimot jiddiy tanqid qilinib, ularning muddaolari oʻrinsiz ekani ochib berilgan.
Soʻfi Ollohyor – ravshaniya, abbosiya, hubbiya, malohid, avliyoiya, hululiya, huriya, voqifiya, mutakosila, ilhomiya va iddaoiya kabi “soxta tariqat”lar va ularning notoʻgʻri “iddao”lariga munosib raddiya bergan.
Jumladan, hurufiylar ikki guruhga boʻlingan: avboshiylar va ravshaniylar. Ravshaniya – hurufiylardan ajralib chiqqan boʻlib, jahriy zikr bilan shugʻullangan. “Jazba ahlimiz” deb, devona qalandar boʻlib, shaharma-shahar, qishloqma-qishloq yurgan. Oqshomlari jam boʻlib, turli musiqa asboblari – nay, qoʻbiz kabilarni chalib, hikmatlar aytgan. Yigʻilgan xotinlar va yosh yigitlar joʻr boʻlib ashula aytgan [7]. Albatta, bu shariat va tariqat qoidalariga mutlaq toʻgʻri kelmaydi. Bu davrda avboshiylar koʻpayib ketgani taʼkidlangan.
Abbosiya – fahsh va giyohvandlikka mubtalo boʻlgan. Hubbiyalar esa Allohni qattiq sevsa, shariat ahkomi soqit boʻlishini aytishgan.
Soʻfi Ollohyor bunday deydi:
“Yaqin bilgilki, baʼzi nomusulmon,
Demish: “Vaqtiki qurbat topsa inson,
Koʻtarur Haq shariat hukmin andin”,
Boʻlur yuzi qaro mundogʻ degandin.
Bu botil soʻz erur qavli malohid,
Shariatga erur ul firqa johid”.
Bularni tanqid qilib yuzi qaro boʻlgani, bu botil soʻz ekanini taʼkidlab, malohidlarning bu iddaolari shariatga zidligini tushuntirib, keskin raddiya beradi. Asrlar davomida shakllangan islomiy dunyoqarashning buzilishi va nosogʻlom muhitning vujudga kelishiga sabab boʻladigan bu taʼlimotlarga ergashmaslikka chaqiradi. Takabbur boʻlmaslik, qiyomatda nasabdan soʻralmasligi, “qoracha” “xoja”dan yoki “muallim” “sayyid”dan yuqori turishi mumkinligi tushuntirilgan. Bu illatlarga birgalikda kurashish [7] zarurligi taʼkidlangan.
Jaloliddin Rumiy bunday deydi:
Nist dunyo nuqrahu farzandi zan,
Chist dunyo? Az Xudo gʻofil budan.
Yaʼni sen boylikni ham, ayol va farzandni ham dunyo deb bilma, ulardan yuz ham burma! Seni nima gʻaflatda tutsa, nima haqiqatdan uzoqlashtirsa ana shuni dunyo deb bilgil. Insonning oilasi va yaqinlariga doimo mehr-oqibat bilan munosabatda boʻlishi chin insoniylik namunasidir.
Yuqorida nomlari zikr qilingan bir qancha botil tariqatlar paydo boʻldi va ularning barchasi ahli sunna val jamoa eʼtiqodi boʻyicha keskin tanqid ostiga olindi. Notoʻgʻri boʻlganligi bois ularning aksariyati tarix sahnasidan tushib qoldi.
Muayyan tariqat piri shariatdan bexabar boʻlsa, uning ortidan ergashganlar undan-da savodsiz boʻlsa, bu holat nima bilan yakun topishini tasavvur qilish mumkin. Ular atrofga jaholat tarqaladi va xalq maʼnaviyatiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Mana shu kabi “soxta tariqat”chilarning “soxta” daʼvolari jamiyat orasida goh-gohida toʻlqinlanib turadi. Jumladan, “Pirga qoʻl bergan kishining qazo namozlari soqit boʻlishi”, “Puxta ilm olishlik shart emasligi”, “Chap qoʻl bilan sindirilgan nonni yemaslik”, “Pir tahorat qilgan suv muqaddasligi” kabi bir qator nosharʼiy iddaolari aholining turli tushunmovchiliklariga sabab boʻlmoqda.
Paygʻambar Muhammad sollallohu alayhi vasallammuborak hadislaridan birida bunday deydilar: “Ummatimning eng yaxshisi oxirat ishi deb dunyo ishini, dunyo ishi deb oxirat ishini qoldirmaydiganlaridir”, dedilar.
Alloh taolo rohiblik, yaʼni tarkidunyochilik yoʻq ekanligi xabarini quyidagi oyatda marhamat qilgan: “Rohiblikni oʻzlari chiqarib oldilar. Biz buni ularga farz qilmagan edik, faqat oʻzlari Allohning roziligini tilab qildilar, lekin haqiqiy rioyasini qila olmadilar. Bas, ulardan iymon keltirganlariga ajrlarini berdik, lekin ularning koʻpi fosiqdurlar” (Hadid surasi, 27-oyat).
Muhammad sollallohu alayhi vasallam hadisi shariflaridan birida bunday marhamat qiladilar: “Islomda rohib (tarkidunyochi)lik yoʻq” [8:11].
Koʻrinib turibdiki, ayrim tariqatchilarning qilayotgan amallari shariat asoslariga ham, tariqat anʼanalariga ham toʻgʻri kelmaydi. Bundan tashqari, oddiygina insoniy mantiq mezoniga ham mos emas.
Tasavvuf asosi – Qurʼoni karim va sunnati mutahharo ustida bunyod etilgan. Tasavvuf qoidasi: “Har bir diniy fikriy yondashuv ilmiydir”. Tasavvuf har tomonlama qalbni soflash, tozalash, taftish qilish, tushunish va muloqot qilishni talab qiladi. Uning ichki qoidalari shariat fiqhiga asoslangan boʻlib, shariat kabi islohot va tadrij jarayonini ham qabul qiladi.
Yassaviya tariqati peshvolari “Men jin va insni faqat Oʻzimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim” (Vaz-zoriyot surasi, 56) oyatidan maʼrifatni tushunishadi. Maʼrifatdan taʼbir esa ibodatga ishora boʻlib, maʼrifat ibodatsiz hosil boʻlmasligi [6] aytilgan.
Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatini har bir ishda moʻtadil boʻlgan, adolatli ummat ekanligini taʼriflab:
“Shuningdek (yaʼni haq yoʻlga hidoyat qilganimiz kabi), sizlarni boshqa odamlar ustida guvoh boʻlishingiz va paygʻambar sizlarning ustingizda guvoh boʻlishi uchun oʻrta (adolatli) bir millat qildik” [10] deydi.
Yaʼni bu ummat oʻz aqidasida, amal va hukmlarida moʻtadil boʻlgan ummatdir. Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallam ummatlarini oʻz kalomi sharifida alohida ulugʻlab, ularni haq yoʻl sari hidoyat qildi va amallarida moʻtadil ummat qildik, deb taʼrifladi. Chunki dinda chuqur ketish hamda dinning qatʼiy boʻlmagan ahkomlarida mutaassibona amalda boʻlish toʻgʻri yoʻldan adashish va halokatning omilidir. Ularga shayton amallarini chiroyli koʻrsatib qoʻyganligi sababli turli bidʼat, xurofot va hatto shirk amallar sodir boʻladi.
Shubha yoʻqki, tariqat peshvolari sababli bu din ahkomlari, shariat odoblarini alohida eʼtirof etish lozim. Biroq oʻzini tariqat sohibi, yoxud dinning asl jonkuyari sifatida koʻrsatib, shariat ilmidan bexabar holda tariqatda peshvolikni daʼvo qilayotgan, Alloh va paygʻambarining buyrugʻi bir chetda qolib, dinda boʻlmagan, toqatdan tashqari amallarni targʻib qilayotgan kimsalarning “tariqat” nomi bilan ish yuritayotgani ham koʻz yumib boʻlmas holatdir.
Aslida shariat ahkomlarini joriy qilish yoki biror ibodatni farz qilish Alloh taologa va Uning izni bilan paygʻambarlariga xosdir. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam dinda, eʼtiqodda qay darajada boʻlish lozimligini koʻrsatib: “Ishlarning yaxshisi – uning oʻrtachasidir”, dedilar. Paygʻambar Muhammad sollallohu alayhi vasallam shunday deb turganlarida, oʻziga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatishni soʻrab kelgan muridga toqatidan tashqari vazifalarni yuklash, tarkidunyochilikni targʻib qilib, ibodatlarga mukkasidan ketishga buyurish sunnati mutahharoga zid yoʻldir. Holbuki, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarning yaxshilaringiz dunyosini deb oxiratini, oxiratini deb dunyosini tark qilmaganlaringiz hamda insonlarga yuk boʻlmaganlaringizdir” [2], deganlar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bu muborak hadislari bilan musulmon kishini qanday umrguzaronlik qilishini belgilab berganlaridan keyin ham tarkidunyochilikka targʻib qilib, “pirsiz yashashni dinsizlik” deb daʼvo qilayotganlar shariatning qaysi daliliga suyanmoqda?
Darhaqiqat, islom dini navqiron, bagʻrikeng dindir. Allohning dargohida shoh ham, gado ham, faqiru dunyodor ham, gunohsizu gunohkor ham, olimu johil ham, sogʻlomu bemor ham najot izlab, oʻz ehtiyojini topish ilinjida ibodatga yuzlanadi. Islom esa ularning barchasining toqatidagi dindir. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Dinni boshqalarga yengil qilib tushuntiringlar, ogʻirlashtirmanglar. Hamda dindagi yaxshilik bashoratlarini yetkazinglar, ularni nafratlantirib qoʻymanglar” [1], deb marhamat qilganlar va bu dinni barcha bilan barobar baham koʻrish lozimligini uqtiradilar.
Baʼzan ayrim masjidlarda jamoadagi tariqat daʼvosidagi ayrim odamlarning oʻz imomlari ustidan shikoyat qilishlarini eshitib hayron qolamiz yoki ayrim namozxon birodarlarning boshqalarga “bosh kiyiming yoʻq, boʻyningda galstuk bor ekan, sening ibodating unaqa ekan, masjidga kelma”, “meni yonimda namoz oʻqima”, “sening ibodating ibodat emas”, degan soʻzlarni aytib, dil ogʻritganlarini yoxud tasavvuf daʼvosidagi ayrim kimsalarning boshqalar qoʻlidan, hatto onasi, xotini qoʻlidan taom yemasligi-yu oʻz tariqatida boʻlmaganlarni “kofir” deb aytishlari kishining hayratini yanada oshiradi.
Oʻzlarini tariqatga mansubligini daʼvo qilayotgan ayrim kimsalar mutaassiblikning shu qadar chuqur nuqtasiga yetganki, hatto bosh kiyimsiz namoz oʻqiydiganlarni, tariqatda boʻlmaganlarni kofir deyish darajasiga borib yetgan [9].
Dinda mutaassibona yoʻl tutib, faqat musulmon birodarini ayblaydigan, oʻziga maʼqul boʻlmagan ishi sabab uni kofirga chiqaradigan bunday kimsalarning masjidga kelishidan, islom arkonlarini bajarish, ibodat qilishdan maqsadi nima? Jamoada bir-biriga nisbatan nafrat uygʻotishmi? Yoki oʻzini din sohasida bilimdon, taqvodor qilib koʻrsatishmi? Yoki kimnidir ayblab, jamoada fisqu fasod qoʻzgʻashmi? Avvalo, ibodatdan maqsad Alloh taoloning roziligini topish, oxirat saodatiga erishish ekan, demak, bunday kimsalar, birinchi navbatda, oʻz niyatlarini, maqsadlarini toʻgʻrilab olishi kerak.
Inson maʼrifatli boʻlishi, oʻzini anglash, oʻrganish uchun avvalo nafsini boshqara olishi, bor kuch-quvvatini ilohiy ishq yoʻlida sarflashi, butun vujudini idora etib, uni ruhiy kamolot uchun safarbar qilishi kerakligi taʼkidlanadi. Yerdan yaxshi hosil olish uchun uni barcha begona oʻtlardan tozalab, keyin urugʻ sepilgani kabi botinni poklab, soʻng zikr urugʻini sepish kerakligi tushuntiriladi. Shuningdek, inson maʼrifatli boʻlishda nafsga qarshi sabr fazilatini oʻziga singdirishi kerak. Bu jarayonda halol luqma va hushyorlikka alohida eʼtibor berib, qoʻl mehnati bilan hayot kechirishni kundalik odatga aylantirish lozimligi uqtirilgan.
Avvalo tariqatlarda murid-murshidlik muayyan tartib-qoidalar asosida yuzaga kelib, qatʼiy shariatga tayangan va tariqat odoblarini oʻzida mujassam etgan hamda murshidning koʻrsatmalariga rioya etish sharti bilan tariqatga murshidlik qilish huquqi pir-murshidlar tomonidan berilgan. Tariqat murshidi shariat qonun-qoidalarini yaxshi bilishi va tariqat silsilasi sahih boʻlgan ustozlar zanjiriga ulanishi asosiy shartlardan sanaladi. Tarixda tariqat masnadiga oʻtirgan murshidlarga oʻz ustozlari tomonidan tasdiqlangan ijozatnomalar berilgan. Ushbu hujjat murshid, qozi yoki zamona ulamolari muhri bilan tasdiqlangan.
Tariqat, yuqorida taʼkidlab oʻtilgandek, ahdi qatʼiy, taqvosi mustahkam ulugʻlar yoʻli. Yuqoridagi tanqidlar esa sof tariqatning asl sohiblariga emas, yosh yigit-qizlarni ilm-maʼrifatdan toʻsib, farz va sunnat ibodatlardan tashqari yana bir qancha vazifalarni yuklab tashlaydigan, qoʻshtirnoq ichidagi tariqatning soxta “pirlari”ga tegishli. Sof tariqat va uning asl mohiyati hamda maqsadi alohida bir ulkan mavzu. Bu mavzuda soʻzni muxtasar qilsak, chunki kishi imonning nimaligini taʼriflash uchun avvalo imonga kirmogʻi lozim boʻlganidek, tariqat haqida xolis soʻz yuritish uchun tasavvufdan yetarli darajada boxabar boʻlish lozim. Bu boradagi tavsiyalar, tariqat istaganlar shariat ilmini mukammal egallagan, ustozlik maqomidagi ulugʻlarga murojaat qilsalar maqsadga muvofiq boʻladi.
FOYDALANILGAN MANBA VA ADABIYOTLAR ROʻYXATI
Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy. Sahihi Buxoriy. – T.: “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti. 2008. 1-juz. – B. 23, 2-juz. – B 392.
Ali ibn Hisomiddin al-Hindiy. “Kanzu-l-aʼmol”. – Bayrut: “Muassasatur risola” nashriyoti, 1989. 3-juz. – B. 428.
Al-Kutubu as-sitta. Imom Buxoriy. Sahihul Buxoriy. – Riyoz: Dorus salom, 2000. –B. 8. 69-hadis.
Görmez, “Açılış Konuşmaları I”, Uluslararası İmâm-ı Rabbânî Sempozyumu Tebliğleri, – Istanbul: Hüdâyî Vakfı, 2018. – S. 10.
Muhammad Masrur Ahmad, Jovid Iqbol Mazhariy, Iqbol Ahmad Axtar Qodiriy. Jahoni Imom Rabboniy mujaddidi alfi soniy shayx Ahmad Sirhindiy // Sohibzoda Sojid ar-Rahmon. Imomi Rabboniy ki taʼlimoti tasavvuf. T. 2. – Karachi: Imomi Rabboniy fondi, 2005. – B. 501.
Muhammad Olim shayx Azizon. Lamahot. – B. 245.
Sirojiddinov Sh. Soʻfi Ollohyor ilohiyoti (I qism). – T.: Imom al-Buxoriy xalqaro jamgʻarmasi nashriyoti, 2001. – B. 19.
Shamsiddin Abu Bakr Muhammad ibn Abu Sahl Saraxsiy. Mabsut. – Bayrut: Dorul fikr, 2000. 4-jild. – B. 353.
Ehson Ilho Zahir. Al-Barilaviyyatu – aqoid va tarix Lohur – Pokiston: “Idoratu tarjimoni al-sunna”, 2008. – B. 55, 69, 135.
Qurʼoni karim maʼnolarining tarjimasi. Tarjima va tafsir muallifi Shayx Abdulaziz Mansur. – T.: Sharq, 2004. Baqara surasi.143-oyat.
Husayn ibn Masʼud al-Bagʻaviy. Sharhus sunnat. – Bayrut: Maktabatul islomiya, 1983. 2-jild. – B. 371.
Yuldashxodjayev X. Tariqatchilikning zamonaviy koʻrinishlari. – Toshkent: TIU, 2010. – B. 17.
MEXROJIDDIN AMONOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)
Манба: https://www.bukhari.uz/?p=44486&lang=oz