29- وَإِنَّ الأَنْبِيَاءَ لَفِي أَمَانٍ عَنِ الْعِصْيَانِ عَمْدًا وَانْعِزَالِ
Ma'nolar tarjimasi:
Darhaqiqat, payg'ambarlar qasddan isyon qilishdan va (payg'ambarlik martabasidan) chetlashtirilishdan, albatta, omonda bo'lganlar.
Nazmiy bayoni:
Payg'ambarlar hech qachon qasddan isyon etmagan,
Elchilik maqomidan ajralib ham ketmagan.
Lug'atlar izohi:
اِنَّ – “xurufu mushabbahatu bil fe'l”dan biri bo'lgan ta'kid harfi. Ushbu harf va uning sheriklari xuddi fe'lga o'xshab ikki ismdan birini nasb va ikkinchisini raf qilishga sabab bo'lgani uchun “fe'lga o'xshatilgan harflar” deyiladi.
الأَنْبِيَاءَ – ushbu so'z lug'atda ikki xil ma'noga dalolat qiladi:
Payg'ambar so'ziga ikkala ma'no ham to'g'ri keladi.
لَ – ta'kid harfi.
فِي – zarfiyat ma'nosida kelgan jor harfi.
أَمَانٍ – jor majrur اِنَّ ning xabari ekaniga ko'ra raf o'rnida turibdi. Lug'atda himoya ma'nosiga to'g'ri keladi.
عَنْ – “iste'lo” (ustun bo'lish) ma'nosida kelgan jor harfi.
الْعِصْيَانِ – jor majrur لَفِي أَمَانٍ ga mutaalliq. Lug'atda "bo'yinsunishni tark qilish" ma'nosini anglatadi.
عَمْدًا – tamyizlikka ko'ra nasb bo'lib turibdi. Bu kalima xato qilib ham, tasodifan ham bo'lmasdan, bir ishni qasddan qilishga nisbatan ishlatiladi.
انْعِزَالِ – bu masdar birovning boshqa tomonidan biror narsadan chetlashtirilishiga ishlatiladi. إِعْتِزَال masdari esa birovning biror narsadan o'zi voz kechib tashlab ketishiga nisbatan ishlatiladi. Biror payg'ambar hech qachon payg'ambarlikdan chetlashtirilmagan, ma'nosiga urg'u berish uchun Nozim انْعِزَال kalimasini ishlatgan.
Matn sharhi:
Insonlar orasidan Alloh taoloning elchiligiga tanlangan zotlar hech qachon qasddan isyon qilmaganlar. Shuningdek, bu muhtaram zotlar oqibatlari omonda bo'lgan, hech qachon payg'ambarlik martabasidan ajralmagan buyuk insonlardir. Biroq payg'ambarlar ham boshqa insonlar kabi eb-ichadigan, kasal ham bo'ladigan, ayollarni nikohlariga oladigan, bozorlarda yuradigan, qariydigan va Alloh belgilagan kunda o'limga yo'liqadigan insonlar bo'lganlar. Ammo ularda boshqa insonlardan keskin ajratib turadigan ulug' xususiyatlar bo'lgan.
Payg'ambarlarning xususiyatlari
Alloh taoloning elchilari quyidagi sifatlarga ega bo'lganlar:
﴿وَلَوۡ تَقَوَّلَ عَلَيۡنَا بَعۡضَ ٱلۡأَقَاوِيلِ٤٤ لَأَخَذۡنَا مِنۡهُ بِٱلۡيَمِينِ٤٥ ثُمَّ لَقَطَعۡنَا مِنۡهُ ٱلۡوَتِينَ٤٦ فَمَا مِنكُم مِّنۡ أَحَدٍ عَنۡهُ حَٰجِزِينَ٤٧ وَإِنَّهُۥ لَتَذۡكِرَةٞ لِّلۡمُتَّقِينَ٤٨﴾
“Agar (payg'ambar) Bizning nomimizdan (Biz aytmagan) ba'zi so'zlarni to'qib aytganda edi, albatta, Biz uning o'ng qo'lidan tutgan, so'ngra uning shohtomirini uzib tashlagan bo'lur edik. U holda sizlardan biror kishi undan (payg'ambardan halokatni) to'sa oluvchi bo'lmas edi. Haqiqatan, u (Qur'on) taqvodorlar uchun eslatmadir”[1].
Aslida, u zotning yolg'on gapirmayotganlarini, aytayotganlari haq ekanligini u zotni ashaddiy inkor qilayotganlarning o'zlari ham bilib turgan bo'lsalar-da, obro' va mansabga bo'lgan muhabbat kabi illatlar tufayli bila turib inkor qilishgan.
Buni quyidagi rivoyat tasdiqlaydi: “Quraysh qabilasi ulug'laridan bir kishi Makka ko'chalaridan birida Abu Jahlga yo'liqdi va undan to'xtab gaplashishni iltimos qildi. So'ngra unga: “Ey Abul Hakam, bu erda ikkalamizdan boshqa hech kim yo'q, sendan Alloh uchun so'rayman Muhammad rostgo'ymi, yolg'onchimi”, – dedi. Abu Jahl unga ochiq-oydin javob berib: “Allohga qasamki, albatta Muhammad rostgo'ydir, u aslo yolg'on gapirmagan”, – dedi. Shunda haligi kishi: “Unday bo'lsa, unga ergashishdan sizlarni nima to'sib turibdi”, – dedi. Abu Jahl unga: “Biz va Bani Hoshim o'zaro musobaqalashardik, ulug'lik va faxrlanishda bir-birimizdan o'zishga harakat qilardik, ular taom berdilar, biz ham taom berdik, ular suv ulashdilar, biz ham suv ulashdik, ular joy berdilar, biz ham joy berdik, bizlar Bani Hoshim bilan go'yo ikki chopqir otlar kabi ulug'lik va faxrlanishda mutlaqo teng edik. So'ngra ular bizdan o'zib ketdilar va bizlardan payg'ambar yuborildi, – deyishdi. Biz endi ularga qayerdan payg'ambar olib kelamiz? Allohga qasamki, unga iymon ham keltirmaymiz, ergashmaymiz ham”, – dedi. Shunda Alloh taolo O'zining payg'ambariga tasalli berib, quyidagi oyatlarni nozil qilgan:
﴿قَدۡ نَعۡلَمُ إِنَّهُۥ لَيَحۡزُنُكَ ٱلَّذِي يَقُولُونَۖ فَإِنَّهُمۡ لَا يُكَذِّبُونَكَ وَلَٰكِنَّ ٱلظَّٰلِمِينَ بَِٔايَٰتِ ٱللَّهِ يَجۡحَدُونَ٣٣﴾
“Aytgan gaplari Sizni ma'yus (xafa) qilayotganini yaxshi bilurmiz. Ular, aslida, Sizni yolg'onchiga chiqarmayaptilar, balki (bu) zolimlar Allohning oyatlarini inkor etayotirlar”[2].
Ha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning rostgo'y ekanlarini dushmanlarining o'zlari ham e'tirof etganlar. Faqat martaba va mansabga bo'lgan muhabbatigina ularni haq dinga ergashishdan to'sib qolgan”[3].
﴿ٱلَّذِينَ يُبَلِّغُونَ رِسَٰلَٰتِ ٱللَّهِ وَيَخۡشَوۡنَهُۥ وَلَا يَخۡشَوۡنَ أَحَدًا إِلَّا ٱللَّهَۗ وَكَفَىٰ بِٱللَّهِ حَسِيبٗا٣٩﴾
“Ular (o'tgan payg'ambarlar) Allohning farmonlarini (bandalarga) etkazadigan, Undan qo'rqib, Allohdan o'zgadan qo'rqmaydigan zotlardir”[4].
﴿أُبَلِّغُكُمۡ رِسَٰلَٰتِ رَبِّي وَأَنصَحُ لَكُمۡ وَأَعۡلَمُ مِنَ ٱللَّهِ مَا لَا تَعۡلَمُونَ٦٢﴾
“Sizlarga Robbimning yuborganlarini etkazaman, nasihat qilaman va Allohdan (kelgan vahiy orqali) sizlar bilmaydigan narsalarni bilaman”[5].
﴿أَلَمۡ تَرَ إِلَى ٱلَّذِي حَآجَّ إِبۡرَٰهِۧمَ فِي رَبِّهِۦٓ أَنۡ ءَاتَىٰهُ ٱللَّهُ ٱلۡمُلۡكَ إِذۡ قَالَ إِبۡرَٰهِۧمُ رَبِّيَ ٱلَّذِي يُحۡيِۦ وَيُمِيتُ قَالَ أَنَا۠ أُحۡيِۦ وَأُمِيتُۖ قَالَ إِبۡرَٰهِۧمُ فَإِنَّ ٱللَّهَ يَأۡتِي بِٱلشَّمۡسِ مِنَ ٱلۡمَشۡرِقِ فَأۡتِ بِهَا مِنَ ٱلۡمَغۡرِبِ فَبُهِتَ ٱلَّذِي كَفَرَۗ وَٱللَّهُ لَا يَهۡدِي ٱلۡقَوۡمَ ٱلظَّٰلِمِينَ٢٥٨﴾
“Alloh podshohlik berib qo'ygani sababidan Ibrohim bilan Robbisi haqida hujjat talashganni bilmadingmi? Ibrohim: “Mening Robbim tiriltiradi va o'ldiradi”, – deganda, u: “Men tiriltiraman va o'ldiraman”, – dedi. Ibrohim: “Albatta, Alloh quyoshni mashriqdan chiqaradi, sen uni mag'ribdan chiqargin-chi”, – dedi. (Bu gapdan) kufr keltirgan kimsa kalovlanib qoldi”[6].
﴿۞وَأَيُّوبَ إِذۡ نَادَىٰ رَبَّهُۥٓ أَنِّي مَسَّنِيَ ٱلضُّرُّ وَأَنتَ أَرۡحَمُ ٱلرَّٰحِمِينَ٨٣ فَٱسۡتَجَبۡنَا لَهُۥ فَكَشَفۡنَا مَا بِهِۦ مِن ضُرّٖۖ وَءَاتَيۡنَٰهُ أَهۡلَهُۥ وَمِثۡلَهُم مَّعَهُمۡ رَحۡمَةٗ مِّنۡ عِندِنَا وَذِكۡرَىٰ لِلۡعَٰبِدِينَ٨٤﴾
“Va Ayyubning Robbisiga nido qilib: “Albatta, meni zarar tutdi. Sening O'zing rahmlilarning rahmlirog'idirsan!” – deganini esla. Bas, Biz uni (duosini) istijobat qildik. Unga etgan zararni ketkazdik”[7].
Ushbu oyatning zohiriga ko'ra, Ayyub alayhissalomning badanlari bilan birgalikda u zotning ahllariga ham zarar etgan. Biroq bu zarar eng buyuk Zotning elchisi o'laroq boshqalar jirkanadigan aybu nuqsonlardan himoya qilingan zotning sha'niga to'g'ri kelmaydigan zarar bo'lmagan.
﴿أُوْلَٰٓئِكَ ٱلَّذِينَ هَدَى ٱللَّهُۖ فَبِهُدَىٰهُمُ ٱقۡتَدِهۡۗ قُل لَّآ أَسَۡٔلُكُمۡ عَلَيۡهِ أَجۡرًاۖ إِنۡ هُوَ إِلَّا ذِكۡرَىٰ لِلۡعَٰلَمِينَ٩٠﴾
“Aynan o'shalar Alloh hidoyatga boshlagan zotlardir. Bas, (Siz ham) ularning yo'liga iqtido qiling!”[8].
Payg'ambar alayhissalomlardagi gunohlardan himoya qilinish sifati arab tilida “ismat” deyilib, o'zbek tilida “gunohsizlik”, “poklik” va “himoya” kabi ma'nolarni anglatadi. Istilohda esa: “Alloh taoloning nabiylari va rasullarini gunoh va ma'siyatlarga tushishlaridan hamda razilliklar va man etilgan narsalarni sodir etishlaridan hifzu himoya qilishi ismat deb ataladi”[9].
“Qurtubiy rahmatullohi alayh: “Ismat gunoh sodir etishdan himoya qilgani uchun ismat deb nomlangan. Ba'zilarning: ismat yolg'iz Allohga xosdir yoki Alloh va Uning rasuligagina xosdir, degan so'zlari juda qo'pol xatodir. Chunki ismat gunoh va ma'siyatlarni sodir etishdan himoyalanish bo'ladi. Bularni esa Alloh taologa nisbat berish to'g'ri bo'lmaydi”, – degan”[10].
Payg'ambarlardan sodir bo'lgan ishlar
haqidagi qarashlar
Payg'ambarlar gunohlardan hifzu himoya qilingan zotlardir. Buning hikmati shuki, Alloh taolo bizlarni payg'ambar alayhissalomlarga ergashishga va ularning yo'llaridan yurishga buyurgan. Ular butun insoniyat uchun namuna qilib yuborilganlar. Agar ulardan gunohu ma'siyatlar sodir bo'lganida ma'siyatlarni qilish shariatdagi ish bo'lib qolardi yoki ularga ergashish boshqalarga vojib bo'lmasdi. Bu esa mumkin bo'lmagan ishdir. Qolaversa, gunohu ma'siyatlar “ma'naviy nuqsonlar”dir. Ana shunday iflos narsalarni Alloh taoloning tanlab olgan elchilariga nisbat berish durust emasligi ham hech kimga sir emas. Ammo Qur'oni karimda zohiran ba'zi payg'ambarlarga ma'siyat nisbat berilgan. Masalan Odam alayhissalom haqida shunday xabar kelgan:
﴿فَأَكَلَا مِنۡهَا فَبَدَتۡ لَهُمَا سَوۡءَٰتُهُمَا وَطَفِقَا يَخۡصِفَانِ عَلَيۡهِمَا مِن وَرَقِ ٱلۡجَنَّةِۚ وَعَصَىٰٓ ءَادَمُ رَبَّهُۥ فَغَوَىٰ١٢١﴾
“Odam Parvardigoriga osiy bo'lib, yanglishdi”[11].
Ushbu oyati karimada Odam alayhissalomning Allohga osiy bo'lgani va yo'ldan ozgani ochiq-oydin bayon qilingan. Shu o'rinda Odam alayhissalom payg'ambar bo'lsa, qanday qilib Allohning buyrug'iga osiy bo'ladi, payg'ambarlar ma'siyatlardan ma'sum zot emasmilar, degan tabiiy savol paydo bo'ladi. Ushbu savolga mazkur mavzuga taalluqli kitoblarda payg'ambarlarning ma'sum zot bo'lganlari, ularning hech qachon Robbilariga qasddan isyon etmaganlari, ulardan ma'siyat ko'rinishida sodir bo'lgan ba'zi ishlarning esa, aslida, biz tushunadigan ma'siyatdan tubdan farq qiladigan ishlar bo'lgani haqida batafsil javob berilgan. O'sha javoblarning qisqa va lo'ndasi quyidagilardir:
﴿وَلَقَدۡ عَهِدۡنَآ إِلَىٰٓ ءَادَمَ مِن قَبۡلُ فَنَسِيَ وَلَمۡ نَجِدۡ لَهُۥ عَزۡمٗا١١٥﴾
“Batahqiq, ilgari Biz Odam bilan ahdlashgan edik. Lekin u unutdi. Unda azmu qaror topmadik”[12].
Ya'ni unga man qilingan daraxt mevasini emaslikni oldindan tayinlagan edik, lekin u bizning buyrug'imizni unutib qo'ydi. Yuqoridagi “Odam Parvardigoriga osiy bo'lib, yanglishdi”, ma'nosidagi oyati karimada Odam alayhissalomning osiy bo'lgani qanchalik ochiq-oydin bayon qilingan bo'lsa, bu ishni aslo qasddan qilmagani, balki unutgan holda qilgani ushbu oyati karimada shunchalik ochiq-oydin bayon etilgan. Qasddan qilingan ish bilan unutgan holda qilib qo'ygan ish orasida qanchalik farq borligi hech kimga sir emas.
﴿وَقُلۡنَا يَٰٓـَٔادَمُ ٱسۡكُنۡ أَنتَ وَزَوۡجُكَ ٱلۡجَنَّةَ وَكُلَا مِنۡهَا رَغَدًا حَيۡثُ شِئۡتُمَا وَلَا تَقۡرَبَا هَٰذِهِ ٱلشَّجَرَةَ فَتَكُونَا مِنَ ٱلظَّٰلِمِينَ٣٥﴾
“Biz yana aytdik: “Ey Odam, sen va jufting (Havvo) jannatda yashangiz va xohlagan joylaringizda undan (ne'matlaridan) bemalol tanovul qilingiz. Faqat mana bu daraxtga yaqinlashmangiz, (aks holda) zolimlardan bo'lib qolursiz”[13].
Odam alayhissalom “mana bu daraxtga yaqinlashmangiz”, ya'ni manavi daraxt mevasidan emanglar ma'nosidagi buyruqni ko'rsatilgan daraxtning jinsi deb emas, balki aynan o'sha bitta daraxtning o'zi deb o'ylagan va o'sha daraxtning jinsidan bo'lgan boshqa daraxt mevasidan egan. Natijada bu qilgan ishi buyruqqa xilof bo'lib qolgan. Bunda aslo bilib turib buyruqqa xilof ish qilish ma'nosi yo'qdir. Bilib turib qilingan ish bilan bilmasdan qilib qo'ygan ish orasida qanchalik farq borligi hech kimga sir emas.
﴿ثُمَّ ٱجۡتَبَٰهُ رَبُّهُۥ فَتَابَ عَلَيۡهِ وَهَدَىٰ١٢٢﴾
“So'ngra Parvardigori uni poklab, tavbasini qabul etdi va hidoyatga yo'lladi”[14].
Payg'ambarlarning qissalari, ma'sumliklarining isbotlari, Qur'onda payg'ambarlar qissalarining takror kelish sirlari va hokazo payg'ambarlarga taalluqli muhim ma'lumotlarni Shayx Muhammad Ali Sobuniy “Nubuvvat val-Anbiya” kitobida boblarga ajratib, batafsil bayon qilgan.
KYeYINGI MAVZULAR:
PAYG'AMBARLARNING SIFATLARI BAYoNI;
ZULQARNAYN VA LUQMON HAQIDA;
[1] Al-Haqqoh surasi, 44, 48-oyatlar.
[2] An'om surasi, 33-oyat.
[3] Shayx Muhammad Ali Sobuniy. Nubuvvat val Anbiya. – Bayrut: “Maktabatul Asriya”, 2005. – B. 60.
[4] Ahzob surasi, 39-oyat.
[5] A'rof surasi, 62-oyat.
[6] Baqara surasi, 258-oyat.
[7] Anbiyo surasi, 83, 84-oyatlar.
[8] An'om surasi, 90-oyat.
[9] Shayx Muhammad Ali Sobuniy. Nubuvvat val Anbiya. – Bayrut: “Maktabatul Asriya”, 2005. – B. 73.
[10] Shayx Muhammad Ali Sobuniy. Nubuvvat val Anbiya. – Bayrut: “Maktabatul Asriya”, 2005. – B. 72.
[11] Toha surasi, 121-oyat.
[12] Toha surasi, 115-oyat.
[13] Baqara surasi, 35-oyat.
[14] Toha surasi, 122-oyat.
Bugunning gapi
“Uch xonali xonadonimni ta’mirlatish uchun ikki oy muddatga kelishib usta tushirgandim, olti oyda zo‘rg‘a chala-chulpa qilib ishini tugatdi...”
“Ustalar nega bunaqa-a? Uyini ta’mirlatib, ustalardan roziman, degan odamni uchratmadim...”
“Ko‘pchiligi odamga firib beradi: ishni vaqtida bajarmaydi, ta’mir ishlari tugagach, boshida kelishilgan narxdan ikki barobar ko‘p mablag‘ so‘raydi...”
Yuqoridagi gaplar – uyini, xonadonini ta’mirlatib, ustalardan kuygan kishilarning dod-faryodlari.
Bugungi kunda jamiyatda ayrim ustalarning o‘z ishini vijdonan bajarmasligi, sifatsiz materiallar ishlatishi, vaqtni cho‘zishi yoki turli nayranglar bilan buyurtmachini aldashi, afsuski, ko‘pchilikni tashvishga solish barobarida shu kasb egalariga nisbatan ishonchning susayishiga yoki butunlay yo‘qolishiga olib kelyapti.
Yaxshi niyatda uyini, xonadonini ta’mirlatmoqchi bo‘lgan kishi usta ishlatgan tanishlaridan so‘rab-surishtirishi tayin. Yaqinda men ham xonadonimni ta’mirlatmoqchi bo‘lib usta izladim. Tanish-bilishlardan, do‘stlarimdan so‘rasam, yarmidan ko‘pi ustalardan nolidi. Bu holat nafaqat moliyaviy zarar, ayni paytda insonlar o‘rtasidagi ishonchning yo‘qolishiga ham sabab bo‘lmyaptimi?!
Islom ta’limotida halol mehnat, omonatdorlik va rostgo‘ylik yuksak fazilat ekani ta’kidlanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Darhaqiqat, Alloh omonatni o‘z egalariga topshirishingiz va odamlar o‘rtasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishingizga buyurar. Albatta, Alloh sizlarga yaxshigina nasihat qilur. Albatta, Alloh eshituvchi va ko‘ruvchi Zotdir” (Niso surasi, 58-oyat).
Ustalik – yaxshi kasb. Usta omonatdor bo‘lsa, odamlarning hojatini ravo qiladi, ko‘pga foydasi tegadi. Buyurtmachi o‘z molini, mablag‘ini ustaga ishonib topshiradi. Usta shu ishonchni oqlashi, ishni puxta va vijdonan bajarishi shart.
Uy – insonning boshpanasi. Uning har bir g‘ishti ezgu niyat bilan qo‘yiladi, har bir devori umid bilan ko‘tariladi. Ammo, afsuski, ba’zan ayrim ustalar imorat qurish yoki ta’mirlashda nayrang qiladilar. Usta tashqi tomondan devorni silliq suvaydi, ammo ichidagi yoriqlarni berkitadi. Bo‘yoqning yaltirog‘i ko‘zni quvnatadi, lekin ortidagi nuqson vaqt o‘tishi bilan ko‘zga tashlanadi.
Yangi ta’mirlangan xonadondan hali bo‘yoq hidi ketmay turib shiftda yoriqlar paydo bo‘ladi, eshiklar qiyshayib qoladi, pol esa g‘ichirlab imorat egasining asabini buzadi. Buyurtmachi ustaga bergan mablag‘iga ichi achiydi.
Ba’zi ustalar sifatli qurilish materiali olish uchun berilgan pulga arzon mahsulot sotib oladi. Qolgan mablag‘ni esa “mehnat haqim” deb o‘maradi. Sementga qumni ortiqcha qo‘shadi, temir yoki armaturani ingichkarog‘iga almashtiradi, mis simlar o‘rniga alyuminini tortadi.
Yana shunday ustalar ham borki, bir haftada tugatishga kelishilgan ishni bir oygacha cho‘zadi. Bahona ham tayyor: “Material kelmadi”, “Yordamchim betob bo‘lib qoldi”, “Ertaga tugatib beramiz” va hokazo.
Eng yomoni, ustaning qo‘lidan chiqqan uy bir yil o‘tar-o‘tmas yana ta’mirga muhtoj bo‘lib qoladi. Bu hunar emas, hiyladir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim bizni aldasa, bizdan emas”, deganlar (Imom Muslim rivoyati). Bu hadis har qanday sohadagi firibgarlikni qamrab oladi. Agar usta arzon yoki sifatsiz materialni qimmatbaho deb ko‘rsatsa, ishni ataylab chala bajarsa yoki keyin yana ta’mirga muhtoj bo‘ladigan qilib ishlasa, bu aldamchilikdan, firibgarlikdan boshqa narsa emas. Afsuski, bugun ko‘pchilik ustalar hiyla va nayrangni kasb qilib olganlar. Buning oqibatida na o‘zlari baraka topadilar, na buyurtmachi ularga bergan mablag‘iga rozi bo‘ladi.
Haqiqiy usta, o‘z ishini vijdonan qiladigan kishi boshqacha bo‘ladi. U har bir ishini bekamu ko‘st bajaradi. Chunki u odamlardan yashirgan nuqsonni, albatta, Alloh taolo ko‘rib, bilib turishini yaxshi anglaydi. Unday ustalar o‘zlariga Alloh taoloning: “Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Baqara surasi, 195) oyatini hamda Nabiy alayhissalomning: “Alloh taolo o‘z ishini chiroyli, puxta qiladigan kishini yaxshi ko‘radi” (Imom Tabaroniy rivoyati), degan muborak hadislarini o‘zlariga shior qilib olgan bo‘ladilar. Lekin, afsuski, hozir bunday ustalarni topish amrimahol. Borlari ham “qo‘lma-qo‘l”.
Omonatdor ustalar qurgan uylar, yillar o‘tsa ham, yaxshilik bilan eslanadi. Ularning haqlariga xayrli duolar qilinadi. Birgina misol, bizning Sangijumon qishlog‘imizdagi ko‘p uylarni pachirlik usta Turdimurod bobo (Alloh makonini jannat qilsin!) qurgan. O‘sha paytlarda (1960–1990 yillar) vassajuft qilingan shiftlarga ustaning imoratni qurib bitirgan sanasini bitish an’ana bo‘lgan. Har safar qishloqqa borib uyga kirsam, usta boboning “imzosi”ga ko‘zib tushadi va Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilib, u kishining ruhlariga bag‘ishlayman.
Bugun ba’zi ustalarning ishni kelishilgan muddatda tugatmasligi; sifatsiz qurilish materiallaridan foydalanishi; narxni asossiz oshirishi; kamchiliklarni yashirishi; bir necha oy o‘tib yana ta’mir qilishga majbur bo‘ladigan darajada ish tutishi katta gunohdir. Bunday xatti-harakatlar oqibatida buyurtmachi moddiy zarar ko‘radi, asabiylashadi, vaqt yo‘qotadi va eng achinarlisi, odamlar o‘rtasidagi ishonch susayadi.
Halol rizqning barakasi uning ko‘pligida emas, balki pokligidadir. Aldamchilik bilan, hiyla-nayrang ishlatib topilgan mablag‘ foyda bo‘lib ko‘rinsa-da, unda baraka bo‘lmaydi. Shuning uchun har bir usta o‘z qo‘li bilan topayotgan rizqining halolligi haqida o‘ylashi, har bir mix, har bir g‘isht, har bir sim yoki har bir ta’mir uchun qiyomat kuni hisob berilishini unutmasligi kerak.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh:
O‘ttiz foiz haqiqiy ustalar bor. Ular o‘z kasbi bilan faxrlanadi. Guruhlari bor, shogirdlari, ustozlari bor. Hammasini qoyillatib, asbob-anjomlarini chiroyli qilib qo‘yishgan. Shartnopmani tuzadi, vaqtida ishga keladi, belgilangan muddatda qurilishni yoki ta’mir ishlarini tugatadi, ish haqini olib ketadi. Buyurtmachi ham rozi, usta ham rozi. Bunday kishilarning ishida unum, baraka bo‘ladi. Topgan pullari barakali bo‘ladi.
Haqiqiy usta faqat qurilish yoki ta’mirlashni emas, balki odamlarning ishonchini ham qozonadi. Vijdon bilan qilingan har bir ish ibodatga aylanadi. Aldamchilik va nayrang bilan bajarilgan ish esa vaqtinchalik foyda keltirsa ham, dunyoda obro‘ni to‘kadi, rizq qiyilishiga sabab bo‘ladi, oxiratda esa javobgarlikni keltiradi.
Tolibjon NIZOM