Inson tabiatan unutishga va g'aflatda qolishga moyildir. Dunyo esa yolg'on va bekorchi his-tuyg'ulardan iborat. Agar insonda g'aflat, unutish va dunyo matohlariga bo'lgan muhabbat jamlansa, o'sha qalb qotib boradi, nafs esa osiylik qila boshlaydi. Shu sababdan Alloh taologa bo'lgan iymoni zaiflashib, oxirat diyoriga bo'lgan rag'bati kamayib boradi. Butun o'y-xayoli dunyo bo'lib qoladi. Dunyo uchun elib yuguradi, unga erishish uchungina yashay boshlaydi.
Endi shu holat butun insoniyat orasida tarqalsachi?! Unda, buyuk bir ofatga yo'liqqan bo'ladi. Chunki ular bir-birini eydigan, zaiflariga rahm-shafqat qilmaydigan, uzoq-yaqinlarining haqlariga rioya qilmaydigan vahshiy hayvonga aylanib borayotgan bo'ladi.
Shu sababli Alloh taolo bandalariga payg'ambarlar yuboradi, ularga O'zining tavhidini bildirish, to'g'ri yo'lga yo'llash uchun shariatlar joriy qiladi. Alloh taoloning rahmati sababli insonlar bir-birlariga mehr ko'rsatadi, o'zaro silayi rahm qiladilar. Kuchlilari zaiflariga shafqatli bo'ladi. Kattalari kichiklarini izzat qiladi. Mana shu go'zal sifatlar bilan iymon va islom ahllari ziynatlanib boradilar. Qachonki mana shu maqtalgan sifatlar musulmon kishida yo'qola boshlasa, ular o'rnini dunyo ziynatlariga bo'lgan muhabbat egallaydi.
Har yili ramazon oyi kirishi bilan musulmonlar qalbida unga bo'lgan sog'inch va ishtiyoq kuchayadi. Dangasaliklar ketib, ibodatga bo'lgan harislik ortadi. Qayerga qaramang musulmonlarni infoq-ehson qilayotgan, iftorliklar ulashayotgan holda topasiz. Ramazon oyida dunyo havaslari bilan emas, oxirat zaxirasi ila yashay boshlaydilar. Zero, Alloh taolo ramazon oyining ro'zasini ham aynan shuning uchun farz qilgan.
Salafi solihlarimizdan birlaridan so'rashdi: "Ramazon ro'zasi nima uchun joriy qilingan?". U kishi javob berdi: "To'qlar ochlik ta'mini totib ko'rib, qorni och kishilarni unutub qo'ymasliklari uchun".
Ro'za saxovatga va ehsonga eltuvchi yo'ldir. Alloh taolo buyurganidek ro'za tutgan kishi ramazon oyi davomida fahsh so'zlar-u ishlardan uzoq bo'ladi. Haromga boqmaydi. Yon-atrofidagilarning holidan xabar oladi. Amallarini bajarishda Rosululloh sollallohu alayhi vasallamdan o'rnak oladi. U zot sollallohu alayhi vasallam doim go'zal namuna bo'lganlar. Alloh taolo buyurgan amallarni o'zlari amalda ko'rsatib berganlar. Sahobalar va ulardan keyin yashab o'tgan tobeinlar ana shu manhaj asosida hayot kechirishgan.
Ibn Umar roziyallohu anhu dasturxonida miskin bo'lmasa taomlanmas edilar. Ahllari bilan ovqatlanib o'tirsalar, biror miskin ovqat so'rab kelsa, idishdagi bor taomni unga berib yuborar, oilalari esa idishda qolib ketgan taom qoldiqlari bilan kifoyalanishar edi.
Imom Shofeiy rohimahulloh aytardilar: "Ramazon oyida Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga iqtidoan ko'proq och yurgan kishini, faqat o'zini tutib oladigan darajada taomga ehtiyoji bo'lishini, bu oyda ko'proq ro'za va namozlar bilan mashg'ul bo'lishini yaxshi ko'raman".
Ramazonni saxovat oyi dedik, chunki to'q kishi bu oyda ro'za tutarkan, ochlikni his qiladi. Shu sababli och qolganlarga taom ulashadi. Agar ro'za tutmasa, ochlarning ahvolini qayerdan ham bilardi?!
Boy odam ham shunday, u ham ro'za tutarkan, faqirlarning holatlarini ko'z oldidan o'tkazadi va molidan zakot beradi, saqada qiladi.
Mo'min banda uchun ramazon ayni fursatdir. Bunday kunlarda g'ofil qolgan banda, ramazondan keyin xayr-barakaga erisha olmaydi.
Zero, Muhammad sollallohu alayhi vasallam: "O'zi to'q bo'lib, qo'shnisi och qolgan haqiqiy mo'min emas", deb aytganlar.
“Hadis va islom tarixi fanlari” kafedrasi mudiri F.Homidov
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bugun – Yoshlar kuni.
Avvalo, shuni aytmoqchiman: Ey yoshlar, sizlar naqadar baxtlisiz!
Sizlar ilm olish uchun eshiklari ochiq bo‘lgan yurtda yashayapsiz. Ilm olishni istasangiz, kasb-hunar o‘rganishni istasangiz ham, oliy ta’lim olishni istasangiz ham imkoniyatlar bor. Ota-onangiz tinch osmon ostida sizning kamolingizni orzu qilib yashayapti.
Bu ne’matlarning qadriga yeting.
Har bir ne’matning shukri bo‘ladi. Yoshligingizning shukri – uni Alloh rozi bo‘ladigan yo‘lda sarflashdir.
Alloh taolo aytadi: “Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152-oyat).
Aziz yoshlar!
Bugun dunyo siz uchun kurashmoqda. Ammo bu kurash qurol bilan emas, qalbingiz uchun kurashdir.
Bir tomonda muallim ustozlaringiz chaqiradi.
Ikkinchi tomonda nafs chaqiradi.
Bir tomonda ota-onaning duosi.
Ikkinchi tomonda internetdagi noma’lum odamlarning chaqiriqlari.
Bir tomonda yurtimiz ulamolari.
Ikkinchi tomonda o‘zini “haqiqat tarafdori” deb ko‘rsatadigan, ammo aslida yoshlarni fitna, g‘azab va adovat sari yetaklaydigan buzg‘unchi oqimlar.
Ular sizga: “Faqat biz haqmiz”, deydi.
Ammo ularning ortidan borgan qancha yoshlar ota-onasidan, ilmidan, yurtidan ayrildi, eng achinarlisi esa, xotirjamligini ham yo‘qotdi. Ular baxt izlab chiqib, baxtini yo‘qotdi.
Islom esa, insonni ota-onasiga mehribon, yurtiga foydali, ilmga tashna, odobli va rahmli bo‘lishga chaqiradi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Ikki ne’mat borki, odamlarning ko‘pi ularning qadriga yetmaydi: sog‘liq va bo‘sh vaqt” (Imom Buxoriy rivoyati).
Yoshlik ham mana shu ikki ne’matning eng go‘zal davridir.
Bugun telefoningizda birgina tugma bilan dunyoning har xil fikrlari kirib keladi.
Ammo unutmang...
Har ko‘p kuzatiladigan odam haq bo‘lavermaydi.
Har chiroyli gap jannatga olib bormaydi.
Ba’zan eng xavfli zahar eng shirin idishda bo‘ladi.
Shayton ham hech qachon insonni: “Kel, gunoh qil”, deb boshlamaydi. Avval: “Faqat bitta video ko‘r”, deydi. Keyin: “Faqat bitta shubhali sahifani o‘qib ko‘r”, deydi. So‘ng esa qalb asta-sekin nurini yo‘qota boshlaydi.
Bugun sen kimni tinglayotganing – ertaga kim bo‘lishingni belgilaydi.
Kim bilan yurganing – qayerga borishingni belgilaydi.
Nimani ko‘rayotganing – qalbing qanday bo‘lishini belgilaydi.
Shuning uchun ulamolarga mahkam yopishing.
Diyoringiz ulamolariga yaqin bo‘ling.
Jonajon vataningizni do‘st tuting.
Ilm-hunarni hayotingizning eng go‘zal lahzasiga aylantiring.
Ota-onangizning roziligini yo‘qotmang.
Chunki ota-onaning birgina duosi ba’zan insonni dunyo va oxirat saodatiga olib boradi.
Aziz yoshlar!
Yoshlik – o‘tib ketadigan fasl.
Bugun kuchli oyoqlar bir kun qariydi.
Bugun o‘tkir ko‘zlar bir kun xiralashadi.
Bugun tez yugurayotgan yurak ham bir kun to‘xtaydi.
Ammo yoshligingizda vataningizga qilgan bir fidoiylik, bir sadaqa, bir ilm, bir yaxshilik Qiyomat kunigacha siz bilan qoladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xabar berganlar: Qiyomat kuni banda besh narsadan so‘raladi. Ulardan biri “Yoshligini nimaga sarflading?”.
Shunday ekan, bugun javobini tayyorlaylik.
Ey yoshlar!
Siz bu yurtning umidisiz.
Ota-onangizning quvonchisiz.
Ustozlaringizning mevasisiz.
Ummatning ertangi kunisiz.
Shunday ekan, hech kim sizning pok qalbingizni o‘g‘irlamasin.
Hech kim sizni ilm yo‘lidan chalg‘itmasin.
Hech kim sizni fitnaga boshlamasin.
Ilm bilan yuksaling.
Odob bilan bezaning.
Shunday yosh bo‘lingki, sizni ko‘rgan ota-ona: “Allohim, O‘zinga shukur, farzandimdan roziman Sen ham rozi bo‘lgin”, deb duo qilsin.
Alloh taolo barcha yoshlarimizni iymoni mustahkam, ilmi ziyoda, odobi go‘zal, ota-onasiga sadoqatli, Vataniga foydali va ummatga xizmat qiladigan solih insonlardan aylasin.
Nuriddin HAMRAQULOV,
Yakkasaroy tumani “Rahimjon hoji ota” jome masjidi imom noibi