Ramazon oyi fayzu futuh bilan o'tmoqda. Yurtdoshlarimiz o'zgacha kayfiyat va shukuh bilan ushbu farz amalini ado etishmoqda. Ayniqsa, bu yilgi Ramazoni sharifda mamlakatimizdagi 1370 dan ortiq jome masjidlarida taroveh namozlari o'qilayotgani, Qur'oni karim xat qilinayotgani barchamizning ko'nglimizni shod qilmoqda.
O'tgan yili mo'min-musulmonlar karonavirus pandemiyasi sabab hayit namozlarini jamoat bo'lib o'qiy olmagan, xatmi Qur'on fazlidan bahramand bo'lolmagan edi. Bu gal esa Alloh taoloning inoyati bilan ana shunday baxtga sazovor bo'lmoqdamiz.
Afsuski, koronavirus xastaligi hali-hamon butunlay bartaraf bo'lgani yo'q. Shuning uchun namozxonlarimiz taroveh namozlarida karantin qoidalariga qat'iy rioya qilishlari talab etiladi.
— Har oqshom masjidga chiqib, taroveh namozlarini chiroyli tarzda amalga oshirmoqdamiz, — deydi poytaxtimizning “Novza” mahallasida istiqomat qiluvchi Oybek ota Otajonov — Hamma tibbiy niqobda, salomatligimizga jiddiy e'tibor bermoqdamiz. Duolarimizda yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, shu bilan birga jahonga tashvish solib turgan koronavirus kasalligi tezroq bartaraf bo'lishini Alloh taolodan iltijo bilan so'ramoqdamiz.
Yurtimiz masjidlaridagi qur'onxonliklar butun dunyo musulmonlarida havas va shodlik uyg'otmoqda. Ayniqsa, xorijda ishlab, o'qiyotgan vatandoshlarimiz bu haqda iliq fikrlarini izhor etishyapti.
— Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu xabarlarni o'qib juda xursand bo'ldim, — deydi Janubiy Koreyaning Puson shahridagi Dong-A universiteti talabasi Olmosjon Qodirov. — Hamma yurtdoshlarimga Ramazon oyi muborak bo'lsin! Taroveh namozlari hamda xatmi Qur'on savoblaridan O'zbekistonimiz tinch, osuda, yanada ravnaq topaversin.
Payg'ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam: “Ro'za tutgan kishining uyqusi ibodat, sukut saqlashi Allohga tasbeh, qilgan amalining savobi ko'paytirib beriladi, duolari ijobat va gunohlari kechiriladi”, deb marhamat qilganlar.
Ro'zadorlar mazkur damlarni g'animat bilib, muborak hadisi shariflarga amal qilib, har qachongidanda ezgu va xayrli ishlarga bosh qo'shmoqdalar. Hususan, nogironlar, yolg'iz keksalar, boquvchisini yo'qotgan kishilar hamda kam ta'minlangan oilalarga mehr-muruvvat ulashilmoqda, bemorlar holidan xabar olinayapti.
Alloh taoloning rahmati va mag'firati yog'ilib turgan Ramazon oyida barchalarimizning duolarimiz qabul, murodimiz hosil bo'lsin!
O'zbekiston Musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati.
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan yurtimizda tinchlik, mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik kabi yuksak qadriyatlarni keng targ‘ib etishga qaratilgan xayrli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan,13 avgust kuni Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla domla Abdullayev boshchiligida tuman bosh imom-xatiblari, otinoyilar, «Haj–2026» ziyoratidan qaytgan hoji otalar va hoji onalar hamda mahalla faollari ishtirokida Urganch shahridagi «Oxun bobo» jome masjidida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi. Tadbirda Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari R.Sobitov ishtirok etdi. Tadbir doirasida «Mustaqillik shukuhi» shiori ostida Urganch shahridagi boquvchisini yo‘qotgan, yetim, nochor va kam ta’minlangan oilalardan 100 nafariga VAQF jamoat fondi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Bu xayrli amal orqali ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, ularga moddiy ko‘mak va samimiy mehr-e’tibor ulashildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakilligi matbuot xizmati