Ramazon barokatli va fazilatli oy. Unda dunyo va oxirat uchun yaxshiliklar bisyor. Ayniqsa “ming oydan yaxshiroq” bo'lgan “Laylatul qadr” – qadr kechasi Ramazonda kutiladi. “Qadr” deb nomlanishiga sabab unda rizqlar o'lchanadi, ajallar yozilib, o'sha yili bo'ladigan ishlar bitib qo'yiladi, taqdir qilinadi.
فِيهَا يُفْرَقُ كُلُّ أَمْرٍ حَكِيمٍ
“U (kechada) barcha hikmatli ish(lar) ajrim qilinur”, Duxon,4 oyat
“Barcha bo'ladigan ishlar Lavhul mahfuzdan ko'chiriladi. Said ibn Jubayr Ibn Abbosdan rivoyat qiladilar: “Albatta, sen bir kishini bozorda uchratasan, lekin uning ismi o'liklar safiga kiritib qo'yilgan bo'ladi”.[1]
Bundan tashqari qadri va sharafi ulag'ligi uchun ham shunday atalgan. Yana kim bu kecha toat-ibodatlarga berilsa, qadri baland bo'ladi, bu kechadagi toatlarning qadri bo'lakcha bo'ladi, degan ma'nolar ham aytib o'tilgan.
Shomiy[2] aytadilar: “Me'rojud diroya”da keltiriladi: “Bilingki, qadr kechasi – fazilatli kecha bo'lib, uni izlash, talab qilish mustahabdir. U yilning eng yaxshi tunlaridan biridir. U kechada qilingan amal yilning boshqa paytida qilingan ming amalga teng. Ibn Musayyyib aytadi: “Kim qadr huftoniga guvoh bo'lsa, undagi nasibasini olibdi”. Shofe'iy aytadilar: “Hufton va bomdodiga guvoh bo'lsa. Mo'minlardan Alloh xohlagani qadr kechasini ko'radi, ko'rganlar esa uni yashirishlari lozim bo'ladi. Allohga ixlos bilan duo qilinadi”.
Qadr kechasi qaysi kun ekanligi borasida 46 ta fikr bor.
“Maroqil falah”da[3] aytiladi: “Ibn Mas'ud aytadilar: “Qadr kechasi yilning barchasida bo'lishi mumkin. U kishining gaplarini Imom A'zam ham olib, yilning istalgan paytida aylanib yuradi. Goho ramazon, goho boshqa oy ham bo'lishi mumkin. Buni Qozi Hon ham aytgan”.
Shomiy aytadilar: “Yuqoridagi gapni oriflar sultoni, janobim – Muhyiddin ibn Arabiy o'zlarining “Futuhotul Makkiyya” asarlarida ham keltirganlar: “Laylatul qadr haqida insonlar turlicha fikrdadirlar. Ya'ni uning payti haqida. Ulardan ba'zilari yilning barchasida aylanib yuradi deyishgan. Men ham shu fikrdaman. Men uni Sha'bonda ham, Robi'ul avvalda ham, Ramazonda ham ko'rganman. Ko'proq ramazonning oxirgi 10 kunligida guvoh bo'lganman. Yana ramazonning o'rtadagi 10 kunligidagi toq bo'lmagan kechada ham, toq bo'lgan kechasida ham ko'rganman. Men shuni aniq ishonch bilan ayta olamanki, yilning barchasida toq kechasida ham, juft kechasida ham kelaveradi”.
“Mabsut”da aytiladi: “Bu borada Abu Hanifaning mazhablari qadr kechasi ramazonda bo'ladi, lekin u oldinga surilib yoki kechikib kelishi mumkin. Ikki sohiblari nazdida esa muqaddam ham bo'lmaydi, kechikib ham kelmaydi”.
Uning alomati: oydin, sof, sokin; sovuq ham emas, issiq ham emas; qadr kechasining tongida quyosh nursiz tog'orga o'xshab qoladi.
Uning aniq kuni yashirin bo'lishi: insonlar uni topishda, izlashda jiddu jahd qilsinlar, ibodatda mujtahidlar ajrini olsinlar.
Shavkoniy aytadilar: “Ulamolar uning qaysi kun ekanligi haqida ixtilof qildilar. “Fathul Boriy”da o'sha fikrlar keltirilgan (undan boshqa erda bu qavllar keltirilmagan), ularni qisqacha zikr qilib o'tamiz:
1-Qovl: Qadr kechasi odamlar orasidan ko'tarilgan, buni Mutavalliy Rofiziylardan rivoyat qilgan. Hanafiylardan ham shu gap kelgan. Men aytaman: bu asli yo'q gap, hanafiylar kitoblarida bunaqa gap uchramaydi.
2-Qovl: Qadr kechasi faqat bir yil uchun xoslangan bo'lib, Nabiy sallollohu alayhi vasallam zamonlarida yuz bergan. Fokuhoniy shu gapni aytgan.
3-Qovl: Qadr kechasi mana shu ummat uchun xoslangan. Molikiylardan bir jamoaning fikrlari.
4-Qovl: Yilning istalgan patida bo'lishi mumkin. Bu hanafiylarning mashhur gaplari va salafi solihlarning bir jamosining fikri.
5-Qovl: U ramazonga xoslangan bo'lib, uning barcha tunlarida sodir bo'lishi mumkin.
6-Qovl: U muayyan va yashiringan bir tunda. Nasafiy shu fikrni aytgan.
7-Qovl: Ramazonning birinchi kechasida. Abu Roziyn Uqayliy Sahobiy aytgan.
8-Qovl: Ramazooning o'rtasidagi bir kecha. Ibn Mulaqqin aytgan.
9-Qovl: Sha'bonning o'rtasidagi bir kecha. Qurtubiy “Mufhim”da aytgan.
10-Qovl: Ramazonning 17 kechasida.
11-Qovl: Ramazonning o'rtadagi 10 kunligida yashiringan.
12-Qovl: Ramazonning 18 kechasi.
13-Qovl: 19 kechasi.
14-Qovl: Oxirgi o'n kunlikning birinchi kechasi. Shofe'iy shunga moil bo'lganlar.
15-Qovl: Agar oy to'liq bir oy bo'lsa, 20 kuni, noqis bo'lsa, 21 kuni.
16-Qovl: 22 kechasi.
17-Qovl: 23 kechasi. Bunga ko'plab sahobiy va tobe'inlar ergashganlar.
18-Qovl: 24 kechasi.
19-Qovl: 25 kechasi. Ibn Javziy Abu Bakradan rivoyat qilgan.
20-Qovl: 26 kechasi. Men buni aniq bilmadim. Faqat Iyoz shu fikrni aytgan.
21-Qovl: 27 kechasi.
22-Qovl: 28 kechasi.
23-Qavl: 29 kechasi. Ibn Arabiy keltirgan.
24-Qovl: 30 kechasi. Iyoz aytgan.
25-Qovl: Oxirgi 10 kunlikning toq kunlarida. “Fath”da mana shu to'g'riroq deyilgan.
26-Qovl: Ramazonning oxirgi kechalarida.
27-Qovl: Oxirgi 10 kunlikda ko'chib yuradi. Abu Qaloba aytgan.
28-Qovl: Oxirgi 10 kunlikda, faqat ba'zi kechalar ba'zilaridan ko'ra qadr bo'lishi umid qilinadi.
29-Qovl: 27 kecha. Faqat 23 bo'lishi umid qilinadi.
30-Qovl: 23 kecha. Faqat 27 bo'lishi umid qilinadi.
31-Qovl: Oxirgi 7 kunlikning barchasida ko'chib yuradi. Ahli ilmlar bundan nima nazarda tutilgani haqida ixtilof qildilar: oyning oxirgi 7 kunligimi yoki oydan sanaladigan oxirgi 7 kunmi? Bundan 32 qovl kelib chiqadi.
33-Qovl: Oxirgi 15 kunlikda ko'chib yuradi. Abu Yusuf va Muhammaddan rivoyat qilingan.
34-Qovl: 16 yoki 17 kechada.
35-Qovl: 17, 19 yoki 21 kechada.
36-Qovl: Ramazoning birinchi yoki oxirgi kechasi.
37-Qovl: 19, 21 yoki 23 kechada.
38-Qovl: 1 yoki 9 yoki 17 yoki 21 yoki oxirgi kechada.
39-Qovl: 23 yoki 27 kechada
40-Qovl: 21 yoki 23 yoki 25 kechada.
41-Qovl: Oxirgi 27 kechaga cheklangan.
42-Qovl: 22 yoki 23 kechada.
43-Qovl: o'rtadagi va oxirdagi 10 kulikning juft kechalarida.
44-Qovl: oxirgi o'n kunlikning uchinchi yoki beshinchi kechasi.
45-Qovl: Oyning ikkinchi 15 kunligidagi 7 yoki 8 kecha.
46-Qovl: 1 yoki oxirgi yoki toq kechada bo'lishi mumkin.
Hofiz Hajar Asqaloniy aytadilar: “Men oxirgi uchratgan qovlim mana shu. Ularning ba'zisi ba'zisini rad qilishi mumkin. Rojihrog'i oxirgi 10 kunlikning toq kechalarida bo'lib, ular ko'chib yurishi mumkin. Shofe'iy nazdida 21 yo 23 bo'lsa, jumhur nazdida ramazonning 27 kechasi deb zikr qilingan”.
Qadr kechasiga to'g'ri kelgan odamga zohiriy alomat bo'ladimi yoki yo'q, degan masalada ham ixtilof qildilar. Ba'zilar hamma narsa sajda qilgan holda ko'rinadi, desa, ayrimlar hatto qorog'u erda ham nur sochilib turadi, degan. Maloikalardan gap va salom eshitiladi, ham deb aytilgan. Tobariy bularning barchasi yuz beradigan ishlar emas deganlar. Biror narsani ko'rish yoki eshitish shart qilinmagan.
Hulosa: Qadr kechasi turli kunlarda bo'lishi, turli kechalarda aylanib yurishi haqidagi fikrlarni inobatga olsak, uni faqat 27 kechada kutmay, ramazonning oxirgi toq kunlari, imkon bo'lsa ramazonning g'animat barcha kechalaridan izlagan, ko'proq ibodat, tilovat, istig'for va tavblar qilib qolgan ma'qul. Agar Abu Hanifa rohimahullohning ijtihodlariga nazar solinsa, laylatul qadr yilning barchasida bo'lishi mumkin. Balki, mana shu narsa avvalgi ulamolarimizni ko'p toat-ibodat qilishga, bugun qadr kechasi bo'lishi mumkin degan umidda sergak yurishlariga bir sabab bo'lgandir... Vallohu A'lam!
Ahmad Saharonfuriyning “Bazlul majhud fiy halli
Sunani Abi Davud” kitobi asosida Nilufar Saidaziz qizi tayyorladi
[1] “Tafsiri Samarqandiy”
[2] Ibn Obidiyn
[3] 264 b
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Fitna – bu jamiyatda ixtilof, nizo va buzg‘unchilikka olib keladigan omillar majmuasidir. Tarix davomida fitna turli ko‘rinishlarda – siyosiy qarama-qarshilik, diniy ziddiyat yoki ijtimoiy beqarorlik sifatida namoyon bo‘lgan.
Fitna jamiyat rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, munosabatlarning buzilishiga sabab bo‘ladi. Ijtimoiy nizolar odamlar o‘rtasida ishonchni yo‘qotadi, bu esa hamkorlik va birdamlikka putur yetkazadi. Masalan, siyosiy fitnalar davlat institutiga bo‘lgan ishonchni kamaytirib, qonun ustuvorligiga xalaqit beradi. Iqtisodiy jihatdan, fitna savdo-sotiq, investitsiyalar va ishlab chiqarishning pasayishiga olib keladi. Tarixdagi ko‘plab misollar mavjud bo‘lib, fuqarolik urushlari, ommaviy tartibsizliklar fitnaning iqtisodiy va ijtimoiy zararlarini ko‘rsatadi.
Diniy yoki mafkuraviy fitnalar esa jamiyatdagi ma’naviy qadriyatlarga tahdid soladi. Bunday nizolar odamlarni guruhlarga bo‘lib, bir-biriga qarshi qo‘yadi, bu esa uzoq muddatli parokandalikka sabab bo‘ladi. Fitna ko‘pincha yoshlarning radikallashuvi, axloqiy buzilish va ma’naviy yo‘qotishlar bilan bog‘lanadi.
Baqara surasi 217-oyatida “Fitna qotillikdan ham og‘ir gunohdir”, 191-oyatda “Fitna qotillikdan ham yomondir” deyilgan.
“Tafsiri Irfon”da, zolim va qonxo‘r kimsalar hamisha insonlar, butun-butun qabilalar o‘rtasida fitna, nifoq solib, jamiyatning tinch hayotini parokanda qilishi, fitna esa odamlarni qatl qilishdan ham og‘ir jinoyat ekani aytilgan.
Fitna konstruktiv yo‘naltirilib, oldi olinmasa, buzg‘unchilik va beqarorlikka sabab bo‘ladi. Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan hadisda, “Yaqin orada fitnalar bo‘ladi. O‘sha chog‘da o‘tirib olgan odam tik turgandan yaxshiroqdir. O‘rnida jim tik turgan esa yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Yayov yurgan esa tez-tez yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Kim o‘sha fitnalarga e’tibor bersa uni fitna o‘ziga tortib ketadi. Kimki qutulishga joy topa olsa, o‘sha joyda fitnadan himoyalansin!”, deyilgan.
Bu hadisda Rasul alayhissalom fitnaga aralashib qolishdan qaytarib, undan chetda bo‘lish yo‘llarini bayon qilgan. Fitnaga qiziqmaslik, e’tibor qilmaslik, qo‘shilmaslik bilan himoyalanishni tavsiya qilganlar.
Fitnaning zararli ta’sirini kamaytirish uchun jamiyatda ma’rifat va muloqotni kuchaytirish zarur. Ta’lim va axborot vositalari orqali odamlarning tanqidiy fikrlash qobiliyatini oshirish, ularni fitna unsurlaridan himoya qiladi. Davlat va jamoat tashkilotlari esa adolatli qonunlar va ochiq muloqot orqali ishonch muhitini shakllantiradi.
Bundan tashqari, fitnaning oldini olishda ma’naviy-axloqiy tarbiya muhim o‘rin tutadi. Dini va milliy qadriyatlarga asoslangan tarbiya odamlarda birdamlik va o‘zaro hurmat tuyg‘usini mustahkamlaydi. Nihoyat, fitnaga qarshi kurashishda har bir fuqaroning mas’uliyatli va faol ishtiroki muhimdir.
Alloh taolo Hujurot surasi 6-oyatda “Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar, bilmasdan bir qavmga musibat yetkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekib qolmanglar” deb fitnaga sabab bo‘luvchi gap-so‘zlarga ko‘r-ko‘rona ergashib ketmasdan tekshirib ko‘rish lozimligini ta’lim bergan.
Shunday ekan, fitnani oldini olish, fitna keltirib chiqaruvchi sabablarni bartaraf etish, unga qarshi kurashish jamiyatning barcha a’zolari uchun umumiy vazifadir.
Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo jome masjidi imom-xatibi.