Sayt test holatida ishlamoqda!
07 May, 2025   |   9 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:42
Quyosh
05:13
Peshin
12:25
Asr
17:20
Shom
19:30
Xufton
20:55
Bismillah
07 May, 2025, 9 Zulqa`da, 1446

Muborak vasiyatlar: “La havla va la quvvata illa billah” kalimasini ko'p aytish; Achchiq bo'lsa-da, haqiqatni aytish

04.05.2021   19565   37 min.
Muborak vasiyatlar: “La havla va la quvvata illa billah” kalimasini ko'p aytish;  Achchiq bo'lsa-da, haqiqatni aytish

 

“La havla va la quvvata illa billah” kalimasini
ko'p aytish

Alloh taoloni ko'p zikr qilgan odamning qalbida behuda gaplarga, so'kinishlarga, kishining obro'sini to'kadigan holatlarga, dunyo va uning matohlariga, turli ko'ngilxushliklaru insonni chalg'ituvchi maishatlarga joy qolmaydi. Alloh taoloni ko'p zikr qilgan odam qalbini Alloh taolo muhabbatidan boshqa narsa egallab ololmaydi. Alloh taoloni ko'p yodlaydigan insonning oilasida har xil janjallarga ham o'rin qolmaydi. U doim Alloh taolodan oilasiga, xalqiga, millatiga va Vataniga tinchlik-xotirjamlik so'rab, duo qiladi. Zikrning fazilati juda ko'p. Ulardan biri – kishi qiyinchilikka tushib qolganida Allohni zikr qilsa va undan qutulishni so'rab, duo qilsa, Alloh taolo uni xalos etadi.

Ali ibn Abu Tolib (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) menga: “Ey Ali, qiyin ahvolga tushib qolganida aytiladigan kalimalarni o'rgataymi?” dedilar. “Alloh meni sizga fido qilsin, o'rgating”, dedim. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Agar qiyin ahvolga tushib qolsang, “Bismillahir rohmanir rohim. Va la havla va la quvvata illa billahil aliyyil azim”, deb ayt. Chunki Alloh mana shu duo bilan xohlaganicha, turli balolardan xalos qiladi», dedilar (Ibn Sunniy).

Alloh taoloni ko'p yodlash kishiga faqat foyda keltiradi. Alloh taoloni yodlash qiyinchilik holatlarida sabr qilishga, kengchilik holatlarida haddidan oshmaslikka va har qanday vaqtda ham aql bilan ish tutishga undaydi. Ko'pincha inson biror-bir mashaqqatga yoki qiyinchilikka uchraganida nima qilarini bilmay qoladi. Mana shunday holatda Alloh taoloni yod etish hamma narsadan ko'ra ko'proq foyda beradi.

Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

﴿يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ ٱذۡكُرُواْ ٱللَّهَ ذِكۡرٗا كَثِيرٗا٤١ وَسَبِّحُوهُ بُكۡرَةٗ وَأَصِيلًا٤٢

«Ey imon keltirganlar! Allohni ko'p zikr qiling va er­tayu kech Unga tasbeh ayting!» (Ahzob, 41–42)

Alloh taolo ushbu oyati karimada imonli bandalarga O'zini ertayu kech yod etishlari lozimligini aytmoqda. Men Alloh taologa imon keltirdim, degan kishi har joyda doimo Alloh taoloni yodidan chiqarmasligi lozim.

Allohni zikr qilish mo'min bandani oliy maqomlarga erishtiradi, dunyoda yashashdan maqsadini unutmaslikka, xalqi, Vatani, millatiga va diniga xolis xizmat qiladigan haqiqiy xalqsevar inson bo'lib etishishiga sababchi bo'ladi.

Alloh taolo marhamat qiladi:

﴿إِنَّمَا ٱلۡمُؤۡمِنُونَ ٱلَّذِينَ إِذَا ذُكِرَ ٱللَّهُ وَجِلَتۡ قُلُوبُهُمۡ وَإِذَا تُلِيَتۡ عَلَيۡهِمۡ ءَايَٰتُهُۥ زَادَتۡهُمۡ إِيمَٰنٗا وَعَلَىٰ رَبِّهِمۡ يَتَوَكَّلُونَ٢ ٱلَّذِينَ يُقِيمُونَ ٱلصَّلَوٰةَ وَمِمَّا رَزَقۡنَٰهُمۡ يُنفِقُونَ٣ أُوْلَٰٓئِكَ هُمُ ٱلۡمُؤۡمِنُونَ حَقّٗاۚ لَّهُمۡ دَرَجَٰتٌ عِندَ رَبِّهِمۡ وَمَغۡفِرَةٞ وَرِزۡقٞ كَرِيمٞ٤

«Mo'minlar Alloh (nomi) zikr etilganida dillarida qo'r­quv bo'ladigan, oyatlari ularga tilovat qilinganida imonlari ziyoda bo'ladigan, Parvardigorlarigagina (barcha ishlarida) tavakkul qiladigan, namozni barkamol o'qiydigan va rizq qilib berganimizdan (sadaqa va) ehson qiladigan kishilardir. Aynan o'shalar haqiqiy mo'minlardir. Ular uchun Parvardigorlari huzurida darajalar, mag'firat va farovon rizq (bordir)» (Anfol, 24).

Bu oyati karimada mo'minlarning bir necha sifatlari zikr qilingan. Alloh taolo zikr qilinganda qalblari titrab, Uning azobidan qo'rqqan inson komil mo'min bo'ladi.

Alloh taolo marhamat qiladi:

﴿فَٱذۡكُرُونِيٓ أَذۡكُرۡكُمۡ وَٱشۡكُرُواْ لِي وَلَا تَكۡفُرُونِ١٥٢

«Bas, Meni yod etingiz, (Men ham) sizlarni yod eturman. Menga shukr qiling, noshukrchilik qilmang!»(Baqara, 152)

Ya'ni: Meni gunohlaringizga tavba qilish, hojatlaringizni so'rash, ixlos-e'tiqod, iltijo va munojot bilan yod eting, Men sizlarni kechirish, hojatbarorlik, najot, ijobat ila yod eturman.

Bu oyatda yod etish “zikr” lafzi bilan kelgan. Zikr esa, til bilan va dil bilan bo'ladi.

Ushbu oyat o'zi qisqa bo'lishiga qaramay, olam-olam ma'nolarni qamrab olgan.

Alloh taolo marhamat qiladi:

﴿وَمَنۡ أَعۡرَضَ عَن ذِكۡرِي فَإِنَّ لَهُۥ مَعِيشَةٗ ضَنكٗا وَنَحۡشُرُهُۥ يَوۡمَ ٱلۡقِيَٰمَةِ أَعۡمَىٰ١٢٤

«Kim Mening eslatmamdan yuz o'girsa, (kofir bo'lsa) bas, uning uchun tang (baxtsiz) turmush (qabr azobi) bo'lishi muqarrar va Biz uni qiyomat kunida ko'r holda tiriltirurmiz»(Toho, 124).

Qaysi bir inson Alloh taoloni unutsa, Uni yod etmasa, o'ziga zulm qilgan bo'ladi. Avvalo, unday odam bu dunyoda qiyinchilikda hayot kechiradi. Molu dunyo, ayshu ishrat ichida ko'milib yotsa ham, unga ozday ko'rinaveradi. Ulardan ajrab qolishdan qo'rqaveradi. Imonsizligi tufayli ketma-ket muammolar kelib chiqaveradi.

Inson gunohlari o'chirilishi uchun har qanday og'ir ishni qilishga ham tayyor. Ammo buning juda oson yo'li bor. Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Kim bir kunda yuz marta “Subhanallohi va bihamdihi” desa, uning xatolari hatto dengiz ko'piklaricha bo'lsa ham, o'chiriladi”, deganlar.

Inson bu dunyoda yaxshi amallar qilib, barcha xato va kamchiliklarining kechirilishini umid qiladi. Shu maqsadga etishish uchun yuqoridagi juda oson ishni o'ziga kundalik vazifa qilib olishi kerak.

  1. Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bizlarga “La havla va la quvvata illa billah”ni ko'p aytishni vasiyat qilganlar.

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Payg'ambarimiz (alayhissalom) bunday marhamat qildilar: «“La havla va la quvvata illa billahi” so'zini ko'p aytinglar, chunki u jannat xazinalaridandir».

Inson bu dunyoda mashaqqatlarga bardosh berib, farzandlari chiroyli, to'kinlikda yashashi uchun harakat qiladi. Mol-dunyo yig'ish ilinjida kechani kecha, kunduzni kunduz demay ishlaydi. Lekin ko'p hollarda oxiratga zaxira qilishni unutib qo'yadi. Oxirat saodatini qanday qo'lga kiritishimiz mumkinligini Payg'ambarimiz (alayhissalom) qisqa lafzlar bilan o'rgatmoqdalar.

  1. “La havla va la quvvata illa billahi” jannat eshiklaridan biridir.

Muoz ibn Jabal (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Payg'ambarimiz (alayhissalom): “Seni jannat eshiklaridan bir eshikka dalolat qilayinmi?” dedilar. Muoz ibn Jabal: “Ha, u nima?” deb so'radi. Payg'ambar (alayhissalom): «“La havla va la quvvata illa billahi”dir», dedilar.

Qays ibn Sa'd ibn Uboda (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Otasi uni Payg'ambar (sollallohu alayhi va sallam)ga xizmat qilish uchun topshirdi. «Payg'ambar (sollallohu alayhi va sallam) mening oldimdan o'tdilar. Namozni o'qib bo'lgan edim. U zot (sollallohu alayhi va sallam) meni oyoqlari bilan turtib: “Seni jannat eshiklaridan biriga dalolat qilaymi?” dedilar. “Ha”, dedim. “La havla va la quvvata illa billahi”, dedilar».

Demak, “La havla va la quvvata illa billahi” jannat eshiklaridan biri ekan. O'sha eshikka etishish uchun ushbu kalimani ko'p aytib yurish kerak. Qiyomat kuni insonlar hayotlik chog'larida qilgan yaxshi amallari bilan martabalariga qarab jannatning turli eshiklaridan chaqiriladi. “La havla va la quvvata illa billahi” kalimasini ko'p aytib yurgan inson jannatning ana shu eshigidan chaqiriladi.

  1. “La havla va la quvvata illa billahi” jannat xazinalaridan biridir.

Abu Muso (roziyallohu anhu) rivoyat qilishicha, Payg'ambar (alayhissalom) unga “La havla va la quvvata illa billahi”ni ayt, chunki u jannat xazinalaridandir”, deganlar.

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) menga: «“La havla va la quvvata illa billahi”ni ko'proq ayt. Albatta, u jannat xazinalaridan biridir», dedilar (Imom Termiziy).

Demak, kim jannat xazinalaridan biriga ega bo'lishni istasa, “La havla va la quvvata illa billahi”ni ko'proq aytishi kerak.

Inson hayotlik chog'ida qilayotgan har bir yaxshi amalidan jannatni umid qiladi. Jannatga erishish yo'lida ko'plab mashaqqatlarni engib o'tadi. Ularni engishda yuqoridagi kalimani ko'p aytish yordam beradi.

  1. “La havla va la quvvata illa billahi” jannat ko'chatlaridan biridir.

Ibn Umar (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Payg'ambar (alayhissalom): “Jannat ko'chatlarini ko'paytiringlar. Chunki uning suvi totli, tuprog'i pokizadir. Bas, uning ko'chatlarini ko'paytiringlar”, dedilar. “Ey Allohning rasuli, uning ko'chatlari nima?” deyishdi. «Alloh xohlagan narsa “La havla va la quvvata illa billahi”dir», dedilar (Imom Tabaroniy).

Inson bu dunyoda bir ko'chat eksa, ko'chati daraxt bo'lib, ko'p yillar insonlarga mevalaridan ulashadi. Uning savobi esa o'sha ko'chatni ekkan kishiga borib turadi. Agar bu ishni, ya'ni ko'chatni jannatga eksa, undan-da ko'proq ajr (savob)ga ega bo'ladi.

  1. Kim “La havla va la quvvata illa billahi” desa, Alloh taolo “La havla va la quvvata illa bihi” deydi.

Abu Said va Abu Hurayra (roziyallohu anhumo) rivoyat qiladi. Ular Payg'ambar (alayhissalom)ning bunday deganlariga guvoh bo'lishgan: «Kim “La ilaha illallohu vallohu akbar” desa, Parvardigor tasdiq qilib: “Mendan boshqa Iloh yo'q. Men ulug'man”, deydi. Va qachon banda: “La ilaha illa huva vahdahu”, desa, Alloh taolo: “Faqat Men ilohman. Va Men O'zimman”, deydi. Va banda: “La ilaha illallohu vahdahu la sharika lahu”, desa, Alloh taolo: “Bandam to'g'ri aytdi. Faqat Men Ilohman. Mening sherigim yo'q”, deydi. Va banda: “La ilaha illallohu vahdahu la sharika lahu lahulmulku va lahulhamdu”, desa, Alloh taolo: “Faqat Men Ilohman, mulk Meniki va hamd Menga xosdir”, deydi. Va banda: “La ilaha illallohu va la havla va la quvvata illa billahi”, desa, Alloh taolo: “Faqat Men Ilohman va Mendan o'zgada na kuch va na quvvat bor”, deydi. Kim shu kalimalarni kasallik vaqtida aytsa, vafot etgach, do'zaxga tushmaydi» (Imom Termiziy).

  1. “La havla va la quvvata illa billahi” kalimasi gunohlar kechirilishiga sabab bo'luvchi kalimalardandir.

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Kim “La ilaha illallohu vallohu akbar va la ilaha illallohu vahdahu la ilaha illallohu va la sharika lahu la ilaha illallohu lahulmulku va lahulhamdu la ilaha illallohu va la havla vala quvvata illa billahi”, deb biror kun, kecha yoki biror oyda aytsa va o'sha kun, kecha yo oyda vafot etsa, gunohlari kechiriladi».

  1. “La havla va la quvvata illa billahi” kalimasi azonda “Hayya alas-sola, Hayya alal-falah” kalimalari aytilganida aytiladi.

Ibn Umar (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Payg'ambarimiz (alayhissalom): «Qachon muazzin “Allohu akbar”, deganida, sizlardan har biringiz “Allohu akbar”, desin.

So'ng: “Ashhadu alla ilaha illalloh”, deganida “Ashhadu alla ilaha illalloh”, desin.

So'ng: “Ashhadu anna Muhammadar rasululloh”, deganida, “Ashhadu anna Muhammadar rasululloh”, desin.

So'ng: “Hayya alas-sola”, deganida “La havla va la quvvata illa billahi”, desin.

So'ng: “Hayya alal-falah”, deganida “La havla va la quvvata illa billahi”, desin.

So'ng: “Allohu akbar, Allohu akbar”, deganida “Allohu akbar, Allohu akbar”, desin.

So'ng: “La ilaha illalloh”, deganida “La ilaha illalloh”, deb muazzin ortidan qaytarsa, jannatga kiradi», deganlar (Imom Muslim va Abu Dovud).

To'rt mazhab ulamolari azonda “Hayya Alas-sola, Hayya alal-falah” kalimalari aytilganida “La havla va la quvvata illa billahi” deyish mustahabligini ta'kidlagan.

  1. “La havla va la quvvata illa billahi” dard va balo-ofatlardan xalos bo'lish kalimasidir.

Imom Tabaroniy va Hokim Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qiladi. Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): «Kim “La havla va la quvvata illa billahi”ni aytsa, to'qson to'qqiz dardga davo bo'lur. Eng engili g'amdir», deganlar.

Qiyin holga tushganida, bemor bo'lganida, biror narsadan ajablanib, ko'z tegishidan qo'rqqanida, bir narsadan xavotirlanganida, uyidan chiqayotganida, kechasi uyg'onib ketganida, har namozdan keyin bu duoni aytish mustahabdir. “La havla va la quvvata illa billahi” to'qson to'qqiz dardga davodir. U qalbga tushgan g'am, anduhlarni daf qiladi.

  1. “La havla va la quvvata illa billahi” bandaga berilgan ne'matni himoya qilish hamda undagi yaxshilik va fazl davomiyligi boisidir.

Imom Tabaroniy Uqba ibn Omir (roziyallohu anhu)dan rivoyat qiladi. Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): «Kimga Alloh ne'mat bersa-yu, u bu ne'matning o'zida davomiyligini istasa, “La havla va la quvvata illa billahi”ni ko'p aytsin», deganlar.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sahobalari “La havla va la quvvata illa billahi” ila mushkullar echilishini va balo-ofat daf bo'lishini o'z tajribalarida sinab ko'rgan.

“La havla va la quvvata illa billahi”ni ko'p aytish kambag'allikni ham ketkazadi.

Ibn Abu Dunyo Asad ibn Vado'adan rivoyat qiladi. Payg'ambar (sollallohu alayhi va sallam): «Kim har kuni yuz marta “La havla va la quvvata illa billahi”ni aytsa, unga faqirlik etmas», deganlar.

“La havla va la quvvata illa billahi”ni ulamolarimiz qisqa qilib “havqala” deb atagan. Ya'ni, “La havla va la quvvata illa billahi”ning so'zlaridan ba'zi harflarni olib, “havqala” hosil qilingan.

Imom Navaviy “La havla va la quvvata illa billahi”ning ma'nosi haqida Imom Muslim “Sahih”iga yozgan sharhida bunday keltiradi: “Abul Haysam: havl – harakat ma'nosidadir. Shunda umumiy ma'no – Allohning xohishisiz hech bir harakat ham, quvvat ham yo'q, deb aytgan”.

Zikrning inson hayotida juda katta foydasi bor. Banda qancha ko'p zikr qilsa, Alloh taologa shuncha yaqin bo'ladi. Zikr tufayli Alloh taolo zikr qiluvchiga boshqa so'rovchilarga beradigan ne'matlaridan ko'ra afzalini beradi. Zikr uchun va'da qilingan ne'mat va fazllar boshqa amallarga va'da qilinmagan. Qalbda bir qoralik bo'lsa, uni Alloh taoloning zikridan boshqa narsa ketkaza olmaydi. Jannat hovlilari zikr ila bino qilinadi va qachon zokir zikr qilishdan to'xtasa, farishtalar ham hovlini barpo qilishdan to'xtaydi. Alloh taoloni ko'p zikr qiluvchi banda munofiqlikdan omonda bo'ladi.

Amallar ichida zikrning o'ziga xos lazzati bor. Shuning uchun ham zikr majlislari “jannat bog'lari” deb nomlanadi. Yo'lda, o'tirganida va yotganida zikrni bardavom qilish bandaning qiyomat kunidagi guvohlari ko'payishiga sabab bo'ladi. Banda kengchilik vaqtida Alloh taoloni ko'p zikr qilsa, Alloh taolo unga torchilik vaqtida engillik beradi.

 

Achchiq bo'lsa-da, haqiqatni aytish

Dunyo yaratilganidan buyon haq bilan nohaqlik o'rtasida mujodala bor. Insonlar haqni nohaqlikdan ajratib olishlari uchun Alloh taolo payg'ambarlarni yuborgan.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh taolo mendan avval yuborgan har bir payg'ambarning fidoyi yordamchilari va sahobalari bo'lgan. Ular o'z payg'ambarlarining sunnatini ushlab, aytganiga yurgan. Ular ketidan keyingi avlod keladi. Ular o'zlari qilmaydigan ishlarni gapiradi. Buyurilmagan ishlarni qilishadi. Kim ularga qarshi qo'li bilan kurashsa, u mo'mindir! Kim ularga qarshi tili bilan kurashsa, u mo'mindir! Kim ularga qarshi dili bilan kurashsa, u mo'mindir! Bundan keyin xardal urug'ichalik ham imon yo'q!” deya, (Imom Muslim rivoyati) avvalgi haq fidoyilari hamda keyingi ummatlarning holatlarini bayon qilganlar.

Har bir musulmon yaxshi-yomonni farqlashi va yomonlikdan saqlanishi, uning oldini olishi vojibdir. Qalbida yaxshini yaxshi, yomonni yomon deb bilmagan kimsadan yaxshilik kutilmaydi. Kishi imkon qadar nohaqlikning oldini olishi, uni o'zgartirishi lozim. Haqiqiy mo'minlar qurblari etganicha qo'l, til va dil bilan nohaqlikka qarshi kurashadi.

Musulmon kishi o'zi toqat qila oladigan moddiy-ma'naviy zarar-aziyatlardan, odamlarning malomat qilishlari, yakkalab qo'yishlari va masxaralaridan cho'chimay, qarshisidagi bandaning obro'-e'tibori, mansabi yoki boyligidan sarosimaga tushmay, hikmat bilan munosib so'zlarni topib, o'rni kelganida haq so'zni aytishi kerak.

Abu Said Hudriy (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) xutbalarida bunday dedilar: “Yodda tutinglar! Odamlarning haybati haqni bilgan kishini haqni aytishdan to'smasin!”»

Bu hadis roviysi Abu Said (roziyallohu anhu) yig'lab: “Biz qancha narsalarni ko'rib, gapirishga botinolmadik!” degan ekan.

Alloh taolo taqdir etib qo'ygan foyda yoxud ziyondan o'zga hech narsa sodir bo'lmasligini va kishi boshiga tushadigan har bir ish avvaldan belgilab qo'yilganini hammamiz bilishimiz, birovlarning malomatidan cho'chib o'tirmay, haqni so'zlashimiz lozim. Mo'min o'limdan qo'rqib yoki uzoqroq yashashdan umidvor bo'lib, orqaga chekinishni emas, aksincha, shijoat va bahodirlik maqomida mustahkam turishni o'ylashi kerak. U o'zi tilovat qiladigan mana bu oyatga chin dildan imon keltirganini isbot qilishi zarur:

﴿قُل لَّن يُصِيبَنَآ إِلَّا مَا كَتَبَ ٱللَّهُ لَنَا هُوَ مَوۡلَىٰنَاۚ وَعَلَى ٱللَّهِ فَلۡيَتَوَكَّلِ ٱلۡمُؤۡمِنُونَ٥١

«Ayting: “Bizga Allohning yozib qo'yganidan o'zga narsa etmaydi. U Hojamizdir. Mo'minlar Allohga tavakkul etsinlar!”» (Tavba, 51)

Imom Ahmad “Musnad”ida quyidagi rivoyatni keltiradi: “Haqning aytilishi yoki ulkan narsaning zikr etilishi bilan ajal yaqinlashib ham qolmaydi, rizq uzoqlashib ham ketmaydi!”

Bu dunyoda inson haq so'zni o'z o'rnida aytmay, boshqalarning malomatidan saqlanib qolishi mumkin. Lekin oxiratda Alloh taoloning malomatidan qutulolmaydi.

Bir kuni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sahobalarga:

– Hech kim o'zini kamsitmasin! – dedilar.

– Yo Rasululloh, qanday qilib biz o'zimizni kamsitishimiz mumkin? – deyishdi sahobalar.

– Sizlardan biringiz Allohning ko'rsatmalarini bajarishda nohaqlikni ko'rib, uni o'zgartirish uchun gapirmasa, Alloh taolo undan: “Falon-falon o'rinda seni gapirishdan nima to'sdi?” deb so'raydi. “Odamlardan qo'rqdim”, deydi u. Alloh taolo unga malomat qilib: “Sen Mendan qo'rqishing kerak edi!” deydi.

Ulamolar ushbu hadisni quyidagicha sharhlaydi: “Bu erda quruq qo'rquv-vahima nazarda tutilgan. Chunki musulmon kishi inson toqat qila olmaydigan moliyaviy yoxud ma'naviy zarar tufayli yomonlikni inkor qilolmasa, uzrli sanaladi”.

Darhaqiqat, inson nohaqlikning oldini olishga qodir bo'lsa ham, ayni nohaqlikdan kattaroq yomonlik kelib chiqishidan qo'rqsa, “Ikki zararning engilrog'i tanlanadi” degan asliy qoidaga binoan, zimmasidan vojib soqit bo'ladi. Lekin buning ortidan keladigan yomonlik kishi nazdida aniq bo'lishi shart. Arzimas gap-so'zlar yoki turli vahima-vasvasalar vojibni tark qilishga sabab bo'lolmaydi. O'z nazarida deyarli aniq bo'lgan ulkan zarargina shar'iy uzr o'rniga o'tadi. Bu holatda o'zi yoki moliga nisbatan uning bardoshi etmaydigan darajada zarar tegishidan xavf bo'lgani uchun ojiz sanaladi. Lekin inson tili bilan ayta olmagan haqiqatni dili bilan tasdiqlab, zimmasidagi mas'uliyatdan qutulishi kerak. Ya'ni, nohaqlikni hech bo'lmaganda dildan yomon ko'rishi lozim. Nohaqlikni dildan yomon ko'rmasligi uning o'sha nohaqlik tarafida ekanini bildiradi. Shu sababli, nohaqlikni hech bo'lmasa qalbdan yomon ko'rish har bir kishining zimmasidagi farz hisoblanadi.

Abu Said Hudriy (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Qay biringiz biron yomon ishni ko'rsa, uni qo'li bilan o'zgartirsin. Bunga kuchi etmasa, tili bilan o'zgartirsin. Agar bunga qodir bo'lmasa, dili bilan o'zgartirsin. Bunisi esa imonning eng zaifidir”, deganlar».

Biron nohaqlikni musulmonlarning bir jamoasi ko'rsa yoxud eshitsa, uni inkor etish ularga birdek vojib bo'ladi. Agar ulardan bir kishi shu ishni amalga oshirib, haqiqatni aytsa, qolganlar ustidan mas'uliyat soqit bo'ladi. Ammo ushbu nohaqlikning oldini olish yoki o'zgartirishga ularning hech biri hech qanday sababsiz e'tibor bermasa, barchalari birdek gunohkor bo'ladi.

Agar haqiqatlar aytilib, yomon ishlar oldi olinmasa, er yuzida fasod-buzg'unchilik avj olib, zulm tantana qiladi. Yaxshilar xor, yomonlar aziz bo'ladi. Fazilatu ezgulik barham topib, jabru razolat keng quloch yoyadi. Oqibatda hammaning ustiga Alloh taoloning g'azabi keladi! Alloh taolo bu xususda bunday ogohlantiradi:

﴿لُعِنَ ٱلَّذِينَ كَفَرُواْ مِنۢ بَنِيٓ إِسۡرَٰٓءِيلَ عَلَىٰ لِسَانِ دَاوُۥدَ وَعِيسَى ٱبۡنِ مَرۡيَمَۚ ذَٰلِكَ بِمَا عَصَواْ وَّكَانُواْ يَعۡتَدُونَ٧٨ كَانُواْ لَا يَتَنَاهَوۡنَ عَن مُّنكَرٖ فَعَلُوهُۚ لَبِئۡسَ مَا كَانُواْ يَفۡعَلُونَ٧٩

«Isroil avlodidan kofir bo'lganlar Dovud va Iso ibn Maryam tili bilan la'natlandi. Bunga itoatsizliklari va tajovuzkor bo'lishlari sabab (bo'ldi). (Yana ular) qilib yurgan munkar (noshar'iy) ishlardan bir-birlarini qaytarmas edi. Qilib yurgan ishlari naqadar yomon!» (Moida, 78–79)

Ushbu mavzuni lo'nda va mukammal yoritib beradigan mana bu ajoyib masalaga e'tibor qarating. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytadilar: “Allohning qaytarganlaridan qaytuvchi va qaytmaydigan kishilar misoli kemaga chiqqan qavmga o'xshatiladi. Ularning ba'zilari kemaning yuqori qismiga, ba'zilari esa pastki qismiga joylashishgan. Kemaning pastki qismidagilar suv ichmoqchi bo'lsa, yuqoridagilarning oldidan o'tar edi. Shunda pastdagilar agar o'zimizga shu erdan teshik teshib olsak, yuqoridagilarga aziyat bermas edik, deyishdi... Shu vaziyatda agar tepadagilar pastdagilarni kemaning tagini teshishlariga e'tiborsiz bo'lishsa, barchalari halok bo'ladi. Va agar ularni bu ishdan qaytarishsa, barchalari najot topadi”.

Ko'plar nohaqlikka qarshi turmasliklarini turli bahonalar bilan oqlashga urinadi. Ular o'zlaricha Moida surasining 105-oyatini hujjat sifatida keltirishadi:

﴿يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ عَلَيۡكُمۡ أَنفُسَكُمۡۖ لَا يَضُرُّكُم مَّن ضَلَّ إِذَا ٱهۡتَدَيۡتُمۡۚ إِلَى ٱللَّهِ مَرۡجِعُكُمۡ جَمِيعٗا فَيُنَبِّئُكُم بِمَا كُنتُمۡ تَعۡمَلُونَ١٠٥

«Ey imon keltirganlar! O'zingizga qarangiz. Modomiki hidoyat topgan ekansiz, adashganlarning sizlarga zarari yo'q...» (Moida, 105).

Aslida, to'g'ri fahmlansa, ushbu oyat nohaqlikni inkor qilishga buyurayotgani ayon bo'ladi. Ushbu oyatning tafsiri borasida Abu Bakr (roziyallohu anhu) bunday degan: «Ey odamlar, sizlar ushbu oyatni o'qib, uni noto'g'ri talqin qilasizlar. Biz Payg'ambar (sollallohu alayhi va sallam)ning quyidagi so'zlarini eshitganmiz: “Odamlar zolimni ko'rib turib, uning qo'lidan tutmasa, Alloh taolo hammalarini azobga giriftor qilishiga sal qoladi!”»

“Sahihi Muslim” sharhida Imom Navaviy yozadi: «Muhaqqiq olimlar nazdida, ushbu oyatning to'g'ri ma'nosi quyidagicha: Modomiki sizlar o'z ustlaringizdagi vazifani ado etarkansizlar, o'zgalarning kamchiliklari sizlarga zarar bermaydi. Bu esa Alloh taoloning: “Kim hidoyat yo'liga yursa, bas, o'zi uchun yurar. Kim (hidoyat) yo'lidan chalg'isa, u ham o'z ziyoniga chalg'ir. Hech bir (yuk) ko'taruvchi (gunohkor shaxs) o'zga jonning yukini (gunohini) ko'tarmas. To payg'ambar yubormagunimizcha (biror kimsani) azoblovchi bo'lmadik” (Isro, 15) degan so'ziga muvofiqdir».

Kishi haqiqat qabul qilinishi yoki qilinmasligidan qat'i nazar, uni aytishi lozim. Olimlar, shunda inson o'z zimmasidagi vojibni ado etgan bo'ladi, deydi. Chunki undan haqiqatni qabul qildirish emas, faqat etkazib qo'yish talab etilgan.

Haddan oshgan qavm Alloh taolo man etgan shanba kunida baliq ovlardi. Zolim qavm nasihatga quloq solmasligini bilsa-da, solih insonlar ularga nasihat qildi. «Ulardan bir guruhi: “Nima uchun Alloh halok etmoqchi bo'lgan qavmga nasihat qilyapsizlar?” deganida, (nasihatgo'ylar): «“Rabbingizga (“Aytdik, lekin itoat qilishmadi”, deb) uzr aytishar va taqvo qilishar degan umidda (nasihat qildik)”, dedilar» (A'rof, 164).

Uboda bin Somit (roziyallohu anhu) Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga qilgan bay'atini quyidagicha rivoyat qiladi: “Biz Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga qiyinchilik va engillikda ham, yaxshi yoki yomon holimizda ham eshitib, itoat etishga va o'zimizdan u zot (sollallohu alayhi va sallam)ni ortiq ko'rishga va bir ishning ahlida ochiq kufrni ko'rib, bunga Alloh taolodan huzurimizda hujjat bo'lmasa, ular bilan talashmaslikka va qayerda bo'lsak-da, haqni aytib, Alloh yo'lida malomat qiluvchining malomatidan qo'rqmaslikka va'da berdik”.

Ushbu hadisda haqiqatni aytish barchamizning zimmamizdagi mas'uliyat ekani ochiq bayon etilgan. Biroq haqiqat har doim ham, har joyda ham aytilmasligini bilishimiz kerak. Qosh qo'yaman deb ko'z chiqarib qo'yishdan ehtiyot bo'lishimiz lozim.

Haqiqatni hikmat bilan etkazish kishi aql-idroki va farosatining yuksakligini bildiradi. Aytilayotgan haqiqatning darajasiga qarab, u yumshoq yoki qattiqroq tarzda etkaziladi. Ya'ni, qaysi uslub ko'zlangan maqsadga tezroq va yaxshiroq etkazsa, o'sha yo'l ma'qul topiladi. Alloh taolo biz bandalariga haqiqatni hikmat va chiroyli nasihat bilan etkazishni buyurgan. Nahl surasining 125-oyatida bunday marhamat qilinadi:

﴿ٱدۡعُ إِلَىٰ سَبِيلِ رَبِّكَ بِٱلۡحِكۡمَةِ وَٱلۡمَوۡعِظَةِ ٱلۡحَسَنَةِۖ وَجَٰدِلۡهُم بِٱلَّتِي هِيَ أَحۡسَنُۚ إِنَّ رَبَّكَ هُوَ أَعۡلَمُ بِمَن ضَلَّ عَن سَبِيلِهِۦ وَهُوَ أَعۡلَمُ بِٱلۡمُهۡتَدِينَ١٢٥

«(Ey Muhammad!) Rabbingizning yo'li (dini)ga hikmat va chiroyli nasihat bilan da'vat eting. Ular bilan eng go'zal uslubda munozara qiling!..»

Ko'zlangan maqsadni aniq ifodalaydigan, tinglovchilarning quloqlaridan kirib borib, qalblariga o'rnashadigan tushunarli va chiroyli so'zlardan foydalanib nasihat qilish hamda nasihat qilinayotgan odamning ijtimoiy, madaniy saviyasi va boshqa omillarni e'tiborga olish ayni hikmatdandir. Zero, odamlar hikmat va chiroyli mav'iza bilan nasihat qiluvchi kishining so'ziga ko'proq quloq soladi.

Inson ko'rinib turgan nohaqliknigina tuzatishga mas'uldir. Ya'ni, gumon qilingan yomonlik xususida josuslik qilmaydi. Janob Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) birovlarning yashirin ayblarini atay qidirib yurib, odamlar o'rtasida oshkor qilishdan qaytarganlar. Balki mana shu ish bilan shug'ullanib yuradigan odamlarning o'zlarini Alloh taolo qiyomat kunida butun insonlar oldida sharmanda qilishini aytganlar. Abdulloh ibn Mas'ud (roziyallohu anhu)ga “Falonchining soqolidan aroq tomchilaydi!” deyishganida, “Alloh taolo bizni gap tashishdan qaytargan!” dedi.

Alloh yo'lida malomatchining malomatidan qo'rqmasdan, haqiqatni aytish, albatta, qiyin. Bunga insondan baquvvat imon va yuksak iroda talab qilinadi. Yetadigan ozgina aziyatni deb, haqiqatni tark qiladigan bo'lsak, jamiyatda ko'plab nohaqliklarning vujudga kelishiga sabab bo'lib qolishimiz mumkin.

Bugungi kunda ba'zi yoshlarimizning diniy e'tiqodda boshqa oqimlarga kirib qolayotgani yoki axloqiy me'yorlarda milliyligimizga yot bo'lgan madaniyatlarga o'zlarini urayotgani, ehtimol, mana shu sababdandir. Ularga dinimizning asl mohiyati va haqiqatini o'z vaqtida to'g'ri etkaza olsak hamda milliy urf-odatlarimizni namuna sifatida chiroyli ko'rsata olsak, ko'plab noxushliklarning oldini olgan bo'lamiz. Albatta, ushbu vazifani amalga oshirishda diyorimiz masjidlarida faoliyat yuritayotgan imomlarimizning o'rni beqiyosdir.

Ushbu fikrlarimizning tasdig'i sifatida muhtaram Yurtboshimizning imom-xatiblarga bildirgan yuksak ishonchlarini yana bir bor eslab o'tish foydadan xoli bo'lmaydi. Mamlakatimiz birinchi Prezidenti 2010 yil 3 sentyabr' kuni Imom Buxoriy xalqaro markaziga tashrif buyurib, tinglovchilar bilan samimiy suhbat o'tkazdilar. Respublikamizning barcha viloyatlaridan kelgan va bu erda malaka oshirayotgan imom-xatiblar bilan uchrashib turganlaridan g'oyatda mamnun ekanlarini bildirib, jumladan, bunday dedilar:

“Bilamiz, siz imomlar har doim xalq ichida bo'lib, buyuk aj­dodlarimizning boy ilmiy va ma'naviy meroslarini, muborak Islom dinimizning asl mazmun-mohiyatini, Qur'oni karimdagi yuksak g'oyalarni, ayniqsa, aqidaviy masalalarni chin ma'noda keng xalq ommasi ongi va qalbiga to'g'ri holda etkazadigan, ularni hidoyat yo'llariga boshlaydigan mas'ul kishilarsiz. Bu xizmatingizni xalqimiz cheksiz qadrlaydi”.

Yurtboshimiz imomlar bilan suhbatni davom ettirib, ularning asosiy vazifalaridan biri turli adashgan, buzg'unchi oqimlarga qarshi kurash ekanini ta'kidladilar: “Sizlarning yana bir muhim vazifangiz shuki, dinni niqob qilib olib, undan g'arazli maqsadlarda foydalanishga urinayotgan g'alamis kimsalar jaholatiga qarshi ma'rifat bilan kurashishdir. Fursatdan foydalanib, mustaqilligimizning 19 yilligi munosabati bilan so'zlagan nutqimda aytgan bir fikrni yana takror aytmoqchiman: “Bu go'zal, Allohning nazari tushgan muqaddas Vatanimiz barchamizniki, binobarin, uning tashvishlari ham, quvonchlari ham barchamizniki bo'lishi tabiiy. Shu nuqtai nazardan, bu masalani xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz qalbiga va ongiga singdirishda siz imomlarning o'rningiz alohida deb hisoblayman va umid qilamanki, Markazdagi o'quvlaringizni muvaffaqiyatli yakunlab, yangi kuch-quvvat, yangi bilimlar bilan mana shu masalalarni samarali hal qilishda munosib hissangizni qo'shasiz...”

Darhaqiqat, asl Islom ta'limotidan anchagina yiroqlashgan turli oqimlar kechani kecha, kunduzni kunduz demay, kimlarningdir nog'orasiga o'ynab, yurtimiz tinchligiga raxna solib turibdi. Yoshlarimizni yo'ldan ozdirib, hayotdan bevaqt ketishlariga sabab bo'lmoqda, boz ustiga ota-ona va yaqinlariga “Vatan xoinining otasi yoki onasi” degan isnodni “meros” qilib ketmoqdalar. Ularni to'g'ri yo'lga chaqirish, hidoyatga chorlash, zalolatdan qaytarishda ham, avvalo, haqgo'ylik va jasorat kerak bo'ladi.

O'sha yig'inda Islom Karimov barcha tinglovchilarni Vatanni sevishga, uni ardoqlashga, tinchligimiz bardavom bo'lishiga hissa qo'shishga chaqirib: “Shu aziz Vatan, muqaddas zamin barchamizniki. Binobarin, shu mamlakatda tinchlik, xotirjamlik, xalqimizning farovonligi yo'lida barchamiz qo'lni-qo'lga berib, mas'uliyat hissi bilan tinmay mehnat qilishimiz zarur. Bizning mustaqil davlatimiz uchun mana shu masalalarning amalga oshirilishida barcha xalqimizning birligi, harakati, ayniqsa, hozirgi davri­miz uchun, jamiyatimiz uchun muhim bo'lgan zamonaviy bilimlarni egallayotgan siz imom-xatiblarning hissangiz salmoqli bo'lishiga ishonaman”, deb so'zlarini yakunladilar.

Bu ilhombaxsh so'zlar biz – din xodimlarini yanada ulkan zafarlar sari ruhlantiradi. Imom-xatiblarga bildirgan ishonchlarini butun din ahliga yuksak ishonch, deb bilamiz. Mustaqilligimizni mustahkamlash, tinchliksevar elimizga Islom dinining asl ezgu mohiyatini singdirish yo'lida, inshaalloh, fidokorona xizmat qilamiz.

Hulosa o'rnida aytadigan bo'lsak, haqiqat achchiq, uni aytish juda mushkul, biroq ogohlik – muqaddas burch. Shunday ekan, bir-birimizning xatolarimizni to'g'rilash, hayot ko'chalarida adashib qolgan birodarimizga to'g'ri yo'lni ko'rsatish barchamizning vazifamizdir. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) “Mo'min mo'minning ko'zgusidir”, deb marhamat qilganlar. Ushbu so'zlari bilan u zot (sollallohu alayhi va sallam) mo'minlar bir-birlarida ko'rgan kamchilik va xatolarini o'z vaqtida tuzatib, to'g'rilab turishlari zarurligiga urg'u berganlar.

 

KYeYINGI MAVZU:

Odamlardan biror narsa so'ramaslik.

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Mo‘min gunoh qilsa, kofirga aylanadimi?

07.05.2025   176   12 min.
Mo‘min gunoh qilsa, kofirga aylanadimi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bugungi kunda ko‘plab musulmon yurtlarida jamiyat ichida tafriqa va fitnalar kelib chiqishiga sabab bo‘layotgan jiddiy muammolardan biri – takfir, ya’ni musulmonlarni “kofir” deb fatvo chiqarishning ko‘payganligidir. Bu masala keyin paydo bo‘lgan masalalardan hisoblanadi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning zamonlarida biror kishini kofir deb hukm chiqarilgani hech kimga ma’lum emas. Bu mavzu juda nozik va o‘ta xatarli masala bo‘lib, mavzuni yaxshi anglash uchun avvalo kufrning ma’nosi va ta’rifini tushunib olish lozim.


Kufr tushunchasi va uning ta’rifi

“Kufr” imonning ziddi bo‘lib, u lug‘atda “berkitish” va “yopish” ma’nosini anglatadi. Ibn Foris shunday deydi: “Kufr – iymonning ziddidir. U haqiqatni yopish va berkitish ma’nosida ishlatiladi”. (Maqoyis al-lug‘a, 5/191). Ulamolar kufrni ta’riflashda turli iboralarni aytib o‘tganlar, jumladan Ibn Hazm rahimahulloh shunday deydi: “Kufr – Allohning Rob ekanligini inkor qilish, Qur’onda nubuvvati tasdiqlangan biror payg‘ambarning payg‘ambarligini inkor qilish yoki Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam keltirgan, butun ummatning ittifoqi bilan sahih ekani ma’lum bo‘lgan narsani inkor qilishdir. Shuningdek, biror amalni bajarish kufr ekani dalillar bilan tasdiqlangan bo‘lsa, shu amalni bajarish ham kufr hisoblanadi” (Al-Fasl fil-milal val-ahvo van-nihal, 3/118).

“Al-Mavsuatul-Fiqhiya”da shunday deyilgan: "Shariatda kufr – Muhammad sollallohu alayhi vasallamning dinidan ekani aniq va zaruriy ravishda ma’lum bo‘lgan narsani inkor etishdir. Masalan, Allohning borligini, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning payg‘ambarligini yoki zinoning haromligini inkor qilish shu jumladandir" (Al-Mavsuatul-Fiqhiya. 15/34)


Takfirning tarixiy ildizlari

Endi bu masalaning tarixiga nazar tashlasak, musulmonlarni kofirga chiqarishga birinchi bo‘lib jur’at qilganlar “xavorijlar” firqasi hisoblanadi. Ular “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofirga aylanadi”, “Yomon amal qilgan musulmon Islomdan chiqadi”, deb hisoblaganlar. Xo‘sh, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan “jahannam itlari” deb nomlangan, musulmonlarni kofirga chiqarib, ularning qonini halol sanaydigan bu toifa qayerdan kelib chiqqan? Bu borada Hofiz Ibn Hajar Asqaloniy rahimahulloh o‘zlarining “Talxis al-Xobir” asarlarida qisqacha to‘xatalib, shunday deganlar: Aslida xavorij so‘zi “xuruj”, ya’ni “qarshi chiqish” so‘zidan olingan bo‘lib, ular Hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga qarshi chiqqanliklari uchun shu nom bilan atalgan edilar. Ular avvaliga Hazrati Ali roziyallohu anhuning tarafida edilar va Hazrati Ali roziyallohu anhu bilan birga Jamal va Siffin janglarida ishtirok etishgan edi. Siffin jangining nihoyasida shom ahli mag‘lubiyat yaqinligini sezgach mus'haflarni nayzalarga ilib, qarshi tomonni Allohning kitobini orada hakam qilishga chaqirishni maslahat berishdi. Hazrati Ali roziyallohu anhu avvaliga bu fikrni unchalik ma’qul ko‘rmadilar. Lekin U zotning safdoshlari orasida Allohning kitobini hakam qilishga rozi bo‘lganlar ko‘pchilik edi. Natijada, Hazrati Ali roziyallohu anhuning musulmonlar qonini to‘kmaslik haqidagi istaklari ustun kelib, hakamlikka rozi bo‘ldilar. Ammo xavorijlar keyinroq bu qarorni inkor qildilar va: “Hakamlikni qabul qilib, xato qilibmiz! Endi xatoni tuzatishimiz kerak! Allohning hukmidan boshqa hukm yo‘q! deb baqira boshladilar”. Ular Hazrati Ali roziyallohu anhu va hakamlikka rozi bo‘lganlarning barchasini kofir deb “fatvo” chiqardilar va faqat tavba qilib, ularga qo‘shilganlarni imonda qolgan deb hisobladilar. Hattoki bu gumrohlar, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan jannat bashoratini eshitgan Hazrati Alidek zotga: “Sen o‘zingni kofir deb tan ol, so‘ngra tavba qil, ana shunda biz senga itoat qilamiz”, deyishgacha bordilar. Albatta, Ali roziyallohu anhu bunga rozi bo‘lmadilar. Shundan so‘ng xavorijlar U zotga qarshi chiqib, urush ochdilar (Talxis al-Xobir, 6/2709).

Bora-bora xavorijarning qiladigan ishi musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa bo‘lmay qoldi. Ularning bu ashaddiy mavqiflari qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning behisob qonlari to‘kilishiga olib keldi. Eng yomoni, aqida bobida keraksiz ixtiloflar avj oldi. Natijada aqida poydevori darz ketdi. Faqat Ahli sunna val jamoa mazhabi ulamolari jasorati va ulkan mehnati evaziga bu darz qaytadan to‘g‘rilandi.

Takfirning xatarlari

Birovni kofir deyish oson ish emas. Chunki bu ishning orqasidan kelib chiqadigan hukmlar ham o‘ta xatarlidir. Bu ishning juda nozik va o‘ta xatarli ekanini tushunish uchun quyida Qur’on va Sunnat hamda ulamolarimizning so‘zlaridan bir qancha dalillarni keltirib o‘tamiz. Alloh taolo aytadi:

يَأَيُّهَا الَّذِينَ ءَامَنُوا إِذَا ضَرَبْتُمْ فِي سَبِيلِ اللَّهِ فَتَبَيَّنُوا وَلَا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلَامَ لَسْتَ مُؤْمِنًا

“Ey iymon keltirganlar! Alloh yo‘lida jihodga chiqsangiz, aniqlab olinglar va sizga salom bergan kimsaga, mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).

Ushbu oyati karimaning nozil bo‘lish sababi haqida Imom Ahmad rahimahulloh, hazrati Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda quyidagilar aytiladi: “Banu Salim qabilasidan bir odam bir guruh sahobaning oldidan qo‘ylarini boqib o‘tib qoldi va ularga salom berdi. Sahobalar: “Bizdan qo‘rqqanidan salom berdi, bo‘lmasa, bermas edi”, dedilar-da, uni o‘ldirib, qo‘ylarini Nabiy sollallohu alayhi va sallam huzurlariga haydab bordilar. Shunda Alloh taolo: “Sizga salom bergan kimsaga, mo‘min emassan, demanglar”, oyatini nozil qildi. (Tafsir Ibn Kasir, 2/337). Alloh taolo ushbu oyatda musulmonlarni shoshqaloqlik bilan birovni imonsiz deb hukm qilishdan qaytarmoqda, Zero birovning qalbida imon bor yo‘qligini faqat Alloh taologina biladi. Shuning uchun har qanday shubha yoki taxmin asosida insonni mo‘minlikdan chiqarish, unga dushmanlarcha munosabatda bo‘lish mutlaqo noto‘g‘ri va haromdir.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham musulmonni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

عَنِ ابْنِ عُمَرَ، أَنَّ النَّبِيَّ ﷺ قَالَ: «إِذَا كَفَّرَ الرَّجُلُ أَخَاهُ فَقَدْ بَاءَ بِها أَحَدُهُمَا.

Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kishi birodarini kofirga chiqarsa, albatta, ikkisidan biri kufrga duchor bo‘ladi”, dedilar (Sahihi Muslim, 123-hadis).

Ya’ni, kim, mo‘min birodarini kofir deyish mumkin, degan e’tiqodda kofir desa, o‘zi kofir bo‘ladi. Chunki halolni harom deb bilish kufr bo‘ladi. Bu holatda kimningdir iymoniga, shahodatiga hamla qilib, uni kofirga chiqarmoqda. Natijada uning o‘zi kofir bo‘ladi. Ikkinchi fikr shuki: Birovni “Ey kofir”, deyish kishini kufrga olib boradi. Ya’ni bunday deyishda kofir bo‘lib qolish xavfi bor. Bu inson bugun kofir bo‘lmasa-da, bora-bora bir kun dindan chiqib qoladi (Sharhi Navaviy 2/50).

Shunday ekan, birovni kofir deyishdan oldin bu gap o‘ziga qaytishi mumkinligini yaxshilab o‘ylab qo‘yish kerak bo‘ladi.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganar:

عَنْ أَنَسِ، عَنِ النَّبِيِّ ﷺ قَالَ: «ثَلَاثٌ مِنْ أَصْل الْإِيمَانِ: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لَا إِلَهَ إِلَّا الله ، وَلَا نُكَفِّرُهُ بذَنْبٍ، َلَا تُخْرِجُهُ مِنَ الْإِسْلَامِ بِعَمَل

Uch narsa iymonning aslidir: “Laa ilaha illallohu” degan kimsaga tegmaslik; gunohi tufayli uni kofirga chiqarmaymiz; amali tufayli uni Islomdan chiqarmaymiz” (Abu Dovud rivoyati 2532-hadis). Ya’ni kalimai shahodatni aytib, o‘zining musulmonligini bildirib turgan kishiga tegmaslik, uning joniga, moliga zarar yetkazmaslik zarur. “Laa ilaha illallohu”ni aytib, zohirida musulmon bo‘lib ko‘ringan odamni qilgan gunoh ishi tufayli kofirga chiqarmaymiz. U kofir emas, nari borsa osiy mo‘min bo‘ladi. Kalimai tavhidni aytib, Islomni zohiridan ko‘rsatib turgan odamni amali tufayli Islom millatidan chiqarmaymiz. Bunday odamlarga amaliga yarasha tayin qilingan shar’iy jazo beriladi. E’tiqodi buzilmasa, Islomdan chiqqan hisoblanmaydi. Umumiy qoida mana shu!


Takfirga shoshilmaslik borasida ulamolarning so‘zlari

Ahli sunna val-jamoa ulamolari musulmonni kufrda ayblash masalasida nihoyatda ehtiyot bo‘lishga buyurganlar. Buyuk muhaddis va faqih Abu Ja’far Tahoviy rahimahulloh o‘zining Al-Aqida at-Tahoviya asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz” (Al-Aqida at-Tahoviya). Bu esa shuni anglatadiki, agar bir musulmon gunohga qo‘l urgani bilan uni halol deb bilmasa, u hanuz Islom doirasida qoladi. Zero, gunoh boshqa, kufr boshqa.

Mulla Ali Qoriy rahimahulloh ham bu borada mashhur hanafiy olimi Ibn Nujaym rahimahullohning so‘zlarini keltiradilar: “Agar musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (Sharh ash-Shifa).

Bu so‘zlar musulmonni osonlikcha takfir qilish naqadar katta xatarlarga olib borishini ochiq-oydin ko‘rsatmoqda. Islom shariatida kishining imonidan chiqishi faqat aniq va qat’iy dalillarga tayanishi lozim. Gumon yoki noto‘g‘ri talqin asosida birovni kofirga chiqarish jamiyatni ulkan fitna sari yetaklaydi. Shu bois, mo‘min kishi doimo o‘z birodari haqida yaxshi gumonda bo‘lishi lozimdir.


Bugungi kunda takfir muammosi

Yuqoridagi dalillar va tarixiy misollar takfir masalasining naqadar nozik va xatarli ekanini ta’kidlaydi. Afsusuki, bugungi kunda takfir masalasi yana dolzarb muammolardan biriga aylanib, ba’zi guruhlar tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinmoqda. Ayrim ekstremistik harakatlar va radikal oqimlar musulmonlarni osongina kofirlikda ayblab, jamiyatda bo‘linish va fitnaga sabab bo‘lyapti. Ularning targ‘iboti natijasida yoshlar orasida mutaassiblik kuchayib, o‘zini haq, boshqalarni esa botil deb biladigan kayfiyat shakllanmoqda. Bu holatning asosiy sabablaridan biri – ilmsizlik, Qur’on va Sunnatni noto‘g‘ri tushunishdir. Ko‘pchilik mutaassib kishilar islomiy ilmlarni mustahkam o‘rganmasdan, ayrim shubhali manbalar yoki noto‘g‘ri targ‘ibotlar ta’sirida qolib, noto‘g‘ri qarashlar girdobiga tushib qolishmoqda.


Xulosa

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, Islom aqida bobida ham, ibodat bobida ham, o‘zini tutish bobida ham va boshqa boblarda ham mo‘tadillikka asoslangan. Bunday mo‘tadillikning chegarasini bilish uchun esa asosli ilmiy mezon kerak. Ana shu asosli mezonga ega bo‘lish uchun esa islomiy ilmlarning barchasini asl masdarlardan, yetuk va taqvodor ulamolardan to‘liq o‘rganish kerak. Bu narsalarga odob-axloq, hilm va bosiqlik hamda har bir narsani o‘z o‘rnida to‘g‘ri baholay bilish omillari qo‘shilgandagina, o‘ng yoki so‘lga burilib, halokat jari yoqasiga kelib qolish xavfining oldi olingan bo‘ladi.

So‘zimiz so‘ngida Robbimizdan so‘raymizki: Ey Robbimiz, bizni dunyo va oxiratda hidoyat topgan bandalaring qatoriga qo‘shgin! Bizni fitnalardan uzoq, haq yo‘lda sobit qilingan va Sening rizoyinga erishgan zotlardan qilgin. Amin!

Azimjon RIXSIBOYEV,
Toshkent Islom instituti talabasi.

Maqolalar