بسم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ للهِ وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ، نَبِيِّ الرَّحْمَةِ وَرَسُولِ السَّلاَمِ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحَابَتِهِ الْكِرَامِ، أَمَّا بَعْدُ
YuSUF ALAYHISSALOM QISSASIDAN IBRATLAR
Muhtaram jamoat! Alloh taolo insoniyatni yaratgandan beri ularga o'zini tanitish va hidoyatga boshlash uchun ketma-ket payg'ambarlar va ilohiy kitoblar jo'natib turgan. U Zot o'zining komil hikmati ila Islomni – oxirgi din, Payg'ambarimizni – oxirgi Rasul, Qur'onni – oxirgi kitob qildi. Qur'oni karim Qiyomatgacha insoniyatga to'g'ri yo'lni ko'rsatuvchi yo'lboshchidir. Ulamolarimiz Qur'on o'z ichiga asosan uchta katta mavzuni o'rab olganini aytadilar: e'tiqodiy masalalar, diniy hukmlar va o'tgan qavmlarning qissalari. Qur'oni karimda bizdan avvalgi o'tgan ba'zi qavmlar va shaxslarning amallari maqtalsa, ba'zilarining qilgan ishlari yomonlanadi. Har ikkisida ham biz uchun ko'plab ibratlar bor. Maqtalganlaridan o'rnak olishimiz, yomonlanganlarning amallaridan saqlanishimiz darkor!
Ma'lumki, Qur'oni karim qissalari ichida eng chiroylisi Payg'ambar Yusuf alayhissalom qissasidir. Bu haqda Alloh taolo shunday deydi:
نَحْنُ نَقُصُّ عَلَيْكَ أَحْسَنَ الْقَصَصِ بِمَا أَوْحَيْنَا إِلَيْكَ هَذَا الْقُرْآَنَوَإِنْ كُنْتَ مِنْ قَبْلِهِ لَمِنَ الْغَافِلِينَ
ya'ni: “Biz Sizga ushbu Qur'on (surasi)ni vahiy qilishimiz bilan birga go'zal qissani aytib berurmiz. Siz esa, (ey, Muhammad!) undan (vahiydan) oldin bexabarlardan (biri) edingiz” (Yusuf surasi 3-oyat).
Bu qissaning boshqalaridan farqi sura to'lig'icha Yusuf alayhissalomning boshidan kechirgan voqealarga bag'ishlangan. Buning ustiga surada qiziquvchilar uchun ko'plab ibratlar bor. Qur'oni karimda shunday deyiladi:
لَقَدْ كَانَ فِي يُوسُفَ وَإِخْوَتِهِ آَيَاتٌ لِلسَّائِلِينَ
ya'ni: “Haqiqatan, Yusuf va (uning) birodarlari (qissasi)da so'rovchilar uchun alomatlar bordir” (Yusuf surasi 7-oyat).
Mazkur sura Makkada, Payg'ambarimiz alayhissalom uchun og'ir sinovlar bo'lgan pallalarda nozil bo'lgan. Alloh taolo Yusuf alayhissalomning mashaqqatli sinovlarni bosib o'tishlari va natijada najot topishlarini eslatish bilan Payg'ambarimiz alayhissalomga kuchli tasalli berdi. Oxir-oqibat U Zot alayhissalomning ham ishlari najot topishi, Islom er yuziga tarqalishi xushxabarini berdi.
Surani o'qish asnosida quyidagi ibratlarga duch kelamiz:
إِذْ قَالَ يُوسُفُ لِأَبِيهِ يَا أَبَتِ إِنِّي رَأَيْتُ أَحَدَ عَشَرَ كَوْكَبًا وَالشَّمْسَ وَالْقَمَرَ رَأَيْتُهُمْ لِي سَاجِدِينَ
ya'ni: “Eslang, Yusuf (o'z) otasiga (Ya'qubga) dedi: “Ey, otajon! Men (tushimda) o'n bitta yulduz, Quyosh va Oyning menga sajda qilayotgan hollarida ko'rdim”” (Yusuf surasi 4-oyat).
قَالَ يَا بُنَيَّ لَا تَقْصُصْ رُؤْيَاكَ عَلَى إِخْوَتِكَ فَيَكِيدُوا لَكَ كَيْدًا إِنَّ الشَّيْطَانَ لِلْإِنْسَانِ عَدُوٌّ مُبِينٌ
ya'ni: “(Otasi) aytdi: “Ey, o'g'ilcham! Tushingni birodarlaringga so'zlab bermagin! Aks holda senga qattiq makr qilishadi. Zero, shayton insonga aniq dushmandir”” (Yusuf surasi 5-oyat).
Demak, bundan kelib chiqadiki, inson o'rni kelganda sir saqlashni ham bilishi zarur. Hususan, oilaviy sirlar yoki o'zga mo'min-musulmonlarning bizga ishonib aytgan sirlariga omonatdor bo'lishimiz kerak bo'ladi.
إِذْ قَالُوا لَيُوسُفُ وَأَخُوهُ أَحَبُّ إِلَى أَبِينَا مِنَّا وَنَحْنُ عُصْبَةٌ إِنَّ أَبَانَا لَفِي ضَلَالٍ مُبِينٍ
ya'ni: “O'shanda (akalari) aytdilar: “Yusuf va uning ukasi (Binyamin) otamizga bizdan ko'ra suyukliroqdir. Vaholanki, biz bir to'p (ko'pchilik)miz. Haqiqatan, otamiz aniq gumrohlik uzradir”” (Yusuf surasi 8-oyat).
Lekin Yusuf alayhissalomdagi fazilatlar Alloh taolo tomonidan ato qilingan fazilat ekanini ko'ra olmadilar. Nima bo'lganda ham, Alloh taoloning xohish-irodasi ustun keluvchidir. Hasadgo'y hech qachon murodiga etmaydi, u o'zini-o'zi eb bitiradi. Nihoyada baribir Yusuf alayhissalom payg'ambarlik martabasi va odamlar orasida sharaf va izzatga ega bo'ldilar. Akalari esa qilmishlariga pushaymon va ayblariga iqror bo'lib, tavba tazarru qildilar.
وَرَاوَدَتْهُ الَّتِي هُوَ فِي بَيْتِهَا عَنْ نَفْسِهِ وَغَلَّقَتِ الْأَبْوَابَ وَقَالَتْ هَيْتَ لَكَ قَالَ مَعَاذَ اللَّهِ
إِنَّهُ رَبِّي أَحْسَنَ مَثْوَايَ إِنَّهُ لَا يُفْلِحُ الظَّالِمُونَ
ya'ni: “U (Yusuf) uyida bo'lgan ayol (Zulayxo) undan nafsini (qondirishini) talab qildi va eshiklarni qulflab: “Qani kel!” – dedi. (Yusuf) dedi: “Alloh saqlasin! Axir, u (ering) xojam-ku?! Menga yaxshi joy bergan bo'lsa?! Zolimlar, zotan, najot topmaslar”” (Yusuf surasi 23-oyat). Oyatdagi "zolimlar"dan murod xoinlar yoki zinokorlardir.
قَالَ رَبِّ السِّجْنُ أَحَبُّ إِلَيَّ مِمَّا يَدْعُونَنِي إِلَيْهِ وَإِلَّا تَصْرِفْ عَنِّي كَيْدَهُنَّ أَصْبُ إِلَيْهِنَّ وَأَكُنْ مِنَ الْجَاهِلِينَ
ya'ni: “(Yusuf) dedi: “Ey, Rabbim! Menga taklif etishayotgan narsadan ko'ra zindon ma'qulroqdir. Agar ularning makrlarini mendan darig' tutmasang, ularga moyil bo'lib, johillardan bo'lib qolurman” (Yusuf surasi 33-oyat).
Yana bu qiyinchiliklar U Zotni haq yo'ldan, payg'ambarlik vazifasini bajarishdan to'sa olmadi. Hatto zindonda ikki hamrohlari tush ta'birini so'rashganda, ularga avval Alloh taoloni tanitishdan gap boshlab, dinning mohiyatini bayon qildilar:
يَا صَاحِبَيِ السِّجْنِ أَأَرْبَابٌ مُتَفَرِّقُونَ خَيْرٌ أَمِ اللَّهُ الْوَاحِدُ الْقَهَّارُ
ya'ni: “Ey, ikki hamzindonlarim! Turli-tuman “ilohlar” yaxshimi yoki yagona va g'olib Allohmi?” (Yusuf surasi 39-oyat).
وَقَالَ لِلَّذِي ظَنَّ أَنَّهُ نَاجٍ مِنْهُمَا اذْكُرْنِي عِنْدَ رَبِّكَ
ya'ni: “Ikkovidan xalos topuvchi deb hisoblagan (soqiyga Yusuf): «Hojang (Misr shohi) huzurida mening to'g'rimda gapir!» – dedi...” (Yusuf surasi 42-oyat).
Natijada bir necha yillardan keyin, podshohning tushini ta'bir qilish kerak bo'lganda, o'sha kishi Yusuf alayhissalomni eslaydi va U Zotni zindondan chiqishiga sabab bo'ladi. Lekin yordam so'rash savob-ezgu ishlarda bo'lishi kerak, gunoh ishlarda emas!
ذَلِكَ لِيَعْلَمَ أَنِّي لَمْ أَخُنْهُ بِالْغَيْبِ وَأَنَّ اللَّهَ لَا يَهْدِي كَيْدَ الْخَائِنِينَ
ya'ni: “(Shundan keyingina Yusuf dedi): “Buni men (Misr azizi) g'oyibligida unga xiyonat qilmaganimni va Alloh (Zulayxo va ayollardek) xiyonatchilar makrini ravo qilmasligini (Aziz yoki shoh) bilishi uchun (qildim)” (Yusuf surasi 52-oyat).
وَقَالَ الْمَلِكُ ائْتُونِي بِهِ أَسْتَخْلِصْهُ لِنَفْسِي فَلَمَّا كَلَّمَهُ قَالَ إِنَّكَ الْيَوْمَ لَدَيْنَا مَكِينٌ أَمِينٌ
ya'ni: “Shoh: «Uni huzurimga keltiringiz, uni o'zimga xos kishilardan qilib olay!» – dedi. U bilan so'zlashgach (shoh): «Sen bugun(dan boshlab) bizning huzurimizda martabali va ishonchli (shaxs)dirsan», – dedi” (Yusuf surasi 54-oyat).
قَالَ اجْعَلْنِي عَلَى خَزَائِنِ الْأَرْضِ إِنِّي حَفِيظٌ عَلِيمٌ
ya'ni: “(Yusuf) dedi: “Meni shu erning xazinaboni qilib qo'y! Zero, men (omonatni) saqlovchi va (o'z ishini puxta) biluvchidirman” (Yusuf surasi 55-oyat).
وَقَالَ يَا بَنِيَّ لَا تَدْخُلُوا مِنْ بَابٍ وَاحِدٍ وَادْخُلُوا مِنْ أَبْوَابٍ مُتَفَرِّقَةٍ وَمَا أُغْنِي عَنْكُمْ مِنَ اللَّهِ مِنْ شَيْءٍ إِنِ الْحُكْمُ إِلَّا لِلَّهِ عَلَيْهِ تَوَكَّلْتُ وَعَلَيْهِ فَلْيَتَوَكَّلِ الْمُتَوَكِّلُونَ
ya'ni: “(So'ngra ularni safarga kuzatayotib) aytdi: “Ey, o'g'illarim! (Misrga) bir darvozadan kirmangiz, balki turli xil darvozalardan kiringiz! Men sizlardan Allohning biror hukmini qaytara olmayman. Hukm faqat Allohning izmidadir. Ungagina tavakkul qildim. Barcha tavakkul qiluvchilar (ham) Uning O'zigagina tavakkul qilsinlar!”” (Yusuf surasi 67-oyat).
رَبِّ قَدْ آَتَيْتَنِي مِنَ الْمُلْكِ وَعَلَّمْتَنِي مِنْ تَأْوِيلِ الْأَحَادِيثِ فَاطِرَ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضِ
أَنْتَ وَلِيِّي فِي الدُّنْيَا وَالْآَخِرَةِ تَوَفَّنِي مُسْلِمًا وَأَلْحِقْنِي بِالصَّالِحِينَ
ya'ni: “Ey, Rabbim! Menga podshohlik ato etding, yana barcha gap (tush)larning ta'vil (ta'bir)laridan menga ta'lim berding. Ey, osmonlar va Yerni ijod etgan zot! Dunyoyu oxiratda O'zing egamdirsan. (Ajalim etganida) musulmon holimda vafot ettir va meni solihlar (qatori)ga qo'shgin!” (Yusuf surasi 101-oyat).
Alloh taolo barchamizni Qur'oni karimni o'qiydigan, uni tadabbur qiladigan, ibrat va nasihat oladiganlardan qilsin! Omin!
Muhtaram imom-domla! Ma'ruza ta'sirli chiqishi uchun Yusuf alayhissalom qissasini o'rganib chiqish tavsiya qilinadi.
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma'ruzasi “Ezgu amal – qalb lazzati”mavzusida bo'ladi, inshaalloh.
Islom da’vati Makkada boshlangan davrlarda, Umayma binti Xalaf ibn As’ad ibn O’mir ibn Bayoza’ al-Xuzoiyya — iymon nurini qalbida tuygan ilk ayollardan biri edi. Uning qalbi iymonga ochiq, haqiqatni e’tirof qilishga tayyor edi. Turmush o‘rtog‘i – Xolid ibn Said ibn Os bir kecha ajib tush ko‘radi: o‘zini ulkan va dahshatli olov chetida turganini, otasi uni o‘sha olovga tashlayotganini ko‘radi, lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa uni ushlab, olovdan qutqarayotgan ekan.
Uyg‘onib, bu tushni Abu Bakr roziyallohu anhuga aytdi. U kishi unga: “Bu yaxshilikning alomati. Sen Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ergash, u seni jahannamdan qutqaradi”, dedilar. Xolid shunda Islomni qabul qildi va bu haqda rafiqasi Umaymaga aytdi. U ham, hech ikkillanmasdan, Islomni qabul qildi. Shu tariqa ular birinchi musulmon juftliklardan biriga aylandi.
Xolidning otasi uning musulmon bo‘lganini eshitgach, jahl qilib, uni chaqirtirdi. Uni haqoratladi, kaltakladi va uydan haydadi. “Men seni taom bilan ta’minlamayman!” dedi. Xolid esa qat’iyat bilan: “Agar siz bermasangiz, Robbim menga rizq beradi” – deb javob berdi. Shu zahoti uydan haydaldi va borib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yonida bo‘ldi.
Umayma turmush o‘rtog‘iga sodiqlik bilan yordamchi bo‘ldi. U zulm, qiyinchilik va kambag‘allikka sabr qildi. Sabr va imon uning qalbida mustahkam ildiz otgan edi.
Nihoyat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarga Habashistonga hijrat qilishni buyurganlarida, Xolid va Umayma ilk hijrat qilganlardan bo‘lishdi. Ular Habashistonda farzandli ham bo‘lishdi: o‘g‘illari – Said ibn Xolid va qizlari – Umma binti Xolid. Qizi keyinchalik “Ummu Xolid” nomi bilan mashhur bo‘ldi.
Ular Habashistonda o‘n yildan ziyod vaqt musofirlikda yashashdi. Keyinchalik Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Amr ibn Umayyani yuborib, ularni ikki kema bilan qaytardilar. Ular Madinaga qaytib kelganida, Payg‘ambarimiz alayhissalom Xaybarni fath qilgan edilar. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va musulmonlar bilan uchrashib, ajib shodlik va taskinga erishdilar.
Xolid ibn Said Umar ibn Xattob xalifaligi davrida hayot kechirdi va u “Marj as-Safar” jangida, hijriy 14 sanada shahid bo‘ldi. Bu xabarni eshitgan Umayma onamiz bu musibatiga sabr qildi, yuragi og‘riqda bo‘lsa ham, imoni bilan tasalli topdi. Chunki, Xolidni o‘ldirgan odam keyin Islomni qabul qilib: “Bu kim edi?. Undan osmonga chiqayotgan nurni ko‘rdim!” - degan edi.
Umayma binti Xalaf – sabrli, muhojir, mo‘min ayolning yuksak namunasidir. U umr yo‘ldoshini islom dinida qo‘llab-quvvatladi, hayotining quvonch va tashvishli lahzalarini birga o‘tkazdi va islom tarixida buyuk iz qoldirdi.
Ilyosxon AHMЕDOV
tayyorladi.
Mazkur maqola Abu Malik Muhammad bin Homid bin Abdulvahhobning
“Soliha ayollar haqida 150 qissa” nomli asaridan tarjima qilindi.