Saharlik – barakadir. Abdulloh ibn Horis roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kirganimda u zot sollallohu alayhi vasallam saharlik qilayotgan ekanlar. Shunda: “Albatta, saharlik barakadir”, dedilar (Imom Nasoiy rivoyati).
Abu Said Hudriy roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Saharlik qilish – barakadir, bir qultum suv bilan bo'lsa ham saharlik qiling”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Baraka jamoat va saharlikdadir”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati)
Irboz ibn Sariya roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyida meni saharlikka chaqirib, “Baraka dasturxoni sari shoshilgin”, dedilar (Imom Abu Dovud, Imom Nasoiy rivoyati).
Nabiy alayhissalom sahobalar bilan birga saharlik qilardilar. Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu bunday deydi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan saharlik qildim. So'ngra u zot bomdod namoziga turdilar”(Imom Buxoriy rivoyati).
Saharlik Islom ummatini ahli kitobdan ajratib turuvchi amallardan biri hamdir. Amr ibn Oss roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bizning ro'zamiz bilan ahli kitobning ro'zasi orasidagi farq saharlik qilishdadir”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Saharlik fazilatlaridan yana biri unda duo qabul bo'luvchi vaqt bor. Bu haqda Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh taolo har kechaning oxirgi uchdan biri qolganda: “Kim Menga duo qiladiki, Men uni qabul qilsam, kim Mendan so'raydiki, Men unga bersam, kim Menga istig'for aytadi, Men uni mag'firat qilsam”, deydi», dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Saharlik qilish Alloh va farishtalarning rahmatiga noil qiladi. Abu Said Hudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Saharlik qiluvchiga Alloh va farishtalarning rahmati bo'ladi”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Saharlikda xurmo iste'mol qiling. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Hurmo mo'min uchun qandoq ham yaxshi saharlik”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Alloh taolo barchamizning tutayotgan ro'zalarimizni O'zining roziligi bilan mukofotlasin.
Davron NURMUHAMMAD
Ozarbayjon Respublikasi poytaxti Boku shahrida ICESCOning Boku mintaqaviy vakolatxonasi hamda Istiqbolni rejalashtirish va sun’iy intellekt markazi (Center for Foresight and Artificial Intelligence – CFAI) hamkorligida “Islom olamini kelajakka tayyorlash: strategik istiqbol qo‘llanmasini taqdim etish va moslashtirish” mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.
Tadbirning ochilish marosimida ICESCOning Boku mintaqaviy vakolatxonasi direktori Abdulhakim Al-Senan, ICESCO Bosh direktori doktor Salim bin Muhammad Al-Malik (videomurojaat orqali), Yangi Janub siyosat markazining katta ilmiy xodimi Nuja Shekruni, Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi prezidenti Aktoti Rayimqulova hamda Istiqbolni rejalashtirish va sun’iy intellekt markazi direktori Kais Hammami so‘zga chiqib, strategik istiqbolning davlat boshqaruvidagi o‘rni, sun’iy intellektning imkoniyatlari hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan ma’ruzalar qildilar.
Mazkur tadbir ICESCOga a’zo davlatlarda strategik istiqbolni rejalashtirish salohiyatini rivojlantirish, davlat boshqaruvi va qaror qabul qilish jarayonlariga zamonaviy prognozlash usullarini joriy etish, shuningdek, global o‘zgarishlarga mos yondashuvlarni shakllantirishga bag‘ishlandi. Shu bilan birga, anjuman musulmon mamlakatlari o‘rtasida ilmiy, madaniy va innovatsion hamkorlikni yanada mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish hamda islom sivilizatsiyasi merosini asrash sohasida qo‘shma tashabbuslarni rivojlantirish uchun muhim muloqot maydoni vazifasini o‘tadi.
Anjuman doirasida ICESCOning Strategic Foresight Guide – strategik istiqbolni rejalashtirish bo‘yicha qo‘llanmasi rasman taqdim etildi. Ushbu hujjat tashkilotga a’zo davlatlarda milliy istiqbolni rejalashtirish imkoniyatlarini kuchaytirish, davlat siyosati, strategik rejalashtirish va boshqaruv tizimiga ilg‘or prognozlash usullarini integratsiya qilishga qaratilgan institutsional dasturiy hujjat hisoblanadi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilari mazkur qo‘llanmani a’zo davlatlarning tajribasi, ilmiy yondashuvlari va milliy ustuvor yo‘nalishlari asosida yanada takomillashtirish yuzasidan fikr almashdilar.
Xalqaro anjumanda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi Rustam Jabborov ham ishtirok etib, “Sun’iy intellekt davrida islom sivilizatsiyasi: merosni asrash, raqamli transformatsiya va xalqaro hamkorlik” mavzusida ma’ruza qildi.
Ma’ruzada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi islom sivilizatsiyasi merosini ilmiy o‘rganish, asrab-avaylash va uni zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida keng jamoatchilikka yetkazishga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi. Qayd etilganidek, Markaz muzey, ilmiy tadqiqot, ta’lim, raqamli texnologiyalar va xalqaro hamkorlikni o‘zaro uyg‘unlashtirgan zamonaviy ilmiy-ma’rifiy platforma hisoblanadi.
Ma’ruzada sun’iy intellekt, katta ma’lumotlar (Big Data), raqamli texnologiyalar va virtual muhitlar jadal rivojlanayotgan bugungi davrda islom sivilizatsiyasi merosini asrash va uni kelajak avlodlarga to‘liq hamda haqqoniy yetkazish dolzarb vazifaga aylangani ta’kidlandi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda ishonchsiz ma’lumotlarning ko‘payishi, islomofobiya holatlari va noyob qo‘lyozmalarning xalqaro bozorlarda parchalanib sotilishi kabi omillar madaniy merosni muhofaza qilish sohasida yangi yondashuvlarni talab etayotgani qayd etildi.
– Bugun madaniy merosni muhofaza qilish faqat muzeylar yoki arxivlar vazifasi emas. Bu xalqaro hamkorlik, huquqiy himoya, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlarini birlashtirishni talab etadigan umumiy mas’uliyatdir. Sun’iy intellekt olimning o‘rnini egallamasligi, balki uning ishonchli yordamchisi bo‘lishi lozim, – dedi Rustam Jabborov.
Ma’ruzada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi islom sivilizatsiyasi merosini ilmiy o‘rganish, asrab-avaylash va uni zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida keng jamoatchilikka yetkazishga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi. Qayd etilganidek, Markaz muzey, ilmiy tadqiqot, ta’lim, raqamli texnologiyalar va xalqaro hamkorlikni o‘zaro uyg‘unlashtirgan zamonaviy ilmiy-ma’rifiy platforma hisoblanadi.
Shuningdek, ma’ruzada kelgusi 20–25 yilda sun’iy intellekt texnologiyalari qo‘lyozmalarni raqamlashtirish, tahlil qilish, restavratsiya qilish va turli tillarga tarjima qilish jarayonlarida muhim o‘rin egallashi, muzeylar esa eksponatlarni saqlash joyidan bilim yaratuvchi intellektual markazlarga aylanishi haqida fikrlar bildirildi.
Tadbir ICESCOga a’zo davlatlar o‘rtasida strategik istiqbolni rejalashtirish, madaniy merosni asrab-avaylash, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda musulmon mamlakatlari o‘rtasida ilmiy va madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri sifatida e’tirof etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati