Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Iyul, 2025   |   13 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:15
Quyosh
04:58
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:02
Xufton
21:37
Bismillah
08 Iyul, 2025, 13 Muharram, 1447

28.05.2021 y. Islomda vatanparvarlik tushunchasi

25.05.2021   5565   16 min.
28.05.2021 y. Islomda vatanparvarlik tushunchasi

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ للهِ وَكَفَى، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ الْمُصْطَفَى، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أجْمَعِينَ، أَمَّا بَعْدُ.

ISLOMDA VATANPARVARLIK TUShUNChASI

Muhtaram jamoat! Islomda Vatanga muhabbat bu – tug'ilib o'sgan yurtini e'zozlash, uning ravnaqi uchun bor imkoniyatini sarf qilishdir! Musulmon kishi Vatanini sevadi! Uning iqboli uchun harakat qiladi, uni himoya qiladi, xursand bo'lsa – xursand, xafalik etsa – qayg'uradi.

Shuning uchun ham kishi o'z yurtidan uzoqlashganda, uni qumsaydi va sog'inadi. Islom tarixidan ma'lumki, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o'z vatanlari  Makkai mukarramani yaxshi ko'rar edilar.  U Zot yolg'iz Allohga imon keltirishga da'vat qila boshlaganlaridan so'ng Makka mushriklarining zulmlari haddan oshib, Rasulullohning jonlariga qasd qilish darajasiga borganlaridan so'ngina Allohning buyrug'iga binoan, Makkadan chiqib ketishga majbur bo'ldilar. Chiqish vaqti kelganida, ko'zlariga yosh oldilar, ko'ngillari bo'shab, Makkaga qarab shunday dedilar:

﴿مَا أَطْيَبَكِ مِنْ بَلَدٍ، وَأَحَبَّكِ إِلَيَّ! وَلَوْلاَ أَنَّ قَوْمِي أَخْرَجُونِيْ مِنْكِ مَا سَكَنْتُ غَيْرَكِ

(رواه الإمامُ الترمذي عَنْ عَبْدِ اللهِ بن عباسٍ رضي الله عنهما).

ya'ni:(Ey Makka),sendan ko'ra menga sevimliroq va suyukliroq shahar yo'q! Agar qavmim meni sendan chiqarmaganida, aslo sendan boshqa joyni makon tutmasdim”  (Imom Termiziy rivoyatlari).

Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Makkadan uzoqlashganlari sari unga bo'lgan ishtiyoqlari ziyodalashib borardi. Shunda Alloh taolo Rasulullohning ko'ngillarini ko'tarib, Makkaga qaytib kelishlarini bashoratini berib, Qur'oni karimdagi quyidagi oyati karimani nozil qildi:

  إِنَّ الَّذِي فَرَضَ عَلَيْكَ الْقُرْآَنَ لَرَادُّكَ إِلَى مَعَادٍ ...

ya'ni:(Ey, Muhammad!) Albatta, Sizga (ushbu) Qur'onni farz qilgan zot, shak-shubhasiz, Sizni qaytish joyiga (Makkaga) qaytaruvchidir...” (Qasos surasi 85-oyat).

Shundan keyin Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam xotirjam safarlarini davom ettirdilar.

Insonning o'z Vatani oldida bir necha vazifalari bo'lib, ularning eng muhimlari uchtadir:

  1. Vatanning haqqiga duo qilish. Chunki payg'ambarlar o'z vatanlari haqqiga duo qilganlar. Masalan, “Payg'ambarlarning otasi” Ibrohim xalilulloh o'z vatanlari bo'lmish Makkai mukarrama haqiga Qur'oni karimda duo qilganlari bayon qilingan:

 وَإِذْ قَالَ إِبْرَاهِيمُ رَبِّ اجْعَلْ هَذَا بَلَدًا آَمِنًا وَارْزُقْ أَهْلَهُ مِنَ الثَّمَرَاتِ مَنْ آَمَنَ مِنْهُمْ بِاللَّهِ وَالْيَوْمِ الْآَخِرِ قَالَ وَمَنْ كَفَرَ فَأُمَتِّعُهُ قَلِيلًا ثُمَّ أَضْطَرُّهُ إِلَى عَذَابِ النَّارِ وَبِئْسَ الْمَصِيرُ

ya'ni: “Eslang, Ibrohim: “Ey, Rabbim, buni (Makkani) tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilariga (turli) mevalardan rizq qilib bergin!”, – deganida, Alloh: “(Ulardan) kofir bo'lganlarini esa, biroz rizqlantirib, so'ngra do'zax azobiga mubtalo eturman. Bu o'ta yomon oqibatdir”,dedi” (Baqara surasi 126-oyat).

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ham Madinai munavvaraga borganlarida, uning haqqiga quyidagicha duo qildilar:

﴿اللَّهُمَّ حَبِّبْ إلَيْنَا المَدِينَةَ كَحُبِّنَا مَكَّةَ أوْ أشَدَّ، اللَّهُمَّ بَارِكْ لَنَا في صَاعِنَا وفي مُدِّنَا...

(رواه الإمامُ البخاري والإمام مسلم عن عائشة رضي الله عنها).

ya'ni: “Ey Alloh! Madinani bizga Makkani suyganimizdek yoki undanda ziyodaroq suyukli qilgin! Va uni toshu tarozusiga – so'u muddiga barakot bergin!” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

Ko'rinib turibdiki, payg'ambar alayhissalomlar yashab turgan yurtlariga tinchlik va rizq so'radilar. Zero bu ikki ne'mat – Vatan farovonligi omillaridandir! U ikkisi yoki biri topilmasa, baxt saodat yo'qoladi.

  1. Vatan obodligi uchun moddiy va ma'naviy hissa qo'shish. Bu haqda Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qildi:

 هُوَ أَنْشَأَكُمْ مِنَ الْأَرْضِ وَاسْتَعْمَرَكُمْ فِيهَا

ya'ni: “U (Alloh) sizlarni erdan paydo qilib, sizlarni uni obod etuvchi etdi(Hud surasi 61-oyat). Demak, inson er yuzini, xususan yashab turgan yurtini, o'z Vatanini obod qilishi – uning burchi hisoblanadi.

Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

﴿إِنْ قَامَتِ السَّاعَةُ وَفِي يَدِ أَحَدِكُمْ فَسِيلَةٌ، فَإِنِ اسْتَطَاعَ أَنْ لاَ تَقُومَ السَّاعَةُ حَتَّى يَغْرِسَهَا، فَلْيَغْرِسْها

  (رواه الإمام البخاري عَنْ أَنَسٍ بْنِ مَالِكٍ رَضِيَ الله عَنْهُ)

ya'ni: “Qiyomat qoim bo'lib qolsa-yu, biringizning qo'lida ko'chat bo'lsa, u qoim bo'lgunicha ekishga ulgursa, ekib qo'ysin” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Hadisi sharifda inson o'z hayotining oxirgi lahzasini ham g'animat bilib, yashab turgan joyini obod qilish, uni gullab-yashnatishga targ'ib qilinmoqda.

  1. Vatanda fasod va buzg'unchilik ishlari bilan mashg'ul bo'lmaslik. Bu haqda Qur'oni karimda shunday marhamat qilinadi:

 وَلَا تُفْسِدُوا فِي الْأَرْضِ بَعْدَ إِصْلَاحِهَا وَادْعُوهُ خَوْفًا وَطَمَعًا إِنَّ رَحْمَةَ اللَّهِ قَرِيبٌ مِنَ الْمُحْسِنِينَ

ya'ni: “Yerni (Alloh xayrli ishlarga) yaroqli qilib qo'ygandan keyin (unda) buzg'unchilik qilmangiz! Unga (Allohga) ham qo'rqinch va ham umid bilan duo qilingiz! Allohning rahmati ezgu ish qiluvchilarga yaqindir” (A'rof surasi 56-oyat).

Har bir shaxs o'zi yashab turgan joyini ardoqlab, uni himoya qilishi – o'z joni, moli, ota-onasi va farzandlarini himoya qilish hisoblanadi. Bu ish ulkan savob ekani haqida Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

﴿مَنْ قُتِلَ دُونَ مَالِهِ فَهُوَ شَهِيدٌ وَمَنْ قُتِلَ دُونَ نَفْسِهِ فَهُوَ شَهِيدٌ وَمَنْ قُتِلَ دُونَ دِينِهِ فَهُوَ شَهِيدٌ وَمَنْ قُتِلَ دُونَ أَهْلِهِ فَهُوَ شَهِيدٌ (رواه الإمام الترمذى عن سعيد بن زيد رضي الله عنه).

 ya'ni: “Moli, joni, dini va ahli ayolini himoya qilish yo'lida halok bo'lgan kishi shahidlik maqomini topadi” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Kishi Vataniga xiyonat qilishi, undagi ota-onasi, farzandlari va xalqining qadriga etmasligi, ularni o'ylamasdan Vatanga qarshi qurol ko'tarishi – islomdagi eng og'ir gunoh va juda katta jinoyatdir!

Vatanni sevishimizga bir qancha sabablar bor. Jumladan, Alloh taolo taqdirimizni shu erga bitdi. Shu Vatanda tug'ilib o'sdik, tarbiya topdik. Bu Vatanda eng sevimli qarindoshlarimiz, yaqinlarimiz yashashadi. Buning ziyodasiga bu zaminni son-sanoqsiz ulug' zotlar, Allohning do'stlari vatan tutishgan.

Afsuski, ayrim Vatan qadriga etmagan kimsalar, go'yoki “hijrat qilish farz” degan soxta da'volarni qilib, oilasi bag'rida tinch, osuda hayot kechirayotgan musulmonlarni o'zga yurtlarga chiqib ketishga da'vat qilmoqda. Ammo bugungi kunda turli siyosiy kuchlarning qo'lida qo'g'irchoq bo'layotganlar dunyoning notinchlik hukm surgan va o'zlari qo'nim topgan mintaqalariga taassubga berilgan shaxslarni bir joyga jamlash va shu orqali xomiylarining rejalashtirilgan siyosiy maqsadlari yo'lida harakatlanishmoqda.

Hususan, ular ilm-ma'rifatdan yiroq, johil kimsalarni o'z atroflariga to'plashga intilib, islom diyori bo'lgan, azon aytiladigan, juma va hayit namozlari bemalol o'qiladigan, xullas, islomning besh arkonlari emin-erkin ado etilib, musulmonchilik amalda bo'lgan va o'zlari tinchlik-xotirjamlikda hayot kechirayotgan vatanlarini tark etishga targ'ib qilmoqdalar.

Buning oqibatlari esa hammamizga ayon. Shunday ekan, har birimiz Vatanimiz tinchligini qadriga etib, uning obodligi va rivojlanishi yo'lida o'z hissamizni qo'shishimiz, kundan-kunga ko'payib borayotgan islohot va yutuqlariga shukr qilib, har xil yovuz niyatdagi kimsalardan uni ko'z qorachig'imizdek asrab-avaylashimiz, Vatan ravnaqi yo'lida xizmat qilayotgan rahbar va yurtdoshlarimizning haqlariga duolar qilib, ibodatlarimizni o'z vaqtida bajarib, umrguzaronlik qilishimiz maqsadga muvofiqdir.

Azizlar! Shuni ham ta'kidlash kerakki, inson o'zi tug'ilib o'sgan vatanini qadriga etishi, haqqiga duo qilishi va obodligiga hissa qo'shishi bilan birga birinchi vatani bo'lmish – jannatga borish sabab va omillarini bajarib, ularni unutmasligi zarur. Chunki Mulla Ali Qori rahmatullohi alayh o'zlarining “Mirqotul mafotih” kitoblarida: “Insonning birinchi vatani jannat” deganlar. Zero, Odam alayhissalom va Havvo onamiz birinchi jannatda yashaganlar va undan ma'lum sabablarga ko'ra tushurilganlar.

Demak, biz hayotimiz davomida dunyodagi Vatanimizni obod qilish bilan birga, oxiratdagi vatanimizga ham zaxira qilib borishimiz darkor. Ulamolarimiz aytadilarki, kishi quyidagi amallarni qilishi bilan jannatga kirishi mumkin:

  1. Yaxshi va solih amallarni qilish jannatga kirishga sababdir. Bu haqda Alloh taolo Qur'oni karimda shunday degan:

 وَالَّذِينَ آَمَنُوا وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ أُولَئِكَ أَصْحَابُ الْجَنَّةِ هُمْ فِيهَا خَالِدُونَ 

ya'ni: “Imon keltirib, solih amallarni qilganlar esa, aynan ular jannat ahlidirlar va ular u erda abadiy qoluvchilardir” (Baqara surasi 82-oyat).

  1. Rostgo'ylik va birovning haqqidan hazar qilish jannatga kirishga sababdir. Bu haqda Alloh taolo Qur'oni karimda shunday degan:

 قَالَ اللَّهُ هَذَا يَوْمُ يَنْفَعُ الصَّادِقِينَ صِدْقُهُمْ لَهُمْ جَنَّاتٌ تَجْرِي مِنْ تَحْتِهَا الْأَنْهَارُ خَالِدِينَ فِيهَا أَبَدًا  

ya'ni: “Alloh dedi: “Bu kun sodiq (mo'min)larga sodiqligi foyda beradigan kundir”. Ular uchun ostidan anhorlar oqib turadigan jannat bog'lari bordir.(Ular) u erda abadiy bo'lurlar” (Moida surasi 119-oyat).

  1. O'zgalar bilan chiroyli muomala va husni xulqli bo'lish jannatga kirishga sababdir. Kishini jannatga kirishiga eng ko'p sabab bo'ladigan narsa haqida Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallamdan so'ralganda, O' Zot bunday dedilar:

﴿تَقوى الله، وحُسن الخُلق) رواه الإمام الترمذي (

ya'ni: “Allohdan qo'rqish va husni xulq – kishini jannatga kirishiga sababdir”(Imom Termiziy rivoyatlari).

  1. Bilib-bilmasdan qilgan gunohlariga tavba qilishjannatga kirishga sababdir. Bu haqda Alloh taolo Qur'oni karimda shunday degan:

 إِلَّا مَنْ تَابَ وَآَمَنَ وَعَمِلَ صَالِحًا فَأُولَئِكَ يَدْخُلُونَ الْجَنَّةَ وَلَا يُظْلَمُونَ شَيْئًا

ya'ni: “Illo, imon keltirib, ezgu ishlarni qilgan zotlargina (bundan mustasnodir). Bas, ular jannatga kirurlar va ularga biror narsada nohaqlik qilinmas” (Maryam survasi 60-oyat).

  1. Imkon qadar tilimizni zikru tasbihlar bilan mashg'ul qilishimiz jannatga kirishga sababdir. Bu haqda Ibn Mas'ud raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Isro kechasi Ibrohim alayhissalomga yo'liqdim. U zot: “Ey Muhammad, ummatingizga mendan salom ayting va jannatning tuprog'i pok, suvi shirin va o'zi tekis, o'simligi “Subhanallohi valhamdu lillahi va laa ilaha illallohu vallohu akbar” ekanini ularga xabar bering”, dedilar”(Imom Termiziy rivoyatlari).

Alloh taolo barchamizni jannat ahllaridan aylab, tug'ilib o'sgan aziz va mo''tabar Vatanimizni bundanda farovon, osmonini musaffo qilib, xalqimizni tinch va osuda aylab, ikki dunyo saodatiga musharraf aylasin! Omin!

 

 

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma'ruzasi “Farzand  tarbiyasi, yoshlarning e'tiborini ilm-ma'rifatga qaratish”mavzusida bo'ladi, inshaalloh.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Siz mendan yaxshiroqsiz

04.07.2025   4596   3 min.
Siz mendan yaxshiroqsiz

Biror kishi bilan tortishib qolib, u bilan aloqani uzib yubormoqchi bo‘lsangiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “U ikkisining eng yaxshisi “Salom” bilan gaplashishni boshlab yuborganidir”[1] degan so‘zlarini yodga oling.

Husayn roziyallohu anhu bilan u kishining ota bir ukasi Muhammad ibnul Hanafiyning orasidagi munosabatlarga dars ketadi. Bo‘lib o‘tgan ishga ikki kun o‘tmay Ibnul Hanafiy Husayn roziyallohu anhuga maktub yuboradi. Maktubda shunday deb yozilgan edi: “Bizning otamiz bir. Bu borada birortamiz boshqamizga faxrlanmaymiz. Ammo sizning onangiz Fotima roziyallohu anhodir, sizning onangiz qayoqda-yu, mening onam qayoqda. Sizni Rasulullohning o‘zlari katta qilgan va tarbiyalaganlar, men esa bundayin buyuk martabadan ancha pastdaman. Ushbu maktubim sizga yetib borishi bilan darhol men tomonga shoshiling va orani isloh qiling. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “U ikkisining eng yaxshisi “Salom” bilan gaplashishni boshlab yuborganidir”, deganlar. Siz mendan yaxshiroqsiz. Aytadigan gapim shu”.

Birodarini ustun qo‘yishning ulkan ko‘rinishiga e’tibor bering. Ibnul Hanafiyning Husayn roziyallohu anhudan avval bu savobga erishishi mumkin edi. Lekin u kishi birodari Husayn roziyallohu anhuni o‘zidan ustun ko‘rdi. Husayn roziyallohu anhuning u kishidan ko‘ra yaxshiroq ekanini eslatdi, bu ishi esa u zotning o‘rtani isloh qilishga bo‘lgan g‘ayrati va himmatini qo‘zg‘ash uchun edi. Chunki yaxshilar doim yaxshilik sari intiladilar.

Va’da qilingan ajr jannat bo‘lsa, boshqalarni o‘zidan ustun qo‘yish odamlar orasida juda kam uchraydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari dushmanga qarshi jang bobida musobaqalashar edi, hatto ota-bolalar o‘rtasida ham shu kabi holat kuzatilardi. Masalan, ota-bolaning har ikkisi birvarakayiga jangga borish imkoni bo‘lmasa qur’a tashlashardi, qur’a bolaga chiqsa, otasi unga: “Men chiqay, bolam, sen qolaver, axir otangman-ku. Meni o‘zingdan ustun qo‘y”, der edi, bunga javob berar ekan o‘g‘ilning ko‘zlari yoshga to‘lib: “Otajon, uning mukofoti jannat-da... Agarda jannatdan boshqa narsa bo‘lganida ham, Xudo haqqi, sizni o‘tkazib yuborardim”, derdi.

Shubhasiz, siz ham barcha musulmonlarning jannatga kirishlarini orzu qilasiz. Biroq jannat musobaqasi kuchayib ketganida, u faqatgina eng g‘ayratli va unga eng ishtiyoqmandlargagina nasib etadi. Odamlarga  yaxshilikni ilining, faqat o‘zingizni o‘ylayvermang!

Shoir Abul A’lo Ma’arriy bunday satrlarni yozgan ekan:

Abadiy qolmoq imkoni bo‘lsa gar so‘qqabosh holim,
Boqiy qolish istagin suymadim yolg‘iz o‘zim.
Menga ham, yerimga ham yog‘masin yomg‘ir,
Modomiki qamrab olmas ekan butun qavmim.

Xudbinlik (egoizm) sizning ustingizdan hukmronlik qilishiga hech ham imkon bermang! Doimo Alloh taolodan barcha musulmonlarga yaxshilik va xayr-baraka so‘rab duo qiling va shu jumlalarni ham ayting: “Ey Yaratgan Zot! Mening duolarim orasiga barcha musulmonlarni ham qo‘shib qo‘y”.

Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Imom Buxoriy rivoyati.