لَآ إِكۡرَاهَ فِي ٱلدِّينِۖ قَد تَّبَيَّنَ ٱلرُّشۡدُ مِنَ ٱلۡغَيِّۚ فَمَن يَكۡفُرۡ بِٱلطَّٰغُوتِ وَيُؤۡمِنۢ بِٱللَّهِ فَقَدِ ٱسۡتَمۡسَكَ بِٱلۡعُرۡوَةِ ٱلۡوُثۡقَىٰ لَا ٱنفِصَامَ لَهَاۗ وَٱللَّهُ سَمِيعٌ عَلِيمٌ٢٥٦
Din va e'tiqodga majburlash mumkin emas, balki u qanoat va rozilik bilan qabul etiladi. Alloh taolo bunday ogohlantirgan: "Siz odamlarni mo'min bo'lishlariga majbur qilasizmi?" (Yunus, 99). "Tog'ut" – "Allohning yo'lidan boshqasiga o'tish, Uning chizig'idan chiqish" ma'nolarini bildiradi. Tog'utning kattasi shaytondir. Tog'ut – shayton ismlaridan biri, kengroq ma'noda «shaytoniy yo'l», demakdir. Tog'utdan hukm so'rash Allohning hukmiga zid, Uning iznisiz bo'lgan hukmni so'rashdir. Ahli kitoblar o'zlariga tushirilgan kitoblarga va keyin nozil qilingan Qur'oni karimga imon keltirganlari da'vosida bo'lishsa ham, ular aslida shaytoniy yo'lni tanlashgan va tog'utdan hukm so'rashni istab turishadi.
Qur'oni karim oyatlari orqali Alloh taoloning tavhidi butun insoniyatga ochiq-oydin bayon qilindi. Endi kofirlar uchun hech qanday uzr-bahona qolmadi. Ularni majburlab dinga kiritishning hojati yo'q. Kim Islomni qabul qilsa, uzilmas va kesilmas najot arqonini tutgan bo'ladi.
Savol: Besh vaqt namozda imomga iqtido qilganimizda, Fotiha va zam suralarni o‘qimaymiz. Janoza namozida qanday yo‘l tutamiz? Unda ham quloq qoqqandan keyin jim turamizmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Janoza namozida besh vaqt namozdan farqli ravishda, imomga iqtido qilganlar to‘rt takbirni va sano, salavot hamda duolarni o‘qiydi. Ya’ni birinchi takbirdan keyin sanoni, ikkinchi takbirdan keyin salavotni, uchinchi takbirdan keyin janoza duosini o‘qiydi. To‘rt takbir janoza namozining rukni ya’ni farz, boshqa zikrlar esa, sunnat hisoblanadi. Agar iqtido qilganlar takbirni ham, boshqa zikrlarni ham aytmay, jim tursa, janoza o‘qigan hisoblanmaydi. Agar takbirlarni aytsa-yu, boshqa zikrlarni aytmasa, sunnatni tark etgan bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.