FARIShTALAR HAYo QILGAN INSON
37- وَذُو النُّورَينِ حَقًّا كَانَ خَيْرًا مِنَ الْكَرَّارِ فِي صَفِّ الْقِتَالِ
Ma'nolar tarjimasi:
Zunnuroyn (roziyallohu anhu), darhaqiqat, urush saflaridagi Qaytmas botir (roziyallohu anhu)dan afzalroq bo'lgan.
Nazmiy bayoni:
Albatta, Zunnuroyn a'loroq bo'lgan,
Urush saflarida qaytmas Botirdan.
Lug'atlar izohi:
النُّورَينِ ذُو – mubtado.
حَقًّا – mahzuf fe'lning maf'uli mutlaqi. Taqdirida أَحُقُّ fe'li bor.
كَانَ – xabar.
خَيْرًا – noqis fe'lning xabari. Bu kalima, aslida, اَخْيَرُ ismi tafzilning hamzasi hazf qilingan shaklidir.
مِنْ – “ta'liliya” (izohlash) ma'nosida kelgan jor harfi.
الْكَرَّارِ – jor majrur كَانَ ga mutaalliq. Lug'aviy jihatdan jang maydonida o'ta hujumkor ma'nosiga to'g'ri keladi.
فِي – zarfiyat ma'nosida kelgan jor harfi.
صَفِّ – saf deganda to'g'ri chiziqda tekkis turish tushuniladi.
الْقِتَالِ – lug'atda “jang”, “kurash” ma'nolarini anglatadi.
Matn sharhi:
Usmon roziyallohu anhuning nasabi quyidagicha bo'lgan: Usmon ibn Affon ibn Abil Os ibn Umayya ibn Abdushshams ibn Abdumannof. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan nasablari Abdumannofda birlashadi. Milodiy 576 yilda Toifda tug'ilgan. Kunyasi avval Abu Abdulloh, u vafot etgach, Abu Amr bo'lgan. Usmon ibn Affon roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ikkita qizlari avval Ruqayya, u vafot etgach Ummu Kulsumga uylangan. Shuning uchun ham u zot “Zunnurayn” (ikki nur egasi) deb atalgan. Rivoyat qilinishicha, “Odam alayhissalom zamonidan to qiyomatgacha biror payg'ambarning ikki qiziga Usmon ibn Affondan boshqa uylangan kishi yo'qdir”[1].
Usmon roziyallohu anhuning oilalari
Albatta yuqorida bayon qilinganidek ushbu ayollarning to'rttadan ko'pi bitta nikohda jamlanmagan.
Usmon roziyallohu anhuning fazllari
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Usmon roziyallohu anhu haqlarida hamma havas qiladigan juda ko'plab maqtovlarni aytganlar:
– “ Ey Allohim, men Usmondan rozi bo'ldim, Sen ham undan rozi bo'lgin”;
– “ Usmon mening jannatdagi o'rtog'imdir”;
– “Usmon dunyoda ham, oxiratda ham men bilan birgadir”;
– “Usmon ummatimning eng hayolirog'i va eng ikromlirog'idir”;
– “Usmon hayolidir, undan farishtalar ham hayo qiladilar”.
“Bir kuni Usmon roziyallohu anhu va Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhular tortishib qolishdi. Shunda Abu Ubayda: “Ey Usmon, sen menga qarshi gapiryapsan, lekin men sendan uch xislatda afzalman”, – dedi. Usmon: “Ular nima ekan”, – dedi. Abu Ubayda: “Birinchisi, men bay'at kunida hozir edim, sen yo'q eding, ikkinchisi, men Badrda qatnashganman, sen qatnashmagansan, uchinchisi, men Uhud kunida sobit turganlardan edim, sen sobit turmagansan”, – dedi. Usmon: “To'g'ri aytding, haqiqatda shunday bo'lgan, ammo bay'at kunida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni bir ish bilan jo'natgan edilar. Bay'at vaqtida qo'llarini mening nomimdan uzatib: “Bu Usmon ibn Affonning qo'lidir”, – deganlar. U zotning muborak qo'llari esa, albatta, mening qo'limdan yaxshidir. Badr kunida esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni Madinaga o'rinbosar qilib qoldirgan edilar. Men qarshi chiqib, u zot tayinlagan joyni tashlab ketolmasdim. U zotning qizlari Ruqayya kasal bo'lib yotgandi, men u vafot etgunga qadar xizmatida bo'ldim, vafot etganidan so'ng uni dafn etdim. Uhud kunida qochganimga kelsak, Alloh taolo bu ish to'g'risida meni afv qilgan va qilgan ishimni shaytonga taalluqli ekanini aytgan:
﴿إِنَّ ٱلَّذِينَ تَوَلَّوۡاْ مِنكُمۡ يَوۡمَ ٱلۡتَقَى ٱلۡجَمۡعَانِ إِنَّمَا ٱسۡتَزَلَّهُمُ ٱلشَّيۡطَٰنُ بِبَعۡضِ مَا كَسَبُواْۖ وَلَقَدۡ عَفَا ٱللَّهُ عَنۡهُمۡۗ إِنَّ ٱللَّهَ غَفُورٌ حَلِيمٞ١٥٥﴾
“Ikki (harbiy) bo'linma to'qnashgan kunda orangizdan ba'zi qilmishlari bilan (tayin etilgan joydan) yuz o'girib ketganlarni shayton yanglishtirgan edi. Alloh ularni afv etdi ham. Zero, Alloh kechiruvchan va halim zotdir”[3].
Usmon tortishuvda engib chiqdi”[4].
Usmon roziyallohu anhu nihoyatda farosatli kishi bo'lgan. Bir kuni u zotning huzuriga bir kishi kirdi. Shunda Usmon roziyallohu anhu: “Sizlardan biringiz ko'zlaridagi zino asari bilan kirib kelmoqda”, – dedi. Haligi kishi hayrat bilan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan keyin ham vahiy bormi”, – deya g'alati holatga tushib qoldi. Usmon roziyallohu anhu: “Yo'q, lekin sodiq farosat bor”, – dedi.
Halifa Umar ibn Hattob vafotidan so'ng musulmonlarning o'zaro ittifoqlari bilan u zot 644 yilda 69 yoshida xalifa etib saylangan.
Usmon ibn Affon[5] roziyallohu anhu milodiy 656 yilda, 82 yoshida fitnachilar tomonidan shahid qilingan va Baqi' qabristoniga dafn etilgan. Janozasini Jubayr ibn Mut'im roziyallohu anhu o'qigan.
[1] Mulla Ali Qori. Sharhu Fiqhil akbar. Bayrut: “Dorul kutubil ilmiya”, Ali Muhammad Dandal tahqiqi. – B. 112.
[2] Usmon roziyallohu anhuning 9 o'g'il, 7 qiz, jami 16 farzandlari bo'lgan, ikkita o'g'illarining ismi Abdulloh bo'lgan.
[3] Oli Imron surasi, 155-oyat.
[4] Muhammad Rizo. Mavsuatu xulafoi roshidin. Bayrut: “Maktabatul Asriya”, 2006. – B. 28.
[5] Usmon roziyallohu anhuni Ali roziyallohu anhudan afzal bo'lgan deb e'tiqod qilish Ahli sunna val-jamoa jumhurining qavli bo'lib, moturidiya va ash'ariya mazhablari ittifoq qilgan masalalardan hisoblanadi. Imom Molik rahmatullohi alayh bu masalada jumhur ulamolarga xilof qilgan bo'lsada, keyinchalik jumhurning qavliga qaytgan.
2025 yil 10 iyul kuni Qur’oni Karim xodimi, ustoz, shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum boshchiligida «Qur’on va tajvidni o‘rgatish» bo‘limi xodimlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasiga tashrif buyurishdi.
Ma’lumki, kutubxonada turli mavzudagi nodir qo‘lyozma asarlar, Qur’oni Karim qo‘lyozma nusxalarining namunalari saqlanadi. Mana shunday nodir manbalardan biri Hazrati Usmon mus'hafi hisoblanadi. Qur’oni Karimning ushbu noyob va qadimiy qo‘lyozma nusxasi tadqiqotchilar va keng jamoatchilikning doimiy e’tiborida bo‘lib kelgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2023 yil 22 dekabr kuni o‘tkazilgan Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida muzeylar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha yetti yillik dastur qabul qilinishi e’lon qilindi. Ushbu yig‘ilish davomida berilgan topshiriqlar bo‘yicha 50-son Bayonnomaning 47-bandida Muqaddas kitob – Usmon Qur’oni sahifalarining konservatsiya va restavratsiya qilinishini ta’minlash belgilangan. Mazkur dasturni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi qo‘llab quvvatlovi ostida xorijlik mutaxassislar, jumladan, Kembrij universitetidan Kristine Rose, fransiyalik restavratorlar Aksell Deleau va Koraliye Barbe, Istanbul qo‘lyozmalar ustaxonasi va arxiv bo‘limi mudiri Nil Baydar Usmon mus'hafini bosqichma-bosqich ta’mirlash rejasini ishlab chiqib, kelgusida muhofaza qilish bo‘yicha tavsiyalarni berdilar. Jumladan, «yengil restavratsiya ishlari»ni amalga oshirishdan avval Hazrati Usmon Qur’oni sahifalarini skaner qilish va matnini kodikologik tadqiq qilish bo‘yicha yo‘nalishlar belgilab olindi.
Ushbu xayrli ishlarning davomi sifatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida Hazrati Usmon Mus'hafi matnini kodikologik tadqiq qilish bo‘yicha muhim yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda «Qur’on va tajvidni o‘rgatish» bo‘limi mudiri shayx Alijon qori Fayzulloh va Kutubxona mudiri Kamoliddin Mahkamov boshchiligida bo‘lim xodimlari ishtirok etishdi. Yig‘ilishda «Mo‘yi muborak» madrasa-muzeyida saqlanayotgan Hazrati Usmon Mus'hafining tarixi va bugungi kundagi ahamiyati haqida so‘z yuritilib, uni kelajak avlodlar asrab-avaylashga xizmat qiladigan muhim masalalar muhokama qilindi. Jumladan, Hazrati Usmon Qur’oni sahifalari va fondda saqlanayotgan 1905 yilda Sankt-Peterburgda olingan nusxasini kodikologik tadqiq qilish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirilib, kelgusida qilinadigan ishlar rejalashtirildi.
AlQuranuz