Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Avgust, 2026   |   4 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:06
Quyosh
05:34
Peshin
12:27
Asr
17:18
Shom
19:24
Xufton
20:47
Bismillah
17 Avgust, 2026, 4 Rabi`ul avval, 1448

Muborak vasiyatlar: Omonatga xiyonat qilmaslik

30.04.2021   10854   24 min.
Muborak vasiyatlar: Omonatga xiyonat qilmaslik

Insonlardan behojat bo'lish

Vasiyatdagi: “Hech kimdan hech narsa so'rama, agar qamching erga tushib ketsa ham” so'zlari insonlardan behojat bo'lishga chaqiradi.

Hadisi sharifda aytiladi:

قَالَ رَسُولُ الله صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وسَلَّمَ: “أَحَبُّ النَّاسِ إلى النَّاسِ مَنْ اسْتَغْنَى عَنِ النَاسِ وَأَبْغَضُ النَاسِ إِلَيْهِمْ مَنْ احْتَاجَ إِلَيْهِمْ وأَحَبُّ النَّاسِ إِلي اللهِ مَنْ احْتَاجَ إلي اللهِ وَأَبْغَضُ النَاسِ إِلَيْهِ مَنْ اسْتَغْنَى عَنْهُ وَاحْتَاجَ إِلىَ غَيْرِهِ”

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Odamlar nazdida eng yaxshi inson insonlardan behojat bo'lganidir va odamlar nazdida eng yomon ko'rilgan inson ularga muhtoj bo'lganidir. Alloh nazdida eng yaxshi inson Unga muhtoj bo'lgani va Alloh nazdida eng yomon inson esa, boshqalarga muhtoj bo'lib, Yaratgandan o'zini behojat hisoblaganidir”.

Insonlardan behojat bo'lish uchun tinmay mehnat qilish va rizq qidirish kerak.

Alloh taolo marhamat qiladi:

﴿هُوَ ٱلَّذِي جَعَلَ لَكُمُ ٱلۡأَرۡضَ ذَلُولٗا فَٱمۡشُواْ فِي مَنَاكِبِهَا وَكُلُواْ مِن رِّزۡقِهِۦۖ وَإِلَيۡهِ ٱلنُّشُورُ١٥

«U (Alloh) sizlarga Yerni xoksor (bo'ysunuvchi) qilib qo'ygan Zotdir. Bas, u (Yer)ning har tomonida (sayohat, tijorat yoki dehqonchilik qilib) yuravering va (Allohning bergan) rizqidan tanovul qiling! (Qiyomat kuni) tirilib chiqish Uning huzurigadir» (Mulk, 15).

Alloh taolo hatto iyd-juma kunlari ham dam olmasdan mehnat qilish va rizq qidirish mumkinligini aytgan:

﴿فَإِذَا قُضِيَتِ ٱلصَّلَوٰةُ فَٱنتَشِرُواْ فِي ٱلۡأَرۡضِ وَٱبۡتَغُواْ مِن فَضۡلِ ٱللَّهِ وَٱذۡكُرُواْ ٱللَّهَ كَثِيرٗا لَّعَلَّكُمۡ تُفۡلِحُونَ١٠

«Bas, qachonki, namoz (juma namozi) ado qilingach, er yuzi bo'ylab, Allohning fazli (rizqi)dan istayveringiz va Allohni ko'p yod etingiz, shoyad (shunda) najot topsangiz» (Juma, 10).

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) har bir kishini peshona teri bilan kun kechirishga undaganlar va o'zlari ham mehnat orqali tirikchilik qilishni yaxshi ko'rganlar.

Rivoyat qilinishicha, bir kuni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sahobalar bilan o'tirganlarida bir kishi haqida gap ketdi: “U kunduzlari ro'za tutadi va kechalari zikr qiladi”, deyishdi va bundan Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) xursand bo'ladilar hamda unga o'xshashni buyuradilar, deb o'ylashdi. Lekin Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ularning maqtovlarini eshitmadilar va: “Sizlardan kimning oziq-ovqati va kiyim-kechagi etarli?” deb so'radilar. Ular: “Barchamizniki”, dedilar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Sizlar undan yaxshisizlar”, dedilar. Buni eshitgan sahobalar mehnat qilishga tirishishdi va o'z “aravalarini o'zlari tortish”ga ahd qilishdi.

Alloh taolo halol mehnat qiladigan insonlar martabasini baland qilib qo'ydi:

﴿۞إِنَّ رَبَّكَ يَعۡلَمُ أَنَّكَ تَقُومُ أَدۡنَىٰ مِن ثُلُثَيِ ٱلَّيۡلِ وَنِصۡفَهُۥ وَثُلُثَهُۥ وَطَآئِفَةٞ مِّنَ ٱلَّذِينَ مَعَكَۚ وَٱللَّهُ يُقَدِّرُ ٱلَّيۡلَ وَٱلنَّهَارَۚ عَلِمَ أَن لَّن تُحۡصُوهُ فَتَابَ عَلَيۡكُمۡۖ فَٱقۡرَءُواْ مَا تَيَسَّرَ مِنَ ٱلۡقُرۡءَانِۚ عَلِمَ أَن سَيَكُونُ مِنكُم مَّرۡضَىٰ وَءَاخَرُونَ يَضۡرِبُونَ فِي ٱلۡأَرۡضِ يَبۡتَغُونَ مِن فَضۡلِ ٱللَّهِ وَءَاخَرُونَ يُقَٰتِلُونَ فِي سَبِيلِ ٱللَّهِۖ فَٱقۡرَءُواْ مَا تَيَسَّرَ مِنۡهُۚ وَأَقِيمُواْ ٱلصَّلَوٰةَ وَءَاتُواْ ٱلزَّكَوٰةَ وَأَقۡرِضُواْ ٱللَّهَ قَرۡضًا حَسَنٗاۚ وَمَا تُقَدِّمُواْ لِأَنفُسِكُم مِّنۡ خَيۡرٖ تَجِدُوهُ عِندَ ٱللَّهِ هُوَ خَيۡرٗا وَأَعۡظَمَ أَجۡرٗاۚ وَٱسۡتَغۡفِرُواْ ٱللَّهَۖ إِنَّ ٱللَّهَ غَفُورٞ رَّحِيمُۢ٢٠

«(Ey Muhammad!) Albatta, Rabbingiz siz va siz bilan birga bir toifa (sahobalaringiz) kechaning uchdan ikkisidan ozrog'ida, ba'zida uning yarmida va (goho) uchdan birida (bedor bo'lib, namozda) turishlaringizni bilur. Kecha va kunduz (miqdori)ni Alloh belgilar. U sanog'iga eta olmasligingizni bilib, tavbalaringizni qabul etdi. Endi (kechalari namozlaringizda) Qur'ondan (o'zingizga) oson bo'lgan darajada o'qiyvering! U sizlarning orangizda bemorlar bo'lishini, boshqalar Allohning fazli (rizqi)ni istab, er yuzida safar qilishlarini va yana boshqalar esa Alloh yo'lida jangga chiqib ketishlarini bilgan. Bas, (qiynalmay Qur'ondan) oson bo'lgan miqdorda o'qiyvering! Namozni barkamol ado eting, zakotni (o'z joyiga) bering va (miskinlarga ehson qilish bilan) Allohga “qarzi hasana” bering! O'zlaringiz uchun taqdim qiladigan yaxshilikni (qiyomat kuni) Allohning huzurida yanada yaxshiroq va ulug'roq mukofot holida topursiz. Allohdan mag'firat so'rang! Albatta, Alloh mag'firatli va rahmlidir» (Muzzammil, 20).

Mo'min kishi tadbirkor bo'lishi kerak. U aqlu farosati bilan nafaqat o'zi, balki jamiyatdagi ishsiz kishilarni ish bilan ta'minlashi ulug' savob. Mashoyixlar aytganidek: “Hohlagan narsangdan behojat bo'l, undan ustun bo'lasan. Hohlagan narsangga muhtoj bo'lsang, uning asiri bo'lasan. Hohlaganingga yaxshilik qil, uning amiri bo'lasan”.

Birovga qaram, asir bo'lishdan saqlanaylik.

Ali ibn Abu Tolib (roziyallohu anhu) hayotida bo'lib o'tgan voqeani eslaylik, unda katta ibrat va foyda bor. Ali (roziyallohu anhu) aytadi: “Kunlarning birida och qolib, Madina ko'chalariga chiqib ish qidirdim. Tuproq yig'ib, chelakda suv tashib, xurmolarni sug'orayotgan ayolga duch keldim. Unga o'n olti chelak suv tashib berdim va qo'llarim qavarib ketdi. Kaftimni yozib unga qavariqlarni ko'rsatdim. U menga o'n oltita xurmo sanab berdi. Men xurmolarni olib Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) oldilariga keldim va bo'lib o'tgan voqeani aytib berdim. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) xursand bo'ldilar va men bilan xurmo edilar”.

Ali (roziyallohu anhu) mehnatidan faxrlanib, kishilarga ibrat uchun shunday she'r bitgan:

Odamlar minnati tog'lardan og'ir,

Minnatni ko'tarish qiyinku axir.

Ba'zilar kasb-korni sanashadi or,

Aslida kasb emas, tilanchilik or!

Eng ulug' zotlar sanalmish payg'ambarlar ham rizqlarini halol yo'l bilan, peshona teri to'kib topishgan. Ular rizq Allohdan ekanini bilgani holda ham hunarsiz o'tirishmagan. Tarixdan ma'lum, Odam (alayhissalom) dehqonchilik, Nuh (alayhissalom) duradgorlik, Dovud (alayhissalom) temirchilik va Idris (alayhissalom) xattotlik bilan shug'ullangan.

Shu o'rinda Sulaymon (alayhissalom)ning Rabbiga qilgan munojotini eslab o'taylik: “Ey Alloh! Mendan oldingilarga nasib etmagan narsani berding va mendan keyin hech kimga berilmaydigan narsani sendan so'rayman, ato et! Shukringga ojiz qolsam, mendan ham shokirroq bandangni ko'rsat”. Alloh taolo vahiy qildi: “Ey Sulaymon! Kasbi bilan ochligini ketkazgan va avratini yopgan hamda menga ibodat qilgan bandam sendan ko'ra shokirroqdir”. Sulaymon (alayhissalom): “Ey Parvardigor! Menga qo'lim bilan qiladigan kasb ato et!”, dedi. Jabroil (alayhissalom) kelib unga xurmo daraxtlariga ishlov berishni o'rgatdi. Sulaymon (alayhissalom) shu ishni o'ziga kasb qilib oldi.

 

Omonatga xiyonat qilmaslik

Alloh taolo aytadi:

﴿إِنَّا عَرَضۡنَا ٱلۡأَمَانَةَ عَلَى ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلۡأَرۡضِ وَٱلۡجِبَالِ فَأَبَيۡنَ أَن يَحۡمِلۡنَهَا وَأَشۡفَقۡنَ مِنۡهَا وَحَمَلَهَا ٱلۡإِنسَٰنُۖ إِنَّهُۥ كَانَ ظَلُومٗا جَهُولٗا٧٢

«Biz (bu) omonatni (chin bandalik omonatini) osmonlarga, Yerga va tog'larga taklif etdik, ular uni ko'tarishdan bosh tortdi va undan qo'rqdi. Inson esa uni o'z zimmasiga oldi. Darhaqiqat, u (o'ziga) zulm qiluvchi va nodondir» (Ahzob, 72).

Hadisda: “Odam (alayhissalom) omonatni qabul qilib olgach, ko'p o'tmay jannatda uni ko'tara olmasdan, taqiqlangan daraxt mevasidan eb qo'ydi”, deyilgan (Imom Termiziy rivoyati).

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Alloh er yuzida kezib yurguvchi farishtalarni yaratib qo'ygan, ular ummatimning salomlarini menga etkazib turadi. Agar ummatimning birortasi menga bir kunda yuz marta salavot aytsa, Alloh uning yuzta hojatini ravo qiladi. Ularning etmishtasi oxiratga, o'ttiztasi bu dunyoga tegishlidir”.

Ahzob surasida aytilgan omonatga kelsak, ba'zilar uni tavhid, degan. U shahodat kalimasidir. Bu kalimani omonat deyishdan murod, uning ulkan haqlari bo'lib, bu haqlarni Alloh odamlarga omonat qildi. Bu omonatni husni toat bilan qabul qilish vojibdir, bu haqlarga rioya qilish va ularni muhofaza etish shartdir.

Abdulloh ibn Umar aytadi: “La ilaha illalloh Muhammadur Rasululloh” kalimasida yigirma to'rtta harf bor. Bir kecha-kunduzda yigirma to'rt soat bor. Agar banda bu kalimani ixlos bilan aytsa, Alloh: “Shubhasiz, bu kalima hurmatidan sening kattayu kichik, oshkorayu maxfiy, bilib-bilmay qilgan gunohlaringni kechirdim”, deydi.

Bu omonat Odam (alayhissalom)ga ro'para qilinganida: “Ey Rabbim! Osmonlaru er hamda tog'lar buyuklik va ulkanliklariga qaramay, bu omonatni ko'tarishdan qo'rqdi va bosh tortdi. Men zaifligim bilan qanday qilib ko'taraman?”, dedi. Alloh: “Ko'tarish sen tarafdan, kuch-qudrat Men tarafdandir”, dedi. Alloh Muso (alayhissalom) hassasini Fira'vn va uning qavmi ko'ziga ulkan ilon qilib ko'rsatdi va ular qo'rqib ketdi. Muso (alayhissalom) ko'zlariga esa tayoq qilib ko'rsatildi, undan qo'rqmadilar. Huddi shuningdek, bu omonatni osmonlaru erga ulkan qilib ko'rsatdi, natijada ular omonatni ko'tarishdan bosh tortdi va qo'rqdi. Insonning ko'ziga esa bu omonatni engil qilib ko'rsatdi. Shunda inson uni zimmasiga oldi. Agar: “Osmonlaru er ulkan bo'lishiga qaramay, bu omonatni qabul qilmagani va inson zaif bo'la turib uni zimmasiga olishida qanday hikmat bor?” deb so'ralsa, “Ular jannat lazzatini tatib ko'rishmagan, inson esa undan to­tib ko'rgan. Shuning uchun inson lazzatga etishish uchun uni o'z zim­masiga oldi”, deb javob beramiz.

Ba'zi ulamolar, bu omonatdan murod, besh vaqt namoz, degan fikrni bildirishgan. Zero, Alloh: (Besh vaqt farz qilingan) namozlarni, xususan o'rta namozni saqlangiz (o'z vaqtida o'qingiz)  va (namozda) Allohga bo'yin sungan holatda (kamtarlik bilan) turingiz” (Baqara, 238), degan.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) esa: “Namoz dinning ustunidir. Kim uni barpo etsa, dinini barpo qilibdi, kim uni tark etgan bo'lsa, dinini vayron qilibdi”, deganlar.

Rivoyat qilinishicha, Ali (roziyallohu anhu) namoz vaqti kirsa, rangi o'zgararkan. U kishidan buning sababini so'rashganida: “Osmonlaru erga va tog'larga ro'para qilinganida ular bosh tortgan, men esa zaifligimga qaramay... zimmamga olgan omonatni ado etish vaqti keldi, uni ado qila olamanmi yo'qmi, bilmayman”, deb javob berar ekan.

Ulamolarning ba'zilari bu omonatdan murod, tana a'zolaridir, degan. Ko'z – omonat, uni haromdan tiyish vojibdir. Zero, Alloh taolo: (Ey Muhammad!) Mo'minlarga ayting, ko'zlarini (nomahram ayollardan) quyi tutsinlar va avratlarini (zinodan) saqlasinlar! Mana shu ular uchun eng toza (yo'l)dir”(Nur, 30), degan. Qorin – omonat, uni harom luqma kirishidan saqlash vojibdir. Zero, Qur'oni karimda bunday deyilgan: “Yetimlarning mol-mulklarini zulm yo'li bilan eydigan kimsalar, albatta, qorinlarida olov egan bo'lurlar va albatta, do'zaxda kuygaylar”(Niso, 10). Til – omonat, uni g'iybatdan, fahsh so'zlardan tiyish vojibdir. Alloh taolo: “Ey mo'minlar! Ko'p gumon(lar)dan chetlaningiz! Chunki ba'zi gumon(lar) gunohdir. (O'zgalar aybini qidirib) josuslik qilmangiz va biringiz biringizni g'iybat qilmasin! Sizlardan biror kishi o'lgan birodarining go'shtini eyishni xohlaydimi?! Uni yomon ko'rasiz-ku, axir! Allohdan qo'rqingiz! Albatta, Alloh tavbalarni qabul qiluvchi va rahmli zotdir”(Hujurot, 12), degan. Quloq – omonat. Uni munkar – taqiqlangan narsalarni eshitishdan saqlash vojibdir.

Ulamolarning ba'zilari: “Omonatdan murod, Qur'oni karim”, deyishgan. Bas, shunday ekan, uni qiroat qilish, o'rganish va o'rgatish vojib.

Ba'zi ulamolar bu omonatni ro'za deb izohlagan. Ro'za Islom arkonlaridan biri bo'lib, kim uni barpo qilsa, dinini barpo qilibdi. Kim uni tark etsa, dinini vayron qilibdi. Zero, Alloh taolo: “Ey imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi  sizlarga ham ro'za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo'lsangiz” (Baqara, 183), degan. Abu Hurayradan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (alayhissalom) aytadilar: “Kim ramazon ro'zasini ishonch bilan savob umidida tutsa, uning avvalgi gunohlari mag'firat qilinadi”.

Yana boshqa ulamolar omonatga zakot, degan ta'rif berishgan: “Holbuki, ular faqat yagona Allohga, Uning uchun dinni (shirkdan) xolis qilgan, to'g'ri yo'ldan og'magan hollarida ibodat qilishga va namozni barkamol ado etishga hamda zakot berishga buyurilgan edilar. Mana shu to'g'ri (haqqoniy) dindir” (Bayyina, 5), deydi Alloh taolo.

Rivoyat qilinishicha, Muso (alayhissalom) bir kuni xushu, xuzu bilan namoz o'qiyotgan kishi oldidan o'tdilar va: “Ey Rabbim! Bu naqadar chiroyli namoz o'qiyapti”, dedilar. Shunda Alloh: “Ey Muso! Agar har kuni yuz rakat namoz o'qisa, mingta qulni ozod qilsa va ming marta haj qilib, mingta janozaga qatnashsa ham, toki molining zakotini bermagunicha qilgan amallari unga foyda bermaydi”, dedi.

“Omonatdan murod, hajdir”, degan ba'zi ulamolar. Zero, Alloh taolo: “Unda aniq alomatlar – «Maqomi Ibrohim» bordir. Unga (Ka'baga) kirgan kishi omonda bo'lur. Yo'lga qodir bo'lgan odamlar zimmasida Alloh uchun Baytni haj qilish (farzi) bordir. Kimda-kim (buni) inkor etsa, bas, albatta, Alloh olamlardan behojatdir” (Oli Imron, 97), degan.

Ulamolarning ba'zilari: “Omonatdan murod, – barcha omonatlar”, deyishgan. Zero, Alloh taolo: “Darhaqiqat, Alloh omonatni o'z egalariga topshirishingiz va odamlar o'rtasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishingizga buyurar. Albatta, Alloh sizlarga yaxshigina nasihat qilur. Albatta, Alloh eshituvchi va ko'ruvchi zotdir” (Niso, 58), degan. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Omonati yo'qning (ya'ni, omonatga xiyonat qiladiganning) imoni yo'q”, deganlar.

Molik ibn Safvon aytadi: «Mening birodarim vafot etdi. So'ng uni tushimda ko'rdim va undan: “Ey birodar! Alloh senga qanday muomala qildi?” deb so'radim, u: “Rabbim meni mag'firat qildi”, dedi. Men uning yuzida qora nuqtani ko'rdim va undan buning sababini so'radim. “Mening huzurimda bir yahudiyning faloncha dirhami omonat qo'yilgan edi. Men uni ado qilmaganman. Bu nuqta shu sabablidir, ey birodar! Sendan iltimos qilaman, o'sha dirhamlarni falon joydan olib, falonchiga qaytarib ber”, dedi u. Tong otgach, uning aytganini bajardim. Men uni ikkinchi bor tushimda ko'rdim. Qarasam, qora nuqta yuzidan ketibdi. U: “Ey birodar! Alloh senga rahm qilsin, sen meni azobdan qutqarding”, dedi».

Ulamolarning ba'zilari omonatdan murod, ahli ayol va farzandlardir, deyishgan. Ularni namozga buyurish har bir kishiga vojibdir. Zero, Alloh taolo: “Ahlingizni namoz (o'qish)ga buyuring va (o'zingiz ham) unga (namozga) bardoshli bo'ling! Sizdan rizq so'ramaymiz, (aksincha), Biz sizga rizq berurmiz. Oqibat (yaxshiligi) taqvo (ahli)gadir” (Toho, 132), degan. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) esa: “Bolalaringiz etti yoshga etsa, ularni namozga buyuring. Agar o'n yoshga etib, namoz o'qimasa, uring”, deganlar. Ularni haromdan, bekorchi o'yin-kulgidan qaytarish vojibdir, chunki ota-ona ularning tarbiyasiga mas'ul. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Sizlarning har biringiz boshliqsiz va har biringiz qo'l ostingizdagilar haqida so'ralasiz”, deganlar.

Hikoya qilinishicha, oriflardan biri ancha muddat Allohga ibodat qilibdi. Kunlarning birida tahorat qilib, ikki rakat namoz o'qibdi-da, boshini va qo'lini ko'tarib: “Ey Rabbim, ibodatlarimni qabul et”, deb duo qilibdi. Shunda Rahmon tarafidan bir nido qiluvchi nido qilibdi: “Gapirma, ey mal'un! Chunki sening toat-ibodating mardud – qaytarilgandir”. Shunda obid: “Ey Rabbim! Nima sababdan?” deb so'raganida, nido qiluvchi: “Chunki xotining Allohning amriga zid ishlarni qilmoqda va sen bunga rozidirsan”, deb javob beribdi.

Imom Buxoriy Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Munofiqning alomati uchta: gapirsa yolg'on gapiradi; va'da bersa, va'dasini bajarmaydi; omonat topshirilsa, xiyonat qiladi”, dedilar. Va'da banda bilan bandalar orasida bo'lganidek, Alloh bilan bandalar orasida ham bo'ladi. Chunki Alloh bandalarning ruhlariga: “Men sizlarning Rabbingiz emasmanmi?!” deb xitob qilganida, ular: “Albatta, Sen bizning Rabbimizsan”, deb iqror bo'lishgan. Alloh bandalaridan ahd olgan, ular esa bu ahdda mustahkam turishga va'da bergan. Agar banda bu ahdni buzsa, va'daga xilof qilgan bo'ladi. Yana omonat toat-ibodatga buyurishdir. Kim buni ado qilsa, omonatni ado qilibdi, kim buni tark qilsa, omonatga xiyonat qilibdi.

Zajjoj aytadi: “Alloh buyurgan va qaytargan barcha narsalar omonatdir”.

Ibn Abbos (roziyallohu anhu) aytgan: “Ahdlar Qur'onda halol-harom, farz qilingan va had qilib, joriy etilgan narsalardir”.

Zahhok aytgan: “Alloh taolo bu ummatdan halol-harom, namoz kabi farz narsalarga va boshqa omonatlarga vafo qilishga ahd-paymon olgan. Ahdlar ham xuddi shu kabi bo'lib, Alloh farz qilgan muhkam narsalardandir. Biron-bir holatda ham uni buzishga yo'l yo'q”.

Muqotil ibn Hayyon aytadi: «Alloh taolo buyurgan: Uning O'zigagina itoat etishingiz va qaytargan narsalaridan qaytishingiz xususida sizlarning zimmangizga yuklagan ahdlarga, mushriklar bilan sizlarning orangizdagi ahdlar – bitimlarga va insonlar o'rtasidagi ahdu paymonlarga vafo qilinglar”».

Payg'ambar (sollallohu alayhi va sallam) aytadilar: “Kimda to'rt xislat bo'lsa, haqiqiy munofiq bo'ladi. Kimda ulardan bittasi bo'lsa, to uni tashlamagunicha unda munofiqlikning bitta xislati qoladi. Gapirsa, yolg'on gapiradi, ahdlashsa, ahdida turmaydi, omonatga xiyonat qiladi va agar bahslashsa, fojirlik qiladi (haddidan oshadi)” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytadilar: “Qiyomat kuni har bir (ahdini buzgan) xiyonatchining tanitib turadigan bayrog'i bo'ladi. Bu falonchining xiyonati, deyiladi” (Imom Muslim rivoyati).

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytadilar: «Alloh taolo: “Men qiyomat kuni uch kishining – mening nomimni o'rtaga qo'yib (biror narsa) olib, so'ng xiyonat qilgan kishining, hur-ozod odamni sotib, so'ngra pulini egan kishining va mardikorni ijaraga olib, rosa ishlatib, haqini to'liq bermagan kishining dushmanidirman”, dedi» (Imom Buxoriy rivoyati).

Yuqorida keltirilgan oyat va hadislardan omonatning naqadar og'ir ekanini bilib oldik. Bizga nima omonat qilingan bo'lsa, barchasini o'z vaqtida ado etishga shoshilaylik. Alloh taolo barchamizga tavfiq va foydali ilm ato etsin, omin!

 

KYeYINGI MAVZU:

OLTINChI VASIYaT:

Kambag'allarni sevish va ularga yaqin bo'lish;

O'zidan yuqoridagilarga emas, o'zidan pastdagilarga qarash;

Qarindoshlarga, garchi ular yomonlik qilsalar ham, silai rahm qilish;

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

“EHSON” TUSHUNCHASI VA BUGUNGI KUNDAGI AHAMIYATI

13.08.2026   23939   8 min.
“EHSON” TUSHUNCHASI VA BUGUNGI KUNDAGI AHAMIYATI

Tasavvuf masalasi ham salafiylar tomonidan qattiq tanqidga olingan va ko‘r-ko‘rona rad etiladigan mavzulardan biridir. Tasavvuf, tariqat, suluk, shayx, murid va shu kabi atamalarni eshitishlari bilan mavzuni inkor qilishga tushib ketadilar. Lekin aslida ham shundaymi?

Ming yillardan beri Islomning ruhi bo‘lib kelgan va Islom ummati og‘ishmay amal qilib kelayotgan bu mavzu rad etilishi kerakmi?!

Tasavvuf – bu Allohni tanish va nafsni poklashni o‘rgatadigan va shu yo‘ldagi harakatlarni ifodalaydigan, ularni anglatadigan va bu holatlarga erishish uchun nima qilish kerakligini tushuntiradigan bir ilmdir. Tasavvuf islomiy ilmlarning eng sharaflisidir. Bu ilmning sharafi, mavzusining sharafi bilandir.

Modomiki, tasavvufning maqsadi, mavzusi ma’rifatulloh – Allohni bilish-tanish ekan, u o‘z-o‘zidan islomiy ilmlarning eng sharaflisi bo‘ladi. Tasavvuf bizga nima qilsak, Alloh bizni sevadi? Nima qilsak, qalbimizda bo‘lishini istaganimiz “Alloh sevgisi” hosil bo‘ladi, kabi savollarga javob beradi va bu maqomga erishish yo‘llarini o‘rgatadi.

Tasavvufga ulamolar tomonidan ko‘plab ta’riflar berilgan. Shayx Ibrohim ibn Muvallid Roqqiy rahmatullohi alayh o‘zining kitoblarida bu ta’riflarni yuzdan oshig‘ini jamlagan.

Shayx Muhammad ibn Ali Qassob rahimahulloh: “Tasavvuf bu – saodat asrida sharafli qavmning eng oliyjanob kishisidan sodir bo‘lgan eng go‘zal xulqlardir”, degan.

Shayx Abu Muhammad Jaririy rahimahulloh: “Tasavvuf – har bir go‘zal xulqni olish va har bir yomon xulqni tark qilishdir”, dedi.

Shayx Muhammad ibn Ali ibn Husayn ibn Ali ibn Abu Tolib rahimahulloh: “Tasavvuf – go‘zal xulq bilan bir ma’noda bo‘lib, kimning xulqi senikidan go‘zal bo‘lsa, tasavvufi ham go‘zaldir”, degan.

Shayx Abu Hafs Naysoburiy rahimahulloh: “Tasavvuf – uning barchasi odobdir. U har bir vaqt, har bir hol va har bir maqomning odobidir”, degan.

Tasavvuf ba’zi kishilar: “Bu narsa hijriy uchinchi asrdan keyin paydo bo‘lgan bid’at, avvalgi davrda bo‘lmagan. Qur’oni karim va hadisi sharifda “Tasavvuf” so‘zi biror marta zikr qilinmagan”, deb da’vo qilayotganidek keyin paydo bo‘lib qolgan bid’at ilm emas, balki u barcha shar’iy ilmlar qatori Islomning avvalidan mavjuddir.

Qur’oni karimda va hadisi shariflarda “Tasavvuf” so‘zini biror marta kelmagani uni islomiy ilm emasligiga dalil bo‘lmaydi. Chunki boshqa islomiy ilmlarning ham nomlari Qur’on va hadisda zikr qilinmagan. Agar Qur’on va hadisda zikr qilinmagan narsalarni inkor qilsak, juda ko‘plab narsalardan voz kechishimizga to‘g‘ri keladi.

Tasavvuf Islomning avvalgi asrlaridan beri mavjud bo‘lib, u ham boshqa islomiy ilmlar qatori Qur’on va sunnatdan olingan. Bunga Qur’on, hadis va tobeinlarning so‘zlarida dalillar bor. Avval aytganimizdek tasavvufning asosiy vazifasi insonning nafsini tarbiyalash, gunohlardan poklash va botiniy amallarini tartibga solishdir.

Alloh taolo An’om surasining 120-oyatida bunday marhamat qilgan:

﴿وَذَرُوا ظَاهِرَ الْإِثْمِ وَبَاطِنَهُ﴾

“Va oshkora hamda maxfiy gunohlarni tark qilinglar!”.

Alloma Alouddin Ali ibn Muhammad Bag‘dodiy rahimahulloh bu oyati karimani tafsir qilib: “Oshkora gunohdan tashqi a’zolar bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan. Maxfiy gunohdan qalb bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan” degan.

Zohiriy a’zolar bilan qilinadigan gunohlarni tark qilishni va unga beriladigan jazolarni fiqh fani o‘rgatsa, qalb kasalliklarini davolashni aynan tasavvuf o‘rgatadi. Boshqa oyati karimada shunday deyiladi:

﴿قَدْ أَفْلَحَ مَنْ زَكَّاهَا﴾

“Batahqiq, kim u(nafs)ni poklasa, yutuqqa erishdi” (Shams surasi, 9-oyat).

Darhaqiqat, inson oxiratda yutuqqa erishishi uchun, jahannam olovidan omonda bo‘lishi uchun bu dunyoda kufrdan, shirkdan, nifoqdan va turli gunoh va qalb kasalliklaridan o‘zini poklashi kerak.

Alloh taolo bu oyati karimalarda bandalarini kufr, shirk va gunohlardan o‘zlarini poklashga buyurmoqda. Mana shu poklashni o‘rgatadigan fanni “Tasavvuf” deb nomlash insonlar orasida urf bo‘lgan.

Shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida tasavvuf ehson deb nomlangan. “Jabroil hadisi” deb nomlangan mashhur hadisi sharifda “ehson” ayni tasavvuf ekani namoyon bo‘ldi.

Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Birdan ustimizda oppoq kiyimli, sochlari qop-qora odam paydo bo‘ldi. Unda safarning asari ko‘rinmas edi. Uni birortamiz tanimas ham edik. U kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘g‘rilariga o‘tirdi. Ikki tizzasini u zotning ikki tizzalariga tiradi. Ikki kaftini sonlari ustiga qo‘ydi va: “Ey Muhammad, menga Islom haqida xabar ber”, dedi.

Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Islom “Laa ilaaha illallohu Muhammadur Rasululloh”, deb shahodat keltirmog‘ing, namozni to‘kis ado qilmog‘ing, zakot bermog‘ing, Ramazon ro‘zasini tutmog‘ing, agar yo‘liga qodir bo‘lsang, Baytni haj qilmog‘ing”, dedilar.

“To‘g‘ri aytding”, dedi u. Biz undan ajablandik. O‘zi so‘raydi, o‘zi tasdiqlaydi.

“Menga iymon haqida xabar ber”, dedi.

“Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga va oxirat kuniga iymon keltirmog‘ing, yaxshiyu yomon qadarga iymon keltirmog‘ing”, dedilar.

“To‘g‘ri aytding”, dedi.

“Menga ehson haqida xabar ber”, dedi u.

“Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.

“Menga Soat (qiyomat)dan xabar ber”, dedi.

“So‘raluvchi bu haqda so‘rovchidan bilimliroq emas”, dedilar.

“Uning alomatlaridan xabar ber”, dedi.

“Cho‘ri o‘z xojasini tug‘ishi, yalangoyoq, yalang‘och, kambag‘al cho‘ponlarning bino qurishda bir-birlaridan o‘zishga urinishlarini ko‘rmog‘ing», dedilar. So‘ngra u (qaytib) ketdi. Bas, birmuncha vaqt o‘tkazdim. So‘ngra u zot menga:

“Ey Umar, so‘rovchi kimligini bildingmi?” dedilar.

“Alloh va Uning Rasuli biluvchidir”, dedim.

“Albatta, u Jabroildir. Sizlarga diningizni o‘rgatgani kelibdi”, dedilar».

Ushbu hadisi sharifda dinning asllari iymon, Islom, ehson, zohiriy va botiniy amallarni isloh qilish va oxirat kuni haqida va bularning barchasi din ekanligini xabari berilmoqda.

Hadisi sharifda zikr qilingan “Islom”ni fiqh ilmi o‘rgatadi. “Iymon” qismini aqoid ilmi o‘rgatadi. Bizning mavzumizga bevosita bog‘liq bo‘lgan “ehson” qismini esa tasavvuf ilmi o‘rgatadi va bu hadisi sharifda bunga amaliy namuna ham bor.

Jabroil alayhissalom: “Menga ehson haqida xabar ber”, deganlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.

Tasavvufning asosiy maqsadlaridan biri ham banda qilayotgan har bir ibodatida, amalida Alloh uni ko‘rib turganini va bu amaliga qiyomat kuni albatta savol-javob bo‘lishini qalban his qildirishdir.

“Tasavvuf” so‘zi Islomning dastlabki asrida ishlatilmagan bo‘lsa-da, keyingi davrlarda “so‘fiy” so‘zi ishlatilganini kuzatishimiz mumkin.

Ulamolar mutavotir hadisning qanday bo‘lishi va shartlarini bayon qilib aytadilarki “Mutavotir hadis – uning sanadidagi har bir tabaqada juda ko‘p roviy rivoyat qilgan. Ana shu roviylarning barchasi rivoyat qilingan hadisni o‘zgartirishga kelishib olishlari mumkinligini aql inkor etadi”.

Shunday ekan, tasavvuf ilmi ham ikkinchi asrdan (tobeinlar asridan) to shu kungacha minglab shariatimiz peshvolari orqali ham naqlan, ham amalan mutavotir holatda bizgacha yetib kelgan. Shuning o‘zi ham tasavvuf ilmining shar’iy ilm ekaniga yetarli dalil bo‘ladi.

Mashhur muhaddis olim, Shayx Shoh Valiyyulloh Dehlaviy rahimahulloh: “Suhbatlarimiz va ta’lim-tarbiyamiz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga sahih va mashhur sanad bilan yetib borgan tariqat odobidir”, degan.

 

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA