Ayni damda Rossiyada shifokorlik qiluvchi yaqin do'stimizdan kelgan, ko'pchilik uchun foydali savolga javob.
SAVOL:
Assalomu alaykum Botirjonaka. Bizning hanafiy mazhabimiz bilan shofe'iy mazhabining namoz va tahoratda nima farqlari bor?
JAVOB:
Va alaykum assalom Madaminjon. Bizning hanafiy mazhabimiz va shofe'iy mazhabi orasida tahorat va namoz masalalarida quyidagi farqlar mavjud:
Tahoratdagi farqlar:
1. Hanafiy mazhabimizda niyatsiz tahorat olish joiz. Shofe'iy mazhabida esa niyatsiz qilingan tahorat joiz emas.
2. Hanafiy mazhabimizda og'iz va burunni chayishlik g'uslda farz. Tahoratda farz emas. Shofe'iy mazhabida esa, g'uslda ham tahoratda ham farz emas.
3. Hanafiy mazhabimizda boshga bir marta mash tortiladi. Shofe'iy mazhabida esa uch marta tortiladi.
4. Hanafiy mazhabimizda boshning to'rtdan bir qismiga mash tortish farz. Shofe'iy mazhabida esa, boshning andakkina eriga mash tortsa kifoya. Chegara belgilanmagan.
5. Hanafiy mazhabimizda quloqlar boshning bir qismi hisoblanadi. Shunga ko'ra, ikki quloqqa bosh bilan birga mash tortiladi. Quloqqa mash tortish uchun qo'lni alohida namlash shart emas. Shofe'iy mazhabida esa, quloqlar boshdan ham, yuzdan ham emas. Balki alohida mustaqil a'zolardir. Shunga ko'ra, quloqlar uchun yangi suv olib to'kib mash tortiladi.
6. Hanafiy mazhabimizda maxsiga mash tortishda faqat yuz qismiga mash tortsa kifoya. Shofe'iy mazhabida esa, maxsining yuzi va tagiga qo'shib mash tortiladi.
7. Hanafiy mazhabimizda oyoqning tovoni maxsining boldirigacha chiqsa, oyoq tahoratini yangilash lozim. Shofe'iy mazhabida esa, oyoqning tahoratda yuvilishi lozim bo'lgan biror qismi tashqariga chiqsa oyoq tahoratini yangilash lozim bo'ladi.
8. Hanafiy mazhabimizda jurmuqqa (maxsining ustidan kiyiladigan oyoq kiyim) mash tortish joiz. Shofe'iy mahabida esa joizmas.
9. Hanafiy mazhabimizda uchta barmoq bilan mash tortish lozim. Bir yo ikki dona barmoq bilan mash tortish joiz emas. Shofe'iy mazhabida esa qo'lning biror qismi bilan mash tortib qo'ysa kifoya.
10. Hanafiy mazhabimizda oyoqlarning o'zinigina yuviboq maxsini kiyib olsa va tahorat sindiruvchi ishdan oldin tahoratning boshqa amallarini bajarib qo'ysa, maxsisiga mash tortaveradi. Shofe'iy mazhabida esa tahoratni mukammal qilib keyingina maxsi kiysa shunda mash tortishi mumkin.
11. Hanafiy mazhabimizda bir kecha kunduzdan keyin safarga otlangan odam maxsisini echib tashlaydi. Agar bir kecha kunduzdan oldin safarga otlansa uch kecha kunduzgacha mash tortishi mumkin. (Garchi maxsini muqimlik chog'ida kiygan bo'lsa ham). Shofe'iy mazhabida esa, muqimlik chog'ida kiygan maxsisiga mash tortgan bo'lsa va bir kecha kunduzdan oldin safarga otlansa, bir kecha kunduz mash tortadi xolos. Mabodo safarda maxsi kiyib, mash tortib bir yo ikki kundan keyin muqim bo'lib Vataniga qaytsa uch kungacha mash tortib yuraveradi.
12. Hanafiy mazhabimizda tahoratda barcha a'zolar uch martadan yuviladi. Mash esa bir marta tortiladi. Shofe'iy mazhabida esa, mashni ham uch marta tortiladi.
Namozdagi farqlar:
1. Hanafiy mazhabimizda namozni boshlash jarayonida qo'llarni quloqlar barobaricha ko'tariladi. Shofe'iy mazhabida esa, elka barobaricha ko'tarilsa kifoya.
2. Hanafiy mazhabimizda qo'llar faqatgina namozni boshlashda aytiladigan takbir chog'ida ko'tariladi. Shofe'iy mazhabida esa, namozni boshlashdagi takbir, rukuga ketishdagi takbir, rukudan qaytib sajdaga ketishdagi takbir chog'ida ko'tariladi.
3. Hanafiy mazhabimizda namozni boshlab takbir aytgach “subhanakallohumma…” o'qiladi. Shofe'iy mazhabida esa “vajjahtu vajhiy…” o'qiladi.
4. Hanafiy mazhabimizda qo'llar bog'lanib kindik ostiga qo'yiladi. Shofe'iy mazhabida esa, kindik ustiga qo'yiladi.
5. Hanafiy mazhabimizda imomga iqtido qilganlar imom ortida qiroati jahriy namozda ham, maxfiy namozda ham qiroat qilmaydi. Shofe'iy mazhabida esa, imomga iqtido qilganlar qiroati jahriy namozda ham, qiroati maxfiy namozda ham imomdan tashqari o'zlari ham qiroat qilishadi.
6. Hanafiy mazhabimizda namoz vaqtida kiyimning sidli (englarga qo'lni kirgizmasdan kiyimni elkaga tashlab olishlik) joiz va shu bilan birga makruhdir. Shofe'iy mazhabida esa kiyimini sidl qilganlarning namozi joiz bo'lmaydi.
7. Hanafiy mazhabimizda namozxon qiroatda oyatlarni sanab turishi makruh. Shofe'iy mazhabida esa makruhmas, biroq sanamagan afzal.
8. Hanafiy mazhabimizda bir oyat qiroat qilsa ham namozi joiz bo'laveradi. Shofe'iy mazhabida esa (fotiha surasini biladiganlar) fotiha surasini to'liq o'qimasa namozi joiz bo'lmaydi. Bilmaydiganlar esa “al-hamdu lillah, Allohu akbar” deydi.
9. Hanafiy mazhabimizda imom rukudan qaytishda faqat “sami'al-lohu liman hamidah” deydi. Qavm esa “robbana lakal-hamd” deydi. Shofe'iy mazhabida esa, imom “sami'al-lohu liman hamidah” va “robbana lakal-hamd” deydi.
10. Hanafiy mazhabimizda erkaklar qa'da holatida har doim o'ng oyoqni tik qilib, chap oyoqni to'shab dumbasini chap oyog'i ustiga qo'yib o'tiradi. Shofe'iy mazhabida esa, Peshin, Asr, Hufton va Bomdodning oxirgi rakatidagi qa'da holatida ikkala oyog'ini o'ng tarafiga chiqarib, o'ng oyog'ini tiklab, chap oyog'ini to'shab, dumbasini erga qo'yib o'tiradi. Avvalgi qa'dalarida esa xuddi hanafiylar kabi o'tirishadi.
11. Hanafiy mazhabimizda sajdadan qiyomga turishda orada o'tirmasdan va erga qo'li bilan tayanmasdan turadi. Shofe'iy mazhabida esa sajdadan turishda biroz o'tirib tin oladi va ikki qo'li bilan erga tayanib qiyomga turadi.
12. Hanafiy mazhabimizda Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu rivoyat qilgan tashahhudni o'qiydi. Shofe'iy mazhabida esa, Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qilgan tashahhudni o'qiydi.
13. Hanafiy mazhabimizda bomdod namozida qunut duosi o'qilmaydi. Shofe'iy mazhabida esa bomdodda rukudan keyin qunut duosi o'qiladi. Shuningdek, musulmonlarning duoga hojati bo'lsa har namozda rukudan keyin qunut duosini o'qishlari mumkin.
14. Hanafiy mazhabimizda qunutda vojiblik ma'nosida biror duo tayinlangan emas. Shofe'iy mazhabida esa “allohumma ihdiniy fiman hadayta” duosini o'qish shart.
15. Hanafiy mazhabimizda uchinchi va to'rtinchi rakatlarda fotiha o'qiladi. Mabodo o'rniga tasbeh aytsa joiz. Shofe'iy mazhabida esa har bir rakatda fotiha surasini to'liq o'qish shart. Biron harfi tushib qolsa namozni qaytarib o'qiydi.
16. Hanafiy mazhabimizda avvalgi qa'dada tashahhudga hech narsani (duo ham, salovat ham) qo'shimcha qilinmaydi. Darhol turib keyingi rakat qiroatiga kirishadi. Shofe'iy mazhabida esa birinchi qa'dada tashahhudni o'qib qiyomga turgach tashahhud miqdoridan ozroq duo o'qiydi (keyin qiroatga kirishadi).
17. Hanafiy mazhabimizda tashahhuddan keyin Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga salovat o'qimasa namozi buzilmaydi. Biroq gunohkor bo'ladi. Shofe'iy mazhabida esa, oxirgi qa'dada salom va tashahhud orasida salovat o'qimasa namozi buziladi.
18. Hanafiy mazhabimizda namoz so'nggida salom berish farz emas. Shofe'iy mazhabida salom farz. Salom bermasdan tugatilgan namozni qayta o'qish lozim.
19. Hanafiy mazhabimizda vitr namozi vojibdir. Shofe'iy mazhabida u vojib emas, sunnat deyilgan.
20. Hanafiy mazhabimizda ulov ustida vitr o'qish mumkin emas. Shofeyi mazhabida esa mumkin.
21. Hanafiy mazhabimizda vitr namozi bir salom bilan uch rakat. Shofe'iy mazhabida esa o'n bir rakat.
22. Hanafiy mazhabimizda imomning yolg'iz o'zi jamoatdan ajrab alohida tepalikka chiqib olishi makruh. Shofe'iy mazhabida iqtido qiluvchilarga ko'rinib turishi uchun imomning yolg'iz o'zi baland joyga chiqib olishi makruh emas.
23. Hanafiy mazhabimizda sallaning kavriga (o'ramiga) sajda qilsa (ya'ni peshonasi erga tegmasdan sallasining dokasiga tegsa) joiz bo'ladi. Shofe'iy mazhabida esa joiz bo'lmaydi.
24. Hanafiy mazhabimizda balog'atga etmagan go'dakka farz namozlarda iqtido qilinmaydi. Shofe'iy mazhabida esa iqtido qilinaveradi.
25. Hanafiy mazhabimizda imom va qavm orasida yo'lak yo ariq bo'lsa qavmning namozi joiz bo'lmaydi, illo saf ulansa joiz bo'ladi. Shofe'iy mazhabida esa imom va qavmning orasi ikki-uch yuz ziro'gacha masofada ochiq bo'lsa ham joiz bo'laveradi. Undan ortig'i joizmas.
Fiqhiy manbalar asosida Botirjon qori tayyorladi.
Mashina yo‘liga chiqib ketgan odamni ko‘rib haydovchi zo‘rg‘a to‘xtatib qoldi. Undan ham oldin yonidagi do‘sti tushasolib yo‘lovchining yoqasidan oldi. Uzr so‘rab dovdirayotgan odamni ko‘rib, haydovchi tez tushdi-da, do‘stidan uning yoqasini qo‘yib yuborishini so‘radi.
– Bu nima deganing?! Sal bo‘lmasa qamalib ketarding-ku buni deb, – yanada jahli chiqdi do‘stining.
– Sen uni qo‘yib yuboraver, gap bor... Bo‘ldi, aka, hushyor bo‘lib yetib oling... Yo‘q, shoshmang...
Haydovchi hatto u odamning qo‘liga pul ham berdi. Do‘stini hayron qoldirib, mashinaga qaytdi.
Do‘stining savol nazari bilan qarab turganini ko‘rib, izoh bera boshladi:
– Bir soatcha oldin dorixonaga kirgandim. Shu odamga ko‘zim tushgandi. Qo‘lida dorilar ro‘yxati yozilgan qog‘oz, puli yetmaganidan mung‘ayib turgan edi. Dorilar narxini eshitib, og‘ir qadamlar bilan chiqib ketgandi. Ortidan chiqib yordam bergim keldi. Lekin pulimni qizg‘ondim. Tashqariga chiqqanimda u onasi bilan gaplashib turgan ekan. Haligi odam onasi bilan gaplashib bo‘lgach: “Shuncha pulni qayerdan topaman? Yo Alloh! O‘zing yo‘l ko‘rsat, deganini eshitib ham indamay ketaverdim. Go‘yo unga pul bersam o‘zim och qoladiganday... Holbuki, Alloh taolo O‘z Kalomida: “Shayton sizlarni (xayr-ehson qilishda) kambag‘al bo‘lib qolishdan qo‘rqitadi” (Baqara surasi, 268-oyat) deya ogohlantirganini bilardim. Yana “Kimki (bir) hasana (savobli ish) qilsa, unga o‘n barobar (ko‘paytirib yozilur)” (An’om surasi, 160-oyat) degan va’dasini ham o‘qigandim. Baribir xomlik qildim. Sal bo‘lmasa o‘sha xasislik qilgan pulimdan o‘n, yuz hissasi chiqib ketadigan bir musibatga duchor bo‘lardim. Mayli, hechdan ko‘ra kech bo‘lsa ham, Alloh imkon berdi. Shuning uchun ayb u odamdamas, o‘zimda, deb bildim...
Ha, azizlar! Hayotimizda bunday holatlarga duch kelib turamiz. Avvalo, birov bilan tushunmovchilik bo‘lib qolsa u odamning ahvolini so‘raylik. Balki biror musibat yo tashvishda yurgandir. Darhol tilimizga kelgan so‘zlar bilan xaqorat qilib, urishib ketmaylik. Bunaqa vaziyatlarda shayton vasvasa qilishini unutmaylik. Xulosa qilishga shoshilmaylik. Hazrati inson degan nomga munosib ish tutaylik.
Akbarshoh Rasulov