Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollarga taqlid qiluvchi erkaklarni va erkaklarga taqlid qiluvchi ayollarni la'natladilar» (Buxoriy, Abu Dovud rivoyati).
"Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayolsifat erkaklarni va erkakshoda ayollarni la'natlaganlar" (Buxoriy rivoyati).
Kiyinish va gapirishda erkaklarga o'xshaydigan ayollarga erkakshoda ayollar deyiladi. Bir rivoyatda: «Alloh erkakshoda ayollarni la'natladi», deyilgan.
Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollar kiyimini kiyadigan erkakni va erkaklar kiyimini kiyadigan ayolni la'natladilar» (Abu Dovud, Nasoiy, Hokim).
Agar ayol kishi erkaklarga xos bo'lgan liboslarni kiysa, u o'zini erkaklarga o'xshatgan hisoblanadi va Alloh va Rasulining la'natiga duchor bo'ladi. Eri ham agar uning shunday yurishiga imkon bersa (ya'ni, rozi bo'lsa va uni qaytarmasa) mal'undir (la'natlangandir). Chunki u ayolini Allohga itoat etishga undashi va gunoh ishlardan qaytarishi lozim. Zero, Alloh taolo aytganki: «Ey mo'minlar, sizlar o'zlaringizni va ahli-oilalaringizni do'zaxdan saqlangizki, uning o'tini odamlar va toshlardir» (Tahrim surasi, 6).
Ya'ni, ularga odob va ta'lim bering, Allohga itoat etishga buyurib, gunoh ishlardan qaytaring, o'zingizga ham xuddi shunday munosabatda bo'ling, deyilmoqda.
Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlar: «Har biringiz nozir va o'z ra'iyatiga mas'uldir. Erkak kishi o'z ahli oilasiga nozir va qo'l ostidagilarga mas'uldir» (Muttafaqun alayh).
Abu Bakr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Erkaklar ayollarga itoat etgan vaqtlarida halok bo'ldilar» (Hokim rivoyati).
Hasan roziyallohu anhu aytganlar: «Allohga qasamki, kishi xotiniga uning havoyi nafsi tilagan narsalarda itoat etsa, Alloh taolo uni do'zaxga uloqtiradi».
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Men ko'rmagan ikki toifa borki, ular do'zax ahlidandir: Sigir dumiga o'xshash qamchilari bo'lib, u bilan odamlarni uradigan toifa hamda kiyim kiygan yalong'och, yo'ldan uruvchi, yo'ldan ozgan ayollar. Ularning boshlari tuyaning o'rkachi kabi. Ular jannatga kirmaydilar, uning hidini ham topmaydilar. Holbuki, uning hidi muncha-muncha yo'llik masofadan kelib turadi» (Muslim rivoyati).
Kiyim kiygan – Allohning ne'matlariga musharraf bo'lgan, lekin yalong'och – Unga shukr qilmaydigan ayollar yoki badanining shakli va rangi bilinib turadigan darajada yupqa va tor kiyadigan ayollar, deganidir.
Nofe' roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Ibn Umar va Abdulloh ibn Amrlar Zubayr ibn Abdulmuttalibning huzurida edilar. Bir vaqt elkasiga kamon osgan ayol qo'ylarini haydab o'tib qoldi. Abdulloh ibn Umar undan: «Sen erkakmisan yo ayol?» deb so'radilar. «Ayolman», dedi u. Ibn Umar Ibn Amrga o'girildilar-da: «Alloh taolo Payg'ambar tili orqali erkaklarga taqlid qiluvchi ayollarni va ayollarga taqlid qiluvchi erkaklarni la'natlagan», dedilar».
Ko'chaga chiqqanda nomahramlarga zeb-ziynat va taqinchoqlarini ko'rsatib yuradigan, mushk-anbar va har xil xushbo'yliklar bilan o'ziga oro beradigan hamda kalta va tor liboslar kiyadigan ayollar ham mal'undirlar. Bu ishlarning barchasini, ya'ni, o'zini bozorga solib, jamolini ko'z-ko'z qilib yurishni Alloh taolo yomon ko'radi. Lekin ming afsuslar bo'lsinki, ko'p ayollar shaytonning tuzog'iga ilingandirlar. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam ular haqida: «Do'zaxga boqib, uning ko'pchilik ahli ayollar ekanligini ko'rdim», deganlar (Muslim rivoyati).
Yana u zot sollallohu alayhi vasallam aytganlarki: «O'zimdan keyin erkaklar uchun ayollardan ko'ra zararliroq fitna qoldirmadim» (Muslim rivoyati).
Alloh taolodan bizni ayollar fitnasidan saqlashini va O'z fazlu marhamati ila ularni ham, bizni ham isloh etishini so'raymiz.
“Gunohi kabiralar” kitobidan
Sayyor yig‘ilish
Xabaringiz bor, shu yil hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muhtaram Prezidentimizga Qurbon hayiti tabirigini yo‘llab, yurtga qaytgach har bir hoji «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari» degan ezgu tashabbusni bir ovozdan olg‘a surgan edilar.
Ana shu ezgu tashabbus bugun amalga ko‘chib, hojilar imom-xatiblar, mahalla faollari bilan birgalikda xonadonlarga, oilalarga kirib boryapti.
Shu yil 17 iyul kuni Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov boshchiligida O‘rta Chirchiq tumanidagi «Usmon ota» jome masjidida tumanlar/shaharlar bosh imom-xatiblari, «Haj 2025» hojilari, mahalla faollari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirdan so‘ng tumandagi mahallalarga chiqilib, oilalar o‘rganildi. Ajrim yoqasida turgan yoshlar yarashtirildi, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan kishilar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi, tavsiyalar berildi.
Bunday tadbir qamrovi kengligi bilan alohida ahamiyat kasb etyapti. Gap shundaki, tadbir doirasida bir oila 12 nomdagi turli adabiy-badiiy kitoblar sovg‘a qilindi.
Tumandagi masjidlar imom-xatiblari ham tadbirda faol qatnashdilar.
Shundan so‘ng yana «Usmon ota» masjidiga qaytilib, amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqilib, kelgusidagi rejalar belgilab olindi.
Xayrli duolar bilan sayyor yig‘ilish nihoyasiga yetdi.
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati