1137-CAVOL: Oldingi ummatlarda ham namoz ibodati bo'lganmi, bo'lsa qay tartibda o'qilgan?
JAVOB: Bismillahir rohmanir rohiym.
Ha, oldingi ummatlarda ham bizdagi namoz, ro'za va zakot kabi ibodatlar bo'lgan. Bunga Alloh taoloning Ismoil alayhissalom haqida aytgan so'zi dalolat qiladi:
وَكَانَ يَأْمُرُ أَهْلَهُ بِالصَّلَاةِ وَالزَّكَاةِ وَكَانَ عِنْدَ رَبِّهِ مَرْضِيًّا
“U ahlini namozga va zakotga buyurar edi va Robbi huzurida rozi bo'lingan edi” (Maryam surasi, 55-oyat).
Ularning ro'zasi haqida shunday deyiladi:
يَاأَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا كُتِبَ عَلَيْكُمُ الصِّيَامُ كَمَا كُتِبَ عَلَى الَّذِينَ مِنْ قَبْلِكُمْ لَعَلَّكُمْ تَتَّقُونَ
“Ey, iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham ro'za farz qilindi. Shoyadki, taqvodor bo'lsalaringiz”. (Baqara surasi, 183-oyat).
Bu ibodatlarni ado qilish tartibi, tafsiloti haqida to'liq ma'lumot yo'q. Lekin o'tgan ummatlarning namozi haqida turli ma'lumotlar bor. Ba'zilari namozlarida ruku qiladiyu sajda qilmaydi. Ba'zilari sajda qiladi, lekin ruku qilmaydi. Ba'zilari namoz asnosida gapirsa, ba'zilari yurish mumkin, deydi. Ro'zada ham ixtilof qildilar. Ba'zilari kunning yarmigacha ro'za tutdilar, ba'zilari ma'lum bir taomlardan o'zlarini tiydilar. Bu ibodatlarning barchasida Alloh taolo Muhammad alayhissalom ummatini eng to'g'ri yo'lga boshladi va hozirgacha ushbu ko'rsatmaga amal qilib kelmoqdalar.
Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Hanafiy mazhabimizga ko‘ra, takbiri tahrima bilan namozga kirishda o‘ng qo‘lni chap qo‘l ustiga qo‘yib, qo‘llarini bog‘laydi va kindik ostiga qo‘yadi. Bu amalni ulamolarimiz sunnat deganlar.
Alqama ibn Voil otalari Voil ibn Hujrdan rivoyat qiladi: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam namozda o‘ng qo‘llarini chap qo‘llari ustiga qo‘yib, kindik ostiga qo‘yganlarini ko‘rdim”.
Abu Juhayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Ali roziyallohu anhu aytadilar: “Namozda qo‘lni qo‘lning ustiga qo‘yib, kindik ostiga qo‘yish – sunnatdir” (Imom Abu Dovud rivoyati).
@AhliSunnaValJamoaUz