Islom dinida Ramazon oyi ulug' oylardan hisoblanadi. Unda ro'zador odamning uyqusi ham ibodat, namozini qoim qilish ham ibodatdir. Uning har bir amaliga ko'plab savoblar ziyoda qilinadi. Ramazon musulmon kishining duosi qabul bo'ladigan oydir. Ramazon oyi Alloh taoloning rahmat va barakalari yog'iladigan oydir. Ramazon mo'min va musulmonlar uchun baraka oyidir. Ularning adadini Alloh taolodan boshqa hech kim bilmaydi. E'tiboringizga Alloh taolo qodir qilganicha ulardan 22 tasini keltirib o'tamiz:
1. Ramazonda Qur'onning barakasi:
Alloh taolo Qur'on karimning Baqara surasining 185-oyatida «Ramazon oyidirki, bu oyda odamlar uchun hidoyat bo'lib va hidoyat va furqon (haq bilan botilni ajratguvchi)ning ochiq oyatlari bo'lib Qur'on nozil qilingan».
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yaxshilikda insonlarning eng saxiysi edilar. Saxovatlarining avji Ramazonda Jabroil alayhissalom u Zot bilan uchrashgan kezlari bo'lar edi. Tasavvur qiling: Qur'oni karim tilovat qilinganda erga qanchadan qancha farisha tushadi. Alloh taoloning eng so'ngi kitobining shu oyda nozil bo'lishi ham bu oyning ulug' barakotli oy ekanligini bildiradi.
2. Ramazonda ro'zaning barakasi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim Ramazon ro'zasini iymon bilan, savob umidida tutsa, uning oldingi (o'tgan) gunohlari mag'firat qilinadi», dedilar . Imom Buxoriy rivoyat qilganlar.
Hadisi qudsiyda (Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Rabbilari Alloh taolodan rivoyat qilganlar) Alloh taolo: «Odam bolasining hamma amali (savobi) ko'paytirib berilur. Bir yaxshilikka uning o'n mislidan to etti yuz barobarigacha. Magaram, ro'za unday emas. U Men uchundir. Uning mukofatini Men berurman. U (odam bolasi)shahvatini va taomini Men uchun tark qilur», –dedi. Imom Muslim rivoyat qilganlar.
3. Ramazondagi birinchi kechaning barakasi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qachon Ramazon oyining avvalgi kechasi bo'lsa, shaytonlar va o'zboshimcha jinlar kishanlanadi. Do'zah eshiklari yopiladi. Ulardan biron eshik ochilmas. Jannatning eshiklari ochilur. Ulardan biror eshik yopilmas. Har kecha bir nido qiluvchi: «Ey yaxshilikni istovchi, kelib qol! Ey yomonlikni istovchi, bas qil», – deb nido qiladi», – dedilar. Imom Termiziy rivoyat qilganlar.
4. Ramazon kechalarida qoim bo'lish va tahajjudningbarakasi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim Ramazonda iymon va ixlos bilan qoim bo'lsa, o'tgan gunohlari mag'firat qilinur», deganlar. Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilganlar.
5. Ramazon oyida sadaqaning barakasi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:«Sadaqalarning eng yaxshisi Ramazon oyida qilingan sadaqadir», deganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu ishda o'z ummatlariga o'rnak bo'lar edilar. U Zot sollallohu alayhi vasallam yaxshilikda insonlarning eng saxiysi edilar. Saxovatlarining eng avji Ramazonda bo'lar edi. U Zot Ramazonda esgan shamoldan ham saxovatli bo'lib ketar edilar.
6. Ramazonda iftorning barakasi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Modomiki, iftorga shoshilishar ekan, odamlar yaxshilikda bo'laveradilar», dedilar. Imom Buxoriy rivoyat qilganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Alloh azza va jala: «Bandalarimning menga mahbubrog'i og'iz ochishni tezlatganlari» , deb aytdi», dedilar.
7. Iftorlik qilib berishning barakasi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim ro'zador kishiga iftorlik qilib bersa, u kishiga ham ro'za tutganning ajridek savob beriladi.bu bilan ro'zadorning ajridan hech bir narsa kam bo'lmas», dedilar. Imom Termiziy rivoyat qilganlar.
Bu bilan u o'zi ro'za tutmasa bo'ladi degani emas. Chunki ro'za farz ibodat hisoblanadi. Bu hadis iftorlik qilib berishning qanchalik savobi ulug' ish ekanini bildirish uchun aytilgan.
8. Ramazonda iftorlik paytida qilinadigan duoning barakasi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizlarga iftorlik vaqtida: «Alloh nomi bilan, Allohim sen uchun ro'za tutdik. Sening rizqing bilan iftorlik qildik, bizlardan (ro'zamizni)qabul qilgin. Albatta, Sen o'zinggina eshituvchi, biluvchisan», demoqni vasiyat qildilar.
9. Ramazonda ijobat bo'ladigan duo barakasi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ro'zador uchun iftorlik vaqtida rad qilinmaydigan duo bor», dedilar. Boshqa bir hadisda «Ro'zadorga ikki xursandlik bordir. Qachon iftor qilsa, xursand bo'ladi. Robbisiga yo'liqqan vaqtda (Ro'zasi) bilan xursand bo'ladi», dedilar. Imom Muslim rivoyat qilganlar.
10. Ramazonda Laylatul qardning barakasi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim Qadr kechasida iymon bilan, savob umidida qoim bo'lsa, o'tgan gunohlari mag'firat qilinadi», dedilar. Imom Buxoriy rivoyat qilganlar.
Chunki Qadr kechasi ming oydan afzaldir. Shuning uchun ba'zi sahoba va tobeinlar Ramazonning oxirgi o'n kunligida g'usl qilib, o'zlariga xush bo'yliklar sepib yurishardi. Qadr kechasi shu o'n kun ichida bo'lgani uchun.
11. Ramazonda saharlikni barakasi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Saharlik qilinglar, chunki saharlikda baraka bor», deganlar. Imom Buxoriy rivoyat qilganlar.
Yana boshqa bir hadisda: «Bizlarning ro'zamiz bilan ahli kitoblar ro'zasini orasini ajratib turadigan narsa saharda taomlanmoq», deganlar.
12. Ramazonda fitr sadaqasini barakasi: Ro'zador ramazon ro'zasini tutib bo'lgandan keyin ro'za davomida qilgan xato va kamchiliklarni to'ldirish uchun beradi. Fitr sadaqasi Iydi Fitrning tongi otishi bilan vojib bo'ladi. Undan oldin berish joizdir.
13. Ramazon oyida umraning barakasi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ramazon oyida qilingan umra hajga tengdir», deganlar.
14. Ro'zadorning og'zidan keladigan hidning barakasi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, ro'zadorning og'zidagi hidi Allohning nazdida mushkning hididan xushbo'yroqdir», dedilar. Imom Muslim rivoyat qilganlar.
15. Ramazonda chiroyli xulq va odobli bo'lishning barakasi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Agar sizlardan biringiz ro'za tutsa, fahsh hamda lag'v so'zlarni gapirmasin. Agar biror kishi so'ksa yoki urishsa, men ro'zadorman», desin», dedilar.
16. Ramazonda unutib taom iste'mol qilishning barakasi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim ro'zadorligini unutib qo'yib esa yoki ichsa, ro'zasini davom ettiraversin. Chunki Alloh u kishini taomlantiribdi va serob qilibdi, xolos», dedilar. Imom Buxoriy va imom Muslim rivoyat qilganlar.
17. Ramazonda ro'zani ochib bo'lgandan keyin taomlanish va seroblanishning barakasi:
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Va to tongdan oq ip qora ipdan ajraladigan paytgacha eb-ichaveringlar» (Baqara surasi, 187-oyat).
18. Ramazonning yoshi ulug'lar va homilador ayollarga barakasi:
Alloh taolo katta yoshdagi ro'za tuta olmaydigan kishilarni fidya berishga buyurgan. Alloh taolo Qur'on karimning Baqara surasi 184-oyatida:«(Keksalik yoki zaifligi sababli) ro'za tutishga qiynaladigan kishilar bir miskin-bechoraning bir kunlik taomi miqdorida evaz to'lashlari lozim», deb marhamat qilgan.
Homilador ayol bo'lsa tug'ub bo'lgandan so'ng ro'zasining qazosini tutib beradi.
19. Ramazonda jannatning barakasi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh taolo ramazonnig xar kunida jannatini ziynatlaydi», deganlar.
Yana boshqa bir hadisda esa Jannatdagi bir eshik faqat ro'zadorlar uchun ekanligi aytilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Jannatda bir eshik bor. U «Rayyon» deyiladi. Qiyomat kuni undan ro'zadorlar kirishadi, ulardan boshqa hech kim undan kirmaydi.«Ro'zadorlar qani?» deyiladi. Shunda ular turishadi. Ulardan boshqa hech kim undan kirmaydi. Ular kirgach, u berkitiladi. Keyin undan hech kim kirmaydi», dedilar. Imom Buxoriy rivoyaat qilganlar.
20. Ramazonda istig'forning barakasi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ramazonda farishtalar ro'zadorlar iftorlik qilgunlaricha ularga istig'for aytadilar», dedilar.
21. Ramazonda xayrli ishlarning barakasi:
Imom Sufyon Savriy agar ramazon kelsa, hamma nafl ibodatlarni tark qilib, faqat Qur'on tilovat qilar edilar.
22. Barcha toatlarning jamlanishidagi baraka:
Ramazonda barcha toatlar jamlanadi. Misol: namoz, ro'za, kechqurun qoim bo'lish, Qur'onni xatm qilish, umra, iftorlik qilib berish, istig'for, tavba, qarindoshlardan xabar olish va boshqa ibodatlar.
Obid MIRHAMIDOV,
Chirchiq shahri bosh imom-xatibi
Hayotda ko‘pincha to‘g‘ri yo‘nalish emas, balki tezlashish o‘rgatiladi. Tezroq yurish, tezroq yetib borish, hamma narsani tezroq bajarish... Lekin hech kim to‘xtab: “Bunchalik shoshilishdan maqsad nima?” deb so‘ramaydi. Inson tinimsiz harakatda bo‘lishni erishish, tabiiy hayot tarzi deb o‘ylab, sarflanayotgan umri evaziga aslida nimaga erishayotgani haqida o‘ylamay qo‘yadi.
Ba’zan yo‘lni yo‘qotdik, deb o‘ylaymiz. Holbuki, yo‘qoladigan narsa yo‘l emas, balki to‘g‘ri yo‘nalishdir. Bu yo‘nalish xaritadagi chiziqlar yoki telefondagi yo‘l ko‘rsatkich emas, balki Alloh taolo borlig‘imizga jo qilgan ichki yo‘naltirgich, ya’ni fitratimizdir.
Bu ichki yo‘naltirgich ba’zan to‘g‘ri tomonni ko‘rsatmayotgandek tuyuladi. Dunyo tashvishlari, nafs istaklari ko‘payib ketganida, u sarson bo‘ladi yo qotib qoladi. Shunda biz uni buzildi deb o‘ylaymiz. Lekin fitrat buzilmaydi, shunchaki biz unga ahamiyat bermay qo‘ygan bo‘lamiz. Ba’zilar bu yo‘naltirgichni boshqalarning qo‘liga berib qo‘yadi...
Yo‘nalishini yo‘qotgan odam to‘g‘ri yo‘lga qaytishi kerak. Bu qaytish shunchaki bir manzilga qaytib borishmas, balki ichki dunyomizdagi tarqoqlikni jamlash, fitratimizga qaytishdir. Shunda inson dunyoning “hammasiga erishish” vasvasasidan xalos bo‘ladi. O‘tmishdagi xato va sinovlardan ibrat oladi, ammo ularni o‘ziga og‘ir yuk qilib olmaydi. Boshqalardan va hayotdan juda ko‘p narsa kutishni to‘xtatadi...
Haqiqiy xotirjamlik – hamma narsa mukammal bo‘lishi deganimas. Inson o‘z harakat doirasi chegarasiga yetganida Allohning qazo va qadariga rozi bo‘lsa xotirjamlik topadi. Bu loqaydlik emas.
Musulmon kishi ham xursand bo‘ladi, qayg‘uradi, boshqalar kabi yashaydi. Lekin u o‘tkinchi tuyg‘ular, orzu-havaslar aro sarson bo‘lib qolmaydi. Chunki dunyodagi har bir holat vaqtinchalik sinov ekanini yaxshi anglaydi.
Inson o‘zligiga qaytganida boshqalarning yukini yelkasiga olishga urinmaydi. Yordam beradi, lekin har kim o‘z qismati va qilmishi uchun o‘zi mas’ul ekanini tushunadi. Boshqalarning aybiga qaramay, o‘z xatolarini tuzatish bilan band bo‘ladi. Muhimi, har ishida shoshqaloqlik qilmaydi. Chunki oxiratga va ma’naviy kamolotga eltuvchi yo‘lni shoshib bosib o‘tib bo‘lmasligini biladi.
Aytilganidek: “Kim o‘zini tanisa, Rabbini taniydi”. Bu martabaga erishgan qalb esa hech qachon adashmaydi.
Abdulatif ABDULLOH