Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Iyul, 2025   |   18 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:20
Quyosh
05:01
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
20:00
Xufton
21:33
Bismillah
13 Iyul, 2025, 18 Muharram, 1447

Salomlashish odobi

22.06.2021   11271   6 min.
Salomlashish odobi

Insonlar bir-birlariga salom berganlarida o'zaro tinchlik tilaydilar. Zero, “Assalomu alaykum” deyishlik boshqa bir kishiga tinchlik tilashdir. Odamlarning bir-birlariga tinchlik tilashlari zamirida katta ma'no, katta fazilat yotadi. Chunki berilgan ne'matlar ichida eng buyuk ne'mat bu – tinchlik ne'matidir.

Qur'oni karimda odamlarni bir-birlariga salomlashishga buyurib bunday deyiladi:“Qachon sizlarga biror (iborasi) bilan salom berilsa, sizdan undan chiroyliroq qilib alik olingiz yoki o'sha (ibora) ni qaytaringiz....” (Niso surasi, 86-oyat).   

Salom berish va unga javob berish bilan savob ko'payadi, insonning umri va rizqiga xayru-baraka kiradi.  Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Kim bilan uchrashsang salom ber, savobing ko'payadi, uyingga kirganingda ahlingga salom ber, uyingga xayru-baraka kiradi”.

Inson boshqa bir insonga chin ko'ngildan yorug' yuz bilan salom berishi yaxshilikni ko'paytiradi. Bu haqda hadisda:

“Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilaridan o'tib ketayotib:

“Assalomu alaykum”, dedi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:

“O'nta”, dedilar.

Yana bir kishi o'tayotib:

“Assalomu alaykum va rahmatulloh”, dedi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

“Yigirmata”, dedilar.

Yana bir kishi o'tib ketayotib:

“Assalomu alaykum va rahmatulloh va barakatuh”, dedi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

“O'ttizta”, dedilar. Shunda sahobalar roziyallohu anhum o'nta, yigirmata, o'ttizta deyishlarining sababini so'rashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Birinchi kishiga o'nta deganim, u salom berish bilan o'n savobni, ikkinchi va uchinchi kishi esa salom berish bilan yigirma va o'ttiz savobni qo'lga kiritdi”, deb javob berdilar.

Salom berish bilan inson saxiylik qiladi. Zero, dunyoda eng baxil kishi salomga baxillik qilgan kishidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Odamlarning eng baxili salom berishga baxillik qilgan kishidir”, dedilar.

Insonlar kim oldin salom berishga musobaqalashishlari lozim. Chunki kim oldin salom bersa, savobning ko'prog'ini qo'lga kiritadi. Oldin salom berish kamtarlikka, boshqalarni oldin salom berishini kutish esa manmanlikka kiradi. Yoshim katta, uning yoshi kichik, u salom bersin, deyish kibr hisoblanadi. Inson o'zidan kibrlanishni yuvish uchun ham o'zidan kichiklarga salom berishi lozim. Shu sababli oldin salom berish insondagi kibrni ketkazib, unga kamtarlik kamolotini beradi.

Ba'zi bir kishilar salom berishda uni to'g'ri aytilishiga e'tibor bermaydilar. Insonlar boshqa bir insonlar bilan uchrashganlarida  “Assalomu alaykum” deyish o'rniga, “Assam –alaykum” deyishsa,  “Sizga o'lim bo'lsin”, deyilgani bo'ladi.

Ba'zi bir kishilar “ Assalom” deb qo'yishadi. Bu ham noto'g'ri salom berish hisoblanadi. Chunki “Assalom”ning o'zini aytish noaniqlikni keltiradi. Shu sababli “Assalomu alaykum” deb to'liq va aniq salom berilishi lozim. Salomlashish paytida qo'l berib ko'rishish fazilatli amallardan hisoblanadi. Insonlar salomlashib, bir-birlarini qo'llarini olib ko'rishsalar ular o'rtasida mehr-oqibat mustahkamlanadi. Ikki inson qo'l berib ko'rishar ekan ularning savoblari ko'payib, gunohlari to'kiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ikki kishi uchrashganda qo'l berib ko'rishsa, har ikkisining gunohi hali bir-biridan uzoqlashmasdan mag'firat qilinadi”, deganlar.

Salom berishda qo'l bilan ko'rishishdan tashqari quchoq ochib ko'rishish ham mavjud. Insonlar bir-birlarini sog'inganlarini izhor qilish maqsadida quchoqlashib ko'rishadi.

Insonlarning bir-birlari bilan uchrashganidagi chin ko'ngildan, ochiq chehra bilan salomlashishi xalqimizning eng yaxshi odatlaridandir. Salomlashish odoblarini yaxshi bilib, unga amal qilishlik odamlar o'rtasida insonning martabasini ko'taradi, ular orasida mehr-muhabbat yoyiladi. Va u insonlar orasida adovatni yo'qolishiga, yaxshilik joriy bo'lishiga xizmat qiladi. Halqimizning salomlashish kabi odatlari farzandlarimiz ongida milliy qadriyatlarimizga nisbatan hurmat tuyg'usini shakllantirishga, ularning millatga, qadriyatlarimizga haqiqiy sadoqatli insonlar bo'lib tarbiya topishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Umar AVLIYoQULOV,

Qarshi tuman “Tosh” masjidi imom-xatibi

Boshqa maqolalar

Men qabrimga ketaman...

11.07.2025   3135   2 min.
Men qabrimga ketaman...

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayhmurid va yaqinlariga «safar qilsangiz va yukingiz sizga bepul olib ketishingizga ruxsat bergan miqdordan ortiq bo‘lsa, albatta, ortiqcha yukning haqqini ado eting va keyin safar qiling», deya ko‘rsatma berar edilar.

Bir kuni u kishi safar qilish uchun vokzalga yetib keldilar. Poyezd kelishiga yaqin qolgan edi. Hazrat yuklarini olib, yuklar tortiladigan joyga yetib keldilar va navbatga turdilar. Tasodifan poyezdda birga ketadigan konduktor u yerga keldi va hazratni tanib qoldi. Darhol: «Hazrat, siz bu yerda nega turibsiz?» deb so‘radi.

Hazrat: «Yukimni torttirish uchun kelganman», dedilar.

Konduktor: «Sizga yukingizni torttirishga zarurat yo‘q. Hech qanday muammo bo‘lmaydi. Men siz bilan birga poyezdda ketaman. Ortiqcha yuk uchun haq to‘lashingiz shart emas», dedi.

Hazrat: «Siz men bilan birga qayergacha borasiz?» deb so‘radilar.

Konduktor: «Falon bekatgacha boraman», dedi.

Hazrat: «Keyin u yog‘iga nima bo‘ladi?» deb so‘radilar. Konduktor: «U bekatda boshqa konduktor keladi. Men unga bu hazratning yuklari, deb aytib qo‘yaman», dedi.

Hazrat: «U konduktor men bilan birga qayergacha boradi?» deb so‘radilar.

Konduktor: «U uzoqqa ketadi. Undan ancha oldin sizning bekatingiz keladi», dedi.

Hazrat: «Yo‘q, men ancha uzoqqa ketaman, oxirat tarafga ketaman, qabrimga ketaman. Qaysi konduktor men bilan birga ketadi?» dedilar. Keyin: «Oxiratda mendan bir davlatga oid poyezdda yukning haqqini ado qilmay qilgan safaring va o‘g‘irliging hisobini ber degan talab bo‘lsa, u yerda qaysi konduktor menga yordam bera oladi?!» dedilar.

«Nasihatlar guldastasi» kitobidan