1137-CAVOL: Oldingi ummatlarda ham namoz ibodati bo'lganmi, bo'lsa qay tartibda o'qilgan?
JAVOB: Bismillahir rohmanir rohiym.
Ha, oldingi ummatlarda ham bizdagi namoz, ro'za va zakot kabi ibodatlar bo'lgan. Bunga Alloh taoloning Ismoil alayhissalom haqida aytgan so'zi dalolat qiladi:
وَكَانَ يَأْمُرُ أَهْلَهُ بِالصَّلَاةِ وَالزَّكَاةِ وَكَانَ عِنْدَ رَبِّهِ مَرْضِيًّا
“U ahlini namozga va zakotga buyurar edi va Robbi huzurida rozi bo'lingan edi” (Maryam surasi, 55-oyat).
Ularning ro'zasi haqida shunday deyiladi:
يَاأَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا كُتِبَ عَلَيْكُمُ الصِّيَامُ كَمَا كُتِبَ عَلَى الَّذِينَ مِنْ قَبْلِكُمْ لَعَلَّكُمْ تَتَّقُونَ
“Ey, iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham ro'za farz qilindi. Shoyadki, taqvodor bo'lsalaringiz”. (Baqara surasi, 183-oyat).
Bu ibodatlarni ado qilish tartibi, tafsiloti haqida to'liq ma'lumot yo'q. Lekin o'tgan ummatlarning namozi haqida turli ma'lumotlar bor. Ba'zilari namozlarida ruku qiladiyu sajda qilmaydi. Ba'zilari sajda qiladi, lekin ruku qilmaydi. Ba'zilari namoz asnosida gapirsa, ba'zilari yurish mumkin, deydi. Ro'zada ham ixtilof qildilar. Ba'zilari kunning yarmigacha ro'za tutdilar, ba'zilari ma'lum bir taomlardan o'zlarini tiydilar. Bu ibodatlarning barchasida Alloh taolo Muhammad alayhissalom ummatini eng to'g'ri yo'lga boshladi va hozirgacha ushbu ko'rsatmaga amal qilib kelmoqdalar.
Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
1. Kim Allohga tavakkul qilsa, U Zot unga kifoya qiladi.
2. Kim Alloh bilan (Uning O‘zidangina so‘rab) boy bo‘lishni istasa, U Zot uni boy qiladi.
3. Kim Allohdan panoh izlasa, U Zot uni O‘z panohiga oladi.
4. Kim "Alhamdulillah"ni lozim tutsa, unga yaxshiliklar ketma-ket keladi.
5. Kim "Laa havla va laa quvvata illa billah"ni lozim tutsa, uning uchun yopiq eshiklar ochiladi.
6. Kim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot aytishni lozim tutsa, gunohi mag‘firat qilinadi va tashvishlariga kifoya qilinadi.
7. Kim Allohni kengchilik (farovonlik) paytida tanisa, Alloh uni qiyinchilik paytida taniydi.
Allohim, bizni O‘zingga yuzlanganlardan, lutfingga umid qilganlardan, huzuringga tavba ila qaytganlardan va muloqotingga intizor bo‘lib ko‘z yosh to‘kuvchilardan qilgin.