Sayt test holatida ishlamoqda!
03 May, 2025   |   5 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:48
Quyosh
05:18
Peshin
12:25
Asr
17:17
Shom
19:25
Xufton
20:50
Bismillah
03 May, 2025, 5 Zulqa`da, 1446

E'tiqod durdonalari: VALIYLAR VA ULARNING KAROMATLARI BAYoNI

05.05.2021   5184   25 min.
E'tiqod durdonalari: VALIYLAR VA ULARNING KAROMATLARI BAYoNI

33- كَرَامَاتُ الْوَلِيِّ بِدَارِ دُنْيَا      لَهَا كَوْنٌ فَهُمْ أَهْلُ النَّوَالِ

 

Ma'nolar tarjimasi:

Dunyo diyorida valiylarning karomatlari, ularda (karomatlarda) mavjudlik bordir, chunki ular (valiylar) in'om ahlidirlar.

 

Nazmiy bayoni:

Dunyoda valiylar karomatlari

Bo'lishi shubhasiz, ular in'om ahli.

 

Lug'atlar izohi:

كَرَامَاتُ – mubtado, muzof. Habari taqdiriy حَقٌّ dir.

الْوَلِيِّ – bu kalimadagi اَلْ “istig'roqiya” (batamom qamrab olish) uchun kelgan jinsiya اَلْ dir. Shuning uchun mufrad bo'lsa ham “valiylar” deya tarjima qilindi.  

بِ – “zarfiyat” ma'nosida kelgan jor harfi.

دُنْيَاِ دَار – majrur, muzof, muzofun ilayh. دُنْيَا  kalimasi avvalgi harfi دُ ning zammasi bilan aytilishi mashhurdir. Ba'zi ulamolardan دِنْيَا shaklida avvalgi harfini kasralik qilib o'qilgani ham rivoyat qilingan. Dunyo lug'atda “yaqin” ma'nosiga to'g'ri keladi. Dunyo kalimasidan nima tushunilishi haqida ikki xil qarash bor:

– Havo kengliklari bilan birgalikda er yuzidagi barcha narsalar;

– Barcha maxluqotlar.  

Ikkinchi qarash mo''tabar hisoblanadi va bu o'rinda ham ushbu qarash iroda qilingan.  

لَهَا – jor harfi فِي ma'nosida kelgan. Zamir bilan kelgani uchun fathali bo'lib turibdi. Zamir  كَرَامَاتُ ga qaytadi.

كَوْنٌ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado. Uning xabari oldin kelgan لَهَا dir.

فَ – “ta'liliya” (izohlamoq) ma'nosida kelgan. 

هُمْ – mubtado. Jam muzakkar g'oib zamiri.  

أَهْلُ – xabar. Muzof. Ahl kalimasi bu o'rinda “ega” ma'nosida kelgan. 

النَّوَالِ – muzofun ilayh. Lug'atda “tortiq”, “hadya” kabi ma'nolarni anglatadi.

 

Matn sharhi:

Ushbu baytda Ahli sunna val-jamoaning valiylar va ularning karomatlari to'g'risidagi e'tiqodlari qisqa va lo'nda bayon qilingan. Chunki ushbu masalada ham mo''taziliy firqasining noto'g'ri qarashlari bo'lgan.  

Valiy lug'atda “yaqin”, “do'st” kabi ma'nolarni bildirib, ko'plik shakli “avliyo” bo'ladi. Istilohda esa: “Imkon qadar Alloh taoloni taniguvchi, toatlarda bardavom bo'luvchi, yomonliklardan saqlanuvchi, shahvatlarga berilishdan o'zini olib qochuvchi, dunyodan yuz o'giruvchi, oxiratga yuzlanuvchi doimiy ravishda Robbisining zikrida bo'luvchi zot valiy deyiladi”[1].

 

Valiylarning martabalari

“Aqidatul mu'min” kitobida valiylarning to'rt martabada bo'lishlari bayon qilingan. 

  1. “Eng oliy martaba – bu martaba nabiy va rasullarning martabasidir. Alloh taolo tarafidan ularga ato qilingan karomatlar mo''jizalar bo'lgan. Ular bu mo''jizalarni to'g'ri yo'lga chaqirish uchun hujjat qilib keltirganlar.
  2. Yuqori martaba – bu martaba payg'ambar alayhissalomlarga ergashgan, ularning yaqin yordamchilari bo'lgan peshqadam kishilarning martabasidir. Bularning martabalari Allohning elchisiga qanchalik yaqin bo'lganlari e'tiboridan bir-birlariga nisbatan turli darajalarda bo'lgan.
  3. O'rtacha martaba – bu martaba o'rtacha darajadagi o'ng taraf egalaridan bo'lgan iymon va taqvo ahllarining martabasidir.
  4. Past martaba – bu martaba iymon va taqvoda zaif bo'lgan, o'zlariga zulm qilgan kishilarning martabasidir.

Oyati karimada solih bandalar haqida shunday bayon qilingan:

﴿ثُمَّ أَوۡرَثۡنَا ٱلۡكِتَٰبَ ٱلَّذِينَ ٱصۡطَفَيۡنَا مِنۡ عِبَادِنَاۖ فَمِنۡهُمۡ ظَالِمٞ لِّنَفۡسِهِۦ وَمِنۡهُم مُّقۡتَصِدٞ وَمِنۡهُمۡ سَابِقُۢ بِٱلۡخَيۡرَٰتِ بِإِذۡنِ ٱللَّهِۚ ذَٰلِكَ هُوَ ٱلۡفَضۡلُ ٱلۡكَبِيرُ٣٢

“So'ngra bu kitobni O'z bandalarimizdan tanlab olganlarimizga meros qildik. Bas, ulardan o'ziga o'zi zulm qiluvchilari bor, ulardan o'rtachalari bor va ulardan Allohning izni ila yaxshiliklarga o'zuvchilar ham bor. Ana shu ayni ulug' fazldir”[2].     

Ushbu oyati karimada insonlarning uch toifasi zikr qilingan:

  1. O'zlariga zulm qiluvchilar;
  2. O'rtachalar;
  3. Yaxshiliklarga o'zuvchilar.

Keyingi oyati karimada mazkur uch toifaning barchalari jannatga kirishlari, tillo bilakuzuklar va injular bilan bezanishlari, liboslari ipakdan bo'lishi bayon qilingan. Bu narsa esa iymon va taqvoda zaif bo'lgan kishilar ham agarchi ba'zi zaruriyatlarni tark qilgan yoki ba'zi nojoyiz ishlarni qilgan bo'lsalar-da, Alloh taoloning do'stlaridan sanalishlariga dalolat qiladi. Faqatgina ularning iymon va taqvolari zaifliklari sababli peshqadamlardan past va o'rtachalarning darajalariga ham etmagan eng past darajada bo'ladilar”[3].     

 

Karomatning turlari

Karomat lug'atda “izzat ikrom”, “qadr qimmat”, “oliyjanoblik” kabi ma'nolarni bildiradi. Istilohda esa, “Alloh taoloning O'zi sevgan bandalariga qilgan izzat-ikromi karomat, deyiladi”. 

Karomat ikki xil bo'ladi:

  1. Tug'ma karomat;
  2. Mehnat bilan erishiladigan karomat.

Birinchi turdagi karomat barcha insonlarga tegishlidir. Chunki ularni Alloh taolo inson qilib yaratgan. Inson qilib yaratilganlar esa mo'minu kofirliklaridan qat'i nazar boshqa barcha jonzotlardan azizu mukarram qilib qo'yilgan, ya'ni hozirgi bahs nuqtai nazaridan qaralsa, odam bolasi bo'lib, dunyoga kelishlarining o'zi Alloh taoloning ularni izzat-ikrom qilganidir. Agar Alloh xohlaganida, boshqa jonivorning bolasi holida dunyoga kelishlari ham mumkin edi. Alloh taoloning O'zi ularni odam farzandi sifatida dunyoga kelishlarini iroda qilgan. Odam bolalarini esa boshqa ko'plab jonzotlardan azizu mukarram qilib qo'ygan.  Ushbu azizu mukarram qilinish, insoniyatning tug'ma karomatidir. 

﴿۞وَلَقَدۡ كَرَّمۡنَا بَنِيٓ ءَادَمَ وَحَمَلۡنَٰهُمۡ فِي ٱلۡبَرِّ وَٱلۡبَحۡرِ وَرَزَقۡنَٰهُم مِّنَ ٱلطَّيِّبَٰتِ وَفَضَّلۡنَٰهُمۡ عَلَىٰ كَثِيرٖ مِّمَّنۡ خَلَقۡنَا تَفۡضِيلٗا٧٠

“Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo'ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O'zimiz yaratgan ko'p jonzotlardan afzal qilib qo'ydik”[4].          

Ya'ni Alloh taolo Odam nasliga aql berib, ilm berib, nutq berib, koinotdagi barcha narsalarni ularga tobe qilib, boshqa maxluqotlardan ularni azizu mukarram qilib qo'ygan. Ularga hayvonlarni ulov qilib bergan va kemalarni ham ko'tarishga salohiyatli qilib qo'ygan. Lazzatli taomlar va shirin suvlarni rizq qilib bergan. Muqotil: “Bu oyati karima “Biz odam bolalariga sariyog', asal, qaymoq, xurmo kabi pokiza narsalarni rizq qilib berdik, boshqa hayvonlarga esa somon, suyak kabi narsalarni rizq qilib berdik” ma'nosini anglatadi”, – degan. 

Karomatning ikkinchi turi, ya'ni mehnat bilan erishiladigan karomat esa faqat taqvodor mo'minlardagina hosil bo'lishi mumkin. Chunki bu karomat mo'minlarga xos e'tiqod va harakatlar bilan hosil bo'ladi.

 Qur'oni karimda insonlar orasidagi eng hurmatli, Alloh taoloning izzat-ikromiga sazovor bandaning sifati bayon qilingan: 

﴿يَٰٓأَيُّهَا ٱلنَّاسُ إِنَّا خَلَقۡنَٰكُم مِّن ذَكَرٖ وَأُنثَىٰ وَجَعَلۡنَٰكُمۡ شُعُوبٗا وَقَبَآئِلَ لِتَعَارَفُوٓاْۚ إِنَّ أَكۡرَمَكُمۡ عِندَ ٱللَّهِ أَتۡقَىٰكُمۡۚ إِنَّ ٱللَّهَ عَلِيمٌ خَبِيرٞ١٣

“Ey insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo'ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog'ingiz taqvodorrog'ingizdir”[5].  

Bu xitob butun bashariyatga qarata aytilgan. Ya'ni ey odamlar, Biz sizlarni bitta asldan yaratganmiz. Sizlarni bir ota va bir onadan vujudga keltirganmiz. Shuning uchun ota-bobolar bilan maqtanish ham, nasabga suyanish ham behudadir. Sizlar barchangiz Odamdan tarqalgansizlar, Odam esa tuproqdan yaratilgandir! Bashariyatning xalqlar va qabilalar qilib qo'yilishi ota-bobolar bilan faxrlanish uchun emas, balki bir-birlarining nasablarini tanib olish, otalaridan boshqaga nisbat bermaslik uchundir.

 Nasab urfda ham, shariatda ham e'tiborga olinsa-da, lekin uning Alloh huzurida qadri baland bo'lishda hech qanday e'tibori yo'qdir. Alloh huzurida aziz bo'lish iymon va taqvo bilan bo'ladi. Bu azizlik oldida qolgan azizliklar xuddi quyosh chiqqanida yulduzlar g'oyib bo'lgani kabi ko'zga tashlanmay qoladi. Ha, odamlar naslu nasab bilan emas, taqvo bilan aziz bo'ladilar. So'fi  Ollohyor bobomiz aytganidek: 

Ishonma otaga, qolma talabdin,

So'ralmasdur qiyomatda nasabdin.

Ya'ni men faloniylar avlodidanman, deb aldanib qolmagin, chunki hisob-kitob kunida nasl-nasabingdan so'rov bo'lmaydi, balki qilgan amallaringdan so'rov bo'ladi. Ammo dunyoda birovning ham amali yaxshi, ham nasabi yaxshi bo'lsa, nur ustiga nur bo'ladi. Biroq amali yomon bo'lsa...

Hikmatli so'zda: “Amali ortga surgan kimsani nasabi oldinga sura olmaydi”, – deyilgan.

Shuning uchun, kimki dunyoyu oxiratda azizu mukarram bo'lishni, Alloh taoloning izzat-ikromiga sazovor bo'lishni xohlasa, albatta, taqvodor mo'min bo'lishi lozim! 

 

Farosat – yarim karomat

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam komil mo'min kishilarga beriladigan karomatlardan birini shunday bayon qilganlar:    

عَنْ أَبِى سَعِيدٍ الْخُدْرِيِّ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قال اِتَّقُوا فِراسَةَ الْمُؤْمِنِ فَإِنَّهُ يَنْظُرُ بِنُورِ اللّهِ ثُمَّ قَرَأَ ﴿إِنَّ فِي ذَٰلِكَ لَأٓيَٰتٖ لِّلۡمُتَوَسِّمِينَ٧٥    أَخْرَجَهُ التِّرْمِذِيُّ

Abu Sa'id Hudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Mo'minning farosatidan ehtiyot bo'linglar, chunki u Allohning nuri bilan nazar soladi, – dedilar so'ngra Albatta, bu (hodisa)dafarosatli kishilar uchun alomatlar bordir,[6] oyatini o'qidilar”. “Sunani Temiziy”da kelgan.  

Sharh: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam komil va muxlis mo'min bandaning Alloh taolo tomonidan izzat-ikrom qilinishini, unga haq bilan botil orasini ajratish farosati berilishini xabar bermoqdalar. U zotning: “Mo'minning farosatidan ehtiyot bo'linglar”, deya buyurishlaridan quyidagi ma'nolar iroda qilingan: ma'siyatlarning oshkorasidan ham, maxfiysidan ham saqlaninglar, ehtimol, mo'min kishi xaloyiqdan yashirayotgan narsalaringizni bilib turar, natijada uning oldida sharmanda bo'lasizlar. Chunki komil mo'min kishi sizlar yashirayotgan narsaga Alloh taolo charog'on qilgan qalb ko'zi bilan nazar soladi va haqiqatni his etadi.

Farosat lug'atda “fahmlash”, “o'tkir aql” kabi ma'nolarni anglatadi. Shuning uchun ham xalqimizda “Farosat yarim karomat”degan hikmatli so'z bor. “Tuhfatul aoliy” kitobida farosat turlarga ajratilib sharhlangan:

– Iymoniy farosat, banda qalbiga solgan Alloh taoloning nuri bo'lib, qalbni chulg'ab oladigan idrokdan iborat bo'ladi. Ushbu farosat iymon quvvatiga ko'ra turlicha bo'lib, iymon qanchalik kuchli bo'lsa, farosat ham shuncha o'tkir bo'ladi.

– Riyoziy farosat, to'yib taom emaslik, bedorlik va o'zini xilvatga olib yolg'iz bo'lish kabi ishlar bilan hosil bo'ladi. Mazkur ishlarni qilish natijasida kishida farosat va atrofdagi narsalarning haqiqatini anglash to'g'risidagi ma'lum bir tushunchalar yuzaga keladi. Ushbu farosat faqatgina mo'min kishiga xos emas, balki mazkur riyozatlarni chekkan kofir kishida ham hosil bo'lishi mumkin. Chunki bu farosat iymonga ham, valiylikka ham dalolat qilmaydi, shuningdek, faqatgina haqiqatni ham, doimo to'g'ri yo'lni ham ko'rsatib bermaydi.

– Holqiy farosat Alloh taoloning hikmati taqozo qilgan bog'liqliklardan xulosa chiqarish iste'dodi bo'lib, mazkur bog'liqliklarni to'g'ri ilg'ay olgan kishilarda hosil bo'ladi.

Karomat tushunchasining g'ayrioddiy ishlarga qo'llanilishi haqida quyidagi so'zlar aytilgan: “Karomatning g'ayrioddiy ishlarga nisbatan qo'llanishi majoziydir. Zero, Alloh taolo ana shunday g'ayrioddiy ishlarni taqvodor mo'min uchun izzat-ikrom sifatida zohir qiladi. Karomatning zohir bo'lish hikmati esa valiyning dunyoda zuhdga bo'lgan azmu qarorini kuchaytirish hamda uni nafsu havo chaqiriqlaridan ajratishdir”[7].

