Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Avgust, 2026   |   11 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:16
Quyosh
05:41
Peshin
12:25
Asr
17:11
Shom
19:13
Xufton
20:34
Bismillah
24 Avgust, 2026, 11 Rabi`ul avval, 1448

E'tiqod durdonalari: PAYG'AMBARLARNING MA_''SUMLIKLARI BAYoNI

01.05.2021   8851   25 min.
E'tiqod  durdonalari: PAYG'AMBARLARNING MA_''SUMLIKLARI BAYoNI

29- وَإِنَّ الأَنْبِيَاءَ لَفِي أَمَانٍ  عَنِ الْعِصْيَانِ عَمْدًا وَانْعِزَالِ

 

Ma'nolar tarjimasi:

Darhaqiqat, payg'ambarlar qasddan isyon qilishdan va (payg'ambarlik martabasidan) chetlashtirilishdan, albatta, omonda bo'lganlar.

 

Nazmiy bayoni:

Payg'ambarlar hech qachon qasddan isyon etmagan,

Elchilik maqomidan ajralib ham ketmagan.

 

Lug'atlar izohi:

اِنَّ – “xurufu mushabbahatu bil fe'l”dan biri bo'lgan ta'kid harfi. Ushbu harf va uning sheriklari xuddi fe'lga o'xshab ikki ismdan birini nasb va ikkinchisini raf qilishga sabab bo'lgani uchun “fe'lga o'xshatilgan harflar” deyiladi.

 الأَنْبِيَاءَ – ushbu so'z lug'atda ikki xil ma'noga dalolat qiladi:

  1. Habar beruvchilar;
  2. Habardor qilinganlar.

Payg'ambar so'ziga ikkala ma'no ham to'g'ri keladi.

لَ – ta'kid harfi.

فِي – zarfiyat ma'nosida kelgan jor harfi.

أَمَانٍ – jor majrur اِنَّ ning xabari ekaniga ko'ra raf o'rnida turibdi. Lug'atda himoya ma'nosiga to'g'ri keladi. 

عَنْ  – “iste'lo” (ustun bo'lish) ma'nosida kelgan jor harfi.

الْعِصْيَانِ – jor majrur لَفِي أَمَانٍ  ga mutaalliq. Lug'atda "bo'yinsunishni tark qilish" ma'nosini anglatadi.

عَمْدًا – tamyizlikka ko'ra nasb bo'lib turibdi. Bu kalima xato qilib ham, tasodifan ham bo'lmasdan, bir ishni qasddan qilishga nisbatan ishlatiladi.

انْعِزَالِ – bu masdar birovning boshqa tomonidan biror narsadan chetlashtirilishiga ishlatiladi. إِعْتِزَال masdari esa birovning biror narsadan o'zi voz kechib tashlab ketishiga nisbatan ishlatiladi. Biror payg'ambar hech qachon payg'ambarlikdan chetlashtirilmagan, ma'nosiga urg'u berish uchun Nozim انْعِزَال kalimasini ishlatgan.   

 

Matn sharhi:

Insonlar orasidan Alloh taoloning elchiligiga tanlangan zotlar hech qachon qasddan isyon qilmaganlar. Shuningdek, bu muhtaram zotlar oqibatlari omonda bo'lgan, hech qachon payg'ambarlik martabasidan ajralmagan buyuk insonlardir. Biroq  payg'ambarlar ham boshqa insonlar kabi eb-ichadigan, kasal ham bo'ladigan, ayollarni nikohlariga oladigan, bozorlarda yuradigan, qariydigan va Alloh belgilagan kunda o'limga yo'liqadigan insonlar bo'lganlar. Ammo ularda boshqa insonlardan keskin ajratib turadigan ulug' xususiyatlar bo'lgan.

 

Payg'ambarlarning xususiyatlari

Alloh taoloning elchilari quyidagi sifatlarga ega bo'lganlar:

  1. Rostgo'y bo'lish. Har bir inson uchun zarur bo'lgan rostgo'ylik sifati payg'ambarlik uchun, albatta, bo'lishi lozim bo'lgan sifatdir. Chunki yolg'onchilik oddiy insonga ham loyiq ko'rilmaydigan razil sifat bo'lganidan keyin payg'ambarlardek zotlarda bunday razillikning bo'lishi aqlan ham, naqlan ham mumkin emas. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yoshliklaridan o'ta rostgo'y va sadoqatliliklari bilan ajralib turganlaridan u zotni Sodiq va Amin deb atashgan. Lekin u zotga vahiy tushganidan so'ng o'ta rostgo'y, o'ta sadoqatli deb e'tirof etilgan zotni  shoir va folbinga chiqarishib, u yolg'on gapirayapti, aytayotganlarini o'zi to'qib olgan, – deyishgan. Shunda Alloh taolo  O'zining nomidan yolg'on to'qiydigan har bir kimsa haqidagi qat'i hukmini e'lon qilib, payg'ambarlar sayyidi haqida shunday degan:

﴿وَلَوۡ تَقَوَّلَ عَلَيۡنَا بَعۡضَ ٱلۡأَقَاوِيلِ٤٤ لَأَخَذۡنَا مِنۡهُ بِٱلۡيَمِينِ٤٥ ثُمَّ لَقَطَعۡنَا مِنۡهُ ٱلۡوَتِينَ٤٦ فَمَا مِنكُم مِّنۡ أَحَدٍ عَنۡهُ حَٰجِزِينَ٤٧ وَإِنَّهُۥ لَتَذۡكِرَةٞ لِّلۡمُتَّقِينَ٤٨

“Agar (payg'ambar) Bizning nomimizdan (Biz aytmagan) ba'zi so'zlarni to'qib aytganda edi, albatta, Biz uning o'ng qo'lidan tutgan, so'ngra uning shohtomirini uzib tashlagan bo'lur edik. U holda sizlardan biror kishi undan (payg'ambardan halokatni) to'sa oluvchi bo'lmas edi. Haqiqatan, u (Qur'on) taqvodorlar uchun eslatmadir”[1].

Aslida, u zotning yolg'on gapirmayotganlarini, aytayotganlari haq ekanligini u zotni ashaddiy inkor qilayotganlarning o'zlari ham bilib turgan bo'lsalar-da, obro' va mansabga bo'lgan muhabbat kabi illatlar tufayli  bila turib inkor qilishgan.

Buni quyidagi rivoyat tasdiqlaydi: “Quraysh qabilasi ulug'laridan bir kishi Makka ko'chalaridan birida Abu Jahlga yo'liqdi va undan to'xtab gaplashishni iltimos qildi. So'ngra unga: “Ey Abul Hakam, bu erda ikkalamizdan boshqa hech kim yo'q, sendan Alloh uchun so'rayman Muhammad rostgo'ymi, yolg'onchimi”, – dedi. Abu Jahl unga ochiq-oydin javob berib: “Allohga qasamki, albatta Muhammad rostgo'ydir, u aslo yolg'on gapirmagan”, – dedi. Shunda haligi kishi: “Unday bo'lsa, unga ergashishdan sizlarni nima to'sib turibdi”, – dedi. Abu Jahl unga: “Biz va Bani Hoshim o'zaro musobaqalashardik, ulug'lik va faxrlanishda bir-birimizdan o'zishga harakat qilardik, ular taom berdilar, biz ham taom berdik, ular suv ulashdilar, biz ham suv ulashdik, ular joy berdilar, biz ham joy berdik, bizlar Bani Hoshim bilan go'yo ikki chopqir otlar kabi ulug'lik va faxrlanishda mutlaqo teng edik. So'ngra ular bizdan o'zib ketdilar va bizlardan payg'ambar yuborildi, – deyishdi. Biz endi ularga qayerdan payg'ambar olib kelamiz? Allohga qasamki, unga iymon ham keltirmaymiz, ergashmaymiz ham”, – dedi. Shunda Alloh taolo O'zining payg'ambariga tasalli berib, quyidagi oyatlarni nozil qilgan:

﴿قَدۡ نَعۡلَمُ إِنَّهُۥ لَيَحۡزُنُكَ ٱلَّذِي يَقُولُونَۖ فَإِنَّهُمۡ لَا يُكَذِّبُونَكَ وَلَٰكِنَّ ٱلظَّٰلِمِينَ بِ‍َٔايَٰتِ ٱللَّهِ يَجۡحَدُونَ٣٣

“Aytgan gaplari Sizni ma'yus (xafa) qilayotganini yaxshi bilurmiz. Ular, aslida, Sizni yolg'onchiga chiqarmayaptilar, balki (bu) zolimlar Allohning oyatlarini inkor etayotirlar”[2].   

Ha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning rostgo'y ekanlarini dushmanlarining o'zlari ham e'tirof etganlar. Faqat martaba va mansabga bo'lgan muhabbatigina ularni haq dinga ergashishdan to'sib qolgan”[3].

  1. Sadoqatli bo'lish. Payg'ambar alayhissalomlarning barchalari sadoqatli zotlar bo'lganlar. Ular Alloh taoloning buyruq va qaytariqlarini biror narsa qo'shmasdan, kamaytirmasdan, o'zgartirmasdan, almashtirmasdan qanday nozil qilingan bo'lsa, xuddi shunday etkazganlar. Qur'oni karimda payg'ambarlarning sifatlari quyidagicha bayon qilingan:

﴿ٱلَّذِينَ يُبَلِّغُونَ رِسَٰلَٰتِ ٱللَّهِ وَيَخۡشَوۡنَهُۥ وَلَا يَخۡشَوۡنَ أَحَدًا إِلَّا ٱللَّهَۗ وَكَفَىٰ بِٱللَّهِ حَسِيبٗا٣٩

“Ular (o'tgan payg'ambarlar) Allohning farmonlarini (bandalarga) etkazadigan, Undan qo'rqib, Allohdan o'zgadan qo'rqmaydigan zotlardir”[4]

  1. Habar berish. Bu sifat, ya'ni o'zlariga nozil qilingan vahiyni o'zgalarga etkazish rasullarga xos sifat bo'lib, bundan ularning Alloh taoloning buyruqlarini to'liq etkazishlari tushuniladi. Rasullar o'zlariga vahiy qanday nozil qilingan bo'lsa, uni etkazishda har qancha qiyinchiliklarga uchramasinlar, xuddi shunday etkazib ketganlar. Masalan, rasullardan biri bo'lgan Nuh alayhissalomning o'z qavmiga shunday xabar berganlari bayoni kelgan:

﴿أُبَلِّغُكُمۡ رِسَٰلَٰتِ رَبِّي وَأَنصَحُ لَكُمۡ وَأَعۡلَمُ مِنَ ٱللَّهِ مَا لَا تَعۡلَمُونَ٦٢

“Sizlarga Robbimning yuborganlarini etkazaman, nasihat qilaman va Allohdan (kelgan vahiy orqali) sizlar bilmaydigan narsalarni bilaman”[5].  

  1. Farosatli bo'lish. Payg'ambar alayhissalomlarning barchalari etuk aql egalari bo'lish bilan bir qatorda juda o'tkir farosat sohibi ham bo'lganlar. Payg'ambar alayhissalomlardagi bu xislatlarning boshqa insonlardagidan farqi shuki, bu xislatlar boshqa insonlarda bo'lgani kabi yosh o'tgan sayin zaiflashib, nuqsonga uchramaydi, balki har qancha uzoq umr ko'rsalar ham zaiflashmasdan turaveradi. Bu esa Alloh taoloning ularga bergan fazlu marhamatidir. Ana shunday o'tkir farosat sohibi bo'lgan zotlardan biri Ibrohim alayhissalomning zo'ravon kofirni mot qilib qo'yganlari Qur'oni karimdagi mashhur qissalardan biridir:

﴿أَلَمۡ تَرَ إِلَى ٱلَّذِي حَآجَّ إِبۡرَٰهِ‍ۧمَ فِي رَبِّهِۦٓ أَنۡ ءَاتَىٰهُ ٱللَّهُ ٱلۡمُلۡكَ إِذۡ قَالَ إِبۡرَٰهِ‍ۧمُ رَبِّيَ ٱلَّذِي يُحۡيِۦ وَيُمِيتُ قَالَ أَنَا۠ أُحۡيِۦ وَأُمِيتُۖ قَالَ إِبۡرَٰهِ‍ۧمُ فَإِنَّ ٱللَّهَ يَأۡتِي بِٱلشَّمۡسِ مِنَ ٱلۡمَشۡرِقِ فَأۡتِ بِهَا مِنَ ٱلۡمَغۡرِبِ فَبُهِتَ ٱلَّذِي كَفَرَۗ وَٱللَّهُ لَا يَهۡدِي ٱلۡقَوۡمَ ٱلظَّٰلِمِينَ٢٥٨

“Alloh podshohlik berib qo'ygani sababidan Ibrohim bilan Robbisi haqida hujjat talashganni bilmadingmi? Ibrohim: “Mening Robbim tiriltiradi va o'ldiradi”, – deganda, u: “Men tiriltiraman va o'ldiraman”, – dedi. Ibrohim: “Albatta, Alloh quyoshni mashriqdan chiqaradi, sen uni mag'ribdan chiqargin-chi”, – dedi. (Bu gapdan) kufr keltirgan kimsa kalovlanib qoldi”[6].    

  1. Jirkantiruvchi ayblardan salomat bo'lish. Payg'ambar alayhissalomlarga xos bo'lgan sifatlardan biri, ularda boshqalarni ularga ergashishdan jirkantiradigan xulq-atvorlar yoki kasalliklarning bo'lmasligidir. Payg'ambar alayhissalomlar ham boshqa insonlar kabi kasal bo'lganlar, biroq ularni boshqalar jirkanadigan kasalliklarga yo'liqishdan Alloh taoloning O'zi saqlagan. Ayyub alayhissalom haqidagi “badanlari chirib ketib qurtlagan, hatto xotinlari ham jirkangan”, degan rivoyat esa yolg'on va bo'hton bo'lib, isroiliyot qissalaridan hisoblanadi. Bu qissani tasdiqlash yoki unga e'tiqod qilish mumkin emas. Chunki bunday bo'lish payg'ambarlarning sifatlariga to'g'ri kelmaydi. Shuning uchun Ayyub alayhissalomning kasalliklari qanday bo'lganini bilishni Alloh taoloning O'ziga havola qilib, Qur'onda berilgan xabardan U zot nimani iroda qilgan bo'lsa, o'shanga iymon keltirdim, deyish banda uchun eng to'g'ri yo'l hisoblanadi. Bu haqida Qur'oni karimda shunday xabar berilgan:

﴿۞وَأَيُّوبَ إِذۡ نَادَىٰ رَبَّهُۥٓ أَنِّي مَسَّنِيَ ٱلضُّرُّ وَأَنتَ أَرۡحَمُ ٱلرَّٰحِمِينَ٨٣ فَٱسۡتَجَبۡنَا لَهُۥ فَكَشَفۡنَا مَا بِهِۦ مِن ضُرّٖۖ وَءَاتَيۡنَٰهُ أَهۡلَهُۥ وَمِثۡلَهُم مَّعَهُمۡ رَحۡمَةٗ مِّنۡ عِندِنَا وَذِكۡرَىٰ لِلۡعَٰبِدِينَ٨٤

“Va Ayyubning Robbisiga nido qilib: “Albatta, meni zarar tutdi. Sening O'zing rahmlilarning rahmlirog'idirsan!” – deganini esla. Bas, Biz uni (duosini) istijobat qildik. Unga etgan zararni ketkazdik”[7].                                                                                                                      

Ushbu oyatning zohiriga ko'ra, Ayyub alayhissalomning badanlari bilan birgalikda u zotning ahllariga ham zarar etgan. Biroq bu zarar eng buyuk Zotning elchisi o'laroq boshqalar jirkanadigan aybu nuqsonlardan himoya qilingan zotning sha'niga to'g'ri kelmaydigan zarar bo'lmagan.

  1. Gunohlardan himoya qilinish. Payg'ambar alayhissalomlarning boshqa insonlardan ajralib turadigan eng muhim farqlaridan biri – ular gunohu ma'siyatlardan va komil inson sha'niga to'g'ri kelmaydigan har qanday razil illatlardan pok bo'lganlar. Ha, payg'ambar alayhissalomlarning barchalari insoniyatning xulqi eng go'zallari, amali eng musaffolari, nafsi eng pokizalari bo'lganlar. Zero, Alloh taoloning O'zi hidoyat qilib boshqalarga namuna qilib yuborgan zotlar bundan boshqacha bo'lishi mumkin emasdir.

﴿أُوْلَٰٓئِكَ ٱلَّذِينَ هَدَى ٱللَّهُۖ فَبِهُدَىٰهُمُ ٱقۡتَدِهۡۗ قُل لَّآ أَسۡ‍َٔلُكُمۡ عَلَيۡهِ أَجۡرًاۖ إِنۡ هُوَ إِلَّا ذِكۡرَىٰ لِلۡعَٰلَمِينَ٩٠

“Aynan o'shalar Alloh hidoyatga boshlagan zotlardir. Bas, (Siz ham) ularning yo'liga iqtido qiling!”[8].                                                                                                                  

Payg'ambar alayhissalomlardagi gunohlardan himoya qilinish sifati arab tilida “ismat” deyilib, o'zbek tilida “gunohsizlik”, “poklik” va “himoya” kabi ma'nolarni anglatadi. Istilohda esa: “Alloh taoloning nabiylari va rasullarini gunoh va ma'siyatlarga tushishlaridan hamda  razilliklar va man etilgan narsalarni sodir etishlaridan hifzu himoya qilishi ismat deb ataladi”[9].  

“Qurtubiy rahmatullohi alayh: “Ismat gunoh sodir etishdan himoya qilgani uchun ismat deb nomlangan. Ba'zilarning: ismat yolg'iz Allohga xosdir yoki Alloh va Uning rasuligagina xosdir, degan so'zlari juda qo'pol xatodir. Chunki ismat gunoh va ma'siyatlarni sodir etishdan himoyalanish bo'ladi. Bularni esa Alloh taologa nisbat berish to'g'ri bo'lmaydi”, – degan”[10].

 

Payg'ambarlardan sodir bo'lgan ishlar
haqidagi qarashlar

Payg'ambarlar gunohlardan hifzu himoya qilingan zotlardir. Buning hikmati shuki, Alloh taolo bizlarni payg'ambar alayhissalomlarga ergashishga va ularning yo'llaridan yurishga buyurgan. Ular butun insoniyat uchun namuna qilib yuborilganlar. Agar ulardan gunohu ma'siyatlar sodir bo'lganida ma'siyatlarni qilish shariatdagi ish bo'lib qolardi yoki ularga ergashish boshqalarga vojib bo'lmasdi. Bu esa mumkin bo'lmagan ishdir. Qolaversa, gunohu ma'siyatlar “ma'naviy nuqsonlar”dir. Ana shunday iflos narsalarni Alloh taoloning tanlab olgan elchilariga nisbat berish durust emasligi ham hech kimga sir emas. Ammo Qur'oni karimda zohiran ba'zi payg'ambarlarga ma'siyat nisbat berilgan. Masalan Odam alayhissalom haqida shunday xabar kelgan:

﴿فَأَكَلَا مِنۡهَا فَبَدَتۡ لَهُمَا سَوۡءَٰتُهُمَا وَطَفِقَا يَخۡصِفَانِ عَلَيۡهِمَا مِن وَرَقِ ٱلۡجَنَّةِۚ وَعَصَىٰٓ ءَادَمُ رَبَّهُۥ فَغَوَىٰ١٢١

“Odam Parvardigoriga osiy bo'lib, yanglishdi”[11].  

Ushbu oyati karimada Odam alayhissalomning Allohga osiy bo'lgani va yo'ldan ozgani ochiq-oydin bayon qilingan. Shu o'rinda Odam alayhissalom payg'ambar bo'lsa, qanday qilib Allohning buyrug'iga osiy bo'ladi, payg'ambarlar ma'siyatlardan ma'sum zot emasmilar, degan tabiiy savol paydo bo'ladi. Ushbu savolga mazkur mavzuga taalluqli kitoblarda payg'ambarlarning ma'sum zot bo'lganlari, ularning hech qachon Robbilariga qasddan isyon etmaganlari, ulardan ma'siyat ko'rinishida sodir bo'lgan  ba'zi ishlarning esa, aslida, biz tushunadigan ma'siyatdan tubdan farq qiladigan ishlar bo'lgani haqida batafsil javob berilgan. O'sha javoblarning qisqa va lo'ndasi quyidagilardir:

  1. Odam alayhissalom Alloh taoloning buyrug'ini unutib, unga xilof ishni qilib qo'ygan, o'sha ishni aslo va aslo qasddan sodir etmagan. Quyidagi oyati karima bunga dalildir:

﴿وَلَقَدۡ عَهِدۡنَآ إِلَىٰٓ ءَادَمَ مِن قَبۡلُ فَنَسِيَ وَلَمۡ نَجِدۡ لَهُۥ عَزۡمٗا١١٥

“Batahqiq, ilgari Biz Odam bilan ahdlashgan edik. Lekin u unutdi. Unda azmu qaror topmadik”[12].  

Ya'ni unga man qilingan daraxt mevasini emaslikni oldindan tayinlagan edik, lekin u bizning buyrug'imizni unutib qo'ydi. Yuqoridagi “Odam Parvardigoriga osiy bo'lib, yanglishdi”, ma'nosidagi oyati karimada Odam alayhissalomning osiy bo'lgani qanchalik ochiq-oydin bayon qilingan bo'lsa, bu ishni aslo qasddan qilmagani, balki unutgan holda qilgani ushbu oyati karimada shunchalik ochiq-oydin bayon etilgan. Qasddan qilingan ish bilan unutgan holda qilib qo'ygan ish orasida qanchalik farq borligi hech kimga sir emas. 

  1. Alloh taolo Odam alayhissalomga: “Jufting Havvo bilan jannatda yashanglar, uning qayeridagi mevalaridan emoqchi bo'lsalaringiz, marhamat eyaveringlar, faqat “mana bu daraxtga yaqin kelmanglar”, – deya buyruq qilgan:

﴿وَقُلۡنَا يَٰٓـَٔادَمُ ٱسۡكُنۡ أَنتَ وَزَوۡجُكَ ٱلۡجَنَّةَ وَكُلَا مِنۡهَا رَغَدًا حَيۡثُ شِئۡتُمَا وَلَا تَقۡرَبَا هَٰذِهِ ٱلشَّجَرَةَ فَتَكُونَا مِنَ ٱلظَّٰلِمِينَ٣٥

“Biz yana aytdik: “Ey Odam, sen va jufting (Havvo) jannatda yashangiz va xohlagan joylaringizda undan (ne'matlaridan) bemalol tanovul qilingiz. Faqat mana bu daraxtga yaqinlashmangiz, (aks holda) zolimlardan bo'lib qolursiz”[13].

Odam alayhissalom “mana bu daraxtga yaqinlashmangiz”, ya'ni manavi daraxt mevasidan emanglar ma'nosidagi buyruqni ko'rsatilgan daraxtning jinsi deb emas, balki aynan o'sha bitta daraxtning o'zi deb o'ylagan va o'sha daraxtning jinsidan bo'lgan boshqa daraxt mevasidan egan. Natijada bu qilgan ishi buyruqqa xilof bo'lib qolgan. Bunda aslo bilib turib buyruqqa xilof ish qilish ma'nosi yo'qdir. Bilib turib qilingan ish bilan bilmasdan qilib qo'ygan ish orasida qanchalik farq borligi hech kimga sir emas.  

  1. Odam alayhissalomning daraxt mevasidan eb qo'yishi payg'ambar bo'lishidan oldin sodir bo'lgan. Ma'sumlikni esa payg'ambarlik taqozo qiladi. Odam alayhissalomning man qilingan daraxt mevasini egani payg'ambar bo'lishidan oldin sodir bo'lganiga ushbu oyati karima dalolat qiladi:

﴿ثُمَّ ٱجۡتَبَٰهُ رَبُّهُۥ فَتَابَ عَلَيۡهِ وَهَدَىٰ١٢٢

“So'ngra Parvardigori uni poklab, tavbasini qabul etdi va hidoyatga yo'lladi”[14].  

Payg'ambarlarning qissalari, ma'sumliklarining isbotlari, Qur'onda payg'ambarlar qissalarining takror kelish sirlari va hokazo payg'ambarlarga taalluqli muhim ma'lumotlarni Shayx Muhammad Ali Sobuniy “Nubuvvat val-Anbiya” kitobida boblarga ajratib, batafsil bayon qilgan.  

 

 

KYeYINGI MAVZULAR:

PAYG'AMBARLARNING SIFATLARI BAYoNI;

ZULQARNAYN VA LUQMON HAQIDA;

 

[1] Al-Haqqoh surasi, 44, 48-oyatlar.

[2] An'om surasi, 33-oyat.

[3] Shayx Muhammad Ali Sobuniy. Nubuvvat val Anbiya. – Bayrut: “Maktabatul Asriya”, 2005. – B. 60.

[4] Ahzob surasi, 39-oyat.

[5] A'rof surasi, 62-oyat.

[6] Baqara surasi, 258-oyat.

[7] Anbiyo surasi, 83, 84-oyatlar.

[8] An'om surasi, 90-oyat.

[9] Shayx Muhammad Ali Sobuniy. Nubuvvat val Anbiya.  – Bayrut: “Maktabatul Asriya”, 2005. – B. 73.

[10] Shayx Muhammad Ali Sobuniy. Nubuvvat val Anbiya.  – Bayrut: “Maktabatul Asriya”, 2005. – B. 72.

[11] Toha surasi, 121-oyat.

[12] Toha surasi, 115-oyat.

[13] Baqara surasi, 35-oyat.

[14] Toha surasi, 122-oyat.

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Muz nega suvda cho‘kmaydi? Beruniy va Ibn Sinoning ming yil oldingi ilmiy bahsi

14.08.2026   28335   6 min.
Muz nega suvda cho‘kmaydi? Beruniy va Ibn Sinoning ming yil oldingi ilmiy bahsi

Xorazmlik yosh mutafakkir Abu Rayhon Beruniyning Aristotel fizikasiga bildirgan tajribaviy e’tirozlari va Ibn Sino bilan yozishmalari X-XI asrlar bo‘sag‘asida Markaziy Osiyoda shakllangan mustaqil tanqidiy ilmiy fikrning eng yorqin namunasi hisoblanadi, xabar bermoqda O‘zA.

X asrning oxiri va XI asrning boshlarida Xorazm va Buxoro ilmiy muhitida antik davr yunon falsafasi hamda tabiiy fanlar merosini qayta ko‘rib chiqishga bo‘lgan qiziqish nihoyatda kuchaydi. Aristotelning “Osmon va olam haqida” hamda “Fizika” asarlaridagi ayrim xulosalar o‘sha davr tadqiqotchilari tomonidan so‘zsiz haqiqat sifatida qabul qilinayotgan bir paytda, taxminan 24–26 yoshlardagi Beruniy antik muallifning ayrim qarashlarini amaliy kuzatuv va matematik mantiq yordamida shubha ostiga oldi. Beruniy o‘z e’tirozlari va savollarini xat orqali Buxoroda yashab ijod qilayotgan, o‘sha vaqtda 17–19 yoshlarda bo‘lgan Ibn Sinoga yubordi. Ushbu tarixiy muloqotning bizgacha yetib kelgan matni Ibn Sinoning Beruniy tomonidan berilgan savollarga qator javoblaridan iborat. Manbashunos va sharqshunos Yu.Zavadovskiy ushbu qo‘lyozma matnini rus tiliga o‘girgan va u ilk bor 1957 yilda Toshkentda nashr etilgan. Keyinchalik, 1973 yilda Beruniy tavalludining 1000 yillik yubileyi munosabati bilan falsafa fanlari nomzodi A.Sharipov tomonidan tayyorlangan qayta nashrda ushbu yozishmalarning ilmiy ahamiyati yanada aniqroq yoritilgan.

Beruniyni Aristotel ta’limotidagi ba’zi fizik qoidalarning kuzatuv va tajribaga zid kelishi alohida tashvishga solgan edi. Xususan, “Fizika” bo‘limiga oid savollar orasida moddalarning nur sindirishi va issiqlik yig‘ish xususiyatiga oid aniq tajriba bayon qilinadi. Xorazmlik olim dumaloq va shaffof shisha idishni olib, uni suv bilan to‘ldirganda u billur lupa kabi quyosh nurlarini bir nuqtaga to‘plab, alanga oldirish xususiyatiga ega bo‘lishini ko‘rsatib o‘tadi. Agar ushbu idish suv o‘rniga havo bilan to‘ldirilsa, hech qanday nur yig‘ilmaydi va olov hosil bo‘lmaydi. Beruniy Ibn Sinoga murojaat qilib, suvning bunday o‘ziga xos ta’sir ko‘rsatishi sababini va nega aynan suv mavjud bo‘lganda nurlar to‘planishini so‘raydi. Sharqshunos A.Sharipov tadqiqotlarida ta’kidlanganidek, bu kabi savollar Beruniyning shunchaki nazariy mulohaza yuritmagani, balki aniq fizik hodisalarni tajribada tekshirib ko‘rganini tasdiqlaydi.

Ibn Sino Beruniyning bu savoliga javob berar ekan, suvning tabiatan tiniq, zich va silliq jism ekanini, shu sababli u o‘zidan o‘tayotgan nurni akslantirish va qaytarish xususiyatiga egaligini tushuntiradi. Optimika masalalarida olimlar o‘rtasidagi bahs Platon va Aristotel maktablarining qarashlarini qiyoslash darajasigacha yetib boradi. Ibn Sino ko‘rish jarayoni ko‘zdan nur chiqishi orqali yuz bermaydi degan Aristotel pozitsiyasini himoya qiladi va bu borada Platon qarashlaridan farqli yondashuvni ilgari suradi.

Beruniyning yana bir e’tiborga loyiq tajribaviy savoli suv va muzning zichligi hamda og‘irligi o‘rtasidagi munosabatga bag‘ishlangan. Aristotel nazariyasiga ko‘ra, sovuq va toshsimon qattiq shaklga ega bo‘lgan muz o‘z mohiyatiga ko‘ra tuproq elementiga yaqinroq bo‘lishi va suv tubiga cho‘kishi kerak edi. Lekin Beruniy amaliyotda muzning suv yuzida suzib yurishini ko‘rib, bu hodisaning fizik sababini so‘raydi. Ibn Sino o‘z javobida suv muzlagan paytda uning tarkibida havo zarralari qotib qolishini va aynan shu suyuqlik ichidagi havo pufakchalari muzni suv tubiga cho‘kishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidlaydi. Yu.Zavadovskiy tomonidan o‘rganilgan ushbu ommaviy munozara o‘sha davr uchun moddalarning fizik holati va termodinamika boshlang‘ich tushunchalari bo‘yicha muhim qadam edi.

Kosmologiya va fazoviy geometriya sohasida ham Beruniy Aristotel da’volarini jiddiy sinovdan o‘tkazadi. Aristotel fazoda osmon sferasi og‘irlikka ham, yengillikka ham ega emas, chunki u markazga yoki markazdan atrofga harakat qilmaydi deb hisoblar edi. Beruniy esa xayoliy tafakkur nuqtayi nazaridan osmon jismi eng og‘ir jismlardan biri bo‘lishi mumkinligini, uning markazga tushmasligi uning vaznsizligini anglatmasligini ilgari suradi. Shuningdek, Beruniy fazo shakli borasida ham to‘xtalib, osmon sferasi mukammal sharsimon bo‘lishi shartligi, u tuxumsimon yoki yasmiqsimon shaklda ham bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi. Ibn Sino esa geometriya va fizika dalillarini keltirib, agar sfera sharsimon bo‘lmasa, uning harakati paytida bo‘shliq hosil bo‘lishi zaruriyatini isbotlashga urinadi.

Aristotelning fazoda olamning o‘ng va chap tomonlari haqidagi qarashlari ham Beruniyning keskin tanqidiga uchraydi. Aristotel jismning o‘ng tomoni harakat boshlanadigan joy deb ta’rif berib, keyinchalik Osmon harakati sharqdan boshlanadi, demak Sharq – bu o‘ng tomon degan xulosa chiqargan edi. Beruniy bunday xulosa chiqarish logikada “mantiqiy aylana” xatoligiga olib kelishini ko‘rsatib o‘tadi. Ibn Sino o‘z javobida Aristotel osmon sferasini tirik jism sifatida tasavvur qilganini aytib, antik muallif mantig‘ini himoya qilishga harakat qiladi.

Ushbu yozishmalar matni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining 2385-raqamli qo‘lyozmalar fondida saqlanib qolgan. Mazkur manbaning bizgacha yetib kelishida xatlarni ko‘chirib yozgan faqih Ma’sumiyning xizmati borligi xat oxiridagi qaydlarda eslatib o‘tiladi. Yu.Zavadovskiy va A.Sharipov tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, XI asr boshidagi bu ilmiy bahs nafaqat ikki mutafakkirning shaxsiy muloqoti, balki Turonda tabiatshunoslik fanlari va kuzatuv tajribalariga asoslangan yangi ilmiy uslub shakllanganining tarixiy isbotidir.

Beruniy va Ibn Sino o‘rtasidagi yozishmalar X-XI asrlarda Xorazm va Buxoroda shakllangan ilmiy tafakkur darajasi antik davr falsafasini shunchaki o‘zlashtirish bilan cheklanmay, uni aniq tajriba va mantiqiy tahlil vositasida tanqidiy qayta ko‘rib chiqish bosqichiga ko‘tarilganini anglatadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Ibratli hikoyalar