Saharlik – barakadir. Abdulloh ibn Horis roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kirganimda u zot sollallohu alayhi vasallam saharlik qilayotgan ekanlar. Shunda: “Albatta, saharlik barakadir”, dedilar (Imom Nasoiy rivoyati).
Abu Said Hudriy roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Saharlik qilish – barakadir, bir qultum suv bilan bo'lsa ham saharlik qiling”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Baraka jamoat va saharlikdadir”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati)
Irboz ibn Sariya roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyida meni saharlikka chaqirib, “Baraka dasturxoni sari shoshilgin”, dedilar (Imom Abu Dovud, Imom Nasoiy rivoyati).
Nabiy alayhissalom sahobalar bilan birga saharlik qilardilar. Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu bunday deydi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan saharlik qildim. So'ngra u zot bomdod namoziga turdilar”(Imom Buxoriy rivoyati).
Saharlik Islom ummatini ahli kitobdan ajratib turuvchi amallardan biri hamdir. Amr ibn Oss roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bizning ro'zamiz bilan ahli kitobning ro'zasi orasidagi farq saharlik qilishdadir”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Saharlik fazilatlaridan yana biri unda duo qabul bo'luvchi vaqt bor. Bu haqda Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh taolo har kechaning oxirgi uchdan biri qolganda: “Kim Menga duo qiladiki, Men uni qabul qilsam, kim Mendan so'raydiki, Men unga bersam, kim Menga istig'for aytadi, Men uni mag'firat qilsam”, deydi», dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Saharlik qilish Alloh va farishtalarning rahmatiga noil qiladi. Abu Said Hudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Saharlik qiluvchiga Alloh va farishtalarning rahmati bo'ladi”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Saharlikda xurmo iste'mol qiling. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Hurmo mo'min uchun qandoq ham yaxshi saharlik”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Alloh taolo barchamizning tutayotgan ro'zalarimizni O'zining roziligi bilan mukofotlasin.
Davron NURMUHAMMAD
Bugun, 13 may kuni muborak haj safarini niyat qilgan hojilarimizning dastlabki guruhi muqaddas zamin tomon yo‘lga chiqishdi.
Bo‘lg‘usi hojilarni kuzatish uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, shuningdek, taniqli ulamolar, imom-domlalar, mutasaddilar va OAV vakillari Toshkent xalqaro aeroportida jam bo‘lishdi.
Muborak safar oldi Muftiy hazratlari Alloh taoloning bayti sari yo‘l olayotgan ziyoratchilar eson-omon Haj amallarini bajarib, yurtimizga sog‘-salomat qaytib kelishlarini so‘rab xayrli duolar qildilar.
Shunday qilib, orzulari ro‘yobidan his-hayajonga to‘lgan “Haj – 2025” mavsumining ilk ziyoratchilari Toshkent xalqaro aeroportidan Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdilar.
Alloh taolo Haj amalini ado etishga otlangan yurtdoshlarimizning safarlarini xayrli va barakali qilsin!