Ushbu ta'riflardan ko'rinib turibdiki, valiylar Alloh taoloning do'stlari bo'ladilar, ular tarafidan sodir bo'lgan g'ayrioddiy ishlar Alloh taoloning ularga bergan in'omi bo'ladi. Ular bu mukofotlarga shariat hukmlarini yaxshi biladigan va ularga qat'i amal qiladigan olim bo'lganlari sababli erishganlar. Chunki shariat ahkomlarini yaxshi tushunmaslik va tushunishga jiddiy harakat qilmaslik Alloh taoloning do'stlari sha'niga to'g'ri kelmaydi. Qolaversa, jaholat bilan qilingan amallarda shariat ko'rsatmalaridan chiqib ketish ko'p uchraydi. Shariat ko'rsatmalariga nomuvofiq holatda riyozat chekish esa toat bo'lmaydi. So'fi  Ollohyor bobomizni Alloh rahmat qilsin, bu masalani ikki og'iz so'z bilan qalbga naqshlab qo'ygan:

Shariat hukmidin tashqi riyozat

Emas toat, qabohatdur, qabohat.

Ya'ni qanchalik mashaqqat bilan qilingan bo'lmasin shariatga to'g'ri kelmagan riyozat ibodat sanalmaydi. Balki bema'ni xatti-harakatlar bo'ladi. Toat ibodat uchun avvalo shariat hukmini o'rganish lozim.

 

Istidroj haqida

Valiylar tarafidan sodir bo'lgan g'ayrioddiy ishlar karomat deb nomlanadi. Allohning dushmanlari tomonidan sodir bo'lgan g'ayrioddiy ishlar esa “ehtiyojini qondirish” deb nomlanadi. Bu haqida mazhabboshimiz Imom A'zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” da shunday yozgan:

أمَّا الَّتِي تَكُونُ لأِعْدَائِهِ مِثْلُ إِبْلِيسَ وَفِرْعَوْنَ وَالدَّجَّالِ مِمَّا رُوِىَ فِى الأخْبَارِ أنَّهُ كَانَ وَيَكُونُ لَهُمْ لاَ نُسَمِّيهَا آيَاتٍ  وَلاَ  كَرَامَاتٍ وَلَكِنْ نُسَمِّيهَا قَضَاءَ حَاجَاتٍ لَهُمْ  وَذَلِكَ لأنَّ اللهَ تَعَالَى يَقْضِي حَاجَاتِ أعْدَائِهِ اِسْتِدْرَاجًا لَهُمْ  وَعُقُوبَةً لَهُمْ.

“Ammo Alloh taoloning dushmanlari tomonidan bo'ladigan, masalan, Iblis, Fir'avn va Dajjol kabilardan sodir bo'lganligi va (bundan keyin) bo'lishi xabarlarda rivoyat qilingan narsalarni mo''jiza ham, karomat ham demaymiz. Lekin o'sha narsalarni ular uchun ehtiyojni qondirish deymiz. Chunki Alloh taolo dushmanlarining ham hojatlarini “istidroj” (do'zaxdagi  o'rnini yanada chuqurlashtirish) va jazolash ma'nosida ro'yobga chiqaradi”. 

Alloh taoloning dushmanlari tarafidan sodir bo'lgan g'ayrioddiy ishlarni, masalan, Iblisning bir lahzada mashriqu mag'ribga borib kishilarni vasvasaga solishi, Odam bolalarining qonlarida aylanishi, qiyomatga yaqin chiqadigan Dajjolning birovni o'ldirib tiriltirishi kabi g'ayrioddiy ishlarning barchasi mo''jiza ham, karomat ham deyilmaydi. So'fi Ollohyor bobomiz aytganidek:

Shariat hukmin etmay istiqomat,

Taajjub ishlari bo'lmas karomat.

Ya'ni mo''jiza va karomatlar faqatgina shariatda istiqomat qilgan Alloh taoloning do'stlariga beriladi. Allohning dushmanlari tomonidan sodir bo'lgan g'ayrioddiy narsalar o'sha kofiru fojirlar uchun karomat emas, balki  qazoi-hojat bo'ladi. Alloh taolo O'z dushmanlarining razilona istaklarini ham ularning oxiratdagi uqubatlari ziyoda bo'lishi uchun bu dunyoda darajama-daraja amalga oshirishlariga imkon beradi. Bu haqda Alloh taolo quyidagicha xabar bergan:

﴿وَٱلَّذِينَ كَذَّبُواْ بِ‍َٔايَٰتِنَا سَنَسۡتَدۡرِجُهُم مِّنۡ حَيۡثُ لَا يَعۡلَمُونَ١٨٢

“Oyatlarimizni yolg'onga chiqarganlarni esa, (ular) bilmaydigan jihatdan “darajali” qilib (o'z holiga vaqtincha qo'yib berib) turamiz”[8].    

Bayzoviy rahmatullohi alayh ushbu oyat tafsirida: “Ularni bilmaydigan tomonlaridan asta-sekin tutish ularga ne'matlarni ko'plab berish bilan bo'ladi. Ular buni Alloh taolo tomonidan o'zlariga bo'lgan lutf-inoyat deb o'ylaydilar. Natijada adashgan yo'llariga battar sho'ng'iydilar, hattoki azob kalimasi ustilariga sodir bo'ladi”, – degan.

Istidroj haqida hadisi sharifda quyidagicha xabar berilgan: 

عَنْ عُقْبَةَ بْنِ عَامِرٍ عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ إِذَا رَأَيْتَ اللَّهَ يُعْطِي الْعَبْدَ مِنْ الدُّنْيَا عَلَى مَعَاصِيهِ مَا يُحِبُّ فَإِنَّمَا هُوَ اسْتِدْرَاجٌ ثُمَّ تَلاَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: ﴿فَلَمَّا نَسُواْ مَا ذُكِّرُواْ بِهِۦ فَتَحۡنَا عَلَيۡهِمۡ أَبۡوَٰبَ كُلِّ شَيۡءٍ حَتَّىٰٓ إِذَا فَرِحُواْ بِمَآ أُوتُوٓاْ أَخَذۡنَٰهُم بَغۡتَةٗ فَإِذَا هُم مُّبۡلِسُونَ٤٤  رَوَاهُ  اَحْمَدُ

Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qachon Alloh taoloning bir bandaga ma'siyatlariga qaramasdan dunyodan yaxshi ko'radiganini ato qilayotganini ko'rsang, albatta, o'sha istidrojdir” – dedilar-da, so'ngra Rasululloh sollallohu alahi vasallam tilovat qildilar: (Ular) eslatilgan narsa (sinov kunlari)ni unutganlarida ularga har narsaning eshiklarini ochib qo'ydik. Toki ularga berilgan narsa (nozu ne'mat)lar bilan shodu xurram bo'lib turganlarida, ularni birdan zabt etdik. Bas, (endi) ular noumiddirlar”[9]Ahmad rivoyat qilgan.

Hulosa qilib aytganda, valiylarning karomatlari, ya'ni Alloh taoloning O'z do'stlariga qilgan izzat-ikromi haq bo'lgani kabi dushmanlariga qilgan istidroji ham haqdir.

 

 

KYeYINGI MAVZU:

VALIYLAR PAYG'AMBARLARNING UMMATLARIDIR

 

[1] Abu Hafs Sirojiddin Umar ibn Ishoq G'aznaviy. Sharhu aqidati imom Tahoviy. – Qohira: “Darotul Karaz”, 2009. – B. 170.

[2] Fotir surasi, 32-oyat.

[3] Abu Bakr Jobir Jazoiriy. Aqidatul mu'min. – Madinai munavvara: “Maktabatul ulum val hikam”, 2009. – B. 101. 

[4] Isro surasi, 70-oyat.

[5] Hujurot surasi, 13-oyat.

[6] Hijr surasi, 75-oyat.

[7] Muhammad Anvar Badaxshoniy. Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy. – Karachi: “Zamzam babilsharz”, 1415h. – B. 221.

[8] A'rof surasi, 182-oyat.

[9] An'om surasi, 44-oyat.

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

O‘zlikni anglash – ma’naviyat asosidir

03.05.2025   4744   7 min.
O‘zlikni anglash – ma’naviyat asosidir

Jonajon vatanimiz O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan taraqqiyot tobora yangidan yangi bosqichlarga qadam qo‘yishda davom etmoqda. Bu, shubhasiz, jamiyat hayotining har bir jabhasida “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” tamoyiliga asoslangan o‘ziga xos bir qator islohotlarni amalga oshirishda ham o‘z ifodasini topmoqda. 
 

Mamlakatimizda turli dinlarga e’tiqod qiluvchi millat vakillari o‘rtasida o‘zaro diniy bag‘rikenglikni targ‘ib etish, millatlararo totuvlik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan islohotlar ham shular jumlasidandir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 aprel kuni e’lon qilingan “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  farmonida ham ayni shu masalalar nazarda tutilgan.


Mazkur farmonda ta’kidlanishicha, jahon tamaddunida alohida o‘rin tutgan, umumbashariy taraqqiyot omili bo‘lgan ilm-fan va madaniyat rivojiga katta hissa qo‘shgan buyuk alloma va mutafakkirlarimiz qoldirgan ulkan ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini tarbiyalashda ulardan unumli foydalanish bu islohotlarning asosiy negizini tashkil etadi.


Farmon asosida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Buxoro viloyati hokimligining Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi muassisligida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish takliflari ma’qullangan va uning asosiy vazifalari belgilab berilgan. Jumladan, unda “...buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish, yosh avlodni bag‘rikenglik hamda o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida targ‘ibot ishlarini olib borish” ham qayd etib o‘tilgan.


Albatta, bu vazifani bajarish nafaqat olimlar, balki bugun diniy sohada xalqqa xizmat qilayotgan barcha xodimlar zimmasiga ham ulkan mas’uliyat yuklaydi. Zero, sohaning har bir xodimi tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini teran anglashi, yurtimizda yashab, ijod qilgan ulug‘ allomalarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqqa yetkazishi, keng targ‘ib qilishi zamon talabidir.


Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati haqida so‘z ketganda, eng avvalo, turli manbalarda bu ulug‘ alloma haqida aytilgan fikr-mulohazalarga to‘xtalib o‘tish o‘rinlidir.


Ana shunday manbalardan biri, so‘zsiz, ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy bobomizning qator asarlaridir. Shoir ijodida naqshbandiylik tariqati asosiy o‘rin tutadi. Har bir asarining g‘oyaviy mazmuni, ularda ilgari surilgan tasavvufiy qarashlar bevosita uning Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqatiga katta e’tibor berganligidan darak beradi. “Lison ut-tayr” dostoni ham bundan mustasno emas.


Asarning “Xoja Bahouddin Naqshband so‘zi fanoyi komil maqomida” bobida shoir ulug‘ allomaga shunday ta’rif beradi:


Xojai oliy sifoti arjmand,
Shah Baho ul Haq vad-din Naqshband.

Chun bu iqlim uza bo‘ldi taxtgir,
Tuzdi yo‘qluk kishvari uzra sarir.


Navoiy ta’kidlashicha, Shoh Bahouddin Naqshband oliy axloqiy sifatlarga ega zotdir. Chunonchi, u zot bu iqlim taxtiga o‘tirgach, ya’ni dunyoga kelgan kunidan boshlab, o‘zini yo‘qlik taxtida ko‘rdi. Demak, Shoh Bahouddin Naqshband hazratlarining eng ulug‘ insoniy fazilatlaridan o‘zligini anglab, xudbinlikdan kechishdir. Shoir fikrini davom ettirar ekan yozadi:


O‘z vujudin pok sayri haqshunos,
Har ne birlakim qilur erdi qiyos.

Ondin o‘zni kam topar erdi base,
Sarvu guldin o‘ylakim xoru xase.


Haqshunos – Allohni tanigan alloma o‘zini nimaga qiyos qilsa, undan past ko‘rar, ya’ni oddiy xas sarv bilan gulning nazdida qanchalik ko‘rimsiz bo‘lsa, u zot ham o‘z vujudini hech qachon biror narsadan ortiq ko‘rmas va butun hayoti davomida shunday kamtarlikka amal qilib yashagan. Agar insonlar o‘z hayotlarini insonparvarlik va bag‘rikenglik asosida qursalar, dunyoda ro‘y berayotgan o‘zaro nizolar, qirg‘inbarot urushlar, o‘tkinchi mol-dunyo uchun qilinayotgan pastkashliklarga barham berilgan, insonlar bir-biri bilan tinch-totuv hayot kechirgan, ona zamin bag‘rida begunoh go‘daklarning qonlari daryo bo‘lib oqmagan bo‘lar edi. Ammo afsuski, bugun dunyoning turli mamlakatlarida bunday mislsiz fojialarning guvohi bo‘lib turibmiz.


Tasavvuf ahli orasida Bahouddin Naqshbandiy hazratlarining: “Musibatlar juda ko‘pdir. Faqat eng buyuk musibat esa vaqtning foydasiz, bekorga ketishidir”, – degan pandu nasihati mashhurdir. Shunga ko‘ra hikoyatda naqshbandiylikning yana bir tamoyili bozgashtga ham to‘xtalib o‘tiladi. Unga ko‘ra o‘zining har bir nafasini nazorat qilgan orif uning biror lahzasi, hattoki, nafas olish va chiqarishning orasidagi onlardan biri ham, g‘aflat bilan behuda o‘tgan bo‘lsa bozgasht qilishi, ya’ni g‘aflatda kechgan har bir ishini qaytadan bajarishi lozimligini ta’kidlaydi.


Zero, ahli Haq – Allohning oshiqlari shu tariqa o‘z vujudini inkor etib, shu sabab bilan budini – borligini nabud – yo‘qlikka almashtiradiki, shoir bu o‘rinda kitobxonlarni naqshbandiylikning yana bir rashhasi “vuqufi qalbiy” – “qalbdan ogoh bo‘lish”ga qaratadi. Bu rahshaga ko‘ra solik hamisha o‘z qalbidan ogoh bo‘lishi, unda kechayotgan har bir o‘y-fikrlarni tartibga solib, hatto xayolan bo‘lsa-da, kibru havoga, manmanlikka yo‘l qo‘ymasligi kerak.


Alisher Navoiy Bahouddin Naqshband hazratlari umrlarining oxirigacha o‘zlarida mujassam bo‘lgan fazilatlarni tark etmaganligi va shu tariqa fano bo‘lganliklarini aytib, shunday yakunlaydi:


Bo‘yla oshom ettilar jomi fano,
Qolmog‘ondin so‘ng asar o‘zdin yano.

Haq vujudidin baqoye topmayin,
Jomi vahdatda liqoye topmayin,

Chun fano xayliga doxil bo‘ldilar,
Boqiyi mutlaqqa vosil bo‘ldilar.


Shoir ta’kidlashicha, Bahouddin Naqshband hazratlari o‘zligidan, ya’ni “men”likning kibru havolaridan kechgan holatda vafot etdilar. U kishining nazarida Haq vujudidan boshqa boqiy bo‘lmadi, o‘zining Haq nazdida hechligini anglab yetdi va fano xayli – ahliga qo‘shilib, boqiyi mutlaq – Alloh visoliga erishdi.


Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonidan olingan hikoyatlar garchi hajman kichik bo‘lsa ham, Bahouddin Naqshband hazratlari ta’limotining eng asosiy tamoyillarini o‘zida aks ettirganligi bilan qadrlidir. O‘ylaymizki, mushtariylar bu asar tahlilini Prezidentimiz farmonlarida aytilgan “tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish, “Yetti pir” allomalari va aziz avliyolarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish” yo‘lidagi arzimas urinishlarimizdan biri sifatida qabul qiladilar va yo‘l qo‘ygan nuqson-xatolarimizni kechiradilar. Albatta, umid qilamizki, bu borada yanada teranroq qarashlar bilan boyitilgan maqolalar bilan bizni xursand etadilar.


Alisher domla Naimov,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari

O‘zlikni anglash – ma’naviyat asosidir O‘zlikni anglash – ma’naviyat asosidir O‘zlikni anglash – ma’naviyat asosidir
Ibratli hikoyalar