Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Avgust, 2026   |   1 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:02
Quyosh
05:31
Peshin
12:28
Asr
17:21
Shom
19:28
Xufton
20:54
Bismillah
14 Avgust, 2026, 1 Rabi`ul avval, 1448

E'tiqod durdonalari: Valiylar Payg'ambarlarning ummatlaridir

07.05.2021   15259   7 min.
E'tiqod durdonalari: Valiylar Payg'ambarlarning ummatlaridir

34- وَلَمْ يَفْضُلْ وَلِيٌّ قَطُّ دَهْرًا     نَبِيًّا أَوْ رَسُولاً فِي انْتِحِالِ

 

Ma'nolar tarjimasi:

Qilingan da'volarda biror valiy hech bir zamonda nabiydan yo rasuldan aslo afzal bo'lmagan.

 

Nazmiy bayoni:

Valiy biror da'voda hech bir zamon,

Nabiy yo Rasuldan afzal bo'lmagan.

 

Lug'atlar izohi:

لَمْ nafiy, jazm va qalb harfi.

يَفْضُلْ ma'lum jahd fe'li.

وَلِيٌّ oilllikka ko'ra raf bo'lib turibdi. Lug'atda “yaqin bo'luvchi”, “to'xtovsiz ergashuvchi” kabi ma'nolarni anglatadi. Bu ism فَعِيلٌ vaznida bo'lganiga ko'ra unga ismi foil yo ismi maf'ul ma'nosini berish mumkin. Ismi foil ma'nosi berilsa: “Biror isyon aralashmasdan toat ibodati bardavom bo'luvchi”  ma'nosini anglatadi. Ismi maf'ul ma'nosi berilsa: “Alloh taoloning fazlu marhamati unga to'xtovsiz yog'ilib turgan”, ma'nosini anglatadi.

قَطُّ o'tgan zamon “istig'roqi” uchun keltirilgan zarfi zamon.

دَهْرًا bu kalima “zamon”, “asr” va “uzun umr”  ma'nolarini anglatadi. Bu erda zamon ma'nosi iroda qilingan. Zarflikka ko'ra nasb bo'lib turibdi.

نَبِيًّا maf'ullikka ko'ra nasb bo'lib turibdi. Lug'atda “xabardor qilingan” yo “xabar beruvchi” ma'nolarini anglatadi.

أَوْ – “tafsiyl” ma'nosida kelgan atf harfi.

رَسُولاً – ma'tuf. Lug'atda “elchi” ma'nosini anglatadi.

فِي “zarfiyat” ma'nosida kelgan jor harfi.

انْتِحِالِ – bu masdar o'ziga tegishli bo'lmagan narsani da'vo qilishga nisbatan ishlatiladi. Bu erda biror valiydan naql qilingan so'z yoki boshqalarning valiylar haqidagi so'zlari iroda qilingan. Ya'ni har qancha ulug'likka dalolat qiladigan da'volar bo'lmasin, valiy hech qachon payg'ambardan afzal bo'lmagan, deb e'tiqod qilish lozim. 

 

Matn sharhi:

Valiylar hech qachon biror-bir payg'ambarning martabasiga eta olmagan. Bunday e'tiqod qilishga ushbu hadisda ochiq-oydin dalolat bor:       

عَنْ أَبِي الدَّرْدَاءِ قَالَ رَآنِي رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَمْشِي اَمَامَ أَبِي بَكْرٍ فَقَالَ يَا أَبا الدَّرْدَاءِ اَتَمْشِي اَمَامَ مَنْ هُوَ خَيْرٌ مِنْكَ فِي الدُّنْيَا وَ الآخِرَةِ مَا طَلَعَتِ الشَّمْسُ وَلاَ غَرَبَتْ عَلَى أَحَدٍ بَعْدَ النَّبِيِّينَ وَالْمُرْسَلِينَ أَفْضَلَ مِنْ أَبِي بَكْرٍ.   رَوَاهُ أَحْمَدُ بْنُ حَنْبَل

Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mening Abu Bakrning oldida yurganimni ko'rdilar va: “Ey Abu Dardo, dunyoda ham, oxiratda ham o'zingdan afzal bo'lgan kishining oldida yurasanmi? Nabiylar va rasullardan keyin Abu Bakrdan afzalroq biror kishining tepasiga quyosh chiqmagan ham, botmagan ham”, – dedilar”. Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilgan.    

Ya'ni barcha sahobalarning ulug'i, valiylar sultoni Abu Bakr roziyallohu anhu Nabiylar va Rasullardan keyin tursa, qolganlar shak-shubhasiz ulardan past darajada bo'ladilar.

Aslida, ushbu bayt ham karromiylar deb atalgan buzg'unchi toifaning qarashlaridan ommani ogohlantirish ma'nosida keltirilgan. Chunki valiy payg'ambarga ergashishi bilangina ushbu maqomga etishadi. Ergashuvchi esa ergashilgandan afzal bo'lmasligi hech kimga sir emas.  Qolversa, payg'ambarlar ma'sum va yomon xotimadan omonda bo'lgan zotdirlar.

Valiylar va ularning karomatlari haqida “Aqoidun Nasafiy” asarida shunday deyilgan:

كَرَامَاتُ الاَوْلِيَاءِ حَقٌ فَيُظْهِرُ الْكَرَامَةَ عَلَى طَرِيقِ نَقْضِ الْعَادَةِ لِلْوَلِىِّ مِنْ قَطْعِ الْمَسَافَةِ الْبَعِيدَةِ فِى الْمُدَّةِ الْقَلِيلَةِ وَظُهُورِ الطَّعَامِ وَالشَّرَابِ وَاللِّبَاسِ عِنْدَ الْحَاجَةِ وَالْمَشْىِ عَلَى الْمَاءِ وَالطَّيَرَانِ فِى الْهَوَاءِ وَكَلاَمِ الْجَمَادِ وَالْعَجْمَاءِ وَغَيْرِ ذَلِكَ مِنَ الاَشْيَاءِ وَيَكُونُ ذَلِكَ مُعْجِزَةً لِلرَّسُولِ الَّذِى ظَهَرَتْ هَذِهِ الْكَرَامَةُ لِوَاحِدٍ مِنْ اُمَّتِهِ لاِنَّهُ يَظْهَرُ بِهَا اَنَّهُ وَلِىٌّ وَلَنْ يَكُونَ وَلِيًّا اِلاَّ اَنْ يَكُونَ مُحِقًّا فِى دِيَانَتِهِ وَدِيَانَتُهُ اَلاِقْرَارُ بِرِسَالَةِ رَسُولِهِ.

“Valiylar karomati haqdir. Uzoq masofani qisqa muddatda bosib o'tish, muhtoj paytda oziq-ovqat, ichimlik va kiyimlarning paydo bo'lishi, suv ustida yurish, havoda uchish, jonsiz va tilsiz narsalarning gapirishi va bulardan boshqa narsalarni (Alloh taolo)  valiyga g'ayrioddiy yo'lga ko'ra paydo qiladi. Ummatlaridan biriga karomat sifatida paydo bo'lgan ushbu narsalar payg'ambarga mo''jiza bo'ladi. Chunki o'sha karomat sababli uning valiy ekani zohir bo'ladi. Valiy faqat va faqat o'z diyonatida haqiqiy bo'lishi bilan valiy bo'la oladi. Uning diyonati esa payg'ambarining payg'ambar ekaniga iqror bo'lishidir”[1]

Ha, valiylar payg'ambarlarning ummatlaridirlar, ular payg'ambarlari keltirgan shariatni mahkam tutib yashashga boshqalardan ko'proq intiladigan zotlar bo'lganlar. Ularning barchalariga Alloh taoloning rahmati bo'lsin.

 

 

KYeYINGI MAVZU:

Valiylar sultoni haqida

 

[1] Sa'duddin Taftazoniy. Sharhu aqoid. – Misr: “Maktabatul Azhariy”, 2000. – B. 131.

 

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

YUZDAN ZIYOD OILAGA KO‘MAK BЕRILDI

10.08.2026   24314   1 min.
YUZDAN ZIYOD OILAGA KO‘MAK BЕRILDI

Sayyor yig‘ilish

Bir kishiga ko‘maklashsangiz, u qanchalik shod bo‘ladi.
Endi bir emas, o‘n emas, yuzdan ziyod oilaga ham ma’naviy, ham ma’rifiy, ham moddiy ko‘mak berilsa, qancha kishining ko‘ngli ko‘tarilishini, sizni alqashini tasavvur qilib ko‘ring-a.
Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida poytaxtimizning Yangi hayot tumanidagi «Niyozmat ota» jome masjidida ma’naviy-ma’rifiy sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari Ergashali domla Rustamov, Toshkent shahar tumanlari bosh imomlari, imom-domlalar, «Haj 2026» ishtirokchilari qatnashdilar.
Tumandagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish maqsadida mahallalarga tashrif buyurildi. Adashib aqidasi buzuq turli oqimlar ta’siriga tushib qolgan shaxslar, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan ham suhbatlar olib borildi.
Katta hayot tajribasiga ega hoji otalar, hoji onalar imom-xatiblar, otinoyilar bilan birgalikda olib borgan ma’rifiy targ‘ibotlari o‘z samarasini berdi: yuzdan ziyod xonadonga ham ma’naviy, ham moddiy yordam ko‘rsatildi.
* * *
Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov Yangi hayot tumanidagi mahallalarga tashrif buyurib, u yerdagi bir qancha xonadonlarga kirib, xonadon egalarining qalblariga xursandchilik ulashdilar.
Quvonarlisi, yangi o‘quv yili arafasida homiylarni jalb qilgan holda 30 ta haqdor xonadon sohiblari farzandlariga sumka, o‘quv qurollari hadya etildi.
Yuzdan ziyod xonadon egalarining ko‘ngli ko‘tarilib, ular ezgu ishlarning boshida turgan barcha aziz insonlarning haqlariga xayrli duolar qilishdi.

Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari