Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Avgust, 2026   |   19 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:45
Quyosh
05:14
Peshin
12:34
Asr
17:31
Shom
19:43
Xufton
21:12
Bismillah
02 Avgust, 2026, 19 Safar, 1448

Ramazon oyining oxirgi o'n kunligi fazilati

02.05.2021   9832   3 min.
Ramazon oyining oxirgi o'n kunligi fazilati

Payg'ambarimiz sollollohu alayhi vasallam Ramazon oyining oxirgi o'n kunida boshqa kunlaridan ko'ra ko'proq ibodat qilar, u kunlarni etikof bilan o'tkazar va qadr kechasini ushbu kechalardan qidirar edilar[1].

Imom Buxoriy rahmatullohi alayhi o'z sahihlarida Oisha onamiz roziyollohu anhodan rivoyat qiladilar: “Albatta Nabiy sollollohu alayhi vasallam, Ramazon oyining oxirgi o'n kuni kirib kelsa, ahllarini uyg'otar, tunlarini tiriltirar va bellarini mahkam bog'lar edilar”[2]

Hadisi sharifdagi Oisha onamizning: “Bellarini mahkam bog'lar edilar”,  degani Payg'ambar sollollohu alayhi vasallamning ibodatga odatdagidan ko'proq jiddu-jahd  qilib harakat qilganlaridan kinoya. Ba'zilar bu ayollaridan chetlashganlari, yaqinlik qilmaganlaridan kinoya deydilar.

“Tunlarini tiriltirar edi” deganlari esa, namoz va boshqa ibodatlar bilan tunning barchasini bedor o'tkazar edilar degan ma'noda. Oisha onamiz roziyollohu anhodan rivoyat qilingan boshqa hadisda: “ Men Rosululloh sollollohu alayhi vasallamni Ramazon oyidan boshqa biror paytda bir kechada Qur'oni karimning barchasini o'qiganlarini ham, tunning hammasini to tonggacha bedor bo'lganlarini ham, bir oy avvalidan oxirigacha to'liq ro'za tutganlarini ham bilmayman”[3] deganlar.

“Ahllarini uyg'otar edi” deganlari esa, ayollarini namozga uyg'otar edi degan ma'noda. Payg'ambar sollollohu alayhi vasallamning odatlaridan ma'lumki, U zot ahllarini boshqa kunlarda ham ibodatga uyg'otar edilar. Vitr o'qimoqchi bo'lsalar Oisha onamizni uyg'otganlari kabi.[4] Ammo Payg'ambar sollollohu alayhi vasallamning ahli oilalarini Ramazon oyining oxirgi o'n kunida uyg'otishlari yilning boshqa kunlariga nisbatan ko'proq bo'lar edi.  

 

 

Shayxontohur tumani “Islom nuri” jome  masjidi imom xatibi,

Toshkent Islom instituti o'qituvchisi

A. Sobirov

 

[1] Imom Muslim Oisha roziyollohu anho onamizdan rivoyat qilgan(1175)

[2] Imom Buxoriy rivoyati(1913)

[3] Imom Nasaiy rivoyati(1641)

[4] Imom Buxoriy rivoyati(952)

RAMAZON-2021
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Diniy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari boshlandi

31.07.2026   11920   1 min.
Diniy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari boshlandi

Ayni kunlarda Namangandagi "Hidoya" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga 2026-2027 o‘quv yili uchun kirish imtihonlari boshlandi.

Shu munosabat bilan bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari mazkur diniy ta’lim muassasasida bo‘lib, 2026-2027 o‘quv yili uchun kirish imtihonlari jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar.

Muftiy hazratlari abituriyentlar va ularning yaqinlari uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirib, sinovlarning ochiqlik, shaffoflik va xolislik tamoyillari asosida o‘tishini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan tashkiliy chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratdilar.

Xususan, imtihon zallari to‘liq videokuzatuv tizimlari bilan jihozlangan bo‘lib, ota-onalar kutish maydonchalarida jarayonni onlayn kuzatib bormoqdalar. Savollar xavfsizligi hamda xolis baholash tizimi qat’iy nazoratga olingan.

Muftiy hazratlari imtihon topshirayotgan yoshlarning ota-onalari bilan dildan suhbatlashib, ularning fikr-mulohazalarini tingladilar va abituriyentlar haqiga muvaffaqiyat tilab duo qildilar.

Respublika bo‘yicha imtihonlar hududlar kesimida tasdiqlangan reja-grafik asosida bo‘lib o‘tadi. Kirish test sinovlari o‘tkaziladigan aniq sanalar va imtihon manzillarining to‘liq ro‘yxati bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin: https://t.me/qabulmuslimuz.

Imtihon yangiliklarini @qabulmuslimuz telegram kanali orqali kuzatib borishingiz mumkin.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati