Saudiya Arabistoni Qirolligi Jidda shahrida Islom hamkorlik tashkiloti axborot agentliklari ittifoqi (UNA-OIC) va Musulmonlar jahon ligasi (MJL) tashabbusi bilan “Ommaviy axborot vositalarida nafrat va zo'ravonlik tarqalishi avj olishini kamaytirish” mavzusida xalqaro forum ish boshlaydi.
Anjumanda MJL Bosh kotibi, shayx doktor Muhammad bin Abdulkarim Al-Iso, Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha, Falastin davlatidagi rasmiy ommaviy axborot vositalari bosh nazoratchisi, vazir Ahmad Assaf, shuningdek, IHTga a'zo davlatlar axborot agentliklari rahbarlari, xalqaro media institutlari, taniqli diniy tashkilotlar vakillari, intellektual, huquq va inson huquqi arboblari, xalqaro tashkilotlar mas'ullari, diplomatlar, jurnalistlar ishtirok etadi.
Forumda “Ommaviy axborot vositalarida tarafkashlik va noto'g'ri talqin: Falastin muammosi namuna sifatida” kabi bir necha dolzarb mavzu muhokama qilinadi. Bundan ko'zlangan maqsad OAVda yo'l qo'yilayotgan kamchiliklarni aniqlash hamda tashviqot va tarafkashlikning insoniyatga, jamiyatga salbiy ta'sirini ko'rsatishdan iborat.
Tashkilotchilar noto'g'ri ma'lumot berish, noxolislik, OAV orqali nafrat tarqalishi xavfiga qarshi xalqaro ittifoq tuzish niyatida.
Muharrama Pirmatova, O'zA
O‘zbekiston Bosh konsulxonasi diplomatlari Istanbul shahrining Bashakshehir tumanida hamyurtlarimizning murojaatlarini tinglash va ularning masalalariga amaliy ko‘mak ko‘rsatish maqsadida sayyor qabul o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Tashrifdan asosiy maqsad ushbu hududda yashab, faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimizga zarur konsullik-huquqiy maslahatlar berish va ularni qiziqtirgan savollar yuzasidan amaliy ko‘mak ko‘rsatishdan iborat bo‘ldi.
Safar davomida diplomatlarga O‘zbekiston Musulmonlari idorasi vakillari ham hamrohlik qildi. Ular yurtdoshlarimizning islom diniga oid savollariga javob berdi va turli taqiqlangan hamda aqidaviy jihatdan noto‘g‘ri yo‘nalishdagi tashkilotlarga aldanib qolmaslik uchun zarur maslahatlar berdi.
Hamyurtlarimizning Turkiya hududida qonuniy yashashiga oid masalalar, ularning huquqiy holati, hujjatlari hamda konsullik yordami ko‘rsatish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Bosh konsulxona vakillari zarur hollarda O‘zbekiston fuqarolariga hujjatlarni rasmiylashtirish hamda vatanga qaytish bilan bog‘liq masalalarda amaliy ko‘mak berishga tayyor ekanini bildirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati