O'tgan haftada diniy-ma'rifiy sohada ro'y bergan muhim xabarlarning qisqacha tafsiloti
Ushbu sonda "Imom-domlalar uchun maxsus tajvid darslari davom etmoqda", "Afrikadagi aholiga Qur'oni karim hadya qilindi", "Muftiy Shayx hazratlari juma namoziga “Ibrohimboy Orifjonboy” jome masjidiga tashrif buyurdilar" kabi sarlavhalardagi yangiliklardan xabardor bo'lishingiz mumkin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Istanbul shahrining Arnautko‘y tumanida joylashgan “Kolyon Xolding” qurilish kompaniyasida faoliyat yuritayotgan 150 nafarga yaqin o‘zbekistonlik ishchi-xizmatchilar bilan ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi.
Xizmat safari bilan Turkiyada bo‘lib turgan Namangan viloyat bosh imom-xatibining birinchi o‘rinbosari Obidxon domla Ikramov va Qarshi shahridagi “Aralovul” jome masjidi imom-xatibi Odiljon domla Jabborov yurtdoshlarimiz bilan «Islomda odob va axloq» hamda «Vatanga muhabbat» mavzularida samimiy suhbat qurdi.
Muloqot chog‘ida islom dinida go‘zal xulq, kattalarga hurmat, halol mehnat va mehr-oqibat kabi ezgu fazilatlarning ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, musofir yurtda yurgan vatandoshlar uchun yurt sha’nini munosib saqlash, qonun-qoidalarga qat’iy amal qilish hamda Vatan qadrini teran anglash lozimligi ta’kidlandi.
Samimiy ruhda kechgan tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati