Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Oktabr, 2026   |   22 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:03
Quyosh
06:21
Peshin
12:12
Asr
16:16
Shom
18:06
Xufton
19:20
Bismillah
03 Oktabr, 2026, 22 Rabi`us soni, 1448

E'tiqod durdonalari: Valiylar Payg'ambarlarning ummatlaridir

07.05.2021   17930   7 min.
E'tiqod durdonalari: Valiylar Payg'ambarlarning ummatlaridir

34- وَلَمْ يَفْضُلْ وَلِيٌّ قَطُّ دَهْرًا     نَبِيًّا أَوْ رَسُولاً فِي انْتِحِالِ

 

Ma'nolar tarjimasi:

Qilingan da'volarda biror valiy hech bir zamonda nabiydan yo rasuldan aslo afzal bo'lmagan.

 

Nazmiy bayoni:

Valiy biror da'voda hech bir zamon,

Nabiy yo Rasuldan afzal bo'lmagan.

 

Lug'atlar izohi:

– لَمْ nafiy, jazm va qalb harfi.

– يَفْضُلْ ma'lum jahd fe'li.

– وَلِيٌّ oilllikka ko'ra raf bo'lib turibdi. Lug'atda “yaqin bo'luvchi”, “to'xtovsiz ergashuvchi” kabi ma'nolarni anglatadi. Bu ism فَعِيلٌ vaznida bo'lganiga ko'ra unga ismi foil yo ismi maf'ul ma'nosini berish mumkin. Ismi foil ma'nosi berilsa: “Biror isyon aralashmasdan toat ibodati bardavom bo'luvchi”  ma'nosini anglatadi. Ismi maf'ul ma'nosi berilsa: “Alloh taoloning fazlu marhamati unga to'xtovsiz yog'ilib turgan”, ma'nosini anglatadi.

– قَطُّ o'tgan zamon “istig'roqi” uchun keltirilgan zarfi zamon.

– دَهْرًا bu kalima “zamon”, “asr” va “uzun umr”  ma'nolarini anglatadi. Bu erda zamon ma'nosi iroda qilingan. Zarflikka ko'ra nasb bo'lib turibdi.

– نَبِيًّا maf'ullikka ko'ra nasb bo'lib turibdi. Lug'atda “xabardor qilingan” yo “xabar beruvchi” ma'nolarini anglatadi.

أَوْ – “tafsiyl” ma'nosida kelgan atf harfi.

رَسُولاً – ma'tuf. Lug'atda “elchi” ma'nosini anglatadi.

– فِي “zarfiyat” ma'nosida kelgan jor harfi.

انْتِحِالِ – bu masdar o'ziga tegishli bo'lmagan narsani da'vo qilishga nisbatan ishlatiladi. Bu erda biror valiydan naql qilingan so'z yoki boshqalarning valiylar haqidagi so'zlari iroda qilingan. Ya'ni har qancha ulug'likka dalolat qiladigan da'volar bo'lmasin, valiy hech qachon payg'ambardan afzal bo'lmagan, deb e'tiqod qilish lozim. 

 

Matn sharhi:

Valiylar hech qachon biror-bir payg'ambarning martabasiga eta olmagan. Bunday e'tiqod qilishga ushbu hadisda ochiq-oydin dalolat bor:       

عَنْ أَبِي الدَّرْدَاءِ قَالَ رَآنِي رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَمْشِي اَمَامَ أَبِي بَكْرٍ فَقَالَ يَا أَبا الدَّرْدَاءِ اَتَمْشِي اَمَامَ مَنْ هُوَ خَيْرٌ مِنْكَ فِي الدُّنْيَا وَ الآخِرَةِ مَا طَلَعَتِ الشَّمْسُ وَلاَ غَرَبَتْ عَلَى أَحَدٍ بَعْدَ النَّبِيِّينَ وَالْمُرْسَلِينَ أَفْضَلَ مِنْ أَبِي بَكْرٍ.   رَوَاهُ أَحْمَدُ بْنُ حَنْبَل

Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mening Abu Bakrning oldida yurganimni ko'rdilar va: “Ey Abu Dardo, dunyoda ham, oxiratda ham o'zingdan afzal bo'lgan kishining oldida yurasanmi? Nabiylar va rasullardan keyin Abu Bakrdan afzalroq biror kishining tepasiga quyosh chiqmagan ham, botmagan ham”, – dedilar”. Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilgan.    

Ya'ni barcha sahobalarning ulug'i, valiylar sultoni Abu Bakr roziyallohu anhu Nabiylar va Rasullardan keyin tursa, qolganlar shak-shubhasiz ulardan past darajada bo'ladilar.

Aslida, ushbu bayt ham karromiylar deb atalgan buzg'unchi toifaning qarashlaridan ommani ogohlantirish ma'nosida keltirilgan. Chunki valiy payg'ambarga ergashishi bilangina ushbu maqomga etishadi. Ergashuvchi esa ergashilgandan afzal bo'lmasligi hech kimga sir emas.  Qolversa, payg'ambarlar ma'sum va yomon xotimadan omonda bo'lgan zotdirlar.

Valiylar va ularning karomatlari haqida “Aqoidun Nasafiy” asarida shunday deyilgan:

كَرَامَاتُ الاَوْلِيَاءِ حَقٌ فَيُظْهِرُ الْكَرَامَةَ عَلَى طَرِيقِ نَقْضِ الْعَادَةِ لِلْوَلِىِّ مِنْ قَطْعِ الْمَسَافَةِ الْبَعِيدَةِ فِى الْمُدَّةِ الْقَلِيلَةِ وَظُهُورِ الطَّعَامِ وَالشَّرَابِ وَاللِّبَاسِ عِنْدَ الْحَاجَةِ وَالْمَشْىِ عَلَى الْمَاءِ وَالطَّيَرَانِ فِى الْهَوَاءِ وَكَلاَمِ الْجَمَادِ وَالْعَجْمَاءِ وَغَيْرِ ذَلِكَ مِنَ الاَشْيَاءِ وَيَكُونُ ذَلِكَ مُعْجِزَةً لِلرَّسُولِ الَّذِى ظَهَرَتْ هَذِهِ الْكَرَامَةُ لِوَاحِدٍ مِنْ اُمَّتِهِ لاِنَّهُ يَظْهَرُ بِهَا اَنَّهُ وَلِىٌّ وَلَنْ يَكُونَ وَلِيًّا اِلاَّ اَنْ يَكُونَ مُحِقًّا فِى دِيَانَتِهِ وَدِيَانَتُهُ اَلاِقْرَارُ بِرِسَالَةِ رَسُولِهِ.

“Valiylar karomati haqdir. Uzoq masofani qisqa muddatda bosib o'tish, muhtoj paytda oziq-ovqat, ichimlik va kiyimlarning paydo bo'lishi, suv ustida yurish, havoda uchish, jonsiz va tilsiz narsalarning gapirishi va bulardan boshqa narsalarni (Alloh taolo)  valiyga g'ayrioddiy yo'lga ko'ra paydo qiladi. Ummatlaridan biriga karomat sifatida paydo bo'lgan ushbu narsalar payg'ambarga mo''jiza bo'ladi. Chunki o'sha karomat sababli uning valiy ekani zohir bo'ladi. Valiy faqat va faqat o'z diyonatida haqiqiy bo'lishi bilan valiy bo'la oladi. Uning diyonati esa payg'ambarining payg'ambar ekaniga iqror bo'lishidir”[1]. 

Ha, valiylar payg'ambarlarning ummatlaridirlar, ular payg'ambarlari keltirgan shariatni mahkam tutib yashashga boshqalardan ko'proq intiladigan zotlar bo'lganlar. Ularning barchalariga Alloh taoloning rahmati bo'lsin.

 

 

KYeYINGI MAVZU:

Valiylar sultoni haqida

 

[1] Sa'duddin Taftazoniy. Sharhu aqoid. – Misr: “Maktabatul Azhariy”, 2000. – B. 131.

 

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

HIJRATNI TANLAGANLAR HAQ YO‘LDAMI?

02.10.2026   21343   3 min.
HIJRATNI TANLAGANLAR HAQ YO‘LDAMI?

2-QISM

 

Raddiya: Hijrat va jihod masalasi sharoit, imkoniyat va shariat hukmlariga bog‘liq. Ushbu fitnachining go‘yoki “ushbu ummatga jihodsiz hayot yo‘q” kabi da’volariga aldanayotgan ayrim yoshlar “jihod” urush olib borish ekan” degan tor tasavvurlar bilan Suriyadagi terrorchilar safiga borib qo‘shilmoqda.

Ma’lumki, “jihod” arabchada “jiddu jahd”, “g‘ayrat qilmoq” ma’nolarini anglatib, Islom ta’limotida dastlab dinni himoya qilish sifatida vujudga kelgan tushuncha hisoblanadi. Jihod urush ma’nosida emas, Allohning diniga so‘z bilan da’vat qilish ma’nosida yuzaga kelgan. Arab tilida asli “urush” ma’nosini “qitol” so‘zini anglatadi.

Jihod Islom huquqshunoslari tomonidan “qalb jihodi” (insonning o‘zining nafsi va yomon hulqi bilan kurashuvi), “til jihodi” (yaxshilikka chaqirish, yomon ishlardan qaytarish), “qo‘l jihodi” (jinoyatchilarni jazolash) va “qilich jihodi” (dushman bilan qurolli kurash) kabi ko‘rinishlarda bo‘lishi e’tirof etiladi.

Jaloliddin Suyutiyning “Al-Fathul kabir” kitobida (2-juz, 280-b.) keltirilgan hadisda Rasulluloh sollallohu alayhi vasallam: “Kichik jihoddan katta jihodga, bandaning havoyi nafsiga qarshi qiladigan jihodiga xush kelingiz!” deganlar. Ushbu hadisdan eng afzal jihod insonning o‘z nafsini yengishi ekani kelib chiqadi.

Jihod masalasida Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda “Jihodning afzali Alloh taoloning yo‘lida havoyi nafsingga qarshi jihod qilmog‘ingda”, deyilgan.

Dunyo ulamolarining xulosalariga ko‘ra, islomda qurolli jihod hukmi sharoitga qarab o‘zgarib turadi va ikki qism: talab va mudofaadan iborat ekanini ta’kidlaydilar. Talab jihodi hozirgi kunda yo‘q ekaniga ulamolar ijmo qilganlar. Chunki musulmonlar hozir turli mamlakatlarda istiqomat qilib, mamlakatlar orasidagi munosabatlar hozirda o‘zaro urushmaslikka va elchixonalar orqali aloqalarga asoslangan.

Mudofaa jihodi dushman musulmon yurtiga bostirib kirsa, himoya uchun zarur bo‘lib, u hech qachon ichki fitna shaklida bo‘lishi mumkin emas. Islomda qonuniy hokimiyatga qarshi fitna qilib, bog‘iylarcha qurol ko‘tarib chiqish emas, aksincha, qonuniy hokimiyatni himoya qilish buyurilgan.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim menga itoat qilsa, Alloh taologa itoat qilgan bo‘ladi. Kimki amirga itoat qilsa, demak menga itoat qilibdi va kimki amirga osiylik qilsa, demak menga osiylik qilibdi. Chunki amir – orqasidan, ya’ni uni himoya qilib jang qilinadigan hamda u bilan dushmandan saqlanadigan qalqondir” (Imom Buxoriy rivoyati).

Ular dalil qilib keltirayotgan oyat va hadis qo‘rqitish ma’nosidagi matnlardandir. Bu kabi oyat va hadislardan hukm chiqarish uchun asl hukmlarga qaytiladi. Asl hukm bo‘yicha, ahli tavhid do‘zaxda abadiy qoladigan kofir bo‘lmaydi.

Imom Muhammad ibn Ismoil San’oniy o‘zining “Subulus salom” nomli mashhur kitobida yuqoridagi hadis va uning ma’nosidagi boshqa hadislarni sharhlab bo‘lganidan keyin, quyidagi hadisning sharhida aytadi:

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Fathdan keyin hijrat yo‘q”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

“Bu hadis umumiy va o‘zidan oldin kelgan hijratga dalolat qiluvchilarini nasx qiluvchidir, deydilar. Shu bilan birga, Nabiy sollallohu alayhi vasallam musulmon bo‘lgan arablarni O‘zlari tomon hijrat qilishga amr qilmaganlar va o‘z yurtlarida turishlarini inkor qilmaganlar”.

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA