Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Assalom alaykum, men ham Allohning haq Payg'ambari Muhammad alayhissalom haqlarida sizlarga hikoya qilib bermoqchiman. Avvalo o'zimni tanishtiray, men Handaqman. Ba'zilar meni bilmasligi mumkin. Biz xandaqlar qadimda juda mashhur bo'lganmiz. Katta-katta shaharlar va qal'alar atrofini dushmanlardan ihota qilganmiz. Odamlar bizni chuqur qilib kavlashardi-da, ichimizga suv to'latib qo'yishardi. Handaq bilan o'ralgan shaharlarni dushman zabt etishi qiyin kechardi. Lekin Arabiston tomonlarda shaharlarni xandaqlar bilan muhofaza qilish urf bo'lmagan edi. Yerlari tosh-metin, keyin xandaqni to'latishga oqar suvlar ham yo'q edi.
U paytlarda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Madinada yashar edilar. Bir kuni u kishi Abu Sufyon boshliq kofirlar Madinaga yurish boshlamoqchiligi haqida xunuk xabar eshitdilar. Tezda lashkarboshilarini maslahatga to'pladilar. Madina shahri muhofaza devorlari bilan o'ralmagan edi. Shaharning uch tomonida zich qurilgan uylar va xurmozorlar bo'lib, dushman bu tomondan hujum qila olmas edi. Faqat shimol tarafi ochiq, yalanglik edi. Havf ana shu tarafdan bo'lishi mumkin edi. Maslahatga to'planganlar orasida Salmon Forsiy degan sahoba bor edi. U kishi eronlik bo'lib, Eronda shaharlar xandaqlar bilan o'ralishini, undan otlar, tuyalar, jangchi fillar, hatto piyodalar ham o'ta olmasligini aytib qoldi. Bu gap Payg'ambarimizga ma'qul tushdi. Chunki dushman askarlari ot va tuyalarga mingan edilar-da.
Shunday qilib, zudlik bilan xandaqni, ya'ni meni qazish ishlari boshlanib ketdi. Yer zarang edi, cho'kich, ketmon, kuraklar etishmas edi. Axir odamlar bunaqa ishlarni qilib o'rganmagan edilar-da. Buning ustiga dushman tobora yaqinlashib kelardi.
Handaq qazishda Payg'ambarimiz alayhissalomning o'zlari ham tinim bilmay ishladilar. Muborak qo'llariga cho'kich tutib, gursillatib zaminga ursalar, tuproq palaxsa-palaxsa bo'lib ko'chib chiqardi. Ha, ish rosa jadal edi, odamlar tun-u kun g'ayrat qilardi. Nihoyat, mo'ljaldagi ish oxiriga etdi. Bu orada kofirlar ham Madinaga etib kelishdi. Kelishdi-yu, hang-u mang bo'lib qolishdi. Ha, men ularning yo'lini kesib qo'ygan edim. Ustimga ko'prik quray deyishsa bir quloch ham yog'ochlari yo'q. Tuproq bilan to'ldiray deyishsa na cho'kich, na bir qurollari bor. Bunaqa tadbirni dushman xayoliga ham keltirmagan edi! Rosa boshlari qotdi. Oxiri alamlaridan nima qilishni bilmay, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning lashkarlarini uzoqdan kamon o'qiga tuta boshlashdi. Dushman Rasulullohning Handaq jangini o'ylab topganlaridan juda taajjubda, mislsiz alamda edi.
Ertasi kuni dushmanning chavandoz bahodirlaridan beshtasi ustimdan ot sakratib o'tishga muvaffaq bo'ldi. Ha, otlari uchqur, abjir edi. Ulardan Amr ibn Abduvvud degani Islom lashkarlariga qarab qichqirdi.
– Ey, menga talabgorlaring bormi? Shunday mard topilsa maydonga chiqsin!
Nimagadir bu kishiga ha deganda talabgor chiqmayotgan edi. Bundan bildimki, Ibn Abduvvud kofirlarning eng kuchli, ishongan bahodirlaridan. U uch bora qichqirgandan keyin maydonda hazrati Ali paydo bo'ldilar. U kishi otda emas piyoda edilar. Bir-bir bosib Ibn Abduvvudning ro'parasiga keldilar. Ikkovlari orasida shunday gap-so'z bo'lib o'tdi.
– Ey, Ibn Abduvvud, senga uch shartim bor. Albatta, sen ulardan birini qabul qilasan.
– Gapir, ey Ali, qulog'im senda!
– Iymon keltirib, Islomga kirgin!
– Bu ishni mendan kutma. Hargiz Islomga kirmayman. Ikkinchi shartingni ayt!
– Iymon keltirmasang, urushni bas qilib orqangga qayt! Shunday qilsang, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bashorat qilganlaridek, baxtli kishilardan bo'lasan, urushda ajaling etmaydi.
– Sening bu sharting xotinlarga kulgu bo'larlik ishdir. Bu shartni qo'y, keyingisiga o't!
– Unda o'zingdan ko'r, uchinchi shartim jang!
– Ey, Ali bilib qo'y, Arab dunyosida bu ish bilan meni hech kim qo'rqita olmaydi. Jang qilish mening kasbimdir, Muhammadni o'ldirish uchun ont ichganman. Bunga fursat etdi.
Shunday deb Ibn Abduvvud otidan tushdi, ikki o'rtada olishuv boshlandi. Ibn Abduvvud birinchi bo'lib hazrati Aliga qilich soldi. O'tkir yaroq hazrati Alining dubulg'alarini kesib, boshlariga andek shikast etkazdi. Biroq hazrati Ali ham javob zarbini shundoq berdilarki, yaroqlari Ibn Abduvvudning dubulg'asini kesib, unga yaxshigina shikast etkazdi. Ikkinchi zarbadan so'ng dushman mag'lub etildi. Bu orada kofirlar sarosimaga tushib qoldilar. Ular eng ishongan bahodirlari, lashkarboshidan ajragan edilar. Ot sakratib o'tgan qolgan to'rttasi orqalariga qaramay qochishdi. Ulardan Navfal ibn Abdulloh deganlari ustimdan otini sakrata olmay, yiqildi va hazrati Alining qilichlaridan jon berdi.
Makka kofirlari bu ishdan yomon fol olishdi va ot sakratib o'tishdan voz kechishdi. Bu orada Allohning qudrati bilan dushmanning ichidan ola chiqib, qo'shin bir-birlari bilan teskari bo'lib qoldi. Ana shu asnoda Islom qo'shiniga Allohdan yordam etdi. Kuchli bo'ron qo'zg'alib, kofirlarning oziq-ovqatini, o'tov va chodirlarini, hatto hayvonlarga beriladigan em-xashaklarigacha uchirib ketdi.
Yana shundoq zim-ziyo tun cho'kdiki, bunaqasi Arab sahrosida ilgari bo'lmagan edi. Odam yonida turgan odamni tanimas edi. Ustiga-ustak qattiq sovuq turib, yoz kunida suvlari muzladi. Dushman askarlari sovuq urgan maysadek bo'lib qoldi. Men dushmanga bu azoblar etguncha Rasulloh sollallohu alayhi vasallamning Allohga bunday deb iltijo qilganliklariga guvoh bo'lgan edim:
«Yey bor Hudo-yo, barcha payg'ambarga kitob tushiruvchi o'zingsan! Oxirat kunida hammadan tezlik bilan hisob olguvchidirsan! Qudrating ulug'dir, bu kelgan ko'pchilik dushmanlarni o'zing tarqatgin!»
Shundoq bo'ldi, orqaga qarab qochish mashqini Makka kofirlarining qo'mondoni Abu Sufiyonning o'zi boshlab berdi. O'n ming kishilik dushman o'z-o'zidan daf bo'ldi.
Ana shu voqeadan keyin Islom tarixidagi bu jang mening nomim bilan atalib, «Handaq urushi» deyiladigan bo'ldi.
Erkin bobo
«Hilol» jurnalining 3(48) sonidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Joriy yilning 25 noyabr kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Internet orqali radikallashuv: muammo va yechimlar” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Bugungi kunda internet makonida radikal g‘oyalar, soxta diniy da’vatlar va manipulyativ axborotlarning tarqalishi, ayniqsa, yoshlar dunyoqarashiga ta’sir ko‘rsatishi bilan dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bunday sharoitda axborot xurujlarining oldini olish, ishonchli diniy-ma’rifiy manbalarni keng targ‘ib etish va yoshlarda tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish muhim vazifalardan hisoblanadi.
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashabbusi bilan tashkil etilgan anjumanda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, ilmiy-tadqiqot markazlari, oliy ta’lim muassasalari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari, olimlar hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Anjumanni Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Komiljon Shermuxamedov kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Tadbirda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktorining o‘rinbosari Gulnora G‘aniyeva va Markaz ilmiy xodimlari ham qatnashdi.
Konferensiyada radikallashuvning kelib chiqish omillari, uning ijtimoiy va psixologik jihatlari, raqamli texnologiyalardan g‘arazli maqsadlarda foydalanish, yoshlarni mafkuraviy ta’sirlardan himoya qilish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Mahsudov radikallashuvni faqat diniy omillar bilan bog‘lash to‘g‘ri emasligini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, bu jarayon ijtimoiy himoyasizlik, psixologik ehtiyojlar, adolatsizlik hissi, moliyaviy muammolar va axborot muhiti bilan ham chambarchas bog‘liq.
Radikallashuv faqat diniy bilim yetishmasligi oqibati emas, u ko‘pincha insonning ijtimoiy himoyasizligi, psixologik ehtiyojlari, adolatsizlik hissi, moliyaviy muammolari va axborot muhiti bilan bog‘liq murakkab jarayondir, — dedi Davronbek Mahsudov.
Shuningdek, u radikal g‘oyalarga qarshi ishonchli va sifatli ma’rifiy kontent yaratish zarurligini ta’kidlab, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda yoshlar qiziqishiga mos videolar, podkastlar va ilmiy-ma’rifiy materiallarni ko‘paytirishni taklif etdi.
Radikal g‘oyalarga qarshi kurashning samarali yo‘llaridan biri — ularning o‘rnini ishonchli, sifatli va ta’sirchan ma’rifiy kontent bilan to‘ldirishdir, — dedi u.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov internetda tarqatilayotgan yolg‘on axborot va manipulyativ materiallarga qarshi kurashishda sog‘lom tafakkur, ma’rifat va axborot savodxonligining ahamiyatiga e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, yoshlarni axborotni tahlil qilish, manbalarni tekshirish va tanqidiy fikrlashga o‘rgatish radikallashuvning oldini olishda muhim o‘rin tutadi.
Yolg‘on va radikallikning internet orqali tarqalishi bu zamonaviy axborot muhitining jiddiy sinovidir. Unga qarshi eng kuchli qalqon — teran ilm, sog‘lom tafakkur, ma’rifat, mo‘tadillik va jamiyatdagi o‘zaro ishonch, — dedi Homidjon Ishmatbekov.
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov raqamli muhitda diniy mazmundagi axborotlarning ishonchliligini tekshirish, sun’iy intellekt orqali yaratilayotgan materiallarni to‘g‘ri baholash va yoshlarni ishonchli manbalarga tayanib fikr yuritishga o‘rgatish masalalariga to‘xtaldi.
Imom Buxoriy avlodlari o‘laroq, biz hech qachon internetda adashmasligimiz kerak, — dedi Uyg‘un G‘afurov.
U diniy ta’limda ustoz, kitob va talaba o‘rtasidagi an’anaviy munosabatlarning ahamiyatini ta’kidlab, onlayn ta’lim imkoniyatlari bevosita ustoz bilan muloqot va ma’naviy tarbiyaning o‘rnini to‘liq bosa olmasligini qayd etdi.
Bizda qadimdan shakllangan uchlik bor: ustoz, kitob va talaba. Mana shu uchlik bo‘lmasa, ta’limda yetarli natijaga erishish qiyin. Onlayn ta’lim ayrim holatlarda qulay imkoniyat yaratadi. Ammo diniy ta’limda ustoz bilan bevosita muloqot, odob-axloq va ma’naviy tarbiyaning o‘rnini to‘liq almashtira olmaydi, — dedi u.
Shuningdek, ma’ruzachi buyuk allomalar asarlarini asl manbalar asosida o‘rganish, xatmul kutub an’anasini tiklash va yoshlarni ishonchli ilm manbalariga tayanib xulosa chiqarishga o‘rgatish muhimligini ta’kidladi.
Konferensiyada internet orqali radikallashuvning oldini olishda diniy-ma’rifiy muassasalar, ilmiy-tadqiqot markazlari, ta’lim tashkilotlari va axborot texnologiyalari mutaxassislari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Tadbir yakunida mazkur yo‘nalishda ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqish, yoshlarning raqamli va mediasavodxonligini oshirish hamda sohadagi tadqiqotlarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Konferensiya materiallari asosida ilmiy ma’ruza va maqolalar to‘plamini nashr etish ham rejalashtirilgan.