Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Noyabr, 2026   |   16 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
06:00
Quyosh
07:19
Peshin
12:15
Asr
15:15
Shom
16:59
Xufton
18:16
Bismillah
26 Noyabr, 2026, 16 Jumadul soni, 1448

 Havz oldida men bilan uchrashguncha...

16.11.2023   2490   3 min.
  Havz oldida men bilan uchrashguncha...

 

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kishini musulmonlarning bir ishiga bosh qilib qo'ydilar. Shunda ansorlardan biri turib dedi:
– Ey Allohning rasuli! Falonchini amalga qo'yganingiz kabi meni ham biror amalga qo'ying! Rasululloh sollalloxu alayhi vasallam dedilar:
– Sizlar men o'tgandan keyin «faqat o'zini o'ylash»ga yo'liqasiz. Havz oldida men bilan uchrashguncha sabr qilinglar!
Oldinroq o'qigan edim,  Bishr Hofiy rohimahulloh bir kishi bilan ketayotgan edi. U kishi chanqadi va Bishrga dedi:
– Kel, mana shu quduqdan suv ichaylik.
Bishr dedi:
– Sabr qil! Boshqa quduqqa boramiz.

Narigi quduqqa borishganda Bishr yana avvalgi gapini aytdi. Shunday qilib, toki ko'zlagan manzillariga etib borishguncha Bishr uni sabrga undab bordi. So'ng unga qarab: «Dunyoni mana shunday qilib sabr bilan bosib o'tasan», dedi.

«Havz oldida men bilan uchrashguncha sabr qilinglar!» degan jumla ehtimol bashariyat tarixida kishilarni sabotga undagan eng balog'atli jumla bo'lsa ajab emas. Buni doimo ko'z o'ngimizda tutmog'imiz lozim.

Ma'siyatga yuz burganimizda uni taammul qilaylik. Dunyoni sabr bilan bosib o'tishimiz haqida fikrlaylik. Kunlar o'zining shirini va achchig'i bilan o'taveradi. Dunyoda faqat savobning ajri va gunohning kasofati qoladi.

Iqtisodiy ahvolingiz tang bo'lsa, atrofingizda kishilar poraxo'rlik qilishsa, siz qo'lingizda diningiz cho'g'ini mahkam tuting. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning: «Havz oldida men bilan uchrashguncha sabr qilinglar!» degan nasihatlarini eslang!

Boshingizga bemorlik tushsa, bemorlarning rizo maqomida turib tortgan har bir ohi zokirlar zikridan qolishmasligini eslang. Bu kunlar o'tib ketadi. Go'yo Nabiy sollallohu alayhi vasallam sizga: «Havz oldida men bilan uchrashguncha sabr qilinglar», deganlarini o'ylang!

Yaqinlaringiz zulm qilsa, sevganlaringiz tashlab ketsa, bo'htonlar yog'dirishsa, suyukli Nabiyyimiz sollallohu alayhi vasallamga qilingan bo'htonlarni, zulmlarni eslang. Biz kim bo'libmizki, insonlardan salomat bo'lsak?! Mayli, mazlum bo'ling, lekin zolim bo'lmang. Mayli, bo'htonlarga qoling, lekin bo'hton qilmang. Dunyo tang bo'lganda Nabiyyimiz sollallohu alayhi vasallamning: «Havz oldida men bilan uchrashguncha sabr qilinglar», deganlarini eslang!

«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Internet orqali radikallashuvning oldini olish: muammolar va yechimlar muhokama qilindi

25.11.2026   1633   4 min.
Internet orqali radikallashuvning oldini olish: muammolar va yechimlar muhokama qilindi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Joriy yilning 25 noyabr kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Internet orqali radikallashuv: muammo va yechimlar” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Bugungi kunda internet makonida radikal g‘oyalar, soxta diniy da’vatlar va manipulyativ axborotlarning tarqalishi, ayniqsa, yoshlar dunyoqarashiga ta’sir ko‘rsatishi bilan dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bunday sharoitda axborot xurujlarining oldini olish, ishonchli diniy-ma’rifiy manbalarni keng targ‘ib etish va yoshlarda tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish muhim vazifalardan hisoblanadi.

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashabbusi bilan tashkil etilgan anjumanda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, ilmiy-tadqiqot markazlari, oliy ta’lim muassasalari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari, olimlar hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Anjumanni Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Komiljon Shermuxamedov kirish so‘zi bilan ochib berdi.

Tadbirda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktorining o‘rinbosari Gulnora G‘aniyeva va Markaz ilmiy xodimlari ham qatnashdi.

Konferensiyada radikallashuvning kelib chiqish omillari, uning ijtimoiy va psixologik jihatlari, raqamli texnologiyalardan g‘arazli maqsadlarda foydalanish, yoshlarni mafkuraviy ta’sirlardan himoya qilish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Mahsudov radikallashuvni faqat diniy omillar bilan bog‘lash to‘g‘ri emasligini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, bu jarayon ijtimoiy himoyasizlik, psixologik ehtiyojlar, adolatsizlik hissi, moliyaviy muammolar va axborot muhiti bilan ham chambarchas bog‘liq. 

Radikallashuv faqat diniy bilim yetishmasligi oqibati emas, u ko‘pincha insonning ijtimoiy himoyasizligi, psixologik ehtiyojlari, adolatsizlik hissi, moliyaviy muammolari va axborot muhiti bilan bog‘liq murakkab jarayondir, — dedi Davronbek Mahsudov.

Shuningdek, u radikal g‘oyalarga qarshi ishonchli va sifatli ma’rifiy kontent yaratish zarurligini ta’kidlab, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda yoshlar qiziqishiga mos videolar, podkastlar va ilmiy-ma’rifiy materiallarni ko‘paytirishni taklif etdi. 

Radikal g‘oyalarga qarshi kurashning samarali yo‘llaridan biri — ularning o‘rnini ishonchli, sifatli va ta’sirchan ma’rifiy kontent bilan to‘ldirishdir, — dedi u.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov internetda tarqatilayotgan yolg‘on axborot va manipulyativ materiallarga qarshi kurashishda sog‘lom tafakkur, ma’rifat va axborot savodxonligining ahamiyatiga e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, yoshlarni axborotni tahlil qilish, manbalarni tekshirish va tanqidiy fikrlashga o‘rgatish radikallashuvning oldini olishda muhim o‘rin tutadi.

Yolg‘on va radikallikning internet orqali tarqalishi bu zamonaviy axborot muhitining jiddiy sinovidir. Unga qarshi eng kuchli qalqon — teran ilm, sog‘lom tafakkur, ma’rifat, mo‘tadillik va jamiyatdagi o‘zaro ishonch, — dedi Homidjon Ishmatbekov.

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov raqamli muhitda diniy mazmundagi axborotlarning ishonchliligini tekshirish, sun’iy intellekt orqali yaratilayotgan materiallarni to‘g‘ri baholash va yoshlarni ishonchli manbalarga tayanib fikr yuritishga o‘rgatish masalalariga to‘xtaldi.

Imom Buxoriy avlodlari o‘laroq, biz hech qachon internetda adashmasligimiz kerak, — dedi Uyg‘un G‘afurov.

U diniy ta’limda ustoz, kitob va talaba o‘rtasidagi an’anaviy munosabatlarning ahamiyatini ta’kidlab, onlayn ta’lim imkoniyatlari bevosita ustoz bilan muloqot va ma’naviy tarbiyaning o‘rnini to‘liq bosa olmasligini qayd etdi.

Bizda qadimdan shakllangan uchlik bor: ustoz, kitob va talaba. Mana shu uchlik bo‘lmasa, ta’limda yetarli natijaga erishish qiyin. Onlayn ta’lim ayrim holatlarda qulay imkoniyat yaratadi. Ammo diniy ta’limda ustoz bilan bevosita muloqot, odob-axloq va ma’naviy tarbiyaning o‘rnini to‘liq almashtira olmaydi, — dedi u.

Shuningdek, ma’ruzachi buyuk allomalar asarlarini asl manbalar asosida o‘rganish, xatmul kutub an’anasini tiklash va yoshlarni ishonchli ilm manbalariga tayanib xulosa chiqarishga o‘rgatish muhimligini ta’kidladi.

Konferensiyada internet orqali radikallashuvning oldini olishda diniy-ma’rifiy muassasalar, ilmiy-tadqiqot markazlari, ta’lim tashkilotlari va axborot texnologiyalari mutaxassislari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

Tadbir yakunida mazkur yo‘nalishda ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqish, yoshlarning raqamli va mediasavodxonligini oshirish hamda sohadagi tadqiqotlarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Konferensiya materiallari asosida ilmiy ma’ruza va maqolalar to‘plamini nashr etish ham rejalashtirilgan.

Internet orqali radikallashuvning oldini olish: muammolar va yechimlar muhokama qilindi
O'zbekiston yangiliklari