Amir Temur davrida Samarqandda faqat ikkita madrasa qurilgan edi. Ikkovi ham mo''jazgina va sulolaviy dahmalar bo'lib, bular Amir Temur majmuasidagi Muhammad Sulton hamda Saroymulk xonim madrasalaridir. Mirzo Ulug'bek davriga kelib, madrasalar ko'paydi, deb xabar bermoqda “Zarafshon” nashri.
Ulug'bek madrasasi me'morchilik asari sifatida Sharq obidalarining mumtoz namunasidir. HV asrda Registonda qurilgan barcha inshootlardan faqatgina Mirzo Ulug'bek madrasasi, bir muncha xaroba holida bo'lsa ham, bizgacha etib kelgan. Madrasa ikki qavatli bo'lib, 55 ta hujra va to'rt burchagida katta darsxonalar va ayvonlardan iborat.
Maxsus ta'lim olish uchun belgilangan hujralarda 2-3 tolibi ilm o'qigan va yashagan. Har bir xona o'qish, yashash va alohida qismida kerakli narsalarni saqlash vazifasini bajargan. Darsxonalarda alohida guruhlar uchun fan mashg'ulotlari o'tkazilgan. Ayvonlar yozgi darsxona vazifasini bajargan. G'arb tarafdagi ikki darsxona o'rtasida masjid joylashgan. Uning darsxonasi hamda hovli bilan bog'lovchi ikkita eshigi bo'lgan.
Madrasa baland peshtoqlidir. Uning yon tomon devorlari yirik handasaviy naqshlar bilan bezatilgan. Umuman olganda, madrasa naqshlarga boy, ajoyib o'ziga xos ko'rinishga ega. Oddiy g'isht bilan bezakli g'ishtlarning birga qo'shib ishlatilishi, koshinburish va marmar o'ymakorligi namunalari yaxlit badiiylikni tashkil qiladi.
Naqshlardagi rang-barang, yulduzsimon tasvirlar va suls xatida bitilgan muqaddas Qur'ondan keltirilgan oyatlarning o'zi ham Mirzo Ulug'bekning buyuk donishmand olim ekanligiga ishoradir. Madrasaning to'rt burchagidagi baland minoralar binoni yana ham ko'rkam va salobatli qilib ko'rsatib turibdi.
Ulug'bek qurdirgan ushbu madrasa o'z davrining ilg'or, barcha sharoitlarga ega mukammal oliy o'quv yurti bo'lib, Sharqdagi birinchi dorilfunun va keng imkoniyatlarga ega ilmiy muassasa sifatida katta shuhrat qozondi. Shu bilan birga butun dunyoda Ulug'bek akademiyasi sifatida mashhur bo'ldi.
Ulug'bek madrasasi haqida Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma” asarida quyidagi ma'lumotlarni yozib qoldirgan: “Ulug'bek Mirzoning imoratlaridin Samarqand qal'asining ichida madrasa va xonaqohdur. Honaqohning gumbazi bisyor ulug' gumbazdur, olamda oncha ulug' gumbaz yo'q deb nishon berurlar. Yana ushbu madrasa va xonakohga yovuq bir yaxshi hammom solibtur, Mirzo hammomig'a mashhurdur, har nav' toshlardin farshlar qilibdur. Huroson va Samarkandda oncha hammom ma'lum emaskim, bo'lgay”, deb yozadi.
Mirzo Ulug'bekning Samarqandda barpo etgan madrasasi va unda o'sha davrdagi ilmga bo'lgan munosabat mavjud manbalarda qanchalik ulug'lansa, vaqt o'tishi bilan madrasaning faoliyati cheklanib qolganligi keyingi tarixchilarning asarlarida qayd etiladi.
V.L.V'yatkinning shaxsiy kollektsiyasida ro'yxatga olingan Sayyid Rahim ismli tarixchi quyidagilarni yozib qoldirgan: «Imoratning balandligi osmon qadar, uning og'irligidan zamin titraydi. Imoratning to'rtta gumbazi binoning to'rt tomonida qad ko'targan va kumush bilan qoplangan. Ushbu baland madrasa 2 qavatdan iborat. Har bir qavatda ikki talabaga mo'ljallangan hujralar mavjud. Hozir (1701-1702 y.y.)da madrasada ahli ilmlardan bir zot yo'q, faqatgina to'rtta baland gumbaz titragan ko'zlari bilan ma'yus boqadi”, deb, afsus bilan madrasa faoliyatini to'xtab qolganligini aytadi.
Samarqanddagi Ulug'bek madrasasi HV-HVII asrlarda gavjum ilm dargohi bo'lgan. HVIII asr boshlaridan so'nggi ashtarxoniylar davriga kelib, tanazzulga yuz tutgan va madrasa sifatidagi faoliyatini bir muddatga to'xtatgan.
Manbalardan ma'lum bo'lishicha, Buxoro amiri Haydar davriga kelib ilm-fan sohasiga bo'lgan e'tibor yana jonlangan. Ulug'bek madrasasining ham faoliyati tiklangan.
Asliddin Safarov,
Registon ansambli gid ekskursovodi.
Turkiyaning nufuzli tahlil markazi ANKASAM (Ankara Kriz ve Siyaset Araştırmaları Merkezi) mamlakatimizda vijdon erkinligini ta’minlash, diniy ta’limni takomillashtirish, islom merosini ilmiy asosda o‘rganish va jahonga tanitishga qaratilgan keng qamrovli ishlarga yuqori baho berdi.
Turkiyaning nufuzli tahlil markazi ANKASAM (Ankara Kriz ve Siyaset Araştırmaları Merkezi) O‘zbekistonda so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan tahliliy maqola e’lon qildi.
“Yangi O‘zbekiston: Diniy sohadagi islohotlarning muvaffaqiyat formulasi” deb nomlangan ushbu tahliliy maqolada mamlakatimizda vijdon erkinligini ta’minlash, diniy ta’limni takomillashtirish, islom merosini ilmiy asosda o‘rganish va jahonga tanitishga qaratilgan keng qamrovli ishlarga yuqori baho berilgan.
ANKASAMga ko‘ra, O‘zbekistonda qabul qilingan yangi siyosat va inson qadrini ustuvor qiymat sifatida belgilagan yondashuv so‘nggi yetti yilda diniy sohada chuqur, tizimli islohotlarni amalga oshirishga poydevor bo‘ldi. Xususan, tahlilchilarning tomonidan davlat va din munosabatlarini demokratiya va ma’rifat asosida qayta yo‘lga qo‘yish, diniy ta’lim muassasalarini xalqaro andozalarga mos ravishda rivojlantirish, ilm-fan va ma’rifatni islom dini bilan uyg‘unlashtirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar e’tirof etilgan.
Maqolada ayni paytda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi, Mir Arab oliy madrasasi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi kabi muassasalarning faoliyati, ular orqali islom dinining haqiqiy insonparvarlik va ma’rifiy mohiyati keng yoritilayotgani ta’kidlangan. Ushbu markazlar faqat diniy emas, balki ilmiy-tadqiqot, madaniy-tarixiy merosni saqlash va ommalashtirish vazifasini ham bajarmoqda.
ANKASAM tahliliga ko‘ra, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy islohotlarning muvaffaqiyati – bu siyosiy iroda, strategiyali yondashuv, ilmiy asos va xalqaro hamkorlikni o‘zida uyg‘unlashtirgan modeldir. Shu jihatdan, O‘zbekiston tajribasi mintaqa davlatlari va islom olami uchun o‘rganishga arziydigan namunalardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
ANKASAM kabi xalqaro nufuzga ega tahlil markazlari tomonidan bu kabi tahliliy maqolalar e’lon qilinishi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning ochiqligi, xalqaro standartlarga mosligi va jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.