بسم الله الرحمن الرحيم
الْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي هَدَانَا لِهَٰذَا وَمَا كُنَّا لِنَهْتَدِيَ لَوْلَا أَنْ هَدَانَا اللَّهُ
وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رسوله سَيِّدِنَا محمد وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أجمعين، أَمَّا بَعْدُ!
Muhtaram jamoat! Ma'lumki, aqida – inson hayotida odob-axloq, ibodat, oldi-berdi aloqalari va barcha ilmlardan muhimroq o'rin tutadi. Chunki inson Islomni qabul qilgandan so'ng, birinchi navbatda uning zimmasiga ibodatlarni o'rganishdan ham avval aqida ilmini o'rganish vojib bo'ladi. Shuning uchun ham Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Muoz ibn Jabal raziyallohu anhuni Yaman ahliga elchi qilib yuborayotganlarida:
﴿ فَلْيَكُنْ أوَّلَ ما تَدْعُوهُمْ إلى أنْ يُوَحِّدُوا اللَّهَ تَعَالَى، فَإِذَا عَرَفُوا ذلكَ، فأخْبِرْهُمْ أنَّ اللَّهَ قدْ فَرَضَ عليهم خَمْسَ صَلَوَاتٍ ﴾
(رواه الامام البخاري والامام الترمذي)
ya'ni: “Avvalo ularni Alloh taoloni bir deyishga chaqiring, qachon ular Allohni bir deb bilishsa, Alloh taolo ularga besh vaqt namozni farz qilganligini xabarini bering”, – deganlar (Imom Buxoriy va Imom Termiziy rivoyatlari).
Ushbu hadisi sharif aqidani naqadar ahamiyatli ekaniga dalolat qiladi. Chunki Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Yaman ahlini namoz o'qish va boshqa amallarni bajarishga buyurishdan avval, ularning aqidasini to'g'rilashga buyurdilar.
Alloh taolo Qur'oni karimning Muhammad surasida shunday marhamat qiladi:
فَاعْلَمْ أَنَّهُ لآ إِلَـٰهَ إِلاَّ اللَّهُ وَاسْتَغْفِرْ لِذَنْبِكَ وَلِلْمُؤْمِنِينَ وَالْمُؤْمِنَاتِ وَاللَّهُ يَعْلَمُ مُتَقَلَّبَكُمْ وَمَثْوَاكُم
ya'ni: “Bas, (ey, Muhammad!) Allohdan o'zga iloh yo'q ekanini biling va o'z gunohingiz uchun hamda mo'min va mo'minalar(ning gunohlari) uchun mag'firat so'rang! Alloh sizlarning (bu dunyodagi) kezadigan joylaringizni ham, (oxiratda) boradigan joylaringizni ham bilur” (19-oyat).
Ulamolarimiz mazkur oyati karimaning tafsirida shunday deydilar: “Ushbu oyatda Alloh taoloni yolg'iz ekanini bilishga bo'lgan buyruq istig'for aytishga bo'lgan buyruqdan oldin keltirilmoqda”. Bu esa Alloh taoloning yolg'izligini bilish, ya'ni to'g'ri e'tiqodni shakllantirish qanchalar ahamiyatli ekaniga ishoradir. Shu sababdan ham Imom Shofeiy rahimahulloh: “Fiqhdan oldin aqida ilmiga buyurildik”, – deganlar. Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh esa: “Aqidada bilimdon bo'lish fiqhiy ahkomlarda bilimdon bo'lishdan afzalroqdir”, – deganlar.
Muhtaram azizlar! Eng avvalo, qalbda aqida asoslari o'rnashmas ekan, shariat ahkomlarini bajarishdan foyda bo'lmaydi. Zero, ulug' mashoyixlarimizdan So'fi Olloyor aytganlaridek:
“Aqida bilmagan shaytona eldir,
Agar ming yil amal deb qilsa – eldir”.
Imom Abu Mansur Moturidiy rahmatullohi alayhning yo'nalishlariga ko'ra imon bu – til bilan iqror bo'lish va qalb ila tasdiqlashdir. Quyidagilarga imon keltirish vojib: 1. Alloh taologa; 2. Uning farishtalariga; 3. Kitoblariga; 4. Nabiylariga; 5. Oxirat kuniga; 6. Qadarning yaxshisi ham, yomoni ham Alloh taolodan ekaniga; 7. O'lgandan keyin qayta tirilish bor ekaniga.
Muhtaram jamoat! Turli ijtimoiy so'rovnomalardan hozirgi ayrim yoshlarimizning aqidaviy bilimi o'ta sayoz ekani ma'lum bo'lib qolmoqda. Imon-e'tiqod, o'tgan payg'ambarlar va nozil qilingan ilohiy kitoblar haqidagi oddiy savollarga ko'pchilik yoshlar javob bera olmayotgani juda achinarli holdir. Aslida bu bir paytlar ajdodlari butun dunyoga ahli sunna aqidasini ta'lim bergan xalqning bugungi kundagi avlodlariga yarashmaydi. Vaholanki, bularni bilishlik va haq deya e'tiqod qilishlik – har bir musulmonman degan kishining zimmasida farzi ayndir. Bu narsa barcha ota-onalarni tashvishga solishi kerak. Zero, farzandlarimizning imon-e'tiqodi borasida Oxiratda – Alloh taoloning huzurida mas'ulmiz! Alloh taolo har bir mo'minga xitob qilib, shunday buyurgan:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا قُوا أَنْفُسَكُمْ وَأَهْلِيكُمْ نَارًا وَقُودُهَا النَّاسُ وَالْحِجَارَةُ عَلَيْهَا مَلَائِكَةٌ غِلَاظٌ شِدَادٌ لَا يَعْصُونَ اللَّهَ مَا أَمَرَهُمْ وَيَفْعَلُونَ مَا يُؤْمَرُونَ
ya'ni: “Ey, imon keltirganlar! O'zlaringizni va oila a'zolaringizni yoqilg'isi odamlar va toshlar bo'lmish do'zaxdan saqlangizki, unda dag'al va qattiqqo'l, Alloh buyurgan narsaga itoatsizlik qilmaydigan, faqat buyurilgan ishni qiladigan farishtalar (xizmat qilurlar)” (Tahrim surasi 6-oyat).
Kishi o'zini va oila a'zolarini do'zaxdan saqlashi – eng avvalo sog'lom va mustahkam e'tiqod bilan bo'ladi. Alloh taologa shirk keltirgan yoki imonida shubhada bo'lgan kimsa Oxirat diyorida najot topolmaydi.
Shunday ekan, o'zimiz dinda bilishimiz va e'tiqod qilishimiz zarur bo'lgan ilmlarni o'rganib, farzandlarimiz va ahli oilamizga o'rgatishimiz lozim! Farzandlarimiz qalbida Islom aqidasini mustahkam singdirishimiz darkor! Mana shunda ularga turli xurujlar ta'sir qilolmaydi. Kelajak avlodimiz uchun xatarga aylanayotgan – missionerlik, dahriylik, besunnatlik (hadisni inkor qiluvchilar) kabi toifa tarafdorlarining qarashlari va shubhalari ularni yo'ldan ozdirolmaydi!
Hozirda aqidamizni o'rganish uchun barcha sharoitlar mavjud. Hususan Imom Moturidiy rahmatullohi alayh tartibga solgan – Ahli sunna val jamoa e'tiqodi bo'yicha ko'plab kitoblar yozildi, tarjimalar qilib, nashr etildi. Allohga hamdlar bo'lsinki, ushbu ishlar ulamolarimiz tomonidan izchil davom ettirilmoqda.
Qolaversa, O'zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan aqida ilmi bo'yicha yurtimizdagi ishonchli ulamolarning silsilaviy darslari ijtimoiy tarmoqlar orqali joylab borilmoqda. Bizga ushbu darslarni tinglash yoki yozilgan asarlarni oila davrasida o'rganishimiz qoldi xolos.
Muhtaram jamoat! Aqida ilmining asosi – Qur'oni karim va mutavotir darajasidagi hadisi shariflardir. Turli qissalar, hikoyalar va to'qima rivoyatlarning Islom aqidasiga mutlaqo daxli yo'q. Lekin hozirda ayrim ilmsiz kishilar tomonidan aynan mana shunday asli yo'q va to'qima qarash hamda tasavvurlardan o'zlariga aqida shakllantirib oladilar. Natijada turli xurofotlarga ishonib, imonlarini xatarga qo'yadilar.
Qolaversa, bugungi kunda ba'zan o'tganlarni qabrini ziyorat qilish asnosida qabrdagilardan yordam so'rash, qabrni tavof qilish, chiroq yoqish, daraxtlarga ip bog'lash kabi xurofotlarni bajarish holatlariga guvoh bo'lib qolamiz. Zero, bu kabi narsalarning dinimizga mutlaqo aloqasi yo'q. Dinimizga ko'ra, yaxshilik ham, yomonlik ham – faqat Alloh taolodandir! Shariatimizda bu kabi amallardan qaytarilgan. Aqidasi mustahkam inson bu kabi ishlardan uzoq bo'ladi.
Muhtaram jamoat! Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ummatlarining etmish uch firqaga bo'linib ketishi haqida xabar berib, shunday deganlar:
إِنَّ بَنِى إِسْرَائِيلَ تَفَرَّقَتْ عَلَى ثِنْتَيْنِ وَسَبْعِينَ مِلَّةً وَتَفْتَرِقُ أُمَّتِى عَلَى ثَلاَثٍ وَسَبْعِينَ مِلَّةً كُلُّهُمْ فِى النَّارِ إِلاَّ مِلَّةً وَاحِدَةً قَالُوا وَمَنْ هِىَ يَا رَسُولَ اللَّهِ قَالَ مَا أَنَا عَلَيْهِ وَأَصْحَابِى
(رَوَاهُ الامام التِّرْمِذِيُّ)
ya'ni: “Albatta Bani Isroil etmish ikki firqaga bo'linib ketganlar. Ummatim etmish uch firqaga bo'linadi, faqat bitta firqadan boshqa barchasi do'zaxda bo'ladi”, – dedilar. Shunda (sahobalar): Ey Allohning Rasuli, ular kim? – deyishdi. U Zot: “Mening va sahobalarimning yo'lida bo'lganlardir”, – dedilar” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Ushbu hadisi sharifda faqat bitta toifa to'g'ri yo'ldan og'ishmasdan najot topishlari xabari berilgan. Bu toifaning qanday sifatda bo'lishi haqida boshqa bir hadisi sharifda shunday deyilgan:
إِنَّ أُمَّتِي لاَ تَجْتَمِعُ عَلَى ضَلاَلَةٍ فَإِذَا رَأَيْتُمُ اخْتِلاَفًا فَعَلَيْكُمْ بِالسَّوَادِ الأَعْظَمِ
(رَوَاهُ الامام ابْنُ مَاجَةَ)
ya'ni: “Ummatim aslo zalolat ustida jamlanmaydi. Shuning uchun qachon ixtilof ko'rsalaringiz, “savodul a'zam”ni lozim tutinglar”, deyayotganlarini eshitdim” (Imom Ibn Moja rivoyatlari).
“Savodul a'zam” kalimasi “ulkan jamoat” ma'nosini bildiradi.
Islom ummatini hozirda va hozirga qadar jamlab kelgan katta jamoat – aynan Moturidiylar va Ash'ariylar hisoblanishadi. Bu Islom tarixidan barcha uchun ma'lum bo'lgan va inkor etib bo'lmaydigan haqiqatdir! Ushbu ikki buyuk ulamo aqida bobida Rasuli akram alayhissalom va sahobiyi kiromlar tutgan yo'lni keyingi ummatga etkazishgan. Shuning uchun ham haqli ravishda ularga nisbatan “Ahli sunnaning imomlari”, deya e'tirof etilgan. Aqoid ilmining mashhur olimlaridan biri Imom Hasan ibn Abi Azaba “Ravzatul bahiyya” kitoblarida: “Ahli sunna val jamoaning asosi ikki yirik olimga borib taqaladi: birlari – Imom Abul Hasan Ash'ariy bo'lsa, ikkinchilari – Imom Abu Mansur Moturidiydirlar. Ushbu ikki Imomdan qaysi biriga ergashgan kishi borki, aqidasidagi fasoddan, adashishdan salomat bo'libdi va hidoyat topibdi”, – deganlar.
Bugungi kunimizda musulmon kishini gunohi yoki ularning yanglish aqidasiga ergashmagani sababli, kofirga chiqaradigan, oyat va hadislarni yuzaki tushunib, Alloh taoloni bandalariga o'xshatadigan toifalar ham mavjud. Bu holatga ijtijoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan ma'lumotlar, S.Samarqandiy kabi ayrim shaxslarning targ'ibotlarida guvoh bo'lib turibmiz. Ulamolar ularni qadimdan “mushabbihalar” va “mujassimalar” deb ulardan ogohlantirganlar. Insonni kufrda ayblash haqida Alloh taolo Qur'oni karimda shunday degan:
لا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً
ya'ni: “Sizga salom bergan kimsaga, mo'min emassan, demanglar”
(Niso surasi 94-oyat).
Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshma-shosharlik bilan birovning mo'min emasligi haqida hukm chiqarib, ish ko'rishdan qaytarmoqda.
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam “La ilaha illalloh, Muhammadur rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadisi shariflarida bayon qilganlar. Jumladan: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bunday dedilar:
ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ
(رَواهُ الإمامُ مسلم عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رضي الله عنه)
ya'ni: “Uch narsa imonning aslidandir: “La ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli kofir demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Yana bir hadisi sharifda: “Kim mo'min kishini kofirga chiqarsa, uni o'ldirgandek gunohkor bo'ladi” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Shuningdek, hozirda yana ayrim toifalar qabr azobi, Qiyomatga yaqin dajjol chiqishi, Oxiratda amallar mezon (tarozi) bilan o'lchanishi haqidagi shar'iy dalillar va sahih hadislarni inkor qiladilar. Ularni avvalda mo''tazila firqasi inkor qilib, to'g'ri yo'ldan adashgan edi. Umuman olganda bu kabi firqalar va oqimlar Qiyomatgacha chiqib, inqirozga uchrab ketaveradi. Ahli sunna val-jamoa esa Qiyomatga qadar davom etadi. Bu haqda Savbon raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg'ambirimiz sallallohu alayhi vasallam:
لَا تَزَالُ طَائِفَةٌ مِنْ أُمَّتِي ظَاهِرِينَ عَلَى الْحَقِّ، لَا يَضُرُّهُمْ مَنْ خَذَلَهُمْ، حَتَّى يَأْتِيَ أَمْرُ اللهِ وَهُمْ كَذَلِكَ
(رَوَاهُ الامَامُ مُسْلِمٌ)
ya'ni: “Ummatimdan bir toifa haqda zohir bo'lgan hollarida davom etarlar, ularni tark qilgan kishi ularga zarar keltira olmas. Allohning amri kelgunicha ular o'sha holda bo'lurlar”, – deganlar (Imom Muslim rivoyatlari).
Muhtaram azizlar! Habaringiz bor, O'zbekiston musulmonlari idorasining muzey va kutubxona fondida Usmon Mushafi va Katta Langar Qur'oni sahifalari kabi qadimiy qo'lyozmalar saqlanadi. 2019 yil may oyida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga vaqt o'tishi bilan ta'mirtalab holatga kelib qolgan Katta Langar Qur'onining sahifalarini shoshilinch ravishda restavratsiyasi ishlarini boshlash zarurligi ma'lum qilindi.
Agentlik rahbariyati, xususan o'sha davrda direktor o'rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan Saida Shavkatovna Mirziyoeva vaziyatni joyiga borib o'rgandi.
Natijada, Frantsiyaning Luvr muzeyidan mutaxassislar jalb etildi. Ular boshchiligida yurtimizdagi restavratorlar va soha mutaxassislari bilan birgalikda O'zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasining restavratsiya laboratoriyasida 2019 yilning noyabr' oyidan 2021 yilning may oyiga qadar bitikni 3 bosqichda restavratsiya qilindi.
Dinimizga, muqaddas Kitobimizga munosib ehtirom ko'rsatayotgan insonlar, jumladan Katta Langar Qur'onini asrab-avaylash, sahifalarni tiklash ishlarida jonbozlik qilganlar haqqiga duo qilaylik! Alloh xizmatlarini qabul qilib, ko'plab ajru savoblar bersin!
Alloh taolo barchalarimizni O'zi rozi bo'lgan haq yo'lida bo'lishimizga muvaffaq etib, aqidada adashishdan, turli firqalarga bo'linishdan panohida asrasin! Omin!
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma'ruzasi “Silai rahm – qarindoshlik aloqalarini yaxshilash”mavzusida bo'ladi, inshaalloh.
Imom Sufyon ibn Sa’id Savriy rahmatullohi alayh o‘z zamonida hadis rivoyat qiluvchilarning ko‘payib ketganini zikr qilib, shunday degan: “Bir kemada bir nechta boshliq dengizchi bo‘lsa kema g‘arq bo‘ladi!”. Ayni shu gapni hozirgi kunda shariatning nomidan gapirib fatvo berib yurganlarga ham qarata aytsa bo‘ladi. Sahobalar – Alloh ulardan rozi bo‘lsin – Qur’oni karim nozil bo‘lish davriga hamasr bo‘lsalar ham, shariatni Rasuli akram sollallohu alayhi va sallamni shaxsan o‘zlaridan o‘rgangan bo‘lsalarda, shariat nomidan biron gap aytishga shoshilmaganlar. Ulardan biron masala so‘ralsa, xato gapirib qo‘yishdan qo‘rqib, o‘zlaridan ilmliroq bo‘lganlarga havola qilib yuborardilar. Sahih Muslimda rivoyat qilinadi: Bir kishi Zayd ibn Arqam roziyallohu anhudan masala so‘radi. U esa: “Buni Baro ibn Ozibdan so‘ragin”, dedi. Baro ibn Ozib esa: “Zayd ibn Arqamdan so‘ra”, degan ekan. Abu Muhammad Romahurmuziy “Al-Muhaddis al-fosil” kitobida Abdurrahmon ibn Abu Laylodan quyidagini rivoyat qiladi: “Men ushbu masjidda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bir yuz yigirmadan ortiq ansor sahobalar bilan ko‘rishganman. Ular Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning hadislarini rivoyat qilish mas’uliyatini bilganlari sababli o‘rniga boshqa kishi hadis aytib berishini istar edilar. Shunindek, ulardan birontasidan biron masala so‘ralsa, o‘rniga bu masalada boshqa ilmliroq kishi javob berishini hoxlardilar. Imom Sha’biydan bir kishi: “Agar sizlardan biron savol so‘ralsa qanday javob berardingizlar?”, deb so‘ragan ekan. Sha’biy rohmatullohu alayh: “Agar kimdir bizdan bir savol so‘rasa, biz yonimizdagi shergimizga, sen javob ber, deb havola qilar edik. Shu tariqa savol yana birinchi so‘ralgan kishiga qaytib kelar edi”, deb javob bergan ekanlar.
Agar salafi solihlar ilmni yashirib qo‘yish gunohidan qo‘rqmaganlarida edi, umuman fatvo berishga jur’at ham qilmagan bo‘lar edilar. Bu borada salaf ulamolardan juda ko‘p rivoyatlar bor. Ushbu rivoyatlar fatvo berish mas’uliyatidan naqadar ehtiyotkor bo‘lganlarini yaqqol ko‘rsatib beradi. Ammo bugungi kunda ahvol butunlay boshqacha, odamlar fatvo berishga oshiqadigan, mas’uliyatni o‘ylamay, bir-biri bilan birinchi bo‘lib savolga javob berishga musobaqalashadigan bo‘lib qoldilar. Shuningdek, mazhabsizlikni da’vo qiluvchi guruhlarning har bir mav’iza va nasihat majlisida ham aqida va fiqh masalalarida asossiz fatvolar ko‘p aytiladi. Ming afsuslar bo‘lsinki, hozirgi kunda oddiy bir haydovchi ham eng murakkab va chuqur masalalarda odamlarga fatvo berishdan tortinmaydi. “Men katta bobomdan eshitganlarim bor”, yoki “Uyimdagi eski kitoblardan o‘qib olganman”, deb halolni harom, haromni halol qilib qo‘yish holatlari juda ko‘p. Bu kabi shaxsiyatlar o‘qigan kitobidagi ma’lumotlar yoki eshitgan gaplari haqiqatga qanchalik mos, adashish va og‘ishlardan xoli ekani tekshirib o‘tirmaydilar ham. Aslida, bunday masalalarda hatto katta ulamolar ham xato qilib qo‘yishi mumkin, qolaversa, oddiy ustoz ko‘rmagan shaxsiyatlar haqida gapirmasak ham bo‘ladi. Eng xatarli tomoni shundaki, agar kitoblar ustozlarning nazoratisiz o‘qilsa, turli manbalardan chiqqan fatvolar bir masalada “shariat nomidan” biri halol, biri harom, biri to‘g‘ri, biri noto‘g‘ri, deb chiqarveradi. Bu esa birdam, xotirjam jamiyatning parchalanishiga, odamlarning shariatga nisbatan bee’tibor bo‘lib qolishiga olib keladi. Oqibatda, ummat qalbidan fatvoning hurmati, shariatning ulug‘vorligi va ulamolarning obro‘-e’tibori so‘nib boradi. Har kim o‘zicha fatvo beravirishi sababli odamlar orasida, masjid imomlari va yurt ulamolari haqida “Bularni faqat oylik oladigan paytidagina eshitamiz”, “Bularning barchasi haqni gapira olmaydilar”, degan gaplar keng tarqab qoldi. Aslida bu gaplarni tarqatganlarning maqsadi musulmonlar orasida nizo va fitna urug‘ini sochish, o‘z yurtining ulamolarining gapiga ishonmaydigan holatga olib kelib qo‘yishdir. Natijada musulmonlar birodar bo‘lib yelkadosh turish o‘rniga, o‘zaro janjallashib, bir-birini yomonlab, dushmanlashib ketadilar.
21 asr ijtimoiy tarmoq asri deb aytamiz. Musulmonlar diniy masalalarda javob olish uchun ijtimoiy tarmoqqa murojat qilishlari tabiiy. Hechkim, buni inkor ham qilolmaydi, qolaversa bu ishni man qilib qo‘yish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydigan ish. Lekin, aziz xalqimiz bilishi lozim bo‘lgan narsa shuki, ijtimoiy tarmoqlardan beriladigan aksar fatvo va savollarga javoblar O‘rta Osiyoda amalda bo‘lib turgan hanafiy mazhabiga tamoman zid bo‘ladi. Bu fatvolarda keltirilayotgan hadislar va shunga o‘xshash siz nomini birinchi marotaba eshitayotgan kitoblardan keltirilgan naqllar sizni aldab qo‘ymasin. Aslida esa bu fikr na biror sahobadan, na biror tobeindan, na salaf ulamolaridan hech biridan rivoyat qilinmagan bo‘ladi.
Ibn Umar raziyallohu anhuning fatvosi, hazrati Ali roziyallohu anhuning qozi sifatida chiqargan hukmi, Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan naqllar, Abu Zarr roziyallohu anhuning amali va Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhuning tutgan yo‘li ishonchli rivoyatlar bilan bizgacha yetib kelgan. Qolaversa, bularning barchasi sahobalar orasida e’tirozsiz qabul qilingan. Demak, sahobalarning barchasi ham o‘zlaricha ijtihod qilmaganlar, balki ichlaridagi eng ilmli kishilarga ergashganlar. Shuningdek, tobeinlar va ulardan keyingi avlod fuqaholarining ijmosi ham bor. Bu ijmo’ ularning fatvolari asosida tuzilgan manbalarda ochiq ko‘rinadi. Bu kabi manbalar sifatidan Abdurrazzoq, Vaki’ning va Ibn Abu Shaybaning “Musannaf”lari, Said ibn Mansurning, Bayhaqiyning “Sunan”lari, Ibn Abdulbarrning “Tamhid”i va “Istizkor”i kabi asarlarni ko‘rsatish mumkin. Bularning barchasi ushbu masalada sohta salafiy va bemazhablar tomonidan aytilgan shoz, ya’ni barchaga xilof gaplarni mutlaqo inkor qiladi. Bunday masala haqida ilm ahli bo‘lgan inson, yuqorida zikr etilgan manbalarga o‘xshash kitoblarni ko‘rmasdan turib, gapirishga haqli emas. Sahobalar va tobeinlarga nisbat beriladigan fikrlarning manbai aynan shu kabi kitoblardir. Kimki bu asarlarni ko‘rmasdan turib, biror fikrni sahoba yoki tobeinlarga nisbat bersa, u ilm ahli oldida uyatli holatga tushadi va ularning nazarida qadri tushadi. Bu esa qanday og‘ir oqibatlarga olib kelishini tushunish qiyin emas.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, biron masalada fikr bildirishdan ehtiyot bo‘ling. Unutmang ilm ota-bobolardan meros bo‘lib qolmaydi. Ilm kitoblardan, ustozlardan o‘rganiladi. Demak, yetti ajdodingiz ulamolar katta eshon bobolar bo‘lsa ham sizda biron masalada shariat nomidan gapirishga haqqingiz yo‘q. Qolaversa, oxiratining g‘ami bo‘lgan musulmon odam fatvo berishdan juda ehtiyot bo‘lishi kerak. Zero, xato aytilgan bir fatvoning oqibati jahannam bo‘lishi hech gap emas. Gapimizini Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan naqlni keltirib tugatamiz. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Sizlar orasida fatvo berishga eng jur’atli bo‘lganingiz — do‘zaxga kirishga ham eng jur’atli bo‘lganingizdir”. (Dorimiy rivoyati).
Mahmudjon Muxtorov
Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi