#xabar #haj2026
Joriy yilgi Haj mavsumiga tayyorgarlik ishlari mamlakatimiz bo‘ylab qizg‘in davom etmoqda. Xususan, O‘zbekiston musulmonlari idorasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Sirdaryo, Xorazm va Surxondaryo viloyatlari hamda Toshkent shahridan Haj mavsumi uchun biriktirilgan guruh rahbarlari ishtirokida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Mashg‘ulotlarda Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i Bobomurod Rustamov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Haj va umra tadbirlarini tashkil etish markazi direktori Maqsud Karimov hamda soha mutaxassislari qatnashdilar.
Yig‘ilishda guruh rahbarlariga Haj mavsumidagi muhim vazifalar eslatib o‘tildi. Ellikboshilarga ziyoratchilarga Islomning beshinchi rukni bo‘lgan Haj ibodati mazmun-mohiyati haqida tushuntirish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, haj safariga doir qonunchilik va me’yoriy hujjatlarni puxta bilish, muborak safar davomida ziyoratchilar bilan doimo xushmuomalada bo‘lish, o‘zaro yordam muhitini shakllantirish, zikru ibodatlarni ko‘paytirib, behuda ishlardan tiyilish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati