Boshqirdiston Respublikasi Burayevo qishlog'ida qurilishi 107 yil oldin – 1914 yilda boshlangan masjid ochildi, deb xabar bermoqda mynamaz.ru.
Mahalliy tatar savdogari Sharafutdin Hamitov 1914 yilda "Tarixiy masjidi"ni qurishga kirishdi. Faqat tom va minoralarni tugatish qoldi, lekin quloqlashtirish va tazyiq ostiga tushmaslik uchun savdogar va uning oilasi o'z ona yurtlarini tark etib, Hitoyga yo'l oldi. Burayevoning ettinchi jome masjidi o'shanda ochilmay qoldi. Inqilobdan keyin masjid binosi don ombori, kutubxona, klub va kinoteatr sifatida ishlatilgan. 2000 yillar boshida binoni buzib, uning o'rnida ko'ngilochar savdo markazini qurmoqchi bo'lishgan, biroq mahalliy aholi masjid binosini himoya qila olgan. Unga tarix va madaniyat yodgorligi maqomi berildi va 2003 yilda masjid barpo etishga kirishildi.
"Masjid qurilishi 1914 yilda boshlangan, ammo to'xtatilgan. Bino sotsializm davrida ham xalqqa xizmat qilgan. Turli vaqtlarda klub, kutubxona va kinoteatr sifatida ishlatib kelindi. Qodir Alloh bu joyni qaytarib, masjid qila olamizmi yoki yo'qmi deya bizning xalqimizni sinovdan o'tkazdi", - deydi Boshqirdiston Respublikasi Burayev tumani imom-muhtasibi Rifat Zaripov masjidning ochilish marosimida.
Boshqirdiston muftiysi Aynur Birgalin esa 1906 yilda Burayevoda oltita masjid va to'rtta madrasa bo'lganini eslatdi.
Masjidning ochilish marosimida Rossiya Federatsiyasi Musulmonlari diniy idorasi raisining muovini Rushan Abbyasov, Saratov viloyati muftiysi Muqaddas Bibarsov, Penza viloyati muftiysi Islyam Dashkin, Ul'yanovsk viloyati muftiysi Muhammad Baybikov, Boshqirdiston muftiysi Aynur Birgalin va uning birinchi o'rinbosari Ayup Bibarsov, Bosh Kazy, Tatariston Respublikasi bosh qozisi Jalil Fazliyev, Boshqirdiston Respublikasi rahbari maslahatchisi Ruslan Karamishev, Burayev tuman ma'muriyati rahbar o'rinbosari Marat Axunov va boshqa faxriy mehmonlar ishtirok etishdi.
Bu erda tarixiy masjid binosining o'zini qayta tiklash bilan bir qatorda obodonlashtirish ishlari olib borildi, jamoat joyi uchun zarur bo'lgan barcha turdagi ishlar amalga oshirildi. Masjid qoshida maktab ham ochilgan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Vatanimiz mustaqilligining 35 yillik bayrami arafasida Buxoro viloyatida jamiyatda milliy-diniy qadriyatlarni mustahkamlash, el-yurt ma’naviyati va osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan diniy-ma’rifiy soha xodimlarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbarining tegishli farmonlariga muvofiq, diniy sohada samarali faoliyat yuritib kelayotgan bir guruh soha xodimlari yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlandilar. Marosimda Buxoro viloyati hokimining o‘rinbosari Azizbek Qalandarov ishtirok etib, yig‘ilganlarni qutlug‘ ayyom bilan samimiy qutladi va davlat mukofotlarini o‘z egalariga tantanali ravishda topshirdi.
Shuningdek, bayram munosabati bilan viloyat hokimligi tashabbusi asosida soha fidoyilariga maxsus vaucherlar taqdim etildi. Tadbirda so‘z olganlar davlatimiz tomonidan ma’naviy-ma’rifiy soha xodimlariga qaratilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik bildirdilar.
Bundan tashqari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Jobir domla Elov tomonidan viloyat vakilligi tasarrufida samarali xizmat ko‘rsatib kelayotgan bir guruh diniy soha xodimlariga tashakkurnomalar topshirildi.
Ko‘tarinki ruhda o‘tgan marosimlarda bunday yuksak e’tibor va ehtirom soha fidoyilarini el-yurt farovonligi va dinimiz sofligini targ‘ib etish yo‘lidagi xayrli faoliyatga yanada kuch-g‘ayrat bilan kirishishga ruhlantirishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati