Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Sentabr, 2026   |   20 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:27
Quyosh
05:50
Peshin
12:23
Asr
17:00
Shom
18:59
Xufton
20:17
Bismillah
02 Sentabr, 2026, 20 Rabi`ul avval, 1448

Diniy  bag'rikenglik – tinchlik  va  barqarorlik  garovi

16.11.2023   4994   6 min.
Diniy  bag'rikenglik – tinchlik  va  barqarorlik  garovi

Bizning qadimiy va saxovatli zaminimizda ko'p asrlar davomida turli millat va elat, madaniyat va din vakillari tinch-totuv yashab kelgan. Mehmondo'stlik, ezgulik, qalb saxovati va tom ma'nodagi bag'rikenglik bizning xalqimizga doimo xos bo'lgan va uning mentaliteti asosini tashkil etadi”.

 Sh.Mirziyoev

 

Dinlararo bag'rikenglik g'oyasi xilma-xil diniy e'tiqodga ega bo'lgan kishilarning bir zamin, bir vatanda, olijanob g'oya va niyatlar yo'lida hamkor va hamjihat bo'lib yashashini anglatadi. Dunyodagi dinlarning barchasi ezgulik g'oyalariga asoslanadi, u halollik, tinchlik, yaxshilik va do'stlik kabi bir qancha ezgu fazilatlarga tayanadi. Insonlarni halollik va poklik, mehr-oqibat, insonparvarlik va bag'rikenglikka da'vat etadi.Yurtimizda qadimdan turli e'tiqodga mansub millat va elatlar istiqomat qilib kelgan. 130 dan ziyod millat farzandlarining hur va ozod diyorda, tinchlik va osoyishtalik kayfiyatida yashashlari vatanimizning bag'rikenglik o'lkasi ekanligining yorqin namunasidir. Ularning o'zaro hamjihatlikda, ahil-inoqlikda bir-birlarining e'tiqodlarini hurmat ehtirom ruhida yashab kelishlarining o'zi Yaratganning xalqimizga bergan ulkan ne'matidir. 

Konstitutsiyamizning 18-moddasida: "O'zbekiston Respublikasada barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo'lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat'i nazar, qonun oldida tengdirlar", deb ko'rsatilgan. Bu Asosiy qonunda shunchaki belgilanmasdan, amalda ham namoyon bo'lmoqda. Buni nafaqat jamiyatning har bir fuqarosi his qilmoqda, ayni paytda jahon ham jamiyati e'tirof etmoqda, o'zbek modelining mazkur masaladagi tajribasidan namuna olmoqda. Bu bejiz emas. Chunki mamlakatdagi tinchlik va barqarorlikning asosiy omillaridan biri murosa tamoyili bo'lgan diniy bag'rikenglikdir.

Ming yillar mobaynida Markaziy Osiyo g'oyat xilma-xil dinlar, madaniyatlar va turmush tarzlari tutashgan va tinch-totuv yashagan markaz bo'lib keldi. Etnik sabr-toqat, bag'rikenglik hayot bo'ronlaridan omon qolish va rivojlanish uchun zarur tabiiy me'yorlarga aylandi. Hatto bu hududlarni bosib olganlar ham Markaziy Osiyo xalqlarining madaniyati oldmda bosh egibgina qolmay, uning eng qimmatbaho an'analarini, shu hududda mavjud bo'lgan davlatchilik an'analarini avaylab qabul qilganlar". Bularning barchasi juda qadimdan ajdodlarimiz o'zaro munosabatlarda o'ziga xos sharqona murosa tamoyillariga amal qilganini ko'rsatadi. "So'ngi ikki asr davomida ham o'zlarini "madaniyatli" va "ma'rifatli" xisoblab kelgan davlatlar ommaviy qirg'inlar va diniy ta'qiblar bilan o'zlariga dog' tushirgan paytda O'zbekiston zamini xalqlar va madaniyatlar tinch birlashgan joygina bo'lib qolmay, balki quvg'in qilingan xalqlarga boshpana ham berdi".

Alloh taolo Qur'oni karimda musulmonlarni o'zlariga tajovuz qilib, urush ochmagan o'zga din vakillariga yaxshilik qilishga qiziqtirib shunday marhamat qiladi: “Din to'g'risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o'z yurtingizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishingiz va ularga adolatli bo'lishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolatli kishilarni sevadi” (Mumtahana surasi, 8-oyat). 

Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalom boshqa din va e'tiqod vakillariga nisbatan bag'rikeng bo'lish, ularning e'tiqodini hurmat qilish, haqlariga rioya etishning oliy namunasini ko'rsatibgina qolmay, ummatni hamisha ana shu yo'ldan borishga da'vat qilishdan charchamadilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilingan hadisda: «Halqning barchasi Allohning izmidadir. Ularning Allohga mahbubrog'i ahliga naf beruvchirog'idir», deyilgan (Bazzor rivoyati). 

 Islom dini boshqa din vakillarining tiriklarini hurmat qilish bilan cheklanib qolmadi, ularning o'liklarini ham ehtirom qildi. “Sahihi Buxoriy”da Jobir raziyallohu anhudan quyidagi voqea rivoyat qilinadi: “Bir kuni oldimizdan bir janoza o'tdi. Shunda Nabiy alayhissalom bu janoza uchun o'rnilaridan turdilar va biz ham (ul zotga ergashib) o'rnimizdan turdik. Biz: “Yo Rasululloh, bu yahudiyning janozasi!” dedik. Shunda ul zot sollallohu alayhi va sallam: “Qachon janozani ko'rsangiz, o'rningizdan turing!” dedilar”. 

Payg'ambarning sallolahu alayhi vasallam ahli kitobdan qo'shnilari bo'lgan. Ular bilan yaxshi qo'shnichilik qilar, hadya berib, ulardan qabul etardilar. Habashiston nasroniylarining vakillari kelganlarida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni masjidga tushirib, o'zlari ziyofat berib, xizmat qildilar. U zot shu kuni bunday deganlar: “Bular ashobimizga ikromli edilar, men o'zim ularni ikrom etmoqni xush ko'raman”. 

Soxibqiron Amir Temur “Tuzuk”larida: “Mening qo'l ostimdagi qirq aymoq xammasini teng ko'rdim. Barlosni tatardan, tatarni naymandan, naymani yuzdan ustun qo'ymadim. Barcha muvaffaqiyatlarim garovi shundadir” deb yozgan.

Insonni, avvalo, insonligi uchun hurmat va ehtirom qilish bashariyatning ko'p ming yillik tarixidan meros bo'lib kelayotgan olijanob fazilatlarning eng muhimlaridan biri hisoblangan – bag'rikenglik, o'zaro totuvlik, dinlar aro hamjihatlik tamoyillari asosida faoliyat olib borgan inson davrimizning ham muqaddas dinimizning ham talablarini bajargan bo'ladi.

Har bir inson, butun jamiyat o'zaro munosabatlarni xalqlarning turli-tuman urf odatlari, madaniyati va qadriyatlarini tan olgan holda bag'rikenglik asosiga qurishi zarur. Zero, tinch-totuvlik, bag'rikenglik taraqqiyot garovidir.

Odiljon Narzullayev

Yangiyo'l tuman “Imom Sulton’’

 jome masjidi imom xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

13 ming nafardan ziyod o‘quvchiga maktab forma va o‘quv qurollari hadya qilindi

31.08.2026   73115   1 min.
13 ming nafardan ziyod o‘quvchiga maktab forma va o‘quv qurollari hadya qilindi

Mustaqilligimizning 35 yillik ayyomi hamda yangi o‘quv yili munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazildi.

Mazkur xayrli tashabbus asosida Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjid xodimlari ishtirokida 11 144 nafar kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga maktab formalari va o‘quv qurollari beg‘araz hadya qilindi.

Ushbu aksiya doirasida ajratilgan ko‘makning umumiy miqdori 4 milliard 929 million 995 ming so‘mni tashkil etdi.

Shuningdek, joriy yilda «Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan ham 1500 nafar yetim va chin yetim bolalarga bayram sovg‘alari hamda maktab formalari va o‘quv qurollari hadya qilindi. Xususan, Farg‘ona viloyatida 302 nafar, Samarqand viloyatida 243 nafar va Qashqadaryo viloyatida 215 nafar boquvchisini yo‘qotgan o‘quvchilarga yordamlar ko‘rsatildi.

Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – yosh avlodning sifatli ta’lim olishiga ko‘maklashish, ularni yangi o‘quv yiliga munosib tayyorlash hamda qalblarida bayram quvonchi ulashishdir.

Istiqlol bayrami arafasida amalga oshirilayotgan bunday xayriya tadbirlari yurtimizda inson qadri, bolalar manfaatlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganining amaliy namunasi, deyish mumkin.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari