Chorak asrdan oshibdiki, har yili noyabr' oyining 16-sanasini butun dunyoda Halqaro bag'rikenglik kuni sifatida nishonlash yaxshi an'anaga aylangan. Shu munosabat bilan bu yil ham Madaniyat vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalari qo'mitasi, Din ishlari bo'yicha qo'mita hamda qator vazirlik va tashkilotlar hamkorligida yurtimiz bo'ylab «Bag'rikenglik haftaligi» o'tkazilmoqda.
Katta tomosha maydonlari, xiyobonlar va istirohat bog'larida madaniy, ma'naviy-ma'rifiy, ilmiy-amaliy tadbirlar o'tkazish ko'zda tutilgan haftalikka Toshkentdagi «Yangi O'zbekiston» bog'ida turli millat va diniy konfessiyalar vakillari ishtirokida Mustaqillik monumentiga gulchambar qo'yish bilan start berildi.
«Yangi O'zbekiston» gazetasi
Joriy yilning 2–3 sentyabr kunlari Qohira shahrida Butunjahon fatvo idoralari va hay’atlari Bosh kotibiyati tashabbusi bilan nufuzli xalqaro anjuman bo‘lib o‘tadi.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etadi. Ma’lumki, joriy yil iyul oyida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Butunjahon Fatvo idoralari va hay’atlari Bosh kotibiyati a’zoligiga qabul qilingan edilar.
Xalqaro yig‘inda dunyoning taniqli muftiylari, fatvo va fiqh markazlari ulamolari, xalqaro tashkilotlar vakillari, Al-Azhar dorulfununi kabi nufuzli oliygohlar professorlari hamda soha mutaxassislari jam bo‘ladi.
Kun tartibida sun’iy intellekt, jadal raqamlashtirish va zamonaviy bioetika zamonida oila instituti mustahkamligini ta’minlash, ayollar huquqlarini muhofaza qilish, yoshlarni zararli illatlardan asrash hamda ma’naviy inqirozlarga islomiy qadriyatlar asosida shar’iy va ilmiy yechimlar topish masalalari atroflicha muhokama qilinadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati