Payg'ambarimiz sollollohu alayhi vasallam Ramazon oyining oxirgi o'n kunida boshqa kunlaridan ko'ra ko'proq ibodat qilar, u kunlarni etikof bilan o'tkazar va qadr kechasini ushbu kechalardan qidirar edilar[1].
Imom Buxoriy rahmatullohi alayhi o'z sahihlarida Oisha onamiz roziyollohu anhodan rivoyat qiladilar: “Albatta Nabiy sollollohu alayhi vasallam, Ramazon oyining oxirgi o'n kuni kirib kelsa, ahllarini uyg'otar, tunlarini tiriltirar va bellarini mahkam bog'lar edilar”[2]
Hadisi sharifdagi Oisha onamizning: “Bellarini mahkam bog'lar edilar”, degani Payg'ambar sollollohu alayhi vasallamning ibodatga odatdagidan ko'proq jiddu-jahd qilib harakat qilganlaridan kinoya. Ba'zilar bu ayollaridan chetlashganlari, yaqinlik qilmaganlaridan kinoya deydilar.
“Tunlarini tiriltirar edi” deganlari esa, namoz va boshqa ibodatlar bilan tunning barchasini bedor o'tkazar edilar degan ma'noda. Oisha onamiz roziyollohu anhodan rivoyat qilingan boshqa hadisda: “ Men Rosululloh sollollohu alayhi vasallamni Ramazon oyidan boshqa biror paytda bir kechada Qur'oni karimning barchasini o'qiganlarini ham, tunning hammasini to tonggacha bedor bo'lganlarini ham, bir oy avvalidan oxirigacha to'liq ro'za tutganlarini ham bilmayman”[3] deganlar.
“Ahllarini uyg'otar edi” deganlari esa, ayollarini namozga uyg'otar edi degan ma'noda. Payg'ambar sollollohu alayhi vasallamning odatlaridan ma'lumki, U zot ahllarini boshqa kunlarda ham ibodatga uyg'otar edilar. Vitr o'qimoqchi bo'lsalar Oisha onamizni uyg'otganlari kabi.[4] Ammo Payg'ambar sollollohu alayhi vasallamning ahli oilalarini Ramazon oyining oxirgi o'n kunida uyg'otishlari yilning boshqa kunlariga nisbatan ko'proq bo'lar edi.
Shayxontohur tumani “Islom nuri” jome masjidi imom xatibi,
Toshkent Islom instituti o'qituvchisi
A. Sobirov
[1] Imom Muslim Oisha roziyollohu anho onamizdan rivoyat qilgan(1175)
[2] Imom Buxoriy rivoyati(1913)
[3] Imom Nasaiy rivoyati(1641)
[4] Imom Buxoriy rivoyati(952)
Toshkent islom instituti magistratura bosqichi hamda Hadis ilmi maktabiga hujjat topshirgan talabgorlar uchun joriy yilning 11 avgust kuni ijodiy imtihonlar o‘tkaziladi.
Talabgorlar tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha quyidagi fanlardan imtihon topshiradilar:
Teologiya (Tafsir va Qur’on ilmlari): Qur’oni karim va tajvid, Tafsir;
Teologiya (Hanafiylik va fiqh ilmlari): Fiqh, Usulul-fiqh;
Hadis ilmi maktabi: Hadis va mustalahul hadis.
Imtihonlar 11 avgust kuni soat 8:00 da Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti binosida boshlanadi. Talabgorlarni ro‘yxatga olish jarayoni soat 7:30 dan start oladi.
Muhim eslatma: Abituriyentlar imtihonga pasport (yoki ID-karta) asli hamda «Imtihon ruxsatnomasi» bilan kelishlari shart. Ushbu hujjatlardan biri bo‘lmagan talabgorlar imtihonga kiritilmaydi.
Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Zarqaynar 18-berk ko‘chasi, 47-uy.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati