Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Noyabr, 2026   |   16 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
06:00
Quyosh
07:19
Peshin
12:15
Asr
15:15
Shom
16:59
Xufton
18:16
Bismillah
26 Noyabr, 2026, 16 Jumadul soni, 1448

Botil gap aytmagan sahoba

16.11.2023   2559   7 min.
Botil gap aytmagan sahoba

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.

Bu sahobaning to'liq ismi Abu Muhammad Abdulloh ibn Ravoha ibn Sa'laba ibn Imriul-Qays roziyallohu anhudir. Kunyasi – Abu Muhammad, unvoni – «Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning shoiri». Otasi Ravoha ibn Sa'laba ibn Horis Hazrajiy, onasi Kabsha binti Voqid ibn Amr ibn Itnoba edi. O'n ikki rahbardan biri bo'lgan. Yetmish sahoba bilan Aqoba bay'atida ishtirok etgan. Badr, Uhud, Handaq, Hudaybiya, Haybar va boshqa g'azotlarda qatnashgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Badr g'azotida bo'lganlarida Madinada o'rinbosar bo'lib qolgan.

Madinada tug'ilgan buyuk sahobalardan biri bo'lmish Abdulloh ibn Ravoha roziyallohu anhu Hazraj qabilasiga mansub edi. Ikkinchi Aqaba kunida atoqli sahoba Mus'ab ibn Umayr roziyallohu anhu da'vati bilan musulmon bo'lib, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga bay'at qilgan. Hijratdan keyin Miqdod ibn Asvadiy bilan qiyomatli do'st bo'ldi. Abdulloh Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning kotiblaridan edi.

Abdulloh ibn Ravoha johiliyat paytida kotib va shoir bo'lgan. Islomga kirganidan so'ng butun iste'dodini va ijodiy kuchini din ravnaqiga bag'ishladi. Kuchli notiq va buyuk shoir bo'lgan bu sahoba Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga she'r yo'li bilan hujum qilgan shoirlarga javob she'rlari yozardi. Undan tashqari, Ka'b ibn Molik va Hasson ibn Sobit kabi musulmon shoirlari, kerak bo'lib qolganda, din dushmanlarini hajv qilishardi. Qur'oni Karimning quyidagi oyatlari Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni chin dildan suyuvchi ushbu uch shoir haqida nozil bo'lgani borasida tafsir kitoblarida aytiladi:

«Shoirlarga esa gumrohlar ergashur. Ularning har vodiyda daydishini va o'zlari qilmaydigan ishlarni aytishini ko'rmadingmi? Ammo iymon keltirib, solih amallar qilganlar, Allohni ko'p zikr etganlar va mazlum bo'lganlaridan keyin nusrat qozonganlar mustasnodir. Zulm qilganlar esa qaysi qaytish joyiga qaytishlarini tezda bilurlar» (Shuaro surasi, 224 – 227-oyatlari).

Abdullohning she'rlari haqida Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Quraysh mushriklariga qarshi o'q yomg'iridan ta'sirliroq», deganlar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abdulloh ibn Ravoha roziyallohu anhuga biror ish buyursalar, u o'sha topshiriqni zudlik bilan amalga oshirar, biror narsadan qaytarsalar, darhol o'sha narsani tark etar edi. Rivoyat qilishlaricha, bir kuni Abdulloh Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xutba qilib turganlarida oldilariga kelib qoladi. U zotning «O'tiringlar!» deganlarini eshitib, shu zahotiyoq masjid tashqarisidagi kelgan joyiga o'tiradi. Hutbadan so'ng bo'lgan voqeadan xabar topgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh va Uning Rasuli itoatiga bo'lgan tashnaligingni Alloh ziyoda qilsin», deydilar. Yana bir safar u zot sollallohu alayhi vasallam: «Insonlarning eng yaxshisi Abdulloh ibn Ravohadir», deganlar.

Abdulloh ibn Ravoha roziyallohu anhu obid kishi edi. Abu Dardo roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda bunday deyilgan: «Yozning jazirama issiq kunlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan bir g'azotda edik. Issiqning zo'ridan sahobalar qo'llarini boshlariga qo'yib yurishardi. O'sha vaqtda oramizda faqat Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va Abdulloh ibn Ravohagina ro'zador bo'lishardi. Vafotidan so'ng Abdulloh ibn Ravohaning ayoli bilan turmush qurgan kishi undan: «Oldingi ering qanday amallarni ko'p bajarar edi?» deb so'raganida «Abdulloh uydan chiqayotganida va uyga qaytayotganida hamisha ikki rakat nafl namoz o'qir edi, buni hech qachon tark etmagan», deb javob bergan ekan.

Abdulloh ibn Ravohaning do'sti Abu Dardoning musulmon bo'lishida alohida xizmati bor. Abu Dardo Madinada do'kondorlik qilardi. Bir kuni do'koniga savdo qilgani ketganida do'sti Abdulloh ibn Ravoha unikiga kelib, ayolidan ichkariga kirishga izn so'rab ijozat olgach, to'g'ri Abu Dardoning but-sanami joylashgan xonasiga kirdi. Qo'ynidagi bolg'asini chiqarib, zarb bilan butning boshiga tushirdi. Keyin «Allohdan boshqa barcha ibodat qilinadigan narsalar botildir», deb pichirlagancha butni mayda-mayda qilib parchalay boshladi. Ko'p o'tmay Abu Dardo uyga qaytdi. Butxona eshigi oldida qo'rquvdan tinmay yig'layotgan xotinidan nima bo'lganini so'radi. U sodir etilgan voqeani so'zlab berdi. Er buni eshitgach, g'azab otiga mindi, achchiq ustida do'stidan o'ch olishga shaylandi. Bo'lgan voqea haqida biroz o'ylab ko'rib, shashtidan tushdi. Keyin Ibn Ravohani topib, uning hamrohligida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga jo'nadi va u zot huzurlarida Allohning diniga kirganini e'lon qildi.

Abdulloh ibn Ravoha roziyallohu anhu Haybarga qo'riqchi qilib yuborilgan edi. Hijriy 8 (milodiy 629) yili Mut'a urushida shahid bo'lgunicha o'sha erda qo'riqchi bo'lib qolgan.

Mut'a jangiga ketishdan oldin yig'lagan Abdullohdan ko'z yoshining sababini so'rashganda: «Mening dunyoga muhabbatim, sizlardan esa da'vom yo'qdir. Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: «(Ey Muhammad,) ayting: «Kim zalolatda bo'lsa, Rohman unga muhlat berib qo'ysin. Toki o'zlariga va'da qilingan narsani – azobni yoki qiyomatni ko'rganlarida, kimning martabasi yomonroq va lashkari kuchsizroq ekanini albatta bilurlar», degin» (Maryam surasi, 75-oyat) oyatini eshitgandim. Oyatda aytilganidek, jahannamga tushsam, holim nima kechishini o'ylab yig'layapman».

Abdulloh ibn Ravoha Mut'a jangida shahid ketadi. Undan tashqari, Zayd ibn Horisa, Ja'far Sodiq ham halok bo'lishadi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga bu uch sahobaning o'limi haqida xabar keltirilganda chuqur qayg'u va g'amga botdilar.

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Abdulloh ibn Ravoha haqida: «Birodaringiz hech botil gap aytmaydi», deya marhamat qilganlar.

Alloh Abdulloh ibn Ravohani rahmatiga olgan bo'lsin!

 

Muniba Ahmad qizi

«Hilol» jurnalining 8(41) sonidan

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Internet orqali radikallashuvning oldini olish: muammolar va yechimlar muhokama qilindi

25.11.2026   1404   4 min.
Internet orqali radikallashuvning oldini olish: muammolar va yechimlar muhokama qilindi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Joriy yilning 25 noyabr kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Internet orqali radikallashuv: muammo va yechimlar” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Bugungi kunda internet makonida radikal g‘oyalar, soxta diniy da’vatlar va manipulyativ axborotlarning tarqalishi, ayniqsa, yoshlar dunyoqarashiga ta’sir ko‘rsatishi bilan dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bunday sharoitda axborot xurujlarining oldini olish, ishonchli diniy-ma’rifiy manbalarni keng targ‘ib etish va yoshlarda tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish muhim vazifalardan hisoblanadi.

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashabbusi bilan tashkil etilgan anjumanda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, ilmiy-tadqiqot markazlari, oliy ta’lim muassasalari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari, olimlar hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Anjumanni Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Komiljon Shermuxamedov kirish so‘zi bilan ochib berdi.

Tadbirda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktorining o‘rinbosari Gulnora G‘aniyeva va Markaz ilmiy xodimlari ham qatnashdi.

Konferensiyada radikallashuvning kelib chiqish omillari, uning ijtimoiy va psixologik jihatlari, raqamli texnologiyalardan g‘arazli maqsadlarda foydalanish, yoshlarni mafkuraviy ta’sirlardan himoya qilish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Mahsudov radikallashuvni faqat diniy omillar bilan bog‘lash to‘g‘ri emasligini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, bu jarayon ijtimoiy himoyasizlik, psixologik ehtiyojlar, adolatsizlik hissi, moliyaviy muammolar va axborot muhiti bilan ham chambarchas bog‘liq. 

Radikallashuv faqat diniy bilim yetishmasligi oqibati emas, u ko‘pincha insonning ijtimoiy himoyasizligi, psixologik ehtiyojlari, adolatsizlik hissi, moliyaviy muammolari va axborot muhiti bilan bog‘liq murakkab jarayondir, — dedi Davronbek Mahsudov.

Shuningdek, u radikal g‘oyalarga qarshi ishonchli va sifatli ma’rifiy kontent yaratish zarurligini ta’kidlab, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda yoshlar qiziqishiga mos videolar, podkastlar va ilmiy-ma’rifiy materiallarni ko‘paytirishni taklif etdi. 

Radikal g‘oyalarga qarshi kurashning samarali yo‘llaridan biri — ularning o‘rnini ishonchli, sifatli va ta’sirchan ma’rifiy kontent bilan to‘ldirishdir, — dedi u.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov internetda tarqatilayotgan yolg‘on axborot va manipulyativ materiallarga qarshi kurashishda sog‘lom tafakkur, ma’rifat va axborot savodxonligining ahamiyatiga e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, yoshlarni axborotni tahlil qilish, manbalarni tekshirish va tanqidiy fikrlashga o‘rgatish radikallashuvning oldini olishda muhim o‘rin tutadi.

Yolg‘on va radikallikning internet orqali tarqalishi bu zamonaviy axborot muhitining jiddiy sinovidir. Unga qarshi eng kuchli qalqon — teran ilm, sog‘lom tafakkur, ma’rifat, mo‘tadillik va jamiyatdagi o‘zaro ishonch, — dedi Homidjon Ishmatbekov.

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov raqamli muhitda diniy mazmundagi axborotlarning ishonchliligini tekshirish, sun’iy intellekt orqali yaratilayotgan materiallarni to‘g‘ri baholash va yoshlarni ishonchli manbalarga tayanib fikr yuritishga o‘rgatish masalalariga to‘xtaldi.

Imom Buxoriy avlodlari o‘laroq, biz hech qachon internetda adashmasligimiz kerak, — dedi Uyg‘un G‘afurov.

U diniy ta’limda ustoz, kitob va talaba o‘rtasidagi an’anaviy munosabatlarning ahamiyatini ta’kidlab, onlayn ta’lim imkoniyatlari bevosita ustoz bilan muloqot va ma’naviy tarbiyaning o‘rnini to‘liq bosa olmasligini qayd etdi.

Bizda qadimdan shakllangan uchlik bor: ustoz, kitob va talaba. Mana shu uchlik bo‘lmasa, ta’limda yetarli natijaga erishish qiyin. Onlayn ta’lim ayrim holatlarda qulay imkoniyat yaratadi. Ammo diniy ta’limda ustoz bilan bevosita muloqot, odob-axloq va ma’naviy tarbiyaning o‘rnini to‘liq almashtira olmaydi, — dedi u.

Shuningdek, ma’ruzachi buyuk allomalar asarlarini asl manbalar asosida o‘rganish, xatmul kutub an’anasini tiklash va yoshlarni ishonchli ilm manbalariga tayanib xulosa chiqarishga o‘rgatish muhimligini ta’kidladi.

Konferensiyada internet orqali radikallashuvning oldini olishda diniy-ma’rifiy muassasalar, ilmiy-tadqiqot markazlari, ta’lim tashkilotlari va axborot texnologiyalari mutaxassislari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

Tadbir yakunida mazkur yo‘nalishda ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqish, yoshlarning raqamli va mediasavodxonligini oshirish hamda sohadagi tadqiqotlarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Konferensiya materiallari asosida ilmiy ma’ruza va maqolalar to‘plamini nashr etish ham rejalashtirilgan.

Internet orqali radikallashuvning oldini olish: muammolar va yechimlar muhokama qilindi
O'zbekiston yangiliklari