Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Noyabr, 2026   |   16 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
06:00
Quyosh
07:19
Peshin
12:15
Asr
15:15
Shom
16:59
Xufton
18:16
Bismillah
26 Noyabr, 2026, 16 Jumadul soni, 1448

Biroz e'tiborli bo'lsangiz kifoya

16.11.2023   1642   3 min.
Biroz e'tiborli bo'lsangiz kifoya

Genri Ford shirkatidagi katta bir lavozimga nomzod bo'lgan ikki kishi bilan birga ovqatlandi. Nomzodlarning ikkalasi ham bitta univesitetni bitirgan edi. Ikkovining ham ish tajribasi deyarli bir xil edi.

   Ular ovqatlanib bo'lgach, birga oshxonadan chiqishdi. Genri Ford ulardan biriga ertadan kelib ishni boshlashi mumkinligini, boshqasiga esa uzr aytib, uni o'z komandasiga ololmasligini aytdi. Shunda ishga olinmagan yigit jur'atini to'plab so'radi:

- Uzr so'rayman, bitta savol so'rasam bo'ladimi?

- Marhamat!

- Biz ovqatlanish paytida muhandislik haqida, avtomobil haqida yoki universitet haqida gaplashmadik. Umumiy gaplarni gaplashdik xolos. Do'stimni ishga olib meni ishga olmaganingizga sabab nima?

Genri Ford dedi:

- Buning ikkita sababi bor:

Birinchisi, do'sting go'sht bo'lagini totib ko'rib so'ngra tuz sepdi. Sen esa oldin tuz sepib so'ngra eb ko'rding. Men narsalarni o'zgartirishdan oldin sinab ko'radiganlarni yaxshi ko'raman. Ikkinchisi, do'sting ofitsiantga odob bilan muomala qildi. "Rahmat", "uzr" kabi so'zlarni ishlatdi. Sening nazdingda esa ofitsiant go'yo yo'qday edi. Sen faqat menga nisbatan odobni namoyon qilding. Yaxshi boshliq mansabida turganida yaxshi taassurot qoldirishi lozim. U hamma bilan go'zal muomalada bo'lishi kerak!

Kichik hatti-harakatlar ko'p narsadan xabar beradi. O'zgalarni tanish uchun ularning ichiga chuqur kirish shart emas.

Bir mashinada o'tirsangiz qisqa muddatda haydovchi haqida, uning shaxsiyati, odobi, qaror chiqarish uslubi, natijalarga baho berishi haqida xulosa qila olasiz. Biroz e'tiborli bo'lsangiz etadi!

Faqirga sadaqa qilayotgan boyning harakati uning shaxsiyati haqida sizga xabar beradi. Kibr bilan sadaqa qilishdan ko'ra odob bilan uzr aytish yaxshiroqdir. Nima taqdim qilish emas, qanday taqdim qilish ahamiyatliroqdir. Kishilar gohida riyo qilishi mumkin. Ammo uzr so'rash odobi insonni fosh qiladi!

Er-xotinning birga yurib ketayotganini ko'rib ularning o'zaro aloqasi haqida xulosa qilish mumkin.

Otaning o'z farzandlariga gapirayotgan ohangidan uning tarbiya berish uslubini aniqlab olish mumkin.

Kishi suhbat qilayotganida ehtimol uning qanaqa diplomi borligini bilmassiz, ammo fahm va farosati haqida ma'lumotga ega bo'lishingiz tayin!

Kelin qilmoqchi bo'lgan qizingizni ota-onasiga qiladigan muomalasidan, kichik bolachalarga qilayotgan muomalasidan kimligini, axloqini va qadriyatlarini aniqlab olsangiz bo'ladi!

Biroz e'tiborli bo'lsangiz kifoya!

Abdulqodir Polvonov

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Internet orqali radikallashuvning oldini olish: muammolar va yechimlar muhokama qilindi

25.11.2026   1614   4 min.
Internet orqali radikallashuvning oldini olish: muammolar va yechimlar muhokama qilindi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Joriy yilning 25 noyabr kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Internet orqali radikallashuv: muammo va yechimlar” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Bugungi kunda internet makonida radikal g‘oyalar, soxta diniy da’vatlar va manipulyativ axborotlarning tarqalishi, ayniqsa, yoshlar dunyoqarashiga ta’sir ko‘rsatishi bilan dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bunday sharoitda axborot xurujlarining oldini olish, ishonchli diniy-ma’rifiy manbalarni keng targ‘ib etish va yoshlarda tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish muhim vazifalardan hisoblanadi.

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashabbusi bilan tashkil etilgan anjumanda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, ilmiy-tadqiqot markazlari, oliy ta’lim muassasalari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari, olimlar hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Anjumanni Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Komiljon Shermuxamedov kirish so‘zi bilan ochib berdi.

Tadbirda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktorining o‘rinbosari Gulnora G‘aniyeva va Markaz ilmiy xodimlari ham qatnashdi.

Konferensiyada radikallashuvning kelib chiqish omillari, uning ijtimoiy va psixologik jihatlari, raqamli texnologiyalardan g‘arazli maqsadlarda foydalanish, yoshlarni mafkuraviy ta’sirlardan himoya qilish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Mahsudov radikallashuvni faqat diniy omillar bilan bog‘lash to‘g‘ri emasligini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, bu jarayon ijtimoiy himoyasizlik, psixologik ehtiyojlar, adolatsizlik hissi, moliyaviy muammolar va axborot muhiti bilan ham chambarchas bog‘liq. 

Radikallashuv faqat diniy bilim yetishmasligi oqibati emas, u ko‘pincha insonning ijtimoiy himoyasizligi, psixologik ehtiyojlari, adolatsizlik hissi, moliyaviy muammolari va axborot muhiti bilan bog‘liq murakkab jarayondir, — dedi Davronbek Mahsudov.

Shuningdek, u radikal g‘oyalarga qarshi ishonchli va sifatli ma’rifiy kontent yaratish zarurligini ta’kidlab, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda yoshlar qiziqishiga mos videolar, podkastlar va ilmiy-ma’rifiy materiallarni ko‘paytirishni taklif etdi. 

Radikal g‘oyalarga qarshi kurashning samarali yo‘llaridan biri — ularning o‘rnini ishonchli, sifatli va ta’sirchan ma’rifiy kontent bilan to‘ldirishdir, — dedi u.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov internetda tarqatilayotgan yolg‘on axborot va manipulyativ materiallarga qarshi kurashishda sog‘lom tafakkur, ma’rifat va axborot savodxonligining ahamiyatiga e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, yoshlarni axborotni tahlil qilish, manbalarni tekshirish va tanqidiy fikrlashga o‘rgatish radikallashuvning oldini olishda muhim o‘rin tutadi.

Yolg‘on va radikallikning internet orqali tarqalishi bu zamonaviy axborot muhitining jiddiy sinovidir. Unga qarshi eng kuchli qalqon — teran ilm, sog‘lom tafakkur, ma’rifat, mo‘tadillik va jamiyatdagi o‘zaro ishonch, — dedi Homidjon Ishmatbekov.

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov raqamli muhitda diniy mazmundagi axborotlarning ishonchliligini tekshirish, sun’iy intellekt orqali yaratilayotgan materiallarni to‘g‘ri baholash va yoshlarni ishonchli manbalarga tayanib fikr yuritishga o‘rgatish masalalariga to‘xtaldi.

Imom Buxoriy avlodlari o‘laroq, biz hech qachon internetda adashmasligimiz kerak, — dedi Uyg‘un G‘afurov.

U diniy ta’limda ustoz, kitob va talaba o‘rtasidagi an’anaviy munosabatlarning ahamiyatini ta’kidlab, onlayn ta’lim imkoniyatlari bevosita ustoz bilan muloqot va ma’naviy tarbiyaning o‘rnini to‘liq bosa olmasligini qayd etdi.

Bizda qadimdan shakllangan uchlik bor: ustoz, kitob va talaba. Mana shu uchlik bo‘lmasa, ta’limda yetarli natijaga erishish qiyin. Onlayn ta’lim ayrim holatlarda qulay imkoniyat yaratadi. Ammo diniy ta’limda ustoz bilan bevosita muloqot, odob-axloq va ma’naviy tarbiyaning o‘rnini to‘liq almashtira olmaydi, — dedi u.

Shuningdek, ma’ruzachi buyuk allomalar asarlarini asl manbalar asosida o‘rganish, xatmul kutub an’anasini tiklash va yoshlarni ishonchli ilm manbalariga tayanib xulosa chiqarishga o‘rgatish muhimligini ta’kidladi.

Konferensiyada internet orqali radikallashuvning oldini olishda diniy-ma’rifiy muassasalar, ilmiy-tadqiqot markazlari, ta’lim tashkilotlari va axborot texnologiyalari mutaxassislari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

Tadbir yakunida mazkur yo‘nalishda ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqish, yoshlarning raqamli va mediasavodxonligini oshirish hamda sohadagi tadqiqotlarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Konferensiya materiallari asosida ilmiy ma’ruza va maqolalar to‘plamini nashr etish ham rejalashtirilgan.

Internet orqali radikallashuvning oldini olish: muammolar va yechimlar muhokama qilindi
O'zbekiston yangiliklari