Shu yil 8 noyabr' kuni Kuvayt shahrida boshlangan XII xalqaro Qur'oni karim musobaqasida 70 mamlakat vakillaridan iborat 120 dan ortiq qori o'zaro bellashmoqda. Musobaqa 15 noyabrda yakuniga etadi.
Musobaqa quyidagi yo'nalishlarda o'tkazilmoqda:
- Qur'oni karimni o'n xil qiroatda mukammal yoddan o'qib berish;
- Qur'oni karimni tajvid qoidasi asosida to'liq yoddan o'qish;
- Qur'oni karimni mashhur qorilar uslubida chiroyli tilovat qilib berish;
- Yosh qorilar o'rtasida Qur'oni karimni tajvid qoidasi asosida to'liq yoddan o'qish;
- Qur'oni karimni o'rgatishga xizmat qilishga eng yaxshi texnik loyihani taqdim etish.
Mazkur nufuzli musobaqada vakilimiz “Ko'kaldosh” islom bilim yurti talabasi Abdulhay qori Hasanov Qur'oni karimni tajvid qoidasi asosidan to'liq yoddan o'qib berish bo'yicha qatnashib, saralash bosqichida hakamlar tomonidan berilgan savollarga javob berdi.
Yaratgan parvardigordan qorimizga ushbu nufuzli xalqaro musobaqada muvaffaqiyat va zafarlar ato etishini so'rab qolamiz.
Hozir Sizning e'tiboringizga Abdulhay qorining musobaqadagi tilovatini havola etamiz. Marhamat tinglang.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan ochiq va samimiy muloqot tizimi fuqarolar murojaatlarini atroflicha o‘rganish hamda ularga tezkor yechim topishda muhim omil bo‘lmoqda.
Bugun, 26 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, yurtdoshlarimizning taklif va murojaatlarini tingladi.
Yuzma-yuz muloqot jarayonida masjidlar holati va faoliyati, imom-xatiblar ishi, haj va umra ziyoratlarini tashkil etish, oilaviy munosabatlarni tartibga solish hamda moddiy yordam ko‘rsatishga oid qator masalalar ko‘rib chiqildi.
Murojaatlarning aksariyati joyida ijobiy hal etilgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganish talab qiladigan masalalar yuzasidan tegishli mutasaddilarga aniq ko‘rsatmalar berildi.
Eslatib o‘tamiz, bu kabi ochiq muloqot tadbirlari Diniy idoraning hududiy vakilliklari hamda yurtimizdagi barcha jome masjidlarda har haftaning chorshanba kuni muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati