Shoh Valiyulloh Dehlaviy “Hujjatullohil balig'o” kitoblarining “Ro'za hukmlari” bobida bir hadisni keltiradilar:
“Payg'ambarimiz sallollohu alayhi vasallam aytdilar: “Agar sizlardan birortangiz og'iz ochadigan bo'lsa, xurmo bilan og'iz ochsin. Albatta u barakadir. Agar uni topa olmasa, suv bilan iftorlik qilsin. Chunki u poklovchidir”. (Ahmad, Dorimiy rivoyati)
Aytamanki, insonning tabiati shirinlikni yoqtiradi, ayniqsa ochlikdan so'ng. Jigar ham shirinlikni xushlaydi. Arablarning ham tabiati xurmoga moil. Hurmo munosib vaqtda tanovul qilingani uchun, baraka olib keladi”. (iqtibos tugadi)
Nabiy sollallohu alayhi vasallam buyurgan har bir ishlarida hikmat va foyda mujassamdir. Ushbu iftorlikda xurmo tanavul qilish hadisi ham juda ko'plab foydani o'z ichiga oladi. Ayniqsa, tibbiy jihatdan!
- Og'iz ochish paytida qorin ochqab, badan ko'p taom istab turgan holatda xurmo birinchi bo'lib oshqozonga etib borsa, miyaga to'qlik hissini jo'natadi. Natijada holsizlanib turgan oshqozonga engil va tez hazm bo'luvchi meva joylashadi.
- Vitamin A, B-1,2,3,5,6,9, C, D, K, Kaltsiy, temir, fosfor, ruh, natriy va marganets singari kompleks elementlarni o'zida mujassam qilgan.
- Hurmodagi kaliy miqdorining yuqoriligi bois asab tizimi o'ziga keladi.
- Ochlikning so'nggi soatlarida qonda qand miqdori ko'tariladi. Natijada holsizlik, dangasalik, diqqatni jamlay olmaslik kabi holatlar avj oladi. Hurmo esa qondagi qand miqdorini pasaytiradi.
- Cheksiz quvvat manbai bo'lib, kun davomidagi charchoqdan forig' etadi.
- Tarkibida ko'plab foydali elementlar va vitaminlar sabab, saraton kasalligini bartaraf etadi.
- Jigar faoliyatini yaxshilaydi.
- O'zi shira, glyukoza va saxarozaga boy bo'lsada, qand miqdorini ko'tarmaydi. Aksincha, tushiradi. Bir kunda to'rt donadan iste'mol qilish tasvsiya qilinadi. Ortiqchasi ko'plik qiladi.
- O'pka ishlashini yaxshilaydi.
- Anemiya va gipertoniyada juda foydali.
- Immunitetni ko'taradi.
- Yurak faoliyatini rivojlantiradi.
- Yuzdagi nerv tolalari shol bo'lishidan saqlaydi.
- 1 donasi taxminan 23 koloriyaga ega.
- Ozishni istaganlar shirinlik sifatida tanovul qilsalar bo'ladi.
- Kislota balansini ushlab turadi.
- Homilador va emizikli ayollarga eng yaxshi ozuqa manbai hisoblanadi.
- Stress va taranglikni kamaytiradi.
Shu va shunga o'xshash foydali jihatlarni o'zida mujassam etgan xurmo mevasi yoshu qariga birday mos keladi. Faqat uni ham me'yorida iste'mol qilish zarur.
Iftorlik va saharlik dasturxoningizdan totli xurmo mevasi arimasin!
N.Saidakbarova tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